Nega G‘arb Markaziy Osiyoga e’tibor qaratmoqda va bu qancha davom etadi? Rossiya Xitoy bilan mintaqadagi ta’sir bo‘yicha raqobat qiladimi? Besh davlat bir-biri bilan qanchalik kelisha oladi? Qozog‘iston G‘arb va Rossiya o‘rtasida samarali muvozanat saqlash uchun dunyoga nima taklif qila oladi? Bularning barchasi haqida Ozodlik AQSHning Texas A&M universiteti qoshidagi Jorj Bush nomidagi Hukumat va hukumat xizmati maktabi professori, Markaziy Osiyo bo‘yicha Oxus jamiyati prezidenti Edvard Lemon bilan suhbatlashdi.
“PRAGMATIK YONDASHUV USTUNLIK QILADI”
Ozodlik: Markaziy Osiyo 2023-yilda jahon diplomatiyasi markazida bo‘ldi. Xitoy, AQSH va Germaniya yetakchilari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan sammitlar o‘tkazdi. Mutaxassislar fikricha, Rossiya Ukrainadagi urush botqog‘iga botgan bir paytda Xitoy, G‘arb davlatlari va boshqa o‘yinchilar mintaqada o‘z ishtirokini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Tashqi o‘yinchilarning Markaziy Osiyodagi manfaatlari qanday?
Edvard Lemon: Albatta, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi muhim rol o‘ynadi. Afsuski, tashqi kuchlarning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortishiga aynan tashqi omillar sabab bo‘lmoqda. Ilgari bunday omil Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq edi. Hozir esa Ukrainadagi urushning mintaqaga ta’siri va mintaqaning dunyodagi rolini qanday o‘zgartirishi asosiy masala bo‘lib turibdi. Ukrainadagi urush Rossiyani chalg‘itib qo‘ydi, demak, [Markaziy Osiyo uchun] kengroq hamkorlik imkoniyatlari mavjud. Yevropa davlatlari Rossiyani chetlab o‘tib, gaz va neft yetkazib berishni diversifikatsiya qilmoqchi. Shu tariqa, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak Yevropaga gaz va neft yetkazib berish nuqtai nazaridan kerakli muqobilga aylanib bormoqda.
Yana bir muhim omil – muhim minerallarga, jumladan, uranga talab ortib borayotgani, bu [Fransiya Prezidenti] Emmanuel Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifi sabablaridan biridir. Chunki davlatlar yana atom energiyasini variant sifatida ko‘rib chiqa boshladi. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarida [Birlashgan Millatlar Tashkilotining 28-yillik iqlim sammitida] dekarbonizatsiya va qazilma yoqilg‘idan voz kechish istiqbollari muhokama qilindi. Yadro energetikasi yana jozibador bo‘lib bormoqda. Qozog‘iston esa dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchi bo‘lib, bu, albatta, atom energetikasini rivojlantirishga intilayotgan kompaniyalar uchun yaxshi imkoniyatdir. Bu omillarning barchasi birgalikda Markaziy Osiyoga xalqaro e’tibor kuchayishiga yordam berdi.
Ozodlik: Demak, bu yerda asosan pragmatik yondashuvmi?
Edvard Lemon: Men shunday deb o‘ylayman. Albatta, masalan, Prezident Baydenning Markaziy Osiyoning besh prezidenti bilan uchrashuvi haqidagi bayonotiga qarasangiz, unda muhim mineral resurslarga, mintaqani barqarorlashtirishga, har bir davlatning mustaqilligi va suverenitetini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganini ko‘rasiz. Bu Rossiya va ma’lum darajada Xitoyning mintaqadagi ta’siriga nozik ishoradir. Bayonotda inson huquqlari, demokratiya va boshqaruv masalalariga e’tibor ko‘p emasdi. Menimcha, bu tashabbuslarning aksariyati haqiqatan ham pragmatikdir.
Ozodlik: Markaziy Osiyo davlatlarining o‘z manfaatlari haqida nima deyish mumkin? Mutaxassislar aytishicha, urush sababli ularning Rossiyadan qo‘rquvi kuchaygan va bu qo‘rquv mintaqani boshqa himoyachilar va homiylar izlashga majbur qilmoqda. Buni boshqa o‘yinchilar bilan aloqalarni diversifikatsiya qilish uchun sabab sifatida ko‘rish mumkinmi?
Edvard Lemon: Albatta, shuni unutmaslik kerakki, mintaqa hukumatlari ham bu munosabatlarni shakllantiradi. So‘nggi yillarda, Ukrainada urush boshlanishidan oldin siljish boshlangandi, prezident [Shavkat] Mirziyoyev 2016- yilda O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga keldi. Jumladan, mintaqaviy aloqalarni kengaytirish, oxirgisi sentabr oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlarining yillik uchrashuvlari, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo va aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘proq sa’y-harakatlar shular jumlasidan.
Mintaqa davlatlari ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritishni istaydi, ular biror tashqi kuchga, xoh Rossiyaga, xoh Xitoyga, xoh G‘arbga to‘liq qaram bo‘lishni istamaydilar. O‘ylaymanki, ular har bir davlat, jumladan, Rossiya, Eron, G‘arb davlatlari va Xitoy bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishni istashadi.
Biz shu yil davomida Markaziy Osiyoning beshta prezidenti Germaniya, AQSH, Fors ko‘rfazi davlatlari, Xitoy va Rossiyada ushbu ko‘p tarmoqli aloqalarni saqlab qolish maqsadida uchrashganini ko‘rdik. Ammo ular tomonlarni tanlashga majbur qiladigan, Ukraina masalasida, aytaylik, butunlay Rossiya tomoniga o‘tishni talab qiladigan vaziyatga tushib qolishni xohlamaydilar. Ular shu paytgacha Rossiyani [Ukrainadagi urush sababli] tanqid qilishmadi. Ba’zan ular Rossiyani yashirincha tanqid qilishadi, lekin baribir bunga qarshi ham emaslar. Ular tinchlikda yashashni va o‘zlariga juda ko‘p talablar qo‘yilmasligi istashadi.
“ROSSIYA TAHDIDI DEKOLONIZATSIYA JARAYONLARI O‘SISHIGA HISSA QO‘SHADI”
Ozodlik: Rossiyadan kelayotgan tahdidga qanday qaraysiz? U qanchalik jiddiy?
Edvard Lemon: Albatta, Rossiya bilan uzun chegarasi bo‘lgan Qozog‘istonda xavotirlar bor. Qo‘rquv shundaki, agar Rossiya Ukrainada qandaydir g‘alabaga da’vo qila olsa, e’tiborini qaratadigan keyingi davlat Qozog‘iston bo‘lishi mumkin, rossiyalik millatchilarning Shimoliy Qozog‘iston tarixan Sibirning bir qismi ekanligi haqidagi da’volarini inobatga olsak.
Ukrainadagi urush natijasi va bu Kremlning oqilona strategik qadami bo‘ldimi yoki yo‘q, bu hali uzoq kelajakda ko‘rinadi.
Ammo menimcha, bu qo‘rquvlar albatta mavjud va ularni hisobga olish muhim, chunki ular Qozog‘istondagi va umuman mintaqadagi ichki siyosiy voqelikni belgilab beradi, dekolonizatsiya jarayonlari kuchayishiga, Rossiyadan, SSSRdan, [umumiy] tarixdan uzoqlashishiga yordam beradi. Milliy tillarni qayta ko‘rib chiqish uchun targ‘ibot ortadi.
Ozodlik: G‘arb matbuoti Ukrainadagi urushda g‘alaba qozona olmayotgani, Rossiyaning ham iqtisodiyoti, ham harbiy obro‘siga putur yetganligi sababli, uning ta’siri sezilarli pasayganini da’vo qilmoqda. Lekin, shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Moskvada Vladimir Putin bilan birga Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba bayramini nishonlash marosimida qatnashdi. Rossiya Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib bera boshladi. Rossiyaning Markaziy Osiyodagi mavqei haqiqatdan ham zaiflashyaptimi?
Edvard Lemon: Bu juda murakkab savol va barchasi zaiflashish deganda nimani nazarda tutayotganimizga, qaysi vaqt oralig‘i haqida gapirayotganimizga bog‘liq. Agar Sovet Ittifoqi parchalanib ketgan 1991-yildan bugungi kungacha bo‘lgan davr haqida gapirsak, ha, Rossiyaning mintaqadagi roli pasaygan. Menimcha, bu sekin pasayish edi va Ukraina uni ma’lum darajada tezlashtirdi. Shu bilan birga, ko‘p narsa biz qaysi sohalar haqida, qaysi davlatlar haqida gapirayotganimizga bog‘liq. Masalan, Turkmaniston bilan munosabatlar so‘nggi bir necha yil ichida, ayniqsa Serdar [Berdimuhamedov] 2022-yil boshida hokimiyatga kelganidan keyin yaxshilandi.
Rossiya hali ham juda kuchli iqtisodiy ta’sirni saqlab qolmoqda va bu iqtisodiy ta’sir Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi va sanksiyalardan qochish uchun Qozog‘iston va Qirg‘izistondan Rossiyaga tovarlarni qayta eksport qilishda foydalanilgani sababli ortdi. 2022-yilda Markaziy Osiyo respublikalari va Rossiya o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi oshgan. Urushga qaramay, Markaziy Osiyodan Rossiyaga kelayotgan muhojirlar soni ortayotganini ham ko‘ryapmiz. Rossiyadan pul o‘tkazmalari Tojikiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotida hamon juda katta ulushga ega. Rossiya siyosiy ta’sir o‘tkazishni davom ettirayotganini ko‘ryapmiz. Markaziy Osiyo respublikalarining hech biri BMTda Rossiyaga qarshi ovoz bergani yo‘q: ular betaraf qolgan yoki ba’zi hollarda umuman ovoz berishda qatnashmagan. Bu davlatlarining barcha rahbarlari 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba bayramini nishonlash marosimida qatnashdi.
Baribir, uzoq muddatda Rossiyaning ta’siri pasayadi. Kelgusi o‘n yilga nazar tashlasak, Rossiyaning roli pasayishda davom etishi uchun barcha sharoitlar bor, deb o‘ylayman. Lekin menimcha, bu ba’zilar o‘ylagandek tez bo‘lmaydi. Qaysidir ma’noda Ukrainadagi urush [Rossiya]ning mintaqa bilan munosabatlarining ayrim jihatlarini o‘zgartirdi. Bu qo‘shni davlatga bostirib kirganida Rossiyaning xavfsizlikni ta’minlovchi sifatidagi ishonchliligiga putur yetkazdi. Shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlardagi harbiy ishtiroki zaiflashdi. Men Rossiyaning hozirgi holati uning keskin tanazzulga yuz tutayotgani va uning asosiy rol o‘ynashda davom etishiga ishonish o‘rtasidadir, degan bo‘lardim. Menimcha, ta’sir pasayishi tendensiyasi bor va u asta-sekin pasayib bormoqda.
“PREZIDENTLAR MUVOZANATNI SAMARALI SAQLASHNI UDDALAMOQDA”
Ozodlik: Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G‘arb Rossiyaning “qo‘shnilari, do‘stlari va ittifoqchilari”ni begonalashtirishga harakat qilmoqda. Markaziy Osiyoga tashqi o‘yinchilar qiziqishi ortib borayotganiga Rossiya qanday javob beradi?
Edvard Lemon: Menimcha, G‘arb mintaqani beqarorlashtirishga harakat qilayotgan qandaydir salbiy o‘yinchi sifatida namoyish etilmoqda. Rossiyaning rasmiy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ommaviy axborot vositalar G‘arbni doimiy ravishda Markaziy Osiyo suvereniteti va barqarorligiga putur yetkazmoqchi bo‘lgan o‘yinchi sifatida ko‘rsatmoqda. Bu, albatta, asosiy jihatlardan biridir.
Sahna ortida sodir bo‘ladigan voqealar ham bor. Qizig‘i shundaki, Mirziyoyev misolida, masalan, G‘alaba bayramini nishonlash uchun Moskvaga borish niyati yo‘q edi. Marosim 8-may kuni bo‘lib o‘tdi, faqat o‘sha kuni u Moskvaga uchib ketdi.
Rossiya mintaqadagi yetakchi tashqi kuch bo‘lib qolishni istaydi, biroq ayni paytda Markaziy Osiyo respublikalari nima qilishini to‘liq nazorat qilish imkoniga ega emas. Hozir Rossiyaga bu mintaqa davlatlarining prezidentlari kerak va ularning ta’sir kuchi misli ko‘rilmagan darajada ortgan, chunki Markaziy Osiyo Putin va Rossiya o‘z ahamiyatini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan mintaqadir. Xalqaro jinoyat sudi uni hibsga olishga order berganiga qaramay, Markaziy Osiyo u bora oladigan mintaqalardan biri. Bu yil kuzda u Qirg‘izistonda edi. Xullas, aslida urush boshlanganidan keyin Markaziy Osiyo respublikalarining unga nisbatan ta’sir kuchi ortdi.
Ozodlik: G‘arb ekspertlari fikricha, Markaziy Osiyo yetakchilari qiyin ahvolda, chunki ular boshqa o‘yinchilar bilan munosabatlarini diversifikatsiya qilishi kerak, shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga sadoqat ko‘rsatishga majbur.
Edvard Lemon: Menimcha, bu muvozanatni saqlash qiyin, chunki Rossiya Markaziy Osiyo davlatlaridan biri bilan chegaradosh va ayni paytda mintaqa bilan savdo, xavfsizlik va siyosiy aloqalar bo‘yicha juda muhim hamkor bo‘lib qolmoqda. Rossiya bilan aloqalarni butunlay uzib bo‘lmaydi. Albatta, prezidentlar va hukumatlar uchun Rossiya bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolish va G‘arbni sanksiyalarga rioya qilayotganiga ishontirish, shuningdek, Xitoy, Turkiya va boshqa kuchlar bilan yaqinroq aloqalarni rivojlantirish va rivojlantirish juda qiyin.
Ozodlik: G‘arb davlatlarining Markaziy Osiyoga qiziqishi qancha davom etadi? U tezda sovushi mumkinmi?
Edvard Lemon: Qiziqish qaysidir ma’noda odatda mintaqadagi ekzogen yoki tashqi omillar bilan bog‘liq bo‘lib, Afg‘oniston bilan ko‘p yillardan buyon vaziyat shunday edi. Rossiya va Ukrainadagi urush uzoq davom etadiganga o‘xshaydi. Bu, albatta, Markaziy Osiyoga qiziqishni saqlab turadi. Markaziy Osiyoda jahon iqtisodiyoti uchun tobora qimmatli bo‘lib borayotgan foydali qazilmalar va boshqa xomashyolar borligi mintaqaga bo‘lgan qiziqish kelajakda ham davom etishini va boshqa davlatlar bilan ko‘proq S5+ aloqalarini ko‘rishimizni anglatadi.
"SANKTSIYALAR UMUMAN JAMIYATGA EMAS, KO‘PROQ KOMPANIYALARGA QO‘LLANILADI"
Ozodlik: Siz Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga sanksiyalardan qochishga yordam berayotganini aytgansiz. G‘arb Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi sanksiya qo‘ya oladimi? Yoki mintaqa Rossiyaga yanada yaqinlashib ketishidan qo‘rqqanlari uchun bunday qila olishmaydimi?
Edvard Lemon: Qirg‘izistondan Rossiyaga harbiy mahsulotlar eksport qilishda ayblangan kompaniyalarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar allaqachon joriy qilingan. Albatta, kerak bo‘lsa, sanksiyalarni qo‘llash istagi bor. O‘ylaymanki, keng ko‘lamli sanksiyalar AQSH nuqtai nazaridan samarasiz bo‘ladi, chunki ular Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonni Rossiya va Xitoyga yaqinlashtiradi. Albatta, so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi, AQSH va Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi ko‘plab parda ortidagi diplomatiya ularning bunday amaliyotlarni to‘xtatishini ta’minlashga qaratilgan. Lekin menimcha, sanksiyalar jamiyatga emas, balki ko‘proq kompaniyalarga nisbatan qo‘llanadi.
Ozodlik: Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan S5+1 sammitini ham o‘tkazdi. Ayrim ekspertlar Xitoy va Rossiya mintaqada parallel ish olib borayotganini aytishadi. Xitoy va Rossiya 2022-yil fevralida «chegarasiz» hamkorlikni e’lon qildi va “rangli inqiloblar” va Markaziy Osiyo ishlariga tashqi aralashuv oldini olish uchun birgalikda ishlashga va’da berishdi. Sizningcha, mintaqada Xitoy va Rossiya o‘rtasida raqobat bormi?
Edvard Lemon: Hech bo‘lmaganda o‘zlari aytayotgan gaplarga qaralsa va mintaqadagi manfaatlari nuqtai nazaridan ularning maqsadi mintaqadagi hukumatlarni saqlab qolish va qo‘llab-quvvatlash, ularni hokimiyatda qoldirish, G‘arb ta’siri kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Shu bilan birga, menga raqobat kuchayib borayotgandek tuyuladi. Raqobatni oshirish uchun, albatta, ortib borayotgan salohiyat ham bor, Xitoy mintaqadagi rolini kuchaytirayotganini ko‘rmoqdamiz. Xitoy 1990-yillardan, ya’ni Markaziy Osiyo bilan ilk diplomatik aloqalarini o‘rnatgan paytdan boshlab, mintaqaning xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy masalalari bilan doimo shug‘ullanib kelgan. Masalan, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik asosan chegara xavfsizligiga qaratilgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan Xitoyning mintaqa xavfsizligini ta’minlashida Tojikistonda o‘z obyektlarini ochgani, qurol eksportini 10 yil ichida 10 barobarga oshirgani tobora faol rol o‘ynay boshladi. Xitoy tobora keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar tashkil etmoqda. Ya’ni, Rossiya tarixan ega bo‘lgan barcha rollarni o‘ynamoqda. Xitoy Rossiyani mintaqadan siqib chiqarayotgani aniq. Bu nizo emas, balki raqobat kuchayishiga olib kelishi mumkin. Ikki tomon to‘qnash kelishi dargumon. Lekin ayni paytda ular o‘rtasida raqobat kuchayib borayotgani tayin.
Ozodlik: Bu yil Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham tashqi ishtirokchilarsiz Markaziy Osiyo sammitida, ya’ni maslahat uchrashuvlarida to‘plandi. Ular shunday sharoitda, tashqi o‘yinchilar e’tiborida, jamoaviy harakat qila oladimi?
Edvard Lemon: Menimcha, bu hali ham yetishmay turgan narsa. Biz ushbu maslahat uchrashuvlarini 2018-yildan beri kuzatamiz va ular muhim, chunki bunday amaliyot mintaqada 1990 yoki 2000-yillardan beri mavjud emas edi. Markaziy Osiyo etakchilari hech qanday tashqi katta yoki o‘rta kuchlarsiz bir joyga to‘plana olishi muhim. Lekin baribir ularning yagona pozitsiyaga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan bir qancha tafovutlar, jumladan, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davom etayotgan chegara mojarosi yoki Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida mintaqada yetakchi kuch ekanligi borasida raqobat ham bor. Qolaversa, Turkmaniston doimiy betaraflikni saqlab kelgani va ko‘p diplomatik tashabbuslardan qochishi aniq.
Markaziy Osiyo respublikalarining muzokaralardagi pozitsiyasini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan narsa S5+ doirasidagi uchrashuvlarni o‘tkazishni biroz ko‘proq muvofiqlashtirishdir. Ular alohida harakat qilishadi, bu yaxshi, albatta. Lekin shu bilan birga, agar ular o‘z pozitsiyalarini biroz ko‘proq muvofiqlashtirsalar, jamoaviy kelishuv kuchi ortadi.
“ROSSIYA BARCHA MARKAZIY OSIYO RESPUBLIKALARINING FORMALLASHTIRILGAN ITTIFOQIGA JAVOB BERISHI MUMKIN”
Ozodlik: Siz Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara mojarosi, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi raqobat haqida gapirdingiz. Boshqa to‘siqlar ham bormi? Nega biz rivojlangan mintaqaviy hamkorlikni ko‘rmayapmiz? Rossiyaning munosabatidan xavotir bormi?
Edvard Lemon: Menimcha, albatta bor. Shuning uchun ular mana norasmiy organni (Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi) tanladilar. Aslini olganda, bu ularning o‘z poytaxtlarida navbatma-navbat o‘tkazayotgan uchrashuvlari, xolos. Ular o‘tgan asrning 90-yillari oxiri – 2000-yillar boshlaridagiga o‘xshash narsani, ya’ni Markaziy Osiyo ittifoqini yaratishni taklif qilishmayapti. Chunki Rossiya o‘shanda bu ittifoqqa qo‘shilishni talab qilgan, keyin esa ittifoq tarqab ketgan edi.
Shubhasiz, Rossiya Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarning rasmiylashtirilgan ittifoqiga qanday munosabat qilishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Demak, ana shu xavotir bu organni yanada institutsionallashtirishga to‘sqinlik qiladigan yana bir omildir.
Ozodlik: Yaqin kelajakda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish imkoniyati bormi?
Edvard Lemon: Menimcha, bu hozir uzoq kelajakka qolgan. O‘ylashimcha, mintaqaviy aloqalarni kengaytirish yo‘lida yutuqlarni ko‘ramiz, lekin Markaziy Osiyoning barcha besh respublikasi a’zo bo‘lgan yanada rasmiy xalqaro tashkilotga o‘xshash biror tuzilmani ko‘rish qiyin bo‘ladi.
Agar biz 2022-yilga emas, 2023-yilga nazar tashlasak, menimcha, Markaziy Osiyoga xalqaro e’tibor kuchaygani aniq. Mamlakatlar ichida ham ancha konsolidatsiyani kuzatdik. 2022-yil butun mintaqa uchun beqarorlik yili bo‘ldi – Qozog‘istonda qonli yanvar voqealari, Tojikistonda ayovsiz bostirilgan may namoyishlari, iyul oyida Qoraqalpog‘istonda, kuzda Qirg‘izistonda O‘zbekiston bilan chegara shartnomasiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar. Ammo 2023- yilda konsolidatsiyani ko‘rdik: O‘zbekistonda konstitutsiyaviy referendum, Qozog‘istonda parlament saylovlari. Qirg‘izistonda [Prezident Sadir] Japarov qanday qilib o‘z hokimiyatini mustahkamlab, muxolifat va matbuotni bostirib borayotganini ko‘rib turibmiz. Demak, bu yil haqiqatan ham ichki jabhada qayta konsolidatsiya yuz berdi, mintaqa hukumatlari o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga va keyingi beqarorlik oldini olishga harakat qilmoqda.