Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:43

Maktablarni ta’mirlash uchun pul yig‘ilmoqda. Ota-onalar norozi


Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ko‘ra, hozirda 3 mingdan ziyod maktab ta’mirga muhtoj.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga ko‘ra, hozirda 3 mingdan ziyod maktab ta’mirga muhtoj.

O‘zbekistonning turli hududlarida maktablarni ta’mirlash uchun ota-onalardan majburan pul yig‘ilmoqda.

Ozodlik suhbatda bo‘lgan ota-onalarga ko‘ra, maktab ma’muriyatlari har bir o‘quvchi uchun 40 ming so‘mgacha ta’mirga pul so‘ramoqda.

Ayrim ko‘p bolali ota-onalar maktab ma’muriyati talab qilayotgan pulni berishga qurblari yetmasligini aytishadi. Ularga ko‘ra, bu kabi yig‘imlarga chek qo‘yilishi kerak.

Xalq ta’limi vazirligi mulozimi maktablar ta’miri faqat homiylar hisobidan amalga oshirilishini aytib, ota-onalardan majburiy ravishda pul yig‘ishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Andijon viloyati, Paxtaobod tumanidagi 1-maktabda farzandlari o‘qiydigan ota-onalar nomidan Ozodlikka yo‘llangan murojaatda maktab ta’miri uchun o‘quvchilardan pul yig‘ilayotganiga norozilik bildirilgan:

“Maktabning eski direktori o‘rniga XTB xodimi Azambek Ne’matov keldi. U kelishi bilan ishni har bir o‘quvchidan 40 ming so‘mdan pul yig‘ishdan boshladi. Bizning maktabda 1100 nafar o‘quvchi tahsil oladi, 40 mingdan yig‘sa, 44 million so‘m bo‘ladi. Maktabimiz yaqinda ta’mirdan chiqqan bo‘lsa, buncha pulni qayerga ishlatmoqchi, hayronmiz. Tegishli tashkilotlar vaziyatni o‘rganib, oydinlik kiritishadi, degan umiddamiz”.

Shu maktabda uch nafar farzandi o‘qishini aytgan paxtaobodliklardan biriga ko‘ra, uning maktab ta’miri uchun talab qilingan pulni berishga qurbi yetmaydi.

“O‘zim Paxtaoboddagi mardikorlik bozorida ishlab, oila boqaman. Har bir bolam uchun 40 ming so‘mdan so‘rayapti. 120 ming so‘mni qayerdan olaman?”,- deydi ismini ochiqlasa, maktabda bolalari bosimga uchrashidan qo‘rqishini aytgan paxtaobodlik ota.

Ozodlik 1 - iyun kuni 1-maktab direktori Azambek Ne’matov bilan telefon orqali bog‘lana olmadi.

Paxtaobodlik ota-onalar maktab ta’miri uchun pul yig‘ish masalasi muhokama qilingan Telegramdagi yozishma nusxasini Ozodlikka yo‘llashdi.

Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlardan ma’lum bo‘lishicha, maktab ta’miri uchun pul yig‘ish nafaqat Paxtaobod, balki mamlakatning deyarli barcha xududlarida kuzatilmoqda.

Jumladan, Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani, Andarxon mahallasida yashovchi yigit ham ukalari uchun maktab rahbariyati pul talab qilayotganidan shikoyat qildi:

“Mahallamizdagi 18-maktabda yana remontga pul yig‘ish boshlandi. Maktabda 6-sinfda ukam va 10-sinfda singlim o‘qiydi. Ukam bilan singlimga “pul bermay qo‘yaver” desam, “imtihon bor, qiynashadi”, deyishdi. XTV noqonuniy yig‘imlarni yo‘qotish chorasini ko‘radi degan umiddamiz”.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 30-maktabda farzandlari o‘qiydigan bir guruh ota-onalar ham maktab ta’miri uchun har bir o‘quvchidan 25 ming so‘mdan pul yig‘ilayotganidan shikoyat qilishdi:

Navoiy viloyati Karmana tumani Do‘rmon mahallasida yashovchi bir guruh ota-onalar ham maktab ta’miri uchun pul yig‘ilayotganiga norozilik bildiradi:

“Mahallamizdagi 3-maktab ma’muriyati har bir o‘quvchidan maktab remonti uchun 10-15 ming so‘mdan yig‘moqda. Hamma ota- onalar pul berishga majbur ekan. Holbuki, maktabimiz kapital remontdan chiqqaniga 1-2 yil bo‘ldi. Har qanday holatda ham remont byudjet hisobidan bo‘lmaydimi?”.

SizdanTelegram rukniga ham maktab ta’miri uchun majburan pul yig‘ilayotganiga oid xabarlar kelgan:

Xalq ta’limi vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi maktablarni ta’mirlash va jihozlash faqat homiylar tomonidan amalga oshirilishini aytib, ota-onalardan majburiy ravishda pul yig‘ishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Mulozim qo‘shimcha ma’lumotlarni vazirlik saytidan topish mumkinligini aytdi.

Uzedu.uz saytidagi “Maktab ta’miriga yordam ixtiyoriy bo‘lishi kerak” sarlavhali maqolada ota-onalardan majburiy pul yig‘ish holatlarining oldini olish lozimligi ta’kidlangan:

“Hozirgi pandemiya sharoitida ko‘pchilik iqtisodiy qiyinchilikni boshidan o‘tkazmoqda. Shuning uchun ham bu masalada maktab ma’muriyatidan to‘g‘ri yondashuvni ta’minlashni so‘raymiz”.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov joriy yilning 4 - may kuni Oliy Majlisdagi chiqishida maktablarga oid muammolarni ham tilga olib, davlat byudjetini tasdiqlashda maktablarni qurish-ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini oshirish borasida deputatlardan yordam so‘radi.

Shermatovga ko‘ra, maktablar ta’miri uchun 37 trillion so‘mga yaqin mablag‘ zarur. XTV investitsiya dasturining yillik qiymati esa yiliga 2 trillion so‘m atrofida xolos. Ayni paytda 3 mingdan ziyod maktab ta’mirga muhtoj.

Vazir Shermatov maktablarni qurish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda homiylar ko‘magiga suyanish ham muhimligini ta’kidlagan.

Vazirlik saytidagi maqolada maktablar ta’miri uchun ota-onalardan ham ko‘mak so‘ralgan:

“Bu jarayon faqat ixtiyoriy ravishda bo‘lishi kerak. Agarda kimdir o‘z farzandini o‘qishiga qo‘shimcha sharoit yaratmoqchi, nimanidir ta’mirlamoqchi yoki maktabga yana qandaydir yordam bermoqchi bo‘lsa uni bemalol qilishi mumkin. Joylarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli qanday ekanligini ota-onalar yaxshi bilishadi”.

XS
SM
MD
LG