Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:22

Moskvadagi hujum ortida turgani aytilgan «ISHID-Xuroson» qanday tashkilot?


Kobul aeroporti tashqarisidagi terrorchilik hujumi qurbonlarining yaqinlari jasadlarni tobutga ortmoqda. Hujumda 13 amerika askarlari doxil 26 kishi o‘lgan. 27-avgust, 2021
Kobul aeroporti tashqarisidagi terrorchilik hujumi qurbonlarining yaqinlari jasadlarni tobutga ortmoqda. Hujumda 13 amerika askarlari doxil 26 kishi o‘lgan. 27-avgust, 2021

22-mart kuni Moskvadagi "Krokus" konsert zalida amalga oshirilgan hujum Rossiya tarixida so‘nggi o‘n yillikdagi eng qonli hujum bo‘ldi. Konsert zaliga qurollangan shaxslar bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutishi oqibatida 137 inson halok bo‘ldi, yana 180 dan ortiq odam yaralandi.

Bu hujumni ISHID jangari guruhi o‘z zimmasiga oldi. AQSH voqea ortida ISHIDning mintaqaviy bo‘limi – «ISHID-Xuroson» turgani haqida bayonot berdi.

Afg‘onistonda joylashgan ISHID-Xuroson ikki yil oldin Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi oldida portlash amalga oshirgan va Rossiya ichida ham teraktlar sodir etish bilan tahdid qilgan.

"ISHID-Xuroson"ning paydo bo‘lishi

Tashkilot Afg‘onistonda 2014-yil oxirida, ISHID Iroq va Suriyaning katta hududlarini egallab, o‘zini xalifalik deb e’lon qilgan yili tashkil etilgan. Keyinroq ISHID AQSH boshchiligidagi koalitsiya tomonidan mag‘lub etildi.

Xuroson bir vaqtlar hozirgi Afg‘oniston, Eron va Markaziy Osiyoning bir qismini o‘z ichiga olgan tarixiy mintaqa bo‘lgan.

"ISHID-Xuroson" dastlab Afg‘oniston sharqi va shimolidagi kichik hududlarni qo‘lga kiritdi.

Ammo jangari guruh Afg‘oniston va xorijiy kuchlar hamda raqib Tolibon tomonidan tobora siqib chiqarila boshladi. 2019-yilda ular Afg‘onistondagi o‘zining hududiy tayanch punktlaridan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng, "ISHID-Xuroson" urushning yangi strategiyasiga o‘tishni boshladi.

"ISHID-Xuroson" jangchilari qayerdan?

Bu guruhga Afg‘onistondagi Tolibon, Pokistondagi Tehrik-e Tolibon va Al-Qoidaning norozi jangarilari asos solgan hamda ular IHhIDga sodiqliklarini e’lon qilgan.

Yillar davomida "ISHID-Xuroson" safi mahalliy va xorijiy yollanma jangchilar, xususan, markaziy osiyolik jangchilar bilan kengaydi.

«Krokus Siti Xoll» 22-mart kungi qonli hujumdan keyin.
«Krokus Siti Xoll» 22-mart kungi qonli hujumdan keyin.

BMT Xavfsizlik Kengashi 2023-yil iyun oyida chop etilgan hisobotda "ISHID-Xuroson" jangarilari 4000 dan 6000 nafargacha yetishi hamda ularning tarkibida Pokiston, Eron, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston fuqarolari va Suriyadan Afg‘onistonga qochib o‘tgan oz sonli arab jangarilari borligini e’lon qilgan.

"ISHID-Xuroson" amalga oshirgan teraktlar

"ISHID-Xuroson" hozirga qadar Afg‘oniston armiyasi va xalqaro kuchlarga hamda Tolibonga qarshi bir qancha hujumlar uyushtirgan.

Ular Afg‘onistondagi diniy ozchiliklarni ham nishonga olgan.

Guruh o‘zining eng shov-shuvli hujumlaridan birini 2021-yil avgust oyida, AQSH Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketayotgan paytda sodir etdi. Kobul xalqaro aeroportida amalga oshirilgan qo‘poruvchilikda 170 nafar tinch aholi va 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘ldi.

Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgach, "ISHID-Xuroson" Tolibon rasmiylari, chet el fuqarolari va elchixonalarini, shuningdek, Afg‘onistondagi shia hazoralar jamoasini nishonga olishni boshladi.

"ISHID-Xuroson" 21-mart kuni Qandahor shahrida bank oldida sodir etilgan hujum uchun ham javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Hujum oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati Tolibon xizmatchilari bo‘lgan.

Ular transchegaraviy hujumlar ham uyushtirdi. Yanvar oyida Eron janubidagi Kirmon shahrida sodir etilgan va 90 dan ortiq odam halok bo‘lgan xunrezlik yana "ISHID-Xuroson"ga aloqador bo‘lib chiqdi.


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2021-yildan beri Tolibon tomonidan yuzlab jangarilari hibsga olingani yoki o‘ldirilganiga qaramay, ISHID-Xuroson hamon barqaror faoliyat yuritib kelmoqda.

Vashingtonda joylashgan Uilson markazining Janubiy Osiyo instituti direktori Maykl Kugelman «ISHID-Xuroson bugungi kunda ISHID mintaqaviy bo‘linmalari orasida eng faoli va qudratlisi», deya qayd etdi.

Nega "ISHID-Xuroson" Rossiyaga hujum qildi?

2022-yil sentabrida Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi oldida sodir etilgan portlash uchun ham aynan Ishid-Xuroson javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. Hujumda olti kishi, jumladan elchixonaning ikki xodimi halok bo‘lgan.

Tahlilchilar ISHID uzoq vaqtdan beri Rossiya ichkarisida hujumlar uyushtirish bilan tahdid qilganini eslatdi.

XS
SM
MD
LG