Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:46

Mirziyoyev "erk bergan" fermerlar yana shartnomadan ortiq g‘alla topshirishga majburlanmoqda


Shu kunlarda O‘zbekistonda g‘alla o‘rimi avjida. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan g‘allasini erkin sotish imkoni bo‘lgan fermerlar yana shartnomadan 5-10 foiz ortiq g‘alla topshirishga majburlanyapti.

Bu haqda Ozodlikka turli viloyatlardan kelayotgan shikoyatlarga ko‘ra, klaster va mahalliy hokimlar fermerlardan zaxira va birjaga shartnomadan ortiqcha bug‘doy topshirishni talab qilmoqda.

Topshiriqni bajarmagan fermerlarning g‘allasi o‘rib berilmay, joyida qolib ketayotgani aytiladi.

Avvalgi yillardagi kabi, har bir kombaynga Milliy gvardiya xodimi va o‘t o‘chiruvchi biriktirilgan.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni g‘allachilikdagi islohotlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda 1-iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishi haqida gapirgan edi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, bir tonna bug‘doy narxi o‘tgan yilgi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshirildi.

Bundan tashqari, prezidentning 2021-yil 15-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, fermer har gektar maydon hisobidan o‘rtacha 2,5 tonnadan bug‘doyni erkin birja savdolari orqali, qolgan qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida erkin sotadi.

Biroq prezident qarorlari chiqqaniga qaramay, O‘zbekistonning turli tumanlaridan fermerlarning yana shartnomadan ortiqcha bug‘doy topshirishga majburlangani haqida Ozodlikka xabarlar kelmoqda.

Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanidagi fermer 5-iyun kuni Telegram kanalida uning shartnomadan ortiqcha bug‘doyi militsiya xodimlari vositasida zo‘rlik bilan tortib olinayotgani haqida shunday degan edi:

“Akalar haqiqat yo‘q, haqiqat! 35 sentnerdan g‘alla beryapmiz, g‘allamiz 60 sentnerdan chiqyapti, qolganini ham tortib olyapti. Ichki ishlar xodimi tortib olyapti, hokimning o‘zi o‘tiribdi. 35 sentnerdan shartnoma qilmaganmiz, 25 sentnerdan shartnoma qilganmiz, 35 sentnerdan majburiy ravishda oldi. Qolgan bir gektar joyimizni ham ichki ishlar xodimi o‘rib olamiz, deyapti”

Қашқадарё вилояти, Ғузор тумани.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:16 0:00

Fermerning aytishicha, o‘sha kuni u har gektar erdan 40 sentnerdan g‘allasini o‘rib olib ketishgan:

“O‘nta militsiya qo‘yib majburiy ravishda tortib oldi. Ishchilarimiz kombaynning oldiga o‘zlarini tashlab to‘sib olishgan edi, militsiya xodimlari majburan qo‘llarini qayirib, sudrab chiqarishdi”.

Ozodlik 13-iyun kuni G‘uzor tumanidagi bu fermer, “Komronshoh Asadbek” chorva xo‘jaligi rahbari Shahzod Ochilov bilan bog‘landi.

Fermerning aytishicha, bu masala keyin ijobiy hal bo‘lgan:

“Bu masalani men Telegram kanaliga qo‘yganimdan so‘ng, jurnalistlar va blogerlar qiziqa boshladi. Keyin hokim klasterning odamlarini chaqirtirib, o‘sha yerning o‘zida akt-sverka qilib, 27 sentnerdan ortig‘ining pulini tashlatib berdi. 10 tonna ortiqcha bug‘doyimizning kilosiga 5200 so‘mdan to‘ladi, bozor narxida berdi. Hokimdan e’tirozim yo‘q, klasterdan e’tirozim bor edi”.

Fermerning e’tirof etishicha, klaster bug‘doy o‘rimida hokimiyatdan yordam so‘ragani sababli hokimlik vakillari ham o‘rimda ishtirok etgan.

Fermerlarga shartnomadan ortiqcha majburiyat yuklash boshqa viloyatlarda ham kuzatilmoqda.

Toshkent viloyat, Bo‘ka tumanidagi “Santa grup” klasteri bilan shartnoma tuzib ishlayotgan fermerning aytishicha, ular ham shartnomadan tashqari yana gektariga 5 sentnerdan g‘alla topshirishga majbur qilingan:

“Klasterga 25 sentnerdan bug‘doy topshiryapmiz. Yana 5 sentnerdan birjaga qo‘yishga majburiy shartnoma qildirdi. Viloyat hokimidan kelgan topshiriq ekan. Bu ortiqcha bug‘doyni hozir don skladlariga to‘kib qo‘yamiz ekan. Iyul-avgust oylarida esa birjaga qo‘yib sotib, bizga pulini berar ekan. Endi, sizga farqi nima, birja narxida berar ekanku, degan savol tug‘ilishi mumkin. Buni qarang endi. Masalan, besh tonna ortiqcha bug‘doyingizni birja, misol uchun, 5 mingdan sotdi. 25 million so‘m bo‘ladi. Endi bu pul sizning hisobingizga 15 foiz NDSi olingan bo‘lib tushadi. Ya’ni yana fermer yutqazyapti”.

ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri Jizzax viloyat, Do‘stlik tumanidagi “Sangzor tekstil” klaster korxonasi ham fermerlarga gektariga qo‘shimcha shartnoma majburan tuzilgani haqida gapiradi:

“Majburiy yana besh sentnerlik qo‘shimcha shartnoma qilindi. Hokimning topshirig‘i bo‘ldi. Pechat bosmasak bug‘doyni o‘rdirmaydigan bo‘ldi, keyin hamma majburan imzo qo‘yib, pechat bosib berdi. Masalan, men qo‘shimcha 10 tonna bug‘doy bersam, kilosiga 3 ming so‘mdan beradi. Bozorda 5 ming so‘m. Prezidentimiz, bo‘ldi, tamom, fermer bilan klaster o‘rtasidagi shartnomaga boshqa hech kim aralashmaydi, deb aytgan edi. Bular aralashmasa o‘lib qoladiku”.

Fermerning aytishicha, kombaynlar qo‘shimcha shartnomadagi bug‘doyni o‘rib olganidan so‘ng, g‘allazorni tark etmoqda:

“Qolgan bug‘doyimizni o‘rib beringlar desak, yo‘q, avval tumanning rejasini bajarishimiz kerak deb, organ xodimlari kombaynlarni olib chiqib ketyapti. Shu bilan o‘n kundan keyin keladimi, o‘n besh kundan keyinmi, bu issiqda bug‘doy ham to‘kilib ketdi. Har bitta kombayn IIB tomonidan hisobga olingan, hammasi nazoratda”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni g‘allachilikdagi islohotlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda fermerdan g‘allani tortib olishni taqiqlagandi:

“Hokimlar bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar. Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi”.

Prezident 2021-yil, 27-oktabr kungi selektor yig‘ilishida fermerlarni qiynab kelayotgan bug‘doy xarid narxi haqida to‘xtalarkan, 2022-yildan boshlab bug‘doy birja savdolariga erkin narxlarda chiqarilishini ta’kidlagan edi.

Prezidentning bundan oldin bug‘doy narxini erkinlashtirish haqida imzolagan qarori qog‘ozda qolib ketgan.

XS
SM
MD
LG