Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:20

"Mamarayim bombachi"dan qo‘rqqan hukumat VPNga taqiq qo‘ydi


Buzilgan hukumat serveridagi "Bombachi Mamarayim"
Buzilgan hukumat serveridagi "Bombachi Mamarayim"

Joriy yilning 20 - mayidan boshlab O‘zbekistondagi davlat organlari va tashkilotlarida “o‘rnatilgan himoya to‘siqlarini chetlab o‘tish maqsadida anonimayzer va “VPN” xizmatlaridan foydalanish taqiqlab qo‘yildi.

Bu cheklov 14 - may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatida tashkil qilingan ishchi guruh tarafidan butun respublika bo‘ylab joriy qilindi.

Ozodlik suhbatlashgan Informatsion texnologiyalar markazi xodimi bu xabarni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, barcha davlat tashkilotlariga bu borada bildirgi jo‘natilgan.

O’z A hukumat xabar agentligida ishlovchi jurnalist 24 - may kuni o‘z ofisidagi kompyuterdan VPN orqali ham YouTube portali va chet eldagi saytlarga kira olmadi.

Ozodlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov joriy yilning 4 - mayida imzolagan N11-PA2.1-1087 raqamli hujjat nusxasi bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi hujjati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi hujjati

Bosh vazir Aripov¸ DXX raisi Azizov¸ IIV rahbari Bobojonov¸ Mudofaa vaziri Qurbonov doxil barcha tashkilot rahbarlari va viloyat hokimlariga yo‘llangan ushbu hujjatda “kiberxavfsizlik va kiberxujumlarning oldini olish maqsadida tezkor ishchi guruh shakllantirish haqida so‘z boradi.

Hujjatda kiber zarbalarning oldini olish uchun “VPN” xizmatlaridan foydalanishni cheklash” tavsiya qilingan.

Ozodlik suhbatlashgan ismi aytilishini istamagan Informatsion texnologiyalar markazi xodimiga ko‘ra¸ joriy oy boshida bir qator hukumat portallari¸ xususan respublika IT-markaz sayti xakerlar tarafidan buzib kirilib, sayt bosh sahifasiga “Mamarayim sapyor” degan tasvir va bombani aniqlash o‘yini yuklab ketilgani sabab bo‘lgan. Ozodlikda nusxasi bo‘lgan IT-markazning buzilgan sahifasida mana bu yozuvni o‘qish mumkin:“Endi Mamarayim sapyor "IT" park servisida. Sapyor (bombani xavfsizlantirish) o‘yinini o‘ynash orqali "IT"park servisini qutqarib qoling.”

Illyustratsiya
Illyustratsiya

IT-markaz( IT-center) — bu IT-Park tarafidan yaratilgan loyiha. U informatsion texnologiyalarni rivojlantirish maqsadini ko‘zlaydi.

Ozodlik bog‘langan IT-Park xodimi kiberhujum bo‘lgani va bu borada xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, saytga yangi qalqon o‘rnatilganligini bildirdi.

Ozodlik IT-markaz saytini buzib kirgan “Mamarayim"ni tanigan o‘zbek xaker bilan yozishdi. Xakerga ko‘ra¸ xujumdan maqsad “nomi ulug‘ bu idora serverining naqadar nochor va himoyasiz ekanligini ta’kidlash bo‘lgan”.

“Men bu hujumni uyushtirgan “Mamarayim"ni taniyman, lekin uning ismini aytmayman. Nega aytmasligimni o‘zingiz tushunasiz. Xakerlik qonunga zid. Lekin davlat portalini qalqonsiz qo‘yish jinoyat emasmi? Agar bu bo‘yicha jinoyat ishi ochilsa, hokimlik va idoralar 278-1 moddasi (Axborotlashtirish qoidalarini buzish) bo‘yicha javobgar bo‘lishi kerak. Yetarlicha axborot xavfsizligini ta’minlamagani uchun. Buzgan odam esa, 278-4 moddasi (Kompyuter axborotini modifikatsiyalashtirish) bo‘yicha javobgar bo‘ladi”.

Suhbatdoshga ko‘ra, joriy yil boshidan beri o‘zbek xakerlari hukumat portallarini bir necha marta "shunchaki havasga" buzib kirishgan:

“Bunaqa tufta xavfsizlikni chetlab o‘tganlar orasida meni tanishlarim bor. IT- Park xodimi hatto bu xavfsizlikdagi kamchiliklarni to‘g‘rilab berishi uchun tanishimga pul taklif qilgan”.

Ozodlikda IT-Park xodimining “mutaxassis” bilan yozishma nusxasi bor.

Yozishma nusxasi
Yozishma nusxasi

Rossiyaning uzun qo‘li

Mavzuni o‘rganish asnosida O‘zbekiston hukumat idoralari va tashkilotlari portallaridagi butun ma’lumotlar Rossiya hududidagi serverlarda saqlanishi ma’lum bo‘ldi.

Illyustratsiya
Illyustratsiya

Ozodlik suhbatlashgan Informatsion texnologiyalar markazi xodimi iddaosiga ko‘ra¸ IT-Parkning butun ma’lumotlari Rossiya serverida saqlanadi. Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu qonunga va xavfsizlik shartlariga ziddir:

“Serverda ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha 355-son qaror chiqqan. Unda ma’lumotlar O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlanishi aniq belgilangan. Lekin IT-Parkning o‘zlari bu qonunga amal qilishmagan. IT-Park o‘quvchilari va o‘qituvchilari, rezidentlarining butun ma’lumotlari Rossiyadagi serverda turibdi".

Mamarayim bir bahona

Ozodlik suhbatlashgan Informatsion texnologiyalar markazi xodimi iddaosiga ko‘ra¸ hukumatning VPNni taqiqlashidan maqsad davlat mulozimlarining bloklangan saytlarga kirishini minimmallashtirishdir.

“Yopiqlik tarafdorlari uchun doim bahonalar tayyor. Kiberataka bo‘lmasin, deb VPN taqiqlandi. Bu bilan hukumat chet eldagi to‘silgan saytlarni yorib o‘tish kanalini yopishni ham niyat qilgan.”

2019 - yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini ayrim ommaviy axborot vositalarini bloklashni to‘xtatishga chaqirgandi.

Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ayrim xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligi haqidagi ma’lumotni o‘rganib chiqib, «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Rights Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet.org», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlardan to‘siqlarni olib tashlanganligini bildirdi.

Ammo 2019 - yilda ham va xozir ham Ozodlik radiosi sayti O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan va bu saytga faqat VPN orqali kirish mumkin.

Shu yil yanvarida e’lon qilgan hisobotida AQShda joylashgan Hyuman Rayts Uotch (HRW) tashkiloti O‘zbekiston hukumatiga buni yana bir bor eslatdi

“2019 - yilning dekabrida O‘zbekistonda avval taqiqlangan vebresurslar, jumladan Buzzfeed, SoundCloud musiqiy platformasi, Wayback Machine internet arxiviga qo‘yilgan blok olib tashlandi. Ammo ayni vaqtda inson huquqlarini himoya qiluvchi resurslar, jumladan, Markaziy Osiyoda inson huquqlari, Inson huquqlari xalqaro hamkorligi, Norvegiyadagi Xelsinki qo‘mitasi, O‘zbekiston inson huquqlari forumi hamda Ozodlik radiosi sayti yopiq turdi”, deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG