Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:33

"Markaziy Osiyo" emas, "Turkiston": Turkiya nega mintaqa nomini o‘zgartirmoqda?


Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Samarqanddagi sammitda. 11-noyabr, 2022-yil.
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Samarqanddagi sammitda. 11-noyabr, 2022-yil.

Turkiya tarix fani bo‘yicha maktab darsliklarida “Markaziy Osiyo” nomini “Turkiston” bilan almashtirdi. AQSHning Diplomat nashri yozishicha, Anqara bu bilan Markaziy Osiyo ulgilarini qaytadan belgilab olmoqda va mintaqani o‘z geosiyosiy nuqtayi nazaridan baholashga urinmoqda.

Ukrainaga bosqindan so‘ng mintaqada Rossiyaning ta’siri susaydi, Xitoy esa “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi orqali o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda, deb yozadi maqola muallifi, Janubiy Koreyaning Junbu universiteti professori Mehmet Fotih O‘ztarsu. Ayni geosiyosiy vaziyatda Anqaraning tashabbusi o‘zgacha ma’no kasb etadi, deya urg‘ulaydi u.

“Turkiston” jo‘g‘rofik jihatdan Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Xitoyning Shinjon viloyatini qamrab oladi. Ushbu atama XIX asrda mintaqani Rossiya istilo qilgunga qadar keng qo‘llangan.

Туркий давлатлар ташкилоти Ўзбекистон ва қўшнилар муаммосини еча оладими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:05 0:00

Sovet davrida, 1918-yilda Markaziy Osiyoda dastlab Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil qilingan edi. Moskva ushbu muxtor tuzilma orqali mintaqadagi etnik guruhlarni birlashtirishga va sotsialistik mafkurani yoyishga harakat qilgan.

Biroq 1920-yillardayoq Turkiston bo‘lib tashlandi, uning o‘rnida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston sovet respublikalari tuzildi. Sovetlar shu tariqa mintaqada turkiylarning etnik va tarixiy birligiga putur yetkazishga urindilar.

Mazkur tarixiy parchalashga javob sifatida bugungi kunda Turkiya va turkiy davlatlar “turkiy dunyo” konsepsiyasini qabul qilgan, deb yozadi O‘ztarsu.

Muallifga ko‘ra, Turkiya “Turkiston” atamasi orqali turkiy tilli xalqlar bilan aloqa o‘rnatishga va umumiy tarixiy-madaniy o‘zlikni tiklashga intilmoqda. Ushbu atamaning Turkiya ta’lim dasturiga kiritilishi Turkiy davlatlar tashkiloti maqsadlariga uyg‘undir.

Tashkilot yagona ta’lim va madaniyat siyosatini shakllantirish uchun faoliyat olib bormoqda. Yaqinda turkiy davlatlar lotin imlosi asosida umumiy alifboni qabul qildi. O‘ztarsu fikricha, ushbu qadamni Turkiyaning turkiy dunyodagi yumshoq kuchi va ta’siri ortayotgani belgisi deb tushunish mumkin.

Muallif “Turkiston” atamasi Moskva, Tehron va Pekinni allaqachon hushyor torttirganini qayd etarkan, Rossiya va Eron 12-oktyabrda Ashxobodda o‘tkazilgan forumga to‘satdan qiziqish bildirgani tasodif emasligini, ya’ni bu ularning Turkiyaga javobi ekanini aytadi.

“Qozog‘iston bilan O‘zbekiston Rossiyadan tobora masofalanib, turkiy dunyo bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. O‘zini mintaqaning yetakchi madaniy va siyosiy hamkori chog‘laydigan Turkiya esa Markaziy Osiyo kelajagini shakllantirishdagi rolini kuchaytirishga tayyor”, deya xulosa qiladi Mehmet Fotih O‘ztarsu.

Самарқанд саммити: Мирзиёев туркий давлатлар лидерларини кутиб олмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:14 0:00

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov mintaqadagi global o‘yinchilar - Rossiya, Xitoy va Eronning Turkiston loyihasiga ehtimoliy munosabatini tahlil qilishga urinadi.

Uning fikricha, Rossiya propagandasi bu kabi g‘oyalarni xushlamasligini ochiq-oydin bildiryapti. Ayni paytda Xitoy har doimgidek ehtiyotkor.

"...Agar Uyg‘uriston o‘zini “Sharqiy Turkiston” deb nomlashi e’tiborga olinsa, Markaziy Osiyo o‘zining tarixi va kelajagini “Turkiston” degan nom bilan bog‘lashi – Pekinga yoqmasligi aniq. Ayni paytda, Pekin har narsaga tezda asabiylashaveradigan davlat emas.

Eron Islom Respblikasi uchun ham “Turkiston” nomi, loyihasi u qadar qulay bo‘lmasligi mumkin. Eron o‘zining ichidagi ko‘p sonli ozarbayjon aholisi tufayli, bu loyihaga ishonchsizlik bildirishga moyil bo‘ladi...

Turkiyaning o‘ziga kelsak...Turkiya uchun o‘zining ishonchli hamkorlari, til va dil birligi asosidagi ittifoqchilari bo‘lishi muhim. Turkiya bugun ko‘pqutbli dunyoning faollaridan biri, ya’ni Rossiya va XXRning global qudrati kuchayishi tarafdori.

Markaziy Osiyo uchun ham, RF va XXR – bu birinchi va ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkorlar. Mintaqaning hech bir davlati Moskva va Pekin bilan konflikt izlash niyatida emas. Eron bilan ham hamma yaxshi munosabatlar tarafdori.

Demak, Turkiston – bu qarshilik ko‘rsatish birlashuvi emas, bu o‘zaro hamkorlik va o‘zliklarni saqlash loyihasidir", deya fikr bildirdi Rabbimov.

Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan mintaqadagi turkiy tilli bo‘lmagan yagona davlat - Tojikiston hozirga qadar Turkiyaning tarix darsliklarida mintaqa nomini "Turkiston" deb o‘zgartirish qaroriga munosabat bildirganlari ma’lum emas.

Tojikiston hozirgacha Turkiya yetakchiligidagi integratsiya loyihalaridan chetda qolmoqda.

Oldinroq Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi integratsiya tashabbuskorlaridan bo‘lgan Ozarbayjon Tojikiston bilan strategik hamkorlik shartnomasini imzolagandi.

Shu yil mayida prezident Ilhom Aliyevning Dushanbega tashrifi va keyinroq Bokuda o‘tgan ozarbayjon-tojik biznes forumi Tojikistonni turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiya jarayonlariga jalb etish urinishi sifatida talqin qilingan. Ammo Tojikiston hozirgacha TDT doirasidagi loyihalarga qiziqish bildirgani ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG