Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:16

Mirziyoyevning mutlaq g‘alabasi. O‘zbekistonni oldinda nima kutmoqda?


Mirziyoyevning "islohotchi" degan imiji uning lavozimdagi ikkinchi muddatida jiddiy sinovdan o‘tadi.
Mirziyoyevning "islohotchi" degan imiji uning lavozimdagi ikkinchi muddatida jiddiy sinovdan o‘tadi.

O‘zbekistonda prezident saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi. Kutilganidek, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev yana besh yilga saylandi.

Garchi oson g‘alaba qilgan bo‘lsa ham, saylovchilar ishtiroki va Mirziyoyevning besh yil avvalgiga nisbatan olgan ovozi pastroq bo‘lgan – 80.4 % (2016 - yilda 87.7 % edi) saylovchilarning 80.1 % ovozini olgan.

Ozod Yevropa- Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannierning yozishicha, Prezidentlik sayloviga yaqin qolganda Mirziyoyevning boshqaruvida “islohotchilik” emas, balki uning salafi – birinchi prezident Islom Karimovnikiga o‘xshash paranoik avtoritarizm belgilari namoyon bo‘la boshladi.

Mirziyoyevning islohotchi sifatidagi imiji – u o‘zini shunday ko‘rsatishga intiladi – uning lavozimdagi ikkinchi muddatida jiddiy sinovdan o‘tadi.

Birinchi muddatda Mirziyoyev maxoliflarning saylovda ishtirok etishiga qarshi emasligini ta’kidlasa ham, uchta muxolifat partiyasi ro‘yxatga olinmadi, balki ular prezident saylovida ishtirok etish istagi ortidan jiddiy bosimlarga nishon bo‘ldi.

Mirziyoyev hukumati 2019 - yilgi parlament saylovi va oxirgi prezident saylovi oldidan ham 2008 - yilda qabul qilingan mustaqil nomzodlarning saylovda ishtirok etishini taqiqlovchi qonunni o‘zgartirishga uringani yo‘q.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilarining dastlabki xulosalarida 24 - oktabrdagi saylovgacha amalga oshirilgan saylov islohoti “chinakam plyuralistik muhitni yaramagani", “saylovda nomzodini qo‘yish huquqi va fundamental erkinliklarga saqlanib qolgan cheklovlar YeXHT qadriyatlariga zid”ligi takidlandi.

Saylovda ishtirok etgan besh partiya nomzodlaridan faqat Mirziyoyev va “Milliy Tiklanish” partiyasining provokativ chiqishlari bilan tanilgan nomzodi Alisher Qodirovnigina O‘zbekistonda kengroq tanishadi.

Shunga qaramay, Xalq Demokratik partiyasi – sovet davridagi kommunistik partiya – nomzodi Maqsuda Vorisova kutilmaganda saylovda 6.6 % ovoz bilan ikkinchi o‘rinni oldi. U yagona ayol nomzod edi.

Xorijdagi yuz minglab o‘zbek migrantlari qolgan uch nomzod – Maqsuda Vorisova, Bahrom Abduhalimov (“Adolat” partiyasi) va Nazrullo Oblomurodov (Ekologik harakat) haqida umuman eshitmaganliklarini aytishadi.

Mirziyoyevning saylov kompaniyasida “Yangi O‘zbekiston" shiori bot‑bot takrorlanganiga qaramay, uning qayta saylanishi Karimovnikiga o‘xshaydi.

O‘zbekistonni oldinda nima kutmoqda?

Mirziyoyevning obro‘si uning xalqqa yaqin, odamlar muammosini tushunadigan va ularning hayotini yaxshilashga ahd qilgan shaxs imijiga tayanadi.

Xalq dardiga befarq va shikoyat qilishsa yoqtirmaydigan Karimovdan keyin aksar o‘zbeklar uchun bu imij juda ko‘ngil ko‘taruvchi bo‘ldi.

Ammo Mirziyoyevning islohotchi imiji allaqachon xira torta boshlagan.

U lavozimdagi birinchi muddatda juda ko‘p va’dalar berdi, ularning aksariyati amalga oshmadi, oxirgi saylov uchun kampaniyada ham va’dalarni ayamadi.

Kelgusi besh yilda uning uchun katta sinov bo‘ladigan muammolardan biri “davlat va masjid” o‘rtasidagi muvozanat masalasida bo‘ladi.

Mirziyoyev Karimov davrida minglab dindor musulmonlarning qamoqqa tashlanishidagi haddan oshishlarni tanqid qildi.

Uning buyrug‘i bilan diniy ayblar bilan qamalganlarning ko‘pi ozod qilindi. Mamlakatdan chiqib ketgan, “adashgan” dindorlarga ham murojaat qilib, yurtga qaytishga da’vat qilindi, ularga hech kim tegmasligi aytildi.

Mirziyoev bu masalalarda Karimov nomini tilga olishda ehtiyotkor bo‘ldi, chunki uning o‘zi Karimov darida, 2003–2016 - yillarda bosh vazir bo‘lgan va dindorlarning repressiyasida muayyan javobgarligi bor.

Mirziyoyev, shuningdek, diniy tolerantlik belgisi sifatida musulmon ayollarga jamoat joyida hijob o‘rashga ruxsat berdi va shu bilan mamlakat ichidagi ayrim ta’sirli musulmonlarning qo‘llovini oldi. Ammo buning badali bo‘lishi mumkin.

Ana shunday shaxslardan biri Toshkentdagi Islom tsivilizatsiyasi markazi xodimi, Abror Muxtor Aliy nomi bilan konservativ blog yuritadigan Abror Abduazimovdir.

U Leonardo da Vinchi yoki Rembrandt kabi yirik musavvirlarning asarlari o‘zbeklarga “begona” deb aytgan edi.

Aliy va u kabi boshqalar O‘zbekiston boshqaruvida islom kattaroq rol o‘ynashi kerak, qabilidagi chiqishlar qilgan.

Ularning g‘oyalari Mirziyoyevning zamonaviy O‘zbekiston haqidagi tasavvuriga ziddek ko‘rinadi. Prezidentning konservativ islomiy unsurlar bilan ittifoqi allaqachon sinovdan o‘ta boshlagan.

Tolibon hokimiyatni egallashi bilan O‘zbekistonning shundoqqina biqinida raqib boshqaruv modeli paydo bo‘ldi va o‘zbek maxsus kuchlari oxirgi haftalarda shubhali islomchilarni qamoqqa olmoqda.

Mirziyoyev bunday guruhlarni o‘z hokimiyatiga tahdiddek ko‘rishni boshlashi bilan o‘zini qo‘llashiga ishongan konservativ islomiy guruhlar bilan ziddiyatga bora boshlaydi. Ammo bu guruhlarning odamlarni qanday boshqarish borasidagi mavqei avvalgidan ko‘ra qat’iylashgan.

OzodLive: Президент сайлови 2021 (Махсус дастур)
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 2:01:43 0:00

Iqtisodiy yutuqlar

Mirziyoyev hokimiyatga kelganda iqtisod uning uchun asosiy masalalardan biri bo‘lishini aytgan edi va bu borada muayyan yutuqlarga ham erishdi.

U xorijiy sarmoyaga eshiklarni ochdi, taniqli siyosiy mahbuslarni ozod qildi, mamlakat valyutasi kursini devalvatsiya qildi, mintaqaviy hamkorlikka urg‘u berdi va G‘arb kompaniyalari hamda davlatlari e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Ayni paytda, besh yilning ichida O‘zbekistonning tashqi qarzini deyarli yo‘q holatdan 36 milliardga yetkazib qo‘ydi.

Bu pullarning ko‘pi odamlarga nihoyatda kerakli bo‘lgan infrastruktura qurilishiga emas, asosan, “siti”lardagi yangi binolarga sarflandi.

Bu loyihalar uchun e’lon qilinmagan tenderlar o‘tkazilgani, Mirziyoyevga yaqin shaxslar bu pullarni o‘zlashtirgani haqida xavotirlar o‘sib bormoqda.

Energiya muammolari

Garchi Toshkent va boshqa shaharlarda ajoyib binolar qurilayotgan bo‘lsa ham, gaz quvurlari, elektr tarmoqlari chirib boryapti. O‘tgan qishda isitish va elektr ta’minotidagi uzilishlar buni ko‘rsatadi.

Energiya taqsimot tarmoqlarini yangilash uchun, Mirziyoyev va’da qilgan issiqlik va elektr ta’minoti uzluksiz bo‘lishi uchun yangi elektr stansiyalari qurilishiga O‘zbekistonga milliardlab dollar kerak.

Ketma‑ket ikkinchi yildirki, Mirziyoyev tabiiy gazni mahalliy ehtiyojlarga yo‘naltirish uchun gaz eksportini to‘xtatib turishga buyruq berdi. Ammo o‘tgan yili bu chora muammoni hal qilmadi, kelasi yillarda ham hal qilish ehtimoli past.

Agar bu muammolarga echim topmasa, Mirziyoyevning obro‘si ikkinchi muddatda yana pastlaydi.

Gaz eksportining to‘xtatilishi mamlakat g‘aznasiga bir necha milliard dollar daromad tushmay qolishi va yanada ko‘proq tashqaridan qarz olishni anglatadi.

Kelgusi besh yildagi muhim omil Mirziyoyev guruhi qancha boylik va qudratni o‘z qo‘lida jamlay olishi bo‘ladi.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev, Mirziyoyevning kuyovlari Oybek Tursunov va Otabek Umarov prezidentga yaqinligi sharofatidan foyda olmoqda va uning lavozimda qolishini qattiq istashadi.

Bu esa, Mirziyoyevning ikkinchi prezidentlik muddati tugagandan keyin ham lavozimda qolishiga olib kelishi mumkin.

Bu ham kelgusi besh yildagi muhim savol bo‘ladi.

Mirziyoyev prezidentlikni vorisiga topshiradimi yoki konstitutsiyani o‘zgartirib, lavozimda qoladimi?

O‘zbekistonning ichidagi va tashqarisidalar ancha avval o‘rgangan bir saboq shuki, saylovlar bu mamlakatda muqarrar ravishda rahbarni o‘zgartirmaydi.

XS
SM
MD
LG