Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:18

Mirziyoyevning yangi farmoni. Soliq yuki kattaligicha qolmoqda - tadbirkorlar


O‘zbekiston Davlat Soliq Qo‘mitasi Farg‘ona viloyati bo‘limi.
O‘zbekiston Davlat Soliq Qo‘mitasi Farg‘ona viloyati bo‘limi.

Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini “nomiga yengillik” deya ta’rifladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 - sentabr kuni imzolagan farmonda 2022 - yil 1 - yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan Toshkentdagi yirik ishlab chiqarish korxonasi hisobchisi prezidentning "bu farmoni soliq qonunlarini buzuvchilar uchun yengillik xolos", deydi.

"Agar prezident chindan ham tadbirkorlarga madadkor bo‘lmoqchi, yengillik bermoqchi ekan, soliqlarni, jumladan Qo‘shimcha qiymat solig‘ini (QQS) kamaytirsin. Bu farmonda soliq qonunlarini buzuvchilar yoki soliq to‘lamaydiganlar uchun yengillik yoki amnistiya berilyapti, xolos. Biz soliq idorasiga hujjatlarni doim o‘z vaqtida puxta tayyorlab, har bir tiyinigacha hisoblab topshiramiz. Kameral soliq tekshiruvlarida hech qachon bizda kamomad chiqmagan. Lekin soliq yuki kattaligicha qolyapti, undan ko‘ra shu soliq yukini kamaytirsa, ana shunda yordam bo‘lardi biznes rivojiga”, - deydi Toshkentdagi ikkita yetakchi ishlab chiqarish korxonasining hisobchisi.

Toshkentdagi “StavInvest” audit korxonasi moliyaviy direktori Tohir Allamuradov Mirziyoyevning tadbirkorlarni qo‘llab -quvvatlovchi deya taqdim etilayotgan qator farmon va qarorlariga qaramay, amalda soliq va hokimiyat idoralarining tadbirkor faoliyatiga noqonuniy aralashuvlari to‘xtamayotganini ta’kidlaydi:

“To‘g‘ri, soliq idoralarining biznesga, tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarini to‘xtatish kerak. Lekin ayni paytda soliq qonunchiligini buzuvchilar ham jazosiz qolmasligi kerak. Men prezidentimiz nimani xohlayotganini tushunyapman. Noqonuniy aralashuv va byurokratiyani kamaytirish va yengillik berish orqali biznesni rivojlantirmoqchidir. Lekin bu farmonda tadbirkorga biron naf ko‘rayotganim yo‘q. Faqat nomiga, ahamiyati yo‘q o‘zgarishlar. Kameral soliq tekshiruvlarini o‘tkazish kerak, agar soliqni yashirish holati aniqlansa, jazolash ham kerak. Bu farmon faqat doim soliq hujjatlarini kech taqdim etuvchilarga taalluqli bo‘lib ko‘rinyapti”, - deydi toshkentlik moliyachi.

Kameral soliq tekshiruvlari soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarini va tadbirkor faoliyati to‘g‘risida mavjud boshqa ma’lumotlarni o‘rganish va tahlil qilish yo‘li bilan soliq organi tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruvdir.

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasiga ko‘ra, shu yilning birinchi yarmida soliq organlari QQSni noqonuniy kamaytirib ko‘rsatishga urinish bo‘lgan “shubhali” moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan jami 12 786 ta korxonada kameral tekshiruvlarni o‘tkazgan.

Shulardan 12 539 ta, ya’ni (98,1%) korxonada 1,3 trln so‘m “soxta” operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlangan va daromadni yashirish ko‘lamiga qarab moliyaviy jazo qo‘llanilgan.

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan oy tadbirkorlar bilan muloqoti chog‘ida tadbirkorlik subyektlarida asossiz tekshirishlar biznes rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotganini aytgan va bu borada yengilliklar va’da qilgan edi.

“Hozir tadbirkorlarga yana ham yengillik beruvchi farmon ishlab chiqilyapti va yaqin kunlarda e’lon qilinadi”, - degan edi Mirziyoyev 20 - avgust kuni o‘tkazilgan muloqotda.

Nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston prezidenti farmonida 2022 - yil 1 - yanvardan boshlab kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligi aytilgan.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2022 - yil yanvar – iyul oylarida Xorazm viloyatida eksperiment ham o‘tkaziladi.

Bu vaqt davomida Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasida hisobda turgan soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi va shakllantiriladi;

Bunda, soliq organlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini – Kadastr agentligi organlari ma’lumotlari asosida qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni – elektron hisobvaraq-faktura va onlayn nazorat-kassa texnikasi ma’lumotlari hamda soliq organlarida mavjud boshqa ma’lumotlar asosida hisoblab chiqaradi va soliq hisobotini shakllantiradi.

Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchilar uchun belgilangan tegishli soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kamida 10 kun oldin soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi;

Soliq to‘lovchi soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotini olgan kundan boshlab 5 kun ichida uni tasdiqlaydi yoki, agar e’tirozlari mavjud bo‘lsa, uni rad etgan holda, soliq hisobotini qayta ishlaydi va o‘rnatilgan tartibda soliq organlariga taqdim etadi.

“StavInvest” audit korxonasi moliyaviy direktori Tohir Allamuradov fikricha, prezident farmoni amalda hech narsani o‘zgartirmaydi:

"Hozir tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masala-soliq yuki. Bu tadbirkorlar oyog‘iga bog‘langan kishan. 12 foiz QQS, 12 foiz daromad solig‘i va 12 foiz yagona ijtimoiy to‘lov va yana 4 foiz yagona soliq. Hammasini qo‘shsa, katta yig‘im bo‘ladi. Soliq hujjatlarini taqdim qilishda yengilliklar yoki kechiksa, sanksiya kiritmaslik, keraksiz narsalar aslida", - deydi moliyachi.

XS
SM
MD
LG