Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:25

"Ma’naviyat ekspertizasi": O‘zbekcha senzuraning yangi ko‘rinishimi?


Yangi O‘zbekiston bog‘i. Illustrativ surat
Yangi O‘zbekiston bog‘i. Illustrativ surat

11-noyabr kuni O‘zbekiston Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Axborotlashtirish va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Milliy media birlashmasi bundan keyin milliy media mahsulotlar uchun “Ma’naviyat ekspertizasi” joriy qilinishini ma’lum qildi.

Bu haqda Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov xabar berdi.

"Bugun shiddatli davrda axborotlar ko‘lami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat jihatidan ham, mazmun jihatidan ham milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb bo‘lmaydi.

Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim", – deyiladi xabarda.

Блогер Аслиддин Камол Дубайда “Тошкент сўрови билан ушланган”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:54 0:00

Xabarga ko‘ra, tele va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplar ma’naviy ekspertizadan o‘tkaziladi va so‘ng efirga beriladi.

Nizomga muvofiq, mutaxassislar guruhi tomonidan O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mahalliy va xorijiy media mahsulotlarning davlat siyosati, milliy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zidligi, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi ahloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar mavjudligi tadqiq etiladi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi iddaosicha, media mahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga ta’siri baholanadi. Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Rasmiylarga ko‘ra, hozirning o‘zida mazkur me’yorlarga mos bo‘lmagan media mahsulotlar, seriallar, klip va turli blogerlar tomonidan tayyorlangan videolar mavjud va ularning kelajakda ommaga taqdim etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

"Ortga ketish"

O‘zbekiston Konstitutsiyasi va so‘z erkinligiga doir boshqa qonun hujjatlarida hech qanday senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli, jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, shundoq ham qonuniy ta’qiblarda pornografiya va axloqsizlikka oid normativlar, ularni ta’qiqlash shartlari mavjud.

“Agar tashkil etilayotgan “Ma’naviy ekspertiza” bo‘yicha idora xulosasi ijodiy mahsulotlar uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, javobgarlik yoki materialning to‘xtatib qo‘yilishiga olib kelmasa, buni tushunish mumkin. Ammo so‘z erkinligi masalasidagi reytinglarda tobora pastlayotgan O‘zbekistonda bu kabi qonunga zid bo‘lgan normativlar senzura o‘rnatsa, bunday me’yoriy hujjatlarni Konstitutsiyaviy sud darhol bekor qilishi lozim.

Shundoq ham diniy adabiyotlar uchun ekspertiza amaliyoti joriy qilingan. Bugun ma’naviyat, ertaga boshqa bir ekspertiza ko‘rinishidagi senzuralar chiqsa, so‘z erkinligi masalasida ortga ketish bo‘ladi”-deydi Tashanov.

Мирзиёев ҳали ҳам блогерларнинг “орқасида"ми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:57 0:00

Advokat Ozod Jo‘raboyevga ko‘ra, bu masaladagi yechimni media mahsulotlar iste’molchisi o‘laroq auditoriya va tomoshabinning o‘zi topishi kerak. Hatto xorijiy media mahsulotlarga ham bu xildagi milliy, ahloqiy me’yorlarning tatbiq etilishi o‘ta mantiqsizlikdir.

“Qarorlar umummajburiy bo‘lishi uchun normativ belgilangan tartibda Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tishi lozim. Hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham, standartlar xalqaro va mahalliy qonunchilikka ko‘ra, ixtiyoriy qo‘llanishi va bu iste’molchi tomonidan tanlanishi kerak”, deydi huquqshunos.

Jurnalist Ilyos Safarovning fikricha, ma’naviyat ekspertizasi "ma’naviyat lupasi orqali qaralgan 6-7 yil avvalgi davrni eslatmoqda":

“O‘zbekistonda media mahsulotlarni ma’naviyat chig‘irig‘idan o‘tkazish g‘oyasi kishida chuqur xavotir uyg‘otmay qolmaydi. Avvalo ma’naviyatning o‘zi o‘ta subyektiv, noaniq va har bir inson uchun o‘ziga xos tushuncha ekanini yaxshi tushunamiz.

Bunda media mahsulotlarga kim, qanday qoliplar bilan o‘lchov qo‘yishi - bir savol. Ikkinchidan, xorijiy media mahsulotlarini nima qilamiz? Ular ham endi o‘zbekcha ma’naviyat to‘ridan o‘tadimi? Ularni ham o‘zimizga moslab chiqazamizmi yoki malakatda xorijiy media mahsulotlar namoyishini butkul to‘xtatamizmi?”, - deydi Ilyos Safarov.

Ma’naviyat va ma’rifat markazining bayonoti tarmoqlarda tanqidga uchrashi ortidan 12-noyabr kuni tushdan so‘ng Markaz bu borada bayonot bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, ushbu tashabbus so‘z erkinligi va ijodiy faoliyatga mutlaqo ta’sir qilmaydi. Aksincha, bu o‘rinda "milliy o‘zlikni asrash masalasi ustuvor"dir.

Oxirgi bir yilda O‘zbekistonda o‘ndan ortiq bloger va tarmoq faollari ta’magirlik va prezidentni haqorat qilish ayblari bilan uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgan.

Rasmiylar blogerlar kasbiy faoliyati uchun emas, balki aksar hollarda iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilganini urg‘ulashadi.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti o‘tgan oy e’lon qilgan yillik hisobotda O‘zbekistonda 2023-yilda inson huquqlari vaziyati sezilarli darajada yomonlashganini qayd etgan.

Tashkilotga ko‘ra, yil davomida blogerlar va jurnalistlarning jinoiy ta’qib etilgani mamlakatdagi so‘z va fikr erkinligiga jiddiy zarba bergan.

O‘zbekiston o‘tgan yili “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha reytingida 2023-yilgidan 5 pog‘onaga pastlab, 137-o‘ringa tushgan. Mamlakatda matbuot erkinligi ahvoli “qiyin” deya baholangan.

XS
SM
MD
LG