Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:35

Mirziyoyev qarori bilan Navoiy haykali parlamentga teskari qaratib qo‘yildi


Haykalning ilgarigi va xozirgi ko‘rinishi
Haykalning ilgarigi va xozirgi ko‘rinishi

Toshkent markazidagi “Adiblar hiyoboniga” 'joriy haftada borgan Ozodlik muxbiri bog‘ markazida 1994 - yildan beri turgan Alisher Navoiy haykalining boshqa tarafga qaratib burib qo‘yilganiga guvoh bo‘ldi.

Haykaltaroshlar Eynulla Aliyev¸ Vasiliy Degtyaryov va Nodar Bandzeladzelar 1994 - yili yaratgan bu haykal dastlabki g‘oyaga ko‘ra¸ marmar yo‘lak va zinadan ko‘tarilayotgan xalqqa peshvoz chiqayotgan mezbon shoir qiyofasini tamsil qilgan edi. Hozir esa, haykalga eltuvchi asosiy yo‘lakdan borayotgan odamga u yon tomonidan ko‘rinadi. Shu turishida u O‘zbekiston Oliy Majlis binosiga teskari qarab turibdi.

Orqasini "o‘girgan" Navoiy
Orqasini "o‘girgan" Navoiy

Toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha, haykal O‘zbekiston prezidenti buyrug‘i bilan joyidan qo‘zg‘atilgan va natijada u parlament binosiga teskari qarab qolgan:

“Menda mana hujjatlar bor, sizga jo‘natdim. Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 30 - noyabrdagi 01-05/121-1-sonli sayyor yig‘ilish bayonnomasi. Shu yerda aniq yozilgan. Prezidentning gaplari bayon qilingan. “Alisher Navoiyni aylantirib qo‘yinglar¸ adiblar hiyobondagi Said Ahmad bilan Saida Zunnunovaga qarab tursin” Bu gap aytilganidan keyin Navoiyni Said Ahmad haykaliga qaratib burib qo‘yishdi. Anekdot emas bu, achchiq haqiqat. Arxitektura va haykaltaroshlikdan bexabar mulozimning bir og‘iz gapi bilan haykalni burib qo‘yishdi.”

Turdiyevga ko‘ra¸ san’atni tushunmaydigan rahbar injiqligi bois o‘ta shoshilinch tarzda yaratilgan “adiblar hiyoboni” dagi haykallar saviyasi “tanqiddan tuban”.

Gipsdan bo‘lgan omonat haykallar nuray boshlagan
Gipsdan bo‘lgan omonat haykallar nuray boshlagan

Ozodlik tanishgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ma’lumotnomasiga ko‘ra¸ bir yil ichida jami 24 ta haykal yasalgan. Ulardan 8 tasi bronzadan¸ 4 tasi beton ustiga mis qoplama qilingan, 11 ta haykal esa gipsdan yasab ustiga bronza rang bo‘yoq surtib qo‘yilgan. Yana bir haykal yaratilish jarayonida.

Haykaltaroshlarning "bolta sho‘rvasi"

Hujjatda “Adiblar hiyoboni” qanday qilib qisqa muddatda “epaqaga keltirilgani” ham aks etgan:

“Navoiy haykali prezident aytgani kabi vektorda qayta ko‘chirib o‘rnatildi. G‘afur G‘ulom¸ Zulfiya¸ Hamid Olimjon haykallari avval turgan joyidan ko‘chirib kelib o‘rnatildi. Oybek¸ Abdulla Qahhor haykallari oldingi joyidan keltirilib qaytadan ta’mirlanib o‘rnatildi Said Ahmad va Saida Zunnunovaning betondan bo‘lgan haykali ilgari turgan joyidan olib kelinib ustiga latun qoplandi. Qodiriy¸ Behbudiy¸ Muqimiy¸ To‘lepbergan Qayipberganov¸ Aleksandr Faynberg¸ Ibroyim Yusupov¸ Furqat¸ Ogahiy¸ Cho‘lpon¸ Abdulla Avloniy va Berdah siymosi yasalgan asarlar gipsdan yasalgan”.

Gipsdan yasalgan asarlarning nurab, qulab ëtgani joriy yil boshida blogerlar nazariga tushdi. Bloger Umid G‘afurov “nochor ahvolda nurab ëtgan haykallar” fotolarini o‘zining telegram sahifasiga qo‘ydi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ismi aytilishini istamagan mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ blogerlar fosh qilgan haykallar fevralь oyida zudlik bilan ta’mirlangan.

“Zahiriddin Bobur, Abdulla Oripov¸ Erkin Vohidov¸ Ozod Sharofiddiniov va Muhammad Yusuf siymolari bronzadan yaratib o‘rnatildi. Hozirda Maqsud Shayxzoda haykalini bronzadan yaratish ishlari olib borilmoqda”, dedi mulozim.

Uning yana aytishicha, haykallarning bronzaga o‘tkazilmagani rassomlarga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan kechikkan:

“Gipsdan yaratilgan haykallarni bronzaga o‘tkazish ishlarini olib borayotgan "TIART" MChJga zarur bronza metall mahsulotlari "Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati" AJ tomonidan shartnoma asosida to‘lov amalga oshirilishi sharti bilan ajratilgan.Biroq, haykallarni yaratilishi bo‘yicha buyurtmachi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi qoshidagi "Qurilish birlashmasi" DUK tomonidan muallif va ijrochi tashkilotlarga zarur mablag‘lar ajratilmaganligi sababli "Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati" AJ ga bronza metall mahsuloti xaridi uchun mablag‘lar to‘lovi amalga oshirilmagan. Mazkur haykallarni bronzaga o‘tkazish ishlari uchun zarur mablag‘lar ajratilmaganligi sababli ko‘p haykallar gipsda qolib ketgan”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 24 haykalni 2019 - yil noyabridan 2020 - yil 11 - yanvarigacha gipsda bo‘lsa ham bir amallab o‘rnating degan topshiriq Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomovdan kelgan. Shoshilinchda mutaxassisligi haykaltarosh bo‘lmagan rassomlarga ham haykal buyurtma berilgan.

Mirziyoyev orqasidagi haykal uning talabiga ko‘ra "burib" qo‘yilgan
Mirziyoyev orqasidagi haykal uning talabiga ko‘ra "burib" qo‘yilgan

Ozodlik haykallarni yasagan haykaltaroshlar bilan suhbatlashganida ularning aksariyati “bu xaltura uchun uyalishini va haykal muallifi sifatida ismi zikr qilinmasligini” so‘rashdi.

Me’mor Abdumalik Turdiyev 8 gektar yerda yaratilgan “saviyasiz haykallar”ning ochiq osmon ostidagi muzeyiga sarflangan byudjet mablag‘iga achinishini aytdi:

“Bog‘ 1932 - yilda yaratilib 1994 - yili yaxlit ansambl xoliga keltirilgan. Turli joylardagi haykallarni shoshilinch ko‘chirib kelib bu eklektik daxshatni yaratishga davlatning puli sarflandi. Tuppa-tuzuk turgan joyni buzib qurishdan biror samara hosil bo‘lmadi. Mirziyoyev xuddi shu tarzda 1994 - yili qurilgan Imom Buxoriy majmuasini ham qayta qurmoqchi. Me’morchilik va estetikadan behabar mulozimlarning avantyurali tashabbuslari oqibatida byudjetda o‘pqon paydo bo‘lgan deb o‘ylayman”.

Obidaning 2013 - yildagi ko‘rinishi
Obidaning 2013 - yildagi ko‘rinishi

XS
SM
MD
LG