Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:19

Manbalar: Avariyaga uchragan prezident kuyovi idorasida "surishtiruv" boshlandi


Otabek Umarov DXX formasida - Instagram
Otabek Umarov DXX formasida - Instagram

O‘zbekiston prezidenti oilasiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, o‘tgan hafta Mirziyoyevning kenja kuyovi ishlagan Prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDXX)da "prezident ko‘rsatmasiga binoan" ichki xizmat tekshiruvi va surishtiruv boshlangan. Yuqori martabali mulozim bilan bog‘liq YTH sabablari o‘rganilayotganini aytgan manbaning iddaosicha, surishtiruvni Davlat xavfsizlik xizmati olib bormoqda.

Ozodlik manbasi shuningdek, birinchi oilaning boshqa mansublari «saylov oldidan o‘zlarini bosib olish» borasida davlat rahbaridan «dakki» eshitganini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlikda bu iddaolarning rasmiy tasdig‘i yo‘q. Shu bilan birga, Umarov YTHga uchragan kuni uning yonida bo‘lgan sportchi yigitlar nazoratga olingani aytilmoqda. Ozodlik manbasi Toshkentning S-1 mavzesidagi Umarov biznes tuzilmalariga qarashli ofis va sport zali "muhrlangani"ni aytdi. Iddaoga ko‘ra¸ Umarov va "sportchilar" yo‘llarda doimiy poygalar o‘tkazib, "o‘zlari va boshqalar hayotini xatar ostida qoldirib kelgan".

Hodisadan 15 kun o‘tib boshlangan «surishtiruv»

Ozodlikka ovozli maktub yuborgan (shaxsi va lavozimi Ozodlikka ma’lum-tahr.) ishonchli manba prezidentning kenja kuyovi ishtirokidagi halokatli YTHdan 15 kun o‘tib, Prezident xavfsizlik xizmati (PDXX) idorasida surishtiruv va xizmat tekshiruvi boshlanganini aytdi. Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, "hozirda prezident kuyovi bilan avtomobil va mototsikl poygalari tashkil qilgan sportchi yigitlar nazoratga olingan". Sport klublaridagi uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ishda ishtirok etganligini aytgan respublika kuch ishlatar idoralari vakilining so‘zlariga ko‘ra, "Umarov atrofida yurgan bir necha sportchi Jinoyat kodeksining 266- moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni (Transport xavfsizligi qoidalarini buzish) sodir etishda gumonlanmoqda.

Bir-biridan mustaqil bu ikki manbaning iddao qilishicha, hodisadan "g‘azabga kelgan" prezident surishtiruv olib borish haqida shaxsan topshiriq bergan.

Manbalar iddaosiga ko‘ra, prezident o‘z «tansoqchisi va kuyovining» hodisagacha bo‘lgan oxirgi bir oy davomidagi butun faoliyatiga oid batafsil hisobot hozirlashni buyurgan.

Ozodlikka bu haqda gapirgan uchinchi manba bu hisobotni tayyorlashda bevosita qatnashganligini aytdi. Unga ko‘ra, «Umarov o‘z mashinasining oldi va orqasiga ko‘zni qamashtiruvchi faralar o‘rnatib, kechqurun katta tezlikda harakatlanib, bir oy mobaynida bir necha marta shaharda avariya situatsiyasi» yaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Umarov boshqargan va pirovardida avariyaga uchragan mototsikl soatiga 180 km tezlikda harakatlangan. Ayni manba Umarov avariya paytida oyoqlari bilan birga, boshidan ham jarohat olganini iddao qildi.

Ozodlikning birinchi oilaga yaqin va hukumatdagi manbalari iddaosiga ko‘ra¸ prezidentning rafiqasi Ziroat Hoshimovaga qarindosh ekanligi aytiladigan «kenja kuyov bilan bog‘liq YTH» ortidan davlat rahbari o‘z qarindoshlariga «saylov oldidan tinch yurish va bosiqlik lozimligini» uqtirgan. Manbalardan biri «YTHga oid xabarlar tagiga qo‘yilgan izohlar to‘plami prezidentga olib kirilganini ham aytdi. Izohlarning ko‘pchiligida kuyovning avariyaga uchragani zaharxanda qilingan.

Ozodlik O‘zbekiston prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) rahbari o‘rinbosari, 36 yashar Otabek Umarov joriy yilning 13 - fevral kuni poytaxtning Pushkin metrosi yaqinida yo‘l-transport hodisasiga uchragani va shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edi.

Rasmiy sukut

O‘zbekiston hukumati prezident oilasi mansubi va uning davlat xavfsizlik xizmati yuqori martabali mulozimining YTHga uchragani va undan keyingi taqdiri borasida rasmiy ma’lumot bermayapti.

O‘zbekistondagi nashrlar hamda prezident kuyovining xayriya va sport tadbirlarini faol yoritib keladigan blogerlar esa, hodisa bilan bog‘liq xabarlar borasida sukut saqlamoqda.

1 - mart kuni Ozodlik O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ Tashqi ishlar vazirligi va boshqa qator rasmiy idoralarga qo‘ng‘iroq qilib, Umarov borasida hech qanday sharh ololmadi. Umarov ishlagan O‘zbekiston prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) esa, matbuot uchun mutlaq yopiqligicha qolmoqda. Yo‘l -transport hodisasi yuz berganidan ikki kun o‘tib, Ozodlik bog‘langan IIV mulozimi «hodisa qayd qilinmaganligini» aytgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan manbalar voqea yuz bergan Toshkent markazidagi ko‘chalarda o‘rnatilgan kamera va radar qurilmalari demontaj qilinganini iddao qilgan. Mirziyoyevning 18 - fevral kuni Namangan viloyatiga qilgan safari chog‘ida, odatda, egallab turgan lavozimiga ko‘ra, prezidentga hamrohlik qiladigan Otabek Umarov ko‘rinmadi.

Sarg‘aygan Instagram sahifasi

SMM-menedjer Noila Qutliyevaning o‘rganishicha, Otabek Umarov o‘zining Instagram sahifasiga 13 - fevraldan buyon post qo‘ymagan:

"Oxirgi marta 13 - fevralda post qo‘ygan¸ undan keyin 2 - martgacha hech narsa yuklanmagan. Bo‘sh turibdi hozir ham. Umarov, odatda biror muhim kun yoki voqea bilan bog‘liq, odatda bir oyda taxminan 4 yoki 5 post qo‘yib kelgan. May va oktabrda ozroq uzilish bor. Yoz oylarida post oz qo‘yilgan. May oyigacha bo‘lgan paytda postlar ancha salmoqli bo‘lgan".

"Bemor istagiga ko‘ra"

Bir-biridan mustaqil manbalarning iddao qilishicha, 13 - fevral kuni poytaxtning Pushkin metrosi yaqinida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi ortidan O‘zbekiston prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) rahbari o‘rinbosari, 36 yashar Otabek Umarov ikki marta oyog‘idan amaliyot qilingan. Davolash uchun maxsus tibbiyot uchog‘ida 15 - fevral kuni chet elga olib ketilgani aytilgan Umarovga yaqin manbalar uning kelasi 5 kun ichida O‘zbekistonga olib kelinishini aytdi.

Yana bir manba Umarovning oyoqqa turish shansi faqat 20 foiz ekani va katta ehtimol bilan ancha vaqt nogironlik aravachasida qolishini iddao qildi.

Otabek Umarovning oilasiga yaqin manbalardan birining aytishicha¸ 13 - fevral oqshomida Toshkentda yo‘l-transport hodisasiga uchragan Otabek Umarov 15 - fevral kuni maxsus uchoqda oldin Moskvaga¸ undan keyin esa Janubiy Koreyaga olib ketilgan.

Hukumatga yaqin boshqa bir manba esa “bemor istagiga ko‘ra, u Janubiy Koreyadagi xususiy klinikaga olib ketilgan”ini iddao qildi. Ayni paytda Otabek Umarov Germaniyadagi xususiy klinikalardan birida muolaja olayotgani haqida ham xabarlar olingan. Iddaolardan birida Umarovning xotini Shahnoza Mirziyoyeva Janubiy Koreyada davolanayotgan erining ustida o‘tirganligi yoziladi. Ozodlikning O‘zbekiston hukumatidagi manbasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyevaning 2 - mart kuni Toshkentdagi ish o‘rnida ekanligini aytdi.

Prezident oilasi
Prezident oilasi

Qimmatbaho mashinalar va tungi poyga ishqibozi

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan uning tansoqchisiga aylangan kenja kuyov Otabek Umarov qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi davlat, ayniqsa, xavfsizlik mulozimlariga xos bo‘lmagan ochiqligi va faolligi bilan e’tiborga tushdi.

Prezidentning kenja kuyovi Instagram sahifasida o‘zining qimmatbaho mashinalar¸ tungi poyga va driftingga o‘chligini namoyish qilgan.

Otabek Umarovning tungi poygasi.
Otabek Umarovning tungi poygasi.

2019 - yilning 8 - iyuliga o‘tar kechasi Otabek_muhammadalievich ( Otabek Umarovning niki – tahr.) o‘z Instagram sahifasida jonli ko‘rsatgan videoda prezident kuyovi Tesla mashinasida tezlikni qonunda belgilanganidan (tezlik cheklovi 70 va 50 km. -tahr.) uch baravar yuqori - soatiga 201 kmga chiqargani ko‘rilgandi.

E’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlangan bu videoni Ozodlik sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bir kunning o‘zida yuz minglab odam tomosha qildi. Mahalliy matbuot prezident kuyovining tungi poygasini yoritmadi.

Ozodlik jamoatchilikka taqdim etgan bu video ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgani ortidan – voqeadan 12 kun o‘tib , 19 - iyulda Otabek Umarov Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan ma’muriy jazoga tortildi.

Bu haqda Umarovning o‘zi Instagram sahifasida xabar berdi va eng kam ish haqining 9 baravari miqdorida- 1824570 so‘m jarima to‘langanlik haqidagi kvitansiyani ham ilova qildi.

Otabek Umarov mashinalaridan biri
Otabek Umarov mashinalaridan biri

Oradan bir oy o‘tib, 2019 - yilning 6 - avgustida Otabek Umarov nomi yana bir yo‘l-transport hodisasi munosabati bilan tilga tushdi.

Toshkentning Pushkin metro stansiyasi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida 6 - avgust, kech soat 21:15 da yuz bergan avtoavariya rasman qurbonlarsiz yakun topgan bo‘lsa ham tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi.

Uchta avtomobil to‘qnashgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalar ekan, Internet foydalanuvchilarining e’tiborini bir mashina – Nissan GT-R R35 rusumli oq rangli sportkar o‘ziga tortdi.

Ayni rusumdagi avtomobil prezident Mirziyoyevning oilaviy fotosida ham aks etgan. Guvohlarning aytishicha, avtohalokat yuz bergan joy zudlik bilan o‘rab olingan va tezda tozalangan.

Mahalliy matbuot uch kishi, jumladan huquqni muhofaza qilish organlarining ikki xodimi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgani haqida xabar berdi.

Otabek Umarov o‘z avtomobili oldida "poz" bermoqda
Otabek Umarov o‘z avtomobili oldida "poz" bermoqda

Avtomobil egasi prezident Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarov ekani iddao qilindi.

Ozodlik suhbatlashgan ikki nafar xavfsizlik xodimiga ko‘ra, avtohalokat boshqa bir “nufuzli xavfsizlik xodimi” tufayli yuz bergan.

XS
SM
MD
LG