Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:34

Muhokamadagi Jinoyat kodeksi: “Noqonuniy boyish”da ayblangan amaldorlar jarima bilan qutuladi


Muhokamasi kelasi hafta boshida yakuniga yetadigan yangi Jinoyat kodeksi loyihasida “Noqonuniy boyish” moddasi mavjud.

Joriy Jinoyat kodeksida yo‘q bo‘lgan bu modda yangi kodeksga kiritilsa, unda nazarda tutilgan qilmishni sodir etgan davlat xizmatchilariga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Ba’zi yuristlar O‘zbekiston BMTning “Korrupsiyaga qarshi” konvensiyasiga bundan 13 yil muqaddam qo‘shilganini eslab, kiritilayotgan moddani hechdan ko‘ra kech amal” sifatida baholadilar.

Ayni paytda O‘zbekistonning qo‘shnisi Qirg‘izistonda bunday modda qabul qilinganiga bir necha yil bo‘ldi va so‘nggi kunlardayoq bu modda kamida ikki kishiga nisbatan qo‘llanildi.

Yangilanayotgan Jinoyat kodeksida “Noqonuniy boyish” moddasi kelasi yil 1 - yanvaridan ishlay boshlashi mumkin. Chunki “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali” ga 22 - fevralda joylashtirilgan yangi Jinoyat kodeksi loyihasi qabul qilinib, qonunga aylangach, 2022 - yilning 1 - yanvaridan kuchga kiradi.

Muhokamaga qo‘yilgan loyihadagi “Noqonuniy boyish” moddasi qisqa va uni to‘liq keltiramiz:

271-modda. Noqonuniy boyish

Davlat xizmatchisining daromad va mol-mulk deklaratsiyasida nazarda tutilganidan ortiq pul mablag‘lari yoki mol-mulkka noqonuniy ega bo‘lishi yoki shunday mulkni orttirishi ancha miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha jarima yoki uch yilgacha ish haqidan ushlab qolish bilan jazolanadi”.

Huquqshunos sharhi

O‘zbekistonlik huquqshunos Jur’at Tojiyev bu moddani quyidagicha sharhladi:

“Ko‘rib turganingizday, modda shu matndangina iborat. Demak, bu modda nomigagina kiritilyapti. Chunki har tomonlama yondashilmayapti. Jazo masalasida ham, qilmish masalasida ham”.

O‘zbekistonlik yurist Jur’at Tojiyev
O‘zbekistonlik yurist Jur’at Tojiyev

Huquqshunos Ozodlik bilan suhbatda e’tiborni modda tarkibidagi “ancha miqdor” tushunchasiga qaratishni tavsiya qildi.

Jur’at Tojiyev qonunchilikda: “Ko‘p bo‘lmagan miqdor” (bazaviy xisoblash miqdorining 30-100 baravari), “Ancha miqdor” (BHMning 100-300 baravari), “Ko‘p miqdor” (BHMning 300-500baravari), “Juda ko‘p miqdor” – (BHMning 500 va undan ortiq baravar) tushunchalari mavjudligini eslatib, bunday dedi:

“Taklif qilinayotgan yangi moddada faqat “ancha miqdor” haqida aytilgan. Qolgan 3 ta miqdorga to‘xtalinmagan. Moddaning jazo qismi, ya’ni sanksiyasi xam juda kulguli. Jinoyat qonunchiligining jazo tizimidagi eng yengil jazolar tanlab olinibdi. Odatda bunday jazolar ma’muriy yoki intizomiy qilmishlar uchun maqsadga muvofiq”.

Konvensiya talabi?

Noqonuniy boyiganlar uchun huquqshunos Jur’at Tojiyev aytganiday “eng yengil jazolar tanlab olinishi” sababini ismi aytilmasligini so‘ragan toshkentlik yurist bunday taxmin qildi.

“O‘zbekiston BMTning “Korrupsiyaga qarshi” konvensiyasiga bundan 2008 - yili qo‘shilgan. O‘sha konvensiyaning 20- moddasi ”Noqonuniy boyish” deb ataladi. O‘sha moddada konvensiyaga qo‘shilgan har bir davlat o‘z amaldorlarining noqonuniy boyishiga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi qonunlarni qabul qiladi, boshqa choralarni ko‘radi, deyilgan. Bunday qonunni qabul qilish vaqti O‘zbekistonda mana endi kelibdida…”

Tuya go‘shti yegan deklaratsiyalash

Yangilanayotgan Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan ”Noqonuniy boyish” moddasi mazmunidan bu modda: a) davlat xizmatchisiga tegishli ekanligi; b) noqonuniy boyiganini aniqlash uchun u daromad va mol-mulk deklaratsiyasini topshirishi lozimligi tushuniladi.

Prezident Mirziyoyev 2020 - yilning 31 - yanvarida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tuziladigan yangi organ haqida gapirgan edi.

“Zamon o‘zgaryapti, vahshiylikdan, o‘g‘rilikdan qutulish kerak. Amaldorlar daromadining omillarini tushuntirib bersa, haloli bo‘lsin. Tiyilishi kerak, tiyilmayapti ayrim noinsoflar”, degandi Prezident.

Davlat rahbarining bu gapigacha, ya’ni 2019 - yilning oktabrida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Prezidentining «Davlat xizmatchilari ayrim toifalarining mol-mulkini, daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash va zarur texnik infratuzilmani bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirilgan edi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 - yilning 1 - yanvaridan boshlab O‘zbekistonda davlat xizmatchilari ayrim toifalarining, shuningdek ularning oila a’zolarining (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i va farzandlari, shu jumladan, farzandlikka olingan oila a’zolari) mol-mulki, daromadlari va xarajatlari har yillik deklaratsiyalash yo‘li bilan nazoratga olinishi rejalashtirilgan edi.

Belgilangan muddatda bu ish amalga oshmadi. 2020 - yili davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulk deklaratsiyasi to‘g‘risida mahalliy matbuotda juda ko‘p gapirildi. Lekin deklaratsiyalash jarayoni boshlngani to‘g‘risida hanuz ma’lumot yo‘q.

Qo‘shnilar tajribasi

O‘zbekiston “Noqonuniy boyish” moddasini Jinoyat kodeksiga kiritishni endi rejalashtirayotgan bo‘lsa, qo‘shni Qirg‘izistonda bu modda 2012 - yildan beri mavjud. Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, yillar davomida “mudrab yotgan” bu modda keyingi paytlarda juda faol qo‘llanmoqda.

Mana eng so‘ngi xabarlardan ikkitasi:

1 - mart kuni Qirg‘iziston parlamenti – Jo‘g‘o‘rqu Kenesh deputati Aliyarbek Abjaliyev ustidan sudgacha surishtiruv ishlari boshlandi.

3 - mart kuni Qirg‘izistonda taniqli tadbirkor Jalil Atambayev qo‘lga olinib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tergov izolyatoriga kiritildi.

Tilga olingan ikkala qirg‘izistonlik ham Qirg‘iz Respublikasi Jinoyat kodeksining “Noqonuniy boyish” moddasida (308-modda) nazarda tutilgan qilmishni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Bu modda bo‘yicha qo‘lga olingan, sudlanib ozodlikdan mahrum bo‘lgan qirg‘izistonliklar, shu jumladan davlat amaldorlari o‘nlabdir.

Qirg‘izistonda “Noqonuniy boyish” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilganlar mol-mulki musodara qilinib, 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Qirg‘izistonlik surishtirgich jurnalist Idris Isaqov 3 - mart kuni qo‘lga olingan Jalil Atambayevning faoliyati yuzasidan 2019 da tadqiqot o‘tkazib, unga va uning yaqinlariga tegishli kompaniyalar 40 mln qirg‘iz so‘mi (taqriban $500 000) miqdoridagi soliqni yashirganini aniqlaganini e’lon qilgan edi. Biroq o‘z vaqtida huquq-tartibot organlari jurnalist fosh qilgan faktlarga reaksiya bildirmagan, aksincha, Jalil Atambayev jurnalistni sudga berib, keyin arizasini qaytarib olgan edi.

Idris Isaqov
Idris Isaqov

- Tadqiqotingiz qahramoni noqonuniy boyishda gumon qilinib, qo‘lga olinganini adolat qaror topgani, deb hisoblaysizmi?

Ozodlikning bu savoliga Idris Isaqov bunday javob berdi:

“Jalil Atambayevning noqonuniy boyishda ayblanib qo‘lga olinganini adolat tantanasi, deb hisoblamayman. Chunki u yolg‘iz o‘zi boyigani yo‘q, boyir ekan, o‘zining boyishiga yo‘l ochib bergan amaldorlarni ham boyitdi, demak u butun boshli korruptsion tizimning bir xalqasi xolos, ikkinchidan, agar istalsa, bu modda bo‘yicha davlat amaldorlarini bir chekkadan javobgarlikka tortaverish mumkinligini aytmoqchiman. Chunki aslida, qonuniy boyishning o‘zi imkonsiz. Qonunlar xom, biri ikkinchiga zid. Amaldorlarning oyligi oz, lekin ular orasida bitta ham kambag‘al yo‘q”.

O‘zbek hokimlari maoshi

O‘zbekiston Moliya vazirligi 2020 - yilning noyabrida e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, viloyat hokimlari bir oyda 2 236 354 so‘m, shahar hokimlari 1 934 053 so‘m maosh oladi.

Mehnatni rag‘batlantirish koeffitsientini, ish sharoitlari og‘irligi va ish staji uchun qo‘shimchalarni va moddiy rag‘batlantirishni qo‘shganda, hokimlar oyligiga yana bir okladning u yoq-bu yog‘ida pul qo‘shiladi.

Demak, viloyat hokimi bir oyda $500 ga, shahar hokimlari $400 ga yetib-yetmagan ish haqi oladi.

XS
SM
MD
LG