Ko‘cha lahjasida "ko‘p va xo‘b" qo‘llanadigan “idi na **y” birikmasini so‘kinish emas, shunchaki tanbeh ma’nosida qabul qilsa bo‘ladimi? Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda shu savol qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari telefon orqali muloqotda qo‘l ostidagi xodimlardan birini “idi na **y” deya so‘kadi. O‘zini haqoratlangan deb bilgan xodim rahbari ustidan sudga ariza beradi. Sudya esa ushbu jumla yuzasidan lingvistik ekspertiza tayinlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu borada Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Bibish Jo‘rayevadan xulosa so‘ralgan.
Tilshunos olimaning iddaosiga ko‘ra, “idi na **y” leksik birligi faqat jamoat joyda qo‘llansagina shaxsning sha’nini kamsituvchi, obro‘sizlantiruvchi so‘z hisoblanadi, telefon so‘zlashuvida esa haqorat mazmunini anglatmaydi.
“Idi na **y” so‘zi telefon orqali muloqotda “Men seni tinglashni xohlamayman, menga sening gaplaringning qizig‘i yo‘q” degan ma’noni qo‘pol tarzda bayon qilishga xizmat qilyapti, xolos. Ushbu holatda “idi na **y” so‘zi shaxsning sha’ni, qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantiruvchi haqorat so‘z hisoblanmaydi”, deyiladi B.Jo‘rayevaning tarmoqlarda tarqalgan xulosasida.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti ushbu bahsli nuqtai nazarga achchiq istehzo, zaharxanda piching va yengil yumor ruhidagi postlar bilan munosabat bildirdi.
“Bibish Jo‘rayeva – “idinakuy” so‘zini qonuniylashtirgan birinchi o‘zbek professori, filologiya fanlari doktori”, deb yozdi “Telegraf.uz” kanali.
“Biz “poslal na tri bukvi” derdik. Endi to‘g‘ri ayta bersak bo‘lar ekan-da!” deb holatga munosabat bildirdi qozog‘istonlik iqtisodiy tahlilchi Saparbay Jubayev.
“Bu kishi qarg‘ish ma’nosidagi so‘zlarni duoga aylantirib berarmikanlar?!” deya kinoya qildi Bahromjon Tojiboyev.
“Professor, filologiya professori! Yer sharini qanday to‘xtatsa bo‘ladi, aytvoringlar, tushib qolay” deya e’tirozini bayon etdi Nurillo Nuriddinov.
“Demak, (“idi na **y” birikmasini) televideniye, ilmiy va ommaviy munozaralarga, prezident va parlament deputatlari nutqlariga kiritish vaqti keldi”, deya luqma tashladi Buyuk Britaniyada yashab kelayotgan o‘zbekistonlik ekspert Alisher Ilhomov.
Ayrim foydalanuvchilar tilshunos olima hokim muovini bosimi sababli vijdon amriga qarshi ish tutgani haqidagi taxminni ilgari surdi.
“Qo‘rquvning kuchini qarang!” deya qisqa izoh qoldirdi Shukrullo Akramov.
Alisher Muhsinov ismli foydalanuvchi esa Buxorodagi mojaro munosabati bilan marhum shoir Erkin Vohidovning quyidagi satrlarini yodga oldi:
Qo‘rquvning ko‘zi katta,
Yuragi kichik bo‘lur.
Qo‘rquv zo‘r kelgan yurtda
Arslonlar kuchuk bo‘lur.
“Professor bir kattakonni himoya qilaman deb yosh bola ham qilmaydigan ishni qilib qo‘ydi va 36 million odamga kulgi bo‘ldi” deb hisoblaydi yozuvchi Karimberdi To‘ramurod.
“Opa bir umr maqol yig‘ib topgan obro‘sini bitta maqolga o‘zi amal qilmay, bir kunda yelga sovurdi: “Betkay ketar, bel qolar, Beklar ketar, el qolar”. Opa elni emas, bekni tanlab xato qildi. Bekni himoya qilaman deb elning nafratiga sazovor bo‘ldi. Beklar, to‘ralar, hokimlar kelib-ketaveradi, ular aslo tobutimizni ko‘tarmaydilar, tobutimizni ko‘tarsa, shu el ko‘taradi”, deydi adib.
Alimqul Yo‘ldoshev fikricha esa, “Muammo tilshunos opada emas, balki mustaqil qaror qabul qilishga yuragi dov bermagan sudyada, vakolatini suiiste’mol qilgan so‘kong‘ich amaldorda”.
Bir guruh faollar yanglish xulosa bergan himoyasiz olimani “urkaltak” qilavermay, ko‘proq so‘kong‘ich mansabdorlar muammosiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan.
Ayni paytda Xabar.uz nashriga bergan izohida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Bibish Jo‘rayeva o‘zining mutaxassis sifatidagi xulosasini himoya qilgan.
"Ijtimoiy tarmoqlar orqali noo‘rin qarashlar bilan bahs-munozaraga borib, tilshunoslarga nisbatan noto‘g‘ri «hukm» chiqarish yaxshi emas. Avvalo, internet tarmoqlari orqali shu so‘zning qanday ma’nolar anglatishini bilib olishsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Shundan so‘ng bildirilgan fikrga e’tirozingiz bo‘lsa, marhamat!"—deb aytgan Bibish Jo‘rayeva.
Xabar.uz ning yozishicha, olimaning Buxorodagi tuman Ichki ishlar bo‘limining joriy yil 4-fevraldagi 25-13/3 343-sonli xatiga javoban bergan xulosasi mahalliy blogerlardan birining boshqa bir bloger tomonidan haqoratlanganini da’vo qilib viloyat boshqarmasiga bergan yozma arizasini ko‘rish chiqish jarayonida olingan.
Ma’lumot o‘rnida, rus tili lug‘atlarida “idi na **y” birikmasiga haqorat, so‘kinish ma’nosini anglatuvchi, nenormativ leksika namunasi deb ta’rif berilgan. Jahon huquq amaliyotida so‘kinish – haqorat, bezorilik, shaxsni obro‘sizlantirish deb malakalanadi.