Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:20

Muftiy, ota va o‘g‘il. Ramzan Qodirov O‘zbekistonga nima uchun bordi?


Ramzan Qodirov Toshkentda. 27-may, 2024
Ramzan Qodirov Toshkentda. 27-may, 2024

26-27-may kunlari Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan delegatsiya tarkibida O‘zbekistonda bo‘ldi. Chechen delegatsiyasi Toshkentga ushbu safarini Qodirovning shaxsiy yutug‘i, Checheniston rahbarining musulmon mamlakatlaridagi obro‘-e’tiborining tasdig‘i sifatida taqdim qilmoqda.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Kavkaz.Realii tahririyatining aniqlashicha, Rossiyaning boshqa mintaqa rahbarlaridan farqli Ramzan Qodirov O‘zbekistonga safari davomida mezbon tomon bilan biron kelishuvga erishmagan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 26-may kuni Vladimir Putin bilan birga Toshkentga keldi. Shunga qaramay, u ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun “Checheniston delegatsiyasi” bilan kelganini ma’lum qildi.

Россия-Ўзбекистон: Мирзиёев Путинга қучоқ очди, Рамзан куёвлар зиёфатида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:44 0:00

Checheniston delegatsiyasi a’zolari orasida uning 17 yoshli o‘g‘li Eli Qodirov, jiyani Yoqub Zakriyev ham bor edi, u G‘arb kompaniyasi ketganidan keyin «Danon»ning Rossiyadagi filialini boshqarmoqda. Shuningdek, Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanov, Chechenistonning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi vakolatli vakili Bexan Taymasxanov, respublika bosh vazirining xavfsizlik bloki bo‘yicha o‘rinbosari Abuzaid Vismurodov va respublika rahbari maslahatchisi Adam Shahidovlar ham Toshkentga keldi.

Ajablanarlisi shundaki, respublikaning yangi tayinlangan Bosh vaziri Magomed Daudov ayrim shartnomalarni imzolashi kerak bo‘lishini hisobga olsak, delegatsiya tarkibida bo‘lishi kerak edi.

Chechenlarning O‘zbekistonga qiziqishi haqida gapirar ekan, Qodirov bu mamlakatni Chechenistonda yaxshi bilishlari va sevishlarini, chunki otasi bu yerda o‘qiganligini aytdi: Ahmad Qodirov 1982-yilda Buxoro Mir-Arab madrasasini tamomlagan, 1986-yilda esa Toshkent islom institutiga o‘qishga kirgan. Checheniston rahbariyati Qodirovning shaxsiy his-tuyg‘ulariga asoslanib, uning otasining ustozi va yaqin do‘sti, o‘sha vaqtda Toshkent islom instituti rektori bo‘lgan marhum muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf orqali uzoq vaqtdan beri O‘zbekiston bilan aloqalarni saqlab kelgan.

Checheniston – Tatariston

Ikki davlat prezidentlarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarida tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Putinga Checheniston rahbaridan tashqari Tatariston rahbari Rustam Minnixonov ham hamrohlik qildi. Tatariston matbuoti ikki musulmon mintaqasi rahbarlarining safarda ishtirok etishini Rossiya prezidentining Rossiyaning islom olami bilan o‘zaro hamkorligi strategiyasi sifatida baholamoqda.

Shu bilan birga, Checheniston va Tataristondan kelgan ikki delegatsiyaning rolini taqqoslab bo‘lmaydi: Checheniston rahbarining ishtiroki rasmiyatchilik bo‘lgani tadbirlarda ko‘rinib turdi. Qodirov va uning atrofidagilardan farqli o‘laroq, bu yig‘ilishda Tatariston rahbari so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston bosh vaziri Aripov mamlakatning barcha hududlari Tatariston bilan hamkorlik qilishni istashini ta’kidladi. Minnixonov jurnalistlarga o‘z loyihalarini tanishtirdi – ulardan uchtasi Chirchiq, Jizzax va Buxoro shaharlarida amalga oshiriladi.

Checheniston, Rossiyaning bir qancha viloyatlaridan farqli o‘laroq, birorta ham savdo-iqtisodiy shartnoma imzolamagan.

Qodirovning “birodarlik munosabatlari” ifodasidan tashqari ko‘rsatadigan hech narsasi yo‘q edi. U Checheniston “O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor” deb mujmal gaplar aytdi. Qodirov, shuningdek, o‘tgan yili uning qizi, o‘sha paytda Checheniston Madaniyat vazirligi rahbari Ayhat Qodirova O‘zbekistonga tashrif buyurganini ham eslatib o‘tdi. U yil davomida aniq loyihaga aylanmagan “madaniyat sohasidagi hamkorlik” haqida ham gapirdi.

Ўзбекистон президенти даҳшатли қотилликларга масъул кўриладиган Рамзан Қодировга ноëб совға йўллади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00

2023-yil iyun oyida O‘zbekiston aviatashuvchisi Grozniydan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni yo‘lga qo‘ydi – bu muhim sayyohlik yo‘nalishi bo‘lishi taxmin qilingandi. Aslida, parvoz faqat subsidiyalangan, deya qayd etadi Grozniy aeroporti xodimi Kavkaz.Realii bilan suhbatda. O‘zbekistonda chechenlar jamoasining yo‘qligi sababli u faqat qo‘shni davlatlarga qiziqish yoki kamroq hollarda respublika muftiyati tomonidan tashkil etiladigan Buxoro, Samarqand va Xivadagi so‘fiylar maqbaralariga ziyoratchilarga qiziq bo‘lishi mumkin. Parvoz haftada bir marta amalga oshiriladi – qo‘shni Mahachqal’a aeroportidan esa Toshkentga haftasiga ikkita reys bor.

Ammo bu sayohat Qodirov uchun ikkinchi o‘g‘li Elini "yorug‘likka olib chiqish" imkoniyati bo‘ldi, u katta o‘g‘li Axmat va uchinchi o‘g‘li Adamdan farqli o‘laroq, noma’lum sabablarga ko‘ra bunday e’tibordan mahrum edi. Elining rasmiy delegatsiya tarkibidagi ishtiroki Toshkentda “Axmat Arena” sport majmuasini qurish rejalari bilan izohlandi: 2024-yil martidan boshlab Eli respublika boks federatsiyasini boshqarib keladi va «Axmat» sport klubi bosh direktori hisoblanadi.

«Shoumen» ko‘chada?

Rossiya Federal tadqiqot institutlaridan birining Shimoliy Kavkaz bo‘yicha eksperti (xavfsizlik sabab o‘z nomini oshkor qilishni istamagan - tahr.) fikricha, Checheniston rahbari O‘zbekistonga safari chog‘ida odatdagidan ko‘ra ko‘proq "shoumen"dek taassurot qoldirdi.

“Rossiyaning bir qancha viloyatlaridan farqli o‘laroq, Checheniston rahbarlari ham delegatsiya tarkibida bo‘lgan, ammo O‘zbekiston bilan birorta ham savdo-iqtisodiy shartnoma imzolamagan. Biroq Qodirov odatdagidek o‘zini ko‘rsatdi va chechenlarning O‘zbekiston haqidagi barcha tasavvurlarini marhum otasining Buxoro madrasasida o‘qiganiga bog‘ladi, vaholanki, bu chechenlar uchun unchalik qiziq emas”, deya ta’kidlaydi suhbatdosh.

Ayni paytda, O‘zbekistonda ko‘p asrlik tasavvuf an’analari bor. Bu yerdan dunyoga mashhur musulmon olimlaridan biri, hadis ilmi asoschilaridan Imom Muhammad al-Buxoriy yetishib chiqqan.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari instituti (SOAS) Zamonaviy Markaziy Osiyo va Kavkaz markazi ilmiy xodimi Alisher Ilhomov fikricha, Rossiya mintaqalari rahbarlari, jumladan, Qodirovni davlatlararo hamkorlikka jalb etishdan bir qancha maqsadlar ko‘zlangan.

Qodirovni O‘zbekiston uchun «muhim» shaxsga aylantirgan narsa uning Rossiya prezidenti bilan ishonchli munosabatlaridir

“Birinchisi, ushbu mintaqaviy rahbarlar kengashini tuzish va Rossiya Federatsiyasining har bir subyekti rahbari bilan muzokaralar olib borish, aslida O‘zbekistonni Rossiya bilan bog‘laydi: nafaqat davlat rahbarlari, balki mintaqalar rahbarlari darajasida ham. U O‘zbekistonni Rossiya iqtisodiy va siyosiy makoniga jalb qiladi.

Ikkinchidan, Ramzan Qodirovning O‘zbekiston Prezidentining ikki kuyovi bilan yaqin munosabatini unutmasligimiz kerak, deya davom etadi u. Checheniston rahbari ularning shaxsiy xavfsizlik tizimini yaratishda yordam beradi: ularning xavfsizlik xodimlari Chechenistonda tayyorgarlikdan o‘tadi, shundan so‘ng siyosatchilar ularning xizmatlaridan faol foydalanadi.

Qodirov delegatsiyaning boshqa barcha a’zolari orasida ajralib turishini namoyish etmoqda. Islom an’analariga sodiqligini ko‘rsatmoqda. U Rossiya prezidenti bilan yaxshi, ishonchli munosabatlardadir. Bularning barchasi uni Rossiya delegatsiyasida alohida ajralib turadi va O‘zbekiston uchun o‘ziga xos «muhim» shaxsga aylantiradi”, deya xulosa qiladi Ilhomov.

  • Ramzan Qodirov xorijdagi musulmonlarga nisbatan zulmni keskin tanqid qiladi, lekin Rossiyada, jumladan, qamoqxonalardagi musulmon huquqlari poymol etilishiga e’tibor bermaydi. Chechenistonning o‘zida respublika rahbariyati tomonidan ma’qullanmagan islom oqimlariga amal qilganlar ta’qib qilinmoqda.
  • Checheniston hukumati Afrikadagi kambag‘al bolalarga yordam beradi, dedi respublika rahbarining qizi Xadicha (Karina) Qodirova 2023-yilda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan forumda. Tahlilchilar bu vaziyatni bema’nilik deb ataydi: Rossiya 2022-yil yozida tuzilgan bitimdan chiqqani sababli, Ukraina bug‘doyini Qora dengiz orqali Afrikaga yetkazib bo‘lmadi.
  • Ramzan Qodirov radikal HAMAS guruhining Isroil hududiga hujumidan so‘ng “Falastin harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini” ma’lum qildi. Siyosatshunos Ivan Preobrajenskiyning fikricha, Checheniston rahbarining pozitsiyasi Rossiya rasmiylarining ushbu mojaro bo‘yicha norasmiy yo‘nalishiga to‘liq mos keladi.
XS
SM
MD
LG