Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:47

Mirziyoyev o‘zi tayinlagan vazir va hokimlarning boshqaruv vertikali ishlamayotganini tan oldi


Prezident Mirziyoyev 12 - mayda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyotdagi oqsoqlikni boshqaruvning vertikal tizimi ishlamayotgani bilan izohladi.

Prezidentning bu gapini Ozodlikka sharhlagan viloyat hokimligi mulozimining fikricha, chindan ham boshqaruvda muammolar mavjud, biroq bu vertikalning ishlamayotganidan emas, balki yuqoridan tushiriladigan topshiriqlarning ko‘pligi, ba’zida ularning bir-biriga zidligi bilan bog‘liq.

Mustaqil tahlilchilar esa, boshqaruvdagi oqsoqliklarni uning keyingi yillarda shakllantirilgan tuzilmasidan izlash kerak, degan fikrda.

Prezident Mirziyoyev 12 - may kuni makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi vazifalar muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Mirziyoyev: Vaziyat xavotirli

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, yig‘ilishda joriy yilning dastlabki 3 oyida yalpi ichki mahsulot 3, sanoat 3,8, qishloq xo‘jaligi 3,1 foizga o‘sgani, davlat byudjeti daromadlari prognozga nisbatan qariyb 2 trillion so‘mga ko‘paygani, eksport hajmi yanvar-aprel oylarida 3,2 milliard dollarni tashkil etgani qayd etilgan.

Ayni paytda “O‘zavtosanoat”da ishlab chiqarish hajmi 40 foiz, “O‘zbekneftgaz” tizimida 4,7 foiz, charm mahsulotlari tarmog‘ida 10 foizga pasaygan.

“So‘nggi yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamaygan. Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trillion so‘m kamayishiga yo‘l qo‘yilgan”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezidentning fikricha, iqtisodiyotdagi vaziyat “xavotirli” va ahvolni o‘nglash uchun korrupsiyani yo‘qotish va boshqaruv vertikalini ishlatish lozim:

“Agar korrupsiyani yo‘q qilsak, agar joylarda vazirning vertikal tizimi ishlasa, tuman, shahar, viloyat hokimining o‘z mas’uliyati, muovinlarining mas’uliyati joyiga tushsa, bugun majlis o‘tkazishga hojat yo‘q edi. Juda xavotirdaman. Tarmoqlar tortmayapti aravani. Tortmasa ketishi kerak”, dedi Prezident.

Birinchi prezident davridanoq boshqaruvi qattiq vertikallashgan O‘zbekistonda davlat rahbarining “vazirning vertikal tizimi ishlasa, tuman, shahar, viloyat hokimining o‘z mas’uliyati, muovinlarining mas’uliyati joyiga tushsa” deyishi kutilmagan bayonotdir.

Hokimlik mulozimi: Topshiriq juda ko‘p, bajarishga ulgurmayapmiz

Farg‘ona vodiysidagi viloyatlardan biri hokimligi mulozimi (ismi ham, hatto viloyati nomi ham aytilmaslik sharti bilan gapirdi) Prezidentning boshqaruv vertikali ishlamayapti, degan fikriga qo‘shilmasligini bildirdi:

“Prezident-hukumat-viloyat hokimi-tuman/shahar-hokimi-QFY/MFY vertikali ham, vazirlik-viloyat boshqarmasi-tuman/shahar bo‘limi vertikali ham binoyiday ishlab turibdi”.

Mulozimning fikricha, oqsoqlikning sababi boshqa narsada:

“Amalda Prezident aytganiday emas, albatta. Hamma ishlayapti. Ixtiyoriy ham, majburiy ham, ongli ham, ongsiz ham ishlayapmiz. Tinim yo‘q. Chunki yuqoridan talab juda katta. Qaror, farmon, me’yoriy hujjatlar juda ko‘p. Bu hujjatlar talablarini to‘liq bajarishning umuman imkoni yo‘q. Ulgurib bo‘lmayapti. Deyarli har kuni yangi hujjat tushadi. Unga binoan ish boshlanishi bilanoq yangisi tushadi va avvaligisi unutiladi. Lekin unutilgan hujjat amalda qolaveradi. Istalgan vaqtda tepa so‘rashi va bajarmayapsan, ishlamayapsan, deb ayblashi mumkin”.

Mulozim misol tariqasida Toshkentdan viloyatdagi paxta dalalarining uchdan birini tomchilatib sug‘orishga o‘tkazish to‘g‘risida yaqinda kelgan topshiriqni esladi.

“Paxta dalalarining uchdan bir qismi bir necha o‘n ming gektarini tomchilatib sug‘orishga o‘tkazishimiz kerak. Bu qabul qilingan qaror. Bilasizmi, bu nima degani?! Bunga necha ming kilometr trubalar kerak! Asbob-anjom kerak! Mablag‘ kerak! Mutaxassislar kerak! Qanday ulguramiz bunga axir, o‘zingiz o‘ylang, insof bilan?!”

Qashqadaryolik jurnalist: Cho‘pon ko‘paydi...

Vodiylik davlat mulozimi boshqaruvdagi oqsoqlikni imkoniyatdan tashqari topshiriqlarning ko‘pligi bilan izohlayotgan bir paytda, qashqadaryolik jurnalist Berdiyor Jumayevning fikricha, agar chindan ham boshqaruv vertikaliga putur yetgan bo‘lsa, buning sababini hokimlarga cheksiz vakolat berib qo‘ygan Prezidentning o‘zidan so‘rash kerak:

“Mirziyoyev “hokim mening odamim”, deb ularning daxlsizligini ta’minlab qo‘yganidan keyin ularning barcha tushovlari yechilib, nafsiyu ishtahasi ochilib ketdi. Natijada ular "korrupsiyaboshi"ga aylanib qoldi. Shu yerda boshqaruv vertikaliga ma’lum ma’noda putur yetdi, deyish mumkin. Chunki hokimlar tizginsiz qolgan otday bo‘lib qoldi. Vaqti kelsa, Prezident borliginiyam esidan chiqarib qo‘yadigan bo‘lib qolishdi. Fikrimga butun mamlakat bo‘ylab hokimlar qilgan o‘zboshimchaliklar dalil bo‘la oladi”.

Онахон ҳокимиятнинг буз-бузини тўхтатиш учун дарахтга чиқиб олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:37 0:00

Berdiyor Jumayevga ko‘ra, hududlar boshqaruvining yangi arxitekturasi ham teskari natija bermoqda:

“Boshqaruvni yaxshilash maqsadida har tuman, har shaharni to‘rtta sektorga bo‘lib qo‘ydiyu lekin bu usul teskari samara beryapti. Hokimdan boshqa sektorboshi - prokuror, IIB boshlig‘i, Soliq inspeksiyasi rahbarining asosiy ish joyidagi ishlari qolib ketyapti. Hatto menimcha, ular na o‘z ishini, na sektor rahbarligini qilyapti. Xullas, boshqaruv vertikali haqida gap ketganda, xayolimga shu gaplar kelyapti. Nazarimda, boshliq ko‘payib ketganday va bu holat "cho‘pon ko‘paysa...", deb boshlanadigan matalni yodga soladi. Lekin bu iqtisodiyot oqsayotganining sabablaridan biri xolos”, - deydi qashqadaryolik jurnalist.

Xalqaro tashkilot: O‘zbekiston hanuz avtoritar davlat sifatida qolmoqda

O‘zbekiston prezidenti “boshqaruv” haqida gapirayotib nazarda tutgan fikri xalqaro tashkilotlarning bu tushunchaga oid aniqlamasidan farqlanishi mumkin. AQShda joylashgan Freedom House inson huquqlari tashkiloti o‘zining bu yilgi “O‘tish davridagi davlatlar” (Nations in Transit 2021) hisobotida O‘zbekistonda hanuz boshqaruvning avtoritar shakli saqlanib qolayotganini aytgan.

O‘zbekiston tashkilotning siyosiy erkinliklar va internet erkinligi reytingida 2019 - yilga nisbatan bir pog‘ona yuksalgan, demokratiya reytingida esa 2 pog‘ona ko‘tarilgan. Ammo tashkilotga ko‘ra ko‘ra, O‘zbekiston hanuz avtoritar davlat sifatida qolmoqda.

"O‘zbekistondagi islohotlar, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi va sud sohasidagi islohotlar fuqarolar hayotini yaxshiladi, garchi ular demokratiyani rivojlantirishga yoki haqiqiy siyosiy plyuralizm yaratishga qaratilmagan bo‘lsa ham”, deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG