Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:35

Mashina olaman deb "UzAvtoTransSiti"ga aldanganlar pullarini undirib berishni so‘ramoqda (VIDEO)


"UzAvtoTransSiti" shirkatiga mashina olish uchun millionlab miqdorda pul to‘lab, mashinani ham, pulini ham ololmayotgan fuqarolar soni 80dan ko‘proqni tashkil qiladi.
"UzAvtoTransSiti" shirkatiga mashina olish uchun millionlab miqdorda pul to‘lab, mashinani ham, pulini ham ololmayotgan fuqarolar soni 80dan ko‘proqni tashkil qiladi.

Buxorodagi "UzAvtoTransSiti" shirkatiga avtomobil olish uchun millionlab so‘m pul to‘lab, mashinani ham, pulini ham ololmayotgan o‘nlab odam pullarini undirib berishni so‘rab, viloyat sudi binosi oldida to‘plandi.

Bungacha ular viloyat hokimligi va O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga ham murojaat qilgan, lekin natija bo‘lmagan.

"UzAvtoTransSiti"dan kuyib qolgan mijozlar soni 80 kishidan ko‘pni tashkil qiladi.Mijozlar orasida bankdan yirik foiz evaziga qarz olganlar ham bor.​

Bosh ofisi Buxoroning Shofirkon tumanida joylashgan "UzAvtoTransSiti" MChJning ta’sischisi va bosh direktori Abduqayum Shukurov hamda shirkatning yana uch nafar xodimi o‘tgan yil noyabrida firibgarlik va savdo qoidalarini buzishda aybdor deb topilib, qamoq jazolariga mahkum etilgandi. ​

Lekin mijozlarning mashina uchun to‘lab qo‘ygan millionlab so‘m pullarini endi kim qaytaradi, degan savol ochiq qolmoqda.

Ozodlik O‘zbekiston Adliya vazirligidan bu savolga javob olishga urindi, lekin vazirlik matbuot xizmatining raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga 5 - yanvar kuni hech kim javob bermadi.

Buxoroning Qorovulbozor tumanida yashovchi Zarina Mehmonova ikki yil avval "Spark" mashinasi olish uchun "UzAvtoTransSiti"ga 23 million so‘m to‘lagan, lekin na pul, na mashina olgan.

Mehmonova 4 - yanvar kuni o‘zi va pulini ololmayotgan yana o‘nlab odam Buxoro viloyat sudi oldida, keyin viloyat hokimligi qabulxonasi ro‘parasida to‘plangani, lekin hech kim ular muammosi bilan qiziqmayotganini aytdi.

"23 million so‘mni o‘z qo‘lim bilan olib borib to‘laganman, kvitansiyalari turibdi. Mana hozir ikki yil bo‘lyapti, mashina ham pul ham yo‘q. Ularni qamashdi, endi pulimizni kim qaytarib beradi? Sudga borsak, MIBga yuboradi, MIBdagilar hech narsa bilmaymiz, deb turib olishgan. Hokimiyatga ham Prezident qabulxonasiga ham arz qildik, javob kutyapmiz", - deydi Mehmonova.

"УзАвтоТрансСити" МЧЖга чув тушганлар пулларини қайтариб олиш учун ёрдам сўрамоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:20 0:00

Shofirkonlik Bahodir Sharipov ham "UzAvtoTransSiti"dan kuyib qolganlardan biri:

"Rossiyada olti yil ishlab topgan pulimni "Damas" mashina olish uchun to‘lagandim. Rossiyada ishlagandan ko‘ra "Damas" haydab, tirikchilik qilaman, degan umidda bor-butimni bergandim. Ikki yil o‘tdi, o‘shandan beri so‘m yigirma foizga qadrsizlandi, mashina narxlari oshdi. Mayli, mashinani bermasin, yo‘qotgan foizga ham roziman, lekin to‘lagan pulimni qaytarib bersin, deyapman. Viloyat sudiga ham bordik, prokuraturaga ham, hech natija bo‘lmayapti", - deydi Sharipov.

"UzAvtoTransSiti"dan mashina olaman deb, bankdan kredit olib, millionlab so‘m qarzga botganlar ham bor.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan buxorolik yigit Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u mashina sotib olish uchun bankdan 20 million so‘m kredit olgan.

"Ikki yilga 30 foiz stavka bilan 20 million so‘m kredit olganman. Taksichilikdan oyda topganimdan to‘lab boraman deb, yillik 30 foiz bo‘lsa ham shu kreditni olganman. O‘zimni yonimdan ham ozgina qo‘shdim. Hozir oyda to‘laydigani 700 ming so‘mdan oshadi. Mayli, foiz to‘lash evaziga ko‘rgan zararga roziman, pulni qaytarib bersa bo‘ldi edi, - deydi buxorolik yigit.

"UzAvtoTransSiti" shirkatiga mashina olish uchun millionlab miqdorda pul to‘lab, mashinani ham, pulini ham ololmayotgan fuqarolar soni 80dan ko‘proqni tashkil qiladi.

Davlat ishida ishlashi sabab ismi ochiqlanmasligini istagan buxorolik ayol o‘zi va yana o‘ndan ziyod fuqaro pullarini qaytarib berishga ko‘mak so‘rab Prezident qabulxonasiga murojaat qilganliklarini aytdi.

"Olgan qarzimiz ustiga har kuni foiz minyapti. Bankdan 20 foizlik qarz olganlar bor. Qarzini to‘lamagani uchun bank sudga bergani holatlari ham bo‘lyapti. Mana hozir prezidentga murojaat qildik, javobni kutyapmiz, - deydi buxorolik ayol.

Ozodlik ixtiyoridagi tergov hujjatlariga ko‘ra, bosh ofisi Buxoroning Shofirkon tumanida joylashgan "UzAvtoTransSiti" MChJning ta’sischisi va bosh direktori Abduqayum Shukurov hamda shirkatning yana uch nafar xodimi o‘tgan yil noyabr oyida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi, Firibgarlik hamda savdo qoidalarini buzishda aybdor deb topilgan.

Ozodlikning "UzAvtoTransSiti" va sobiq mijozlar o‘rtasida yuzaga kelgan huquqiy vaziyat borasida rasmiy izoh olish uchun "O‘zbekiston Adliya vazirligiga bog‘lanish urinishlari samara bergani yo‘q.

Moliyaviy piramidalar

Bank tizimiga ishonch katta bo‘lmagan O‘zbekistonda xalq pulini turli yo‘llar, turfa usullar bilan o‘zlashtirish hollari ko‘p uchraydi.

Bu kabi holatlarning eng mashhuri bo‘lgan chinozlik Ahmadboy piramidasi qulagan 2016 - yildan buyon o‘tgan vaqt mobaynida yana minglab odam turli ko‘rinishdagi moliyaviy piramida qurbonlari bo‘ldi.

Chet elga ishga jo‘nataman deb fuqarolardan millionlab so‘m olgan o‘nlab xususiy bandlik agentliklari yopildi. Ayrimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, odamlarga tuyaqush¸ avtomobil¸ timsoh bolasi keltirib beraman, deb aldab, pulini olgan shirkatlar ustidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Moliyaviy firibgarliklardan zarar ko‘rganlar soni yuz minglarni tashkil qilishi aytiladi.

Toshkentlik huquqshunos Inomjon Boltayev firibgarlik xolatlari ko‘payishida litsenziya beruvchi davlat idoralarining ham aybi borligini aytadi.

"Uch-to‘rt yil bo‘ldiki, Ahmadboy deymizmi, mana yaqinda "Straus House" tuyaqush shirkati yoki avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi mana bu shirkat yoki va hokazo, mana "Human" bandlik agentligi va boshqa xususiy bandlik agentliklari bilan bog‘liq xolatlar bo‘ldi. Bularning faoliyatini o‘rganib, shunday deyishimiz mumkinki, bu shirkatlarga to‘liq o‘rganilmasdan litsenziyalar berilgan va ma’lum ma’noda bunday holatlar kelib chiqishida litsenziya bergan tashkilotlar, davlat idoralarining ham ma’lum ma’noda aybi bor, deb o‘ylayman".

2019-2020 - yillar davomida Ozodlik qator xususiy shirkatlar o‘zbekistonliklarni aldagani to‘g‘risidagi maqolalarni e’lon qilgan. Buning ortidan ularning ayrimlari faoliyati to‘xtatilgan, ayrimlariga nisbatan esa jinoyat ishlari ochilgan.

XS
SM
MD
LG