Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:31

Mirziyoyev muddatini uzaytirish: Hukumat referendumga bayramona to‘n kiydirishga urinmoqda


Konstitutsiyaviy referendumga bag‘ishlangan ommaviy tadbirlardan biri. Mart, 2023 (Gazeta.uz)
Konstitutsiyaviy referendumga bag‘ishlangan ommaviy tadbirlardan biri. Mart, 2023 (Gazeta.uz)

Avvaliga Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar, keyin esa qishki elektr taqchilligi tufayli kechiktirilgan konstitutsiyaviy referendumga bayramona to‘n kiydirish oson emas, lekin O‘zbekiston hukumati bunga qattiq harakat qilyapti.

Ozodlikning Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Kris Rikltonning yozishicha, ba’zilar nazarida hukumat haddan ziyod qattiq tirishayotgandek.

30-aprel kuni o‘tadigan referendumda fuqarolarning 65 yashar amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevga 2040-yilgacha hokimiyatda qolishiga imkon beruvchi yangi konstitutsiyani ma’qullamaslik ehtimoli nolga teng.

Raqobatsiz siyosiy tizim «qarshi» tomon kampaniyasiga o‘rin qoldirmaydi va Mirziyoyevning bu tizimdagi mutlaq hukmronligi saqlanib qoladi.

Shunga qaramay, «ha» tashviqoti rosa avjida, jamoat arboblari o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun saf tortib turibdi, «konstitutsiyamiz»ni qo‘llab-quvvatlovchi shou ko‘rsatuvlar butun mamlakat bo‘ylab, davlat universitetlaridan, stadionlardan, avtomobil zavodlaridan ham olib ko‘rsatilmoqda.

"Meniki, seniki, bizniki.."

Ijtimoiy tarmoqlarda “Befarq emasman” xeshtegi bilan targ‘ibot qizigan. Lekin aynan nimaga befarq emas?

“Konstitutsiyani o‘zbek xalqidan tortib olmoqchi bo‘lgan odam bormi?” Taniqli huquq faoli Gulnoz Mamarasulova shu oy boshida hukumat kampaniyasi boshlanar ekan, Twitter’da so‘radi. "Nega faollar televizorda [va] tadbirlarda: "Konstitutsiya bizniki!" deb baqirmoqda. Bu qanaqa g‘alati tashviqot bo‘ldi?” deb so‘raydi u. “Referendumdan oldin Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni tahlil qilib, xalqqa tushuntirib bersa, yaxshi bo‘lmaydimi?”

Bunday bo‘lishi ehtimoli oz.

Мирзиёевнинг Конституция ислоҳоти: Мақсад президент муддатини ноллаштиришми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:02 0:00

Aksariyat kuzatuvchilar nazarida bo‘lajak konstitutsiyaning avtoritar mantig‘i o‘tgan yilning birinchi yarmida muhokama qilinganidan beri o‘zgarmagan.

“[Mirziyoyevning] muddatini qayta hisoblash, unga yana ikki muddat saylanishga ruxsat berish”, - deya izoh beradi Britaniyadan o‘zbek siyosatshunosi Alisher Ilhomov Current Time nashriga bergan intervyusida. Rasmiylar aytayotgan asosiy qonunning 65 foiziga ta’sir qiladigan boshqa o‘zgarishlar esa "hozirgi rejimning mohiyatini o‘zgartirmaydi", deydi u.

Ammo xalqaro matbuotda Mirziyoyev hokimiyatining uzaytirilishi masalasi ushbu referendum haqidagi xabarlarda bot-bot takrorlansa ham, davlat ommaviy axborot vositalari va jamoat arboblari bu o‘zgarishlar haqida deyarli gapirmayapti va o‘zgarishlarning boshqa, go‘yoki afzalliklarini ta’kidlamoqdalar.

Hatto afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina o‘zining Telegram’dagi kanalida konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish “mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi”, deb yozdi.

“Shuning uchun men 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etyapman», – deydi Olimpiya sovrindori.

Instagram va Telegramdagi “Progress Liderlar klubi” deb nomlangan akkauntda konstitutsion o‘zgarishlar O‘zbekistonning 35 millionlik aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi yoshlar uchun foydali ekani uqtiriladi.

“Yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy muhofazasi, uy-joy va ish bilan ta’minlanishi uchun sharoit yaratish davlatning konstitutsiyaviy burchi ekanligi yozilgan, – deb yozadi klub. – [Konstitutsiyada] yoshlar uchun alohida bob ajratilgani juda muhim va tarixiy fakt. Taqdirimga befarq emasman! Befarq bo‘lmang!"

Ushbu ommaviy tadbirlarda yangi konstitutsiyani tashviq qiluvchi, «bizniki», «meniki» va «sizniki» deb yozilgan plakatlar usluban bir xil bo‘lib, bu hol kampaniya pastdan emas, yuqoridan tashkil etilayotganidan darak beradi.

Bunday tadbirlarda universitet talabalari va maktab yoshidagi bolalar ko‘p uchramoqda.

Farg‘ona davlat universitetida Toshkent kino va televideniye yulduzlari ishtirokida konsert sifatida e’lon qilingan bir tadbir oldidan Instagram'da e’lon qilingan videoda konsertga keluvchilar zalga kirishdan oldin shior aytayotgani aks etgan.

Targ‘ibot huruji ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab kesatiq izohlar yozilishiga sabab bo‘ldi, ayni paytda qarshi kayfiyatdagi postlar ostida trolling kampaniyasi bo‘layotgandek ko‘rinadi.

AQShning deyarli o‘zgarmagan konstitutsiyasi va O‘zbekistonning qayta-qayta o‘zgartirilayotgan hujjatini qiyoslagan bloger va jurnalist Alisher Abdumalikxon keyinroq ijtimoiy tarmoqdagi postini o‘chirib tashladi.

"Biz [konstitutsiyani] o‘zgartirishimiz shart emas, lekin mavjud moddalarga qat’iy amal qilishimiz kerak", dedi u baribir boshqa akkauntlar tomonidan ulashilgan videoda.

Abdumalikxonniki kabi qarashlar muammoli, chunki hozirgi moddalarga amal qilinsa, Mirziyoyevning amaldagi vakolat muddati 2026-yilda tugashi bilan hokimiyatdan ketishi kerak bo‘ladi.

2002-yilda, Islom Karimov davrida bo‘lgani kabi, bugungi rasmiylar ovoz berishda ma’qullangan «yangi» konstitutsiyaga ko‘ra, amaldagi prezident yana ikki muddatga saylanish huquqiga ega bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Notekis yo‘llar

Internet orqali referendumga qarshi chiqishga jasorat ko‘rsatganlarga «provokator» degan tamg‘a urilishidan tashqari, “so‘nggi yillarda bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rmayapsanmi?” qabilidagi e’tirozlar ham muntazam yangrayapti.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Karimov vafotidan so‘ng o‘zgardi.

Xalqaro mehnat tashkilotidan tortib britaniyalik iqtisodchigacha yangi davlat rahbarini paxta dalalarida bir paytlar maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar, shifokorlar va davlat xizmatchilarining boshiga tushgan balo – tizimli majburiy mehnatga chek qo‘ygani uchun olqishladi.

Мирзиёевни курсида қолдириш кампаниясига старт берилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:09 0:00

Siyosiy dissidentlar ozod qilindi va tanqidiy internet axborot kanallari, jumladan Telegram’dagi ommabop va ko‘p o‘qiladigan kanallar uchun maydon biroz kengaydi. Ammo qizil chiziqlar hamon hamma joyda saqlanib qolgan.

Iqtisodiy jihatdan hukumat, ayniqsa, Karimov hukmronligining ikkinchi yarmida o‘rnatgan cheklovlarni yumshatib, yangi paydo bo‘layotgan turizm industriyasi uchun yo‘l ochdi.

Biroq konstitutsiya qabul qilinishini deyarli kechiktirib yuborgan o‘tgan yilgi voqealardan keyin taraqqiyotga izchil erishilayotganini ta’kidlash qiyinroq.

O‘tgan iyul oyida Qoraqalpog‘istonda hudud maqomi o‘zgarishiga qarshi norozilik to‘lqini ko‘tarilgan edi.

Mirziyoyev davrida hukumat xavfsizlik kuchlari eng katta kuch ishlatish bilan javob berdi, natijada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 17 namoyishchi va to‘rt harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Huquq himoyachilari bu raqamlar kamaytirib ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Hududga tegishli konstitutsion o‘zgartirishlar darhol loyihadan olib tashlandi.

Hukumat, shuningdek, so‘nggi yillarda tizimli elektr taqchilligi kuzatilayotgani tufayli referendumni qishda o‘tkazmaslikka qaror qilgan.

Mirziyoyevning amaldagi vakolatini ta’minlagan 2021-yilgi prezidentlik saylovi rejalashtirilganidek dekabrda emas, oktabr oyida bo‘lib o‘tganiga sabab shu deb o‘ylaydi ko‘pchilik.

Ma’lum bo‘lishicha, bu oxirgi qish so‘nggi 15 yildagi eng sovuqrog‘i bo‘ldi, bu esa odatdagidan ham keng miqyosda elektr ta’minoti taqchilligini keltirib chiqardi va aholining hukumatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazdi.

Mirziyoyevning 30-apreldagi ovoz berishdan oldingi xatti-harakatlarini ayrimlar prezidentlik saylovoldi kampaniyasi bilan solishtirishmoqda.

O‘tgan hafta prezident va uning oilasi O‘zbekiston Iroqni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan yoshlar o‘rtasidagi futbol turniri finalini Toshkentdagi stadionda tomosha qilgan edi.

O‘zbekiston gol urganida Mirziyoyev jahon chempionatlarida eng ko‘p hakamlik qilish rekordini qo‘lga kiritgan, iste’fodagi futbol hakami, prezident yonida o‘tirgan Ravshan Ermatovni quchoqladi.

O‘tgan hafta prezident Malibu avtomobili ruliga o‘zi o‘tirib, Surxondaryo viloyatining dovdirab qolgan hokimini mahalliy yo‘llar ahvoli uchun tanqid qildi.

“Hammasi yaxshi deydi, yashiradi”, deb shikoyat qiladi Mirziyoyev old oynaga o‘rnatilgan kameraga, mashina o‘ydim-chuqur yo‘llardan yurar ekan.

“Ammo o‘zimiz ko‘zimiz bilan ko‘ryapmizki, bu yo‘llarda harakat qilib bo‘lmaydi. Sifatsiz yo‘llar”.

XS
SM
MD
LG