Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:26

"Mobilizatsiya Putinning afsonasini barbod qiladi". Kavkazda norozilik kuchaymoqda


Dog‘iston, Maxachqal’a. 25-sentabr, 2022 .
Dog‘iston, Maxachqal’a. 25-sentabr, 2022 .

Prezident Vladimir Putin qisman harbiy safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng Shimoliy Kavkaz respublikalarida ommaviy norozilik chiqishlari boshlanib ketdi. Birinchi bo‘lib Grozniyda ayollar ko‘chaga chiqishdi, 25-sentabrda esa Nalchik bilan Maxachqal’ada politsiya xalq yig‘iniga to‘planganlarni ayovsiz kuch ishlatib qo‘lga oldi.

Huquq faollariga ko‘ra, Kavkazda urushga qarshi norozilik eng yaqin kunlarda radikallashib, Putinning Kreml siyosati Shimoliy Kavkazda so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanishi haqidagi mashhur afsonasini barbod qilishi mumkin.

20-sentabr kuni – qisman safarbarlik e’lon qilinishi arafasida ijtimoiy tarmoqlardagi muxolifatchi chechen kanallari Grozniyda onalar o‘g‘illarining Ukraina urushiga jo‘natilishiga qarshi miting qilishga tayyorlanayotgani haqida yozdi. Ertasiga aksiya o‘tkazilishi rejalangan “Checheniston yuragi” masjidi yonidagi maydonni kuchishlatar xodimlar qurshab olishdi, 1ADAT telegram-kanali esa ayollar ushlab ketilganini xabar qildi.

Ma’lumotni respublika rahbari Ramzan Qodirov ham tasdiqlab, aksiya ishtirokchilari bilan so‘zlashganini aytdi. Uning iddaosicha, mitingga chiqqan 20 ayoldan atigi uchtasining o‘g‘li Ukrainada jang qilmoqda, qolganlar esa “chet eldagi turli tashkilotlarga yollangan” ekan – Qodirov ularning oilasidagi erkaklarni frontning oldingi chizig‘iga yuborishni talab qildi.

22-sentabr kuni Dog‘istonning Boboyurt tumanida namoyishchilar federal trassani to‘sib qo‘yishdi.

25-sentabrda Nalchikdagi Hukumat uyi oldiga to‘plangan o‘nlab ayollar safarbarlikka qarshi keskin xitoblar bilan chiqishdi. “Otib tashlasangiz ham erimni sizlarga bermayman”, “Bu urush bizning pulimizga bo‘lyapti, chunki bizdan soliq undiryapsizlar”, “Bizga birov hujum qilganmidi? Ukraina bizga hujum qilgani yo‘q!”, “Farzandini bu dahshatdan qo‘riy olmaganlar bizning o‘rnimizga yubka kiyib olishsin” – mitingchilar ular huzuriga kelgan ma’muriyat vakillarini shunaqa so‘zlar bilan itobga olishdi. “Drugoy Kavkaz” telegram-kanalida yoyinlangan videoga ko‘ra, politsiya aksiyaga ancha bosiq yondashgan, har holda ushbu miting qatnashchilaridan birontasi ushlangani to‘g‘risida jurnalistlarda ma’lumot yo‘q.

Avtomat ovozlari va do‘pposlangan namoyishchilar

Bir paytning o‘zida Dog‘istonda ham namoyishlar bo‘ldi. Xasavyurt tumanining Endirey qishlog‘i ahli – aksari erkaklar – hamqishloqlari askarlikka olinishiga qarshi chiqib, “Kavkaz” trassasini to‘sib qo‘yishdi. OAV xabarlariga ko‘ra, qariyb 8 ming jon istiqomat qiladigan qishloqdan 110 kishini harbiyga chaqirganlar. Voqea joyiga yetib borgan kuchishlatar xodimlar olomonni qo‘rqitish uchun osmonga o‘q uza boshladilar, axiyri namoyishchilar yo‘lning qatnov qismidan chetlatildi.

Xasavyurt tumani ma’muriyati “harbiy komissar bilan prokuror kelib, odamlarni qiziqtiruvchi masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berganidan so‘ng norozilar rahbariyatga rahmat aytib, uy-uylariga tarqalishdi”, degan mazmunda hisob berdi.

Endireydan farqli o‘laroq, Maxachqal’adagi miting ishtirokchilarining aksari ayollar bo‘lib, yigitlar kamchilikni tashkil qildi. Aktsiya Rasul Hamzatov ko‘chasidagi qo‘g‘irchoq teatri yonida bo‘lib o‘tdi.

Xaloyiq “Biz safarbarlikka qarshimiz!”, “Bitsin urush” deya xitob qildi. Ayollar ular bilan bahslashmoqchi bo‘lgan politsiyachini “Nega o‘g‘illarimizni tortib olyapsizlar?”, “Kimga hujum qilishibdi? Rossiyagami? Axir biz o‘zimiz Ukrainaga bostirib kirdi-ku”, deya so‘roqqa tutishdi. Shundan so‘ng politsiya xodimi u yerdan ketishga majbur bo‘ldi.

Miting davomida politsiyachilar bir necha erkakni ushlab, kaltaklashdi – namoyishchilarning ularni kuchishlatar xodimlar qo‘lidan tortib olishga urinishi behuda ketdi. Sportchi kiyimidagi notanish erkaklar fuqarolarni ushlash va do‘pposlashda politsiyaga yordam berdi. Internetda tarqalgan bir videoda politsiyachi ikki xodim qo‘llaridan mahkam ushlab turgan erkak yuziga ko‘r-ko‘rona tarsaki tushirgani, u esa javoban politsiyachi yuziga kalla qo‘ygani va so‘ngra shafqatsizlarcha kaltaklangani aks etgan. Boshqa videoda odamlar formali xodim sudrab, urgan bir ayolni himoya qiladilar. Yana bir videoda esa politsiyachi namoyishga chiqqan ayollarni so‘kkani eshitiladi.

Ushlanganlar orasida tahririyat topshirig‘ini bajargan mahalliy jurnalist Murod Murodov ham bor ekan. Dog‘iston Jamoatchilik palatasi komissiyasi raisining muovini Shomil Xadulayevga ko‘ra, uchta aksiyada salkam 150 kishi qo‘lga olingan.

“Qattiq kuch ishlatib qo‘lga olinganlar ham bo‘ldi, lekin asosan tinchlik bilan tarqalishni iltimos qilishdi, chunki faollik ko‘rsatganlarning ko‘pi ayollar edi, ayrimlari yosh bolalari bilan kelishgandi. Voqealarni telefonda suratga olganlar to‘xtatilib, ulardan tasvirlarni o‘chirib tashlash so‘raldi”, dedi dog‘istonlik jamoatchi.

“G‘arb aybdor”

Barcha holatlarda namoyishlarga safarbarlik pala-partish tashkil etilgani sabab bo‘ldi – Putin va Mudofaa vazirligi va’da berganiga qaramay, Rossiya janubi va Shimoliy Kavkazda harbiy komissariatlar surunkali xasta, keksayib qolgan, nafaqat jangovar tajribasi yo‘q, balki hatto muddatli xizmatni ham o‘tamagan fuqarolarga chaqiruv qog‘ozi berdi.

Dog‘iston ahli ko‘chalarga chiqqan mahal respublika rahbari Sergey Melikov o‘z telegram-kanalida “Qisman safarbarlik prezident e’lon qilgan mezonlar bo‘yicha o‘tadi... Hech bir xato yoki istisno bo‘lishi mumkin emas! Shahar va tuman rahbarlari buning uchun shaxsan javob berishadi”, deb yozdi.

Ayni chog‘da mulozim bo‘lgan zo‘ravonliklar uchun harbiy zaxiradagi fuqarolarga ta’na qilib, qonunbuzarliklarni tan oldi: “Bilaman, safarbarlik boshida bunaqa xatolar bo‘ladi, chunki ayrim fuqarolarimiz chaqiruv muddatini kechiktirish huquqini beruvchi holatlar haqida harbiy komissariatlarni vaqtida ogohlantirishmagan”.

Melikov “chet elda ochilgan” pabliklar orqali safarbarlikka oid yolg‘on ma’lumotlarni tarqatayotgan allaqanday “dushmanlar”ni ayblamasdan o‘tolmadi.

Dog‘istonning yoshlar ishlari bo‘yicha vaziri Komil Saidov aksiyaga yanada keskin izoh berib, uni respublikadan chetda yashovchi “betayin adminlarning G‘arb puliga uyushtirgan fitnasi” deb atadi.

“Norozilik kayfiyatini tushunsa bo‘ladi – joylarda qonun-qoidalar buzilgan, komissariatlar haddan oshgan holatlar bor. Biroq shuni bilish kerakki, chaqiruv qog‘ozi keldi degani – siz darhol askarlikka olinasiz degani emas. Avval tekshirishadi, agar safarbarlik mezonlariga to‘g‘ri kelmasangiz, sizni hech qayoqqa jo‘natishmaydi!” – deya ishontirdi Dog‘iston vaziri, garchi amalda ahvol buning tamoman teskarisi bo‘lsa-da.

Sabr kosasiga so‘nggi qatra

Dog‘istonlik huquq faoli Svetlana Isayeva Maxachqal’a voqealari haqida gapirarkan, politsiyaning shafqatsiz xatti-harakatlari odatiy hol ekanini aytadi. Kavkaz.Realii suhbatdoshi ushbu aktsiyani kelgusida juda jiddiy tus olishi mumkin bo‘lgan voqealar silsilasidagi “birinchi qo‘ng‘iroq” deb ataydi.

“Dog‘iston urushda juda ko‘p talafot ko‘rdi. Qanchadan-qancha yigitlarimiz o‘lib ketishdi. Nega biz bu yovuzlik tomoshasining old qatorida bo‘lishimiz kerak? Ayollarning sabr-toqati bitdi, biz o‘z o‘g‘illarimizni birovning manfaatiga qurbon qilishni istamaymiz”, deydi Isayeva.

Huquqbon fikricha, Shimoliy Kavkazda urushga qarshi norozilik harakati – ayollar harakati bo‘ladi.

“Uzoq yillar respublikamizda kuchishlatar idoralar terrorga qarshi kurash niqobi ostida erkaklarni o‘g‘irlab ketish yoki ularning uyiga qurol va o‘q-dori tashlab qo‘yish bilan shug‘ullandi. Buni hamma biladi, jabr-sitam jamiyatda yillarki to‘planib kelmoqda. Xalqning sabr kosasi toshyapti, safarbarlik unga so‘nggi tomchi bo‘lib tushdi”, davom etadi faol.

Publitsist va taniqli jarroh Abdurashid Saidov ham voqealarga izoh berarkan, uni ko‘pyillik “aksilterror amaliyoti” alamlari bilan bog‘laydi.

“G‘isht qolipdan ko‘chdi. Xalq ortiq chiday olmaydi. Minglab farzandlarimiz sudsiz-tergovsiz otib tashlandi, qanchasi bedarak ketdi – ishondik, bir balosi bordir dedik. Ammo endi bas, dardimizni ortiq ichga yutolmaymiz”, deydi u.

Shimoliy Kavkazda urushga qarshi norozilikda ayollar yetakchi kuchga aylanishi sabablaridan biri shuki, mintaqada erkaklar noroziligi nihoyatda beshafqatlik bilan bostiriladi. Namoyishchi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan kuchishlatar xodimlar esa katta ehtimol bilan erkaklar, ya’ni kaltaklangan ayollarning aka-ukalari va erlaridan o‘z nasibalarini oladilar, deb hisoblaydi “Sova” ekspertlar guruhi rahbari, siyosiy fanlar doktori, professor Mixail Savva.

U Shimoliy Kavkaz ommaviy safarbarlik e’lon qilinishidan burun bosh ko‘tarmaganiga shu paytgacha frontga shartnoma asosida xizmat qiluvchi harbiylar jo‘natilganini sabab qilib ko‘rsatadi. Ular esa jang qilish va o‘lish qismatini o‘zlari bilib tanlaganlar. Ammo safarbarlik boshlangach erkaklar kasb-koridan qat’iy nazar ommaviy o‘limga jo‘natilayotgani Shimoliy Kavkaz jamiyatini g‘azabga soldi.

Ommaviy quvvatlov - uydirma

“Safarbarlik e’lon qilib Putin mudhish xatoga yo‘l qo‘ydi, endi u sugsvang holatida – navbatdagi har qanday harakati vaziyatni faqat og‘irlashtiradi. Maxachqal’ada zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob qaytarishmoqda, qator hududlarda safarbarlikka tortilmaydigan “rezervist”larni uylariga qaytarishdi, ya’ni hukumat odatiga xilof o‘laroq yon berdi. Hammasi vaziyat yomonlashuviga xizmat qilyapti”, deya “Kavkaz.Realii” bilan suhbatini davom ettiradi professor Savva.

Ekspert Shimoliy Kavkazda urushga qarshi norozilik qay yo‘sin rivojlanishi mumkinligi haqidagi savolga javoban “agarda federal kuchishlatar idoralar hamda mahalliy hokimiyat shu tarzda harakat qilishda davom etsa, namoyishlarga erkaklar va an’anaviy tuzilmalar – teyplar, oilalar, tukxumar, diniy jamoalar ham qo‘shiladi. Bu butun hokimiyat tizimi uchun halokat bo‘ladi”, deya bashorat qiladi.

“Safarbarlik “Shimoliy Kavkaz to‘lig‘icha Putin tarafda” degan afsonani yakson qiladi”, deya so‘zini tugatadi Mixail Savva.

Shimoliy Kavkazning Ukraina urushi haqidagi tasavvurlarini televizor shakllantirgan emas. Urushga borishdan bosh tortgani sababli xizmatdan bo‘shatilgani uchun Mudofaa vazirligini sudga bergan harbiylardan ko‘pchiligi Qabardin-Bolqoriya va Shimoliy Osetiyadan, deya eslatadi “Goryachiye tochki” dasturining sobiq rahbari va yangi tashkil qilingan “Memorial” markazi kengashi a’zosi Oleg Orlov.

“To‘g‘ri, dastlabki oylarda Dog‘istonda barcha urushni qo‘llab-quvvatlayotgandek tuyuldi: odamlar mashinalariga Z harfini yopishtirib olishdi, ko‘ngilli bo‘lib frontga jo‘nashdi. Biroq ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, aholi yoppasiga Putinni qo‘llaydi, degan gap puch ekan. Uzoq yillardan buyon qurolli mojarolar va zulm ichida yashab kelayotgan Shimoliy Kavkaz ahli Ukrainada o‘z farzandlarini nima kutayotganini juda yaxshi tushunadi”, deydi huquqbon.

U mahalliy rahbarlarning namoyishga munosabatiga izoh berarkan, atigi bir necha o‘n nafar ayolning noroziligi hatto Qodirovni qo‘rqitib yuborib, respublikada ommaviy safarbarlik bo‘lmasligini tushuntirishga majbur etganini ta’kidlaydi.

Orlovga ko‘ra, norozilik chiqishlari hozir ham, kelgusida ham faqat ayollar bilan cheklanmaydi: Endirey qishlog‘ida trassani to‘sib qo‘yganlar, Boboyurt tumani harbiy komissariati oldida to‘polon ko‘targanlar erkaklar edi.

“Safarbarlik shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, norozilik radikal tus olishi aniq”, deya xulosa qiladi ekspert.

XS
SM
MD
LG