Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:37

"$20000 lik mashina uchun $42000 soliq talab qilishyapti". Yuk mashina tashuvchilar utilizatsiya solig‘idan norozi bo‘lmoqda


Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yashovchi Mirzoyir Qo‘ziboyev Belarusda sotib olgan "MAN" yuk mashinasini soliq stavkasi keskin oshib ketgani uchun O‘zbekistonga olib kira olmayapti.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yashovchi Mirzoyir Qo‘ziboyev Belarusda sotib olgan "MAN" yuk mashinasini soliq stavkasi keskin oshib ketgani uchun O‘zbekistonga olib kira olmayapti.

Yevropadan traktor va yuk mashina tashuvchilar O‘zbekistonda o‘tgan yil 1 - avgustidan mamlakatga import qilinadigan ulovlar uchun utilizatsiya solig‘i joriy qilinishi ortidan millionlab so‘mga kuyganini aytmoqda.

2018 - yil bahorida O‘zbekiston prezidenti qarori bilan g‘ildirakli traktor va 20 tonnagacha yuk ko‘taradigan avtomashinalar, shuningdek, pritseplar 70 foizlik boj va aksiz solig‘idan ozod etilgandi.

Bu qaror chiqishi ortidan minglab o‘zbekistonlik chet eldan fura olib kela boshladi.

O‘tgan yil 1 - avgustidan O‘zbekistonga transport vositalarini olib kirishda uning dvigateli hajmiga qarab utilizatsiya yig‘imlari joriy etildi.

Bundan tashqari O‘zbekistonga mashina import qiluvchilar bojxona boji, bojxona yig‘imi va QQS ham to‘lashi kerak.

Farg‘onaning Toshloq tumanilik haydovchi Mirzoyir Qo‘ziboyev Belarusdan 19 ming yevroga ikkinchi qo‘ldan sotib olgan "MAN" yuk mashinasi uchun o‘zbek bojxonachilari yarim milliard so‘mlik bojxona to‘lovi chiqarib berishganini aytdi. Unga ko‘ra, soliq to‘lovining o‘zi mashina tan narxidan ikki baravar ko‘pdir:

“Men 15 - iyulda Belarusga “MAN” yuk mashinasini olgani ketdim. Qaytib kelgunimcha tap etib 1 - avgustdan yangi qonunni chiqarib qo‘yishibdi. Men 2 - avgustda kirib kelyapman. Bojxonada 500 million so‘mlik soliq to‘lovi chiqarib berishyapti. O‘zi haydalgan, eski yuk mashinani 19 ming yevroga olganman. Hozir ustiga 42 ming AQSh dollari to‘lashimga to‘g‘ri kelyapti. Pritsepi ham yo‘q, bitta tyagachni o‘zi shuncha pulga tushyapti menga. 31 - iyunda kiritsam to‘lovi 100 millionga ham bormasdi.

Farg‘onalik haydovchi O‘zbekiston prezidentining soliq imtiyozlari beruvchi 2018 - yil aprel oyida imzolagan qaroridan ilhomlanib chetdan avtoulov keltirishga qaror qilgan:

"Piyoz, meva yetishtiramiz-da. Shuni tashishga yuk mashina kerak. Shuning uchun Belarusga borgandim. U yerda yigitlar Litvadan olib kelib berishdi. O‘sha paytda yo‘llarda tekshir-tekshir ko‘p bo‘ldi. Koronavirusga har qadamda tekshiradi. Natijasini 72 soat kutishga to‘g‘ri keladi. Shunday fors-major holat bo‘lib 1 - avgustgacha O‘zbekistonga olib kirishga ulgurmadim. Bir kun kechikkanim menga yarim milliard so‘mga tushyapti", - dedi Mirzoyir Qo‘ziboyev.

Otingni sot¸ molingni sot¸ fura ol...

2018 - yili 20 tonnagacha yuk ko‘taradigan mashinalarni O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovi bekor qilingani ortidan Yevropa davlatlaridan fura sotib olishga kelayotgan o‘zbeklar soni ko‘paygan edi.

Moskvada yashovchi o‘zbekistonlik tadbirkor Narimon Ilhombekov O‘zbekistonda ikki yildan sal ko‘proq vaqt hukm surgan soliq imtiyozlari davrida Litva, Polsha va Germaniyadan o‘nlab yuk mashinani O‘zbekistonga yetkazganini aytdi:

"Litva¸ Polsha va Germaniyadagi sheriklarimiz bilan bir necha yuz ming dollarlik kelishuvlarimiz bor edi. O‘zbekistonga yaxshi ketayotgan edi. Afsus, uzoqqa bormadi. O‘tgan yil yozida 17 ta mashinani O‘zbekistonga olib kirishga ulgurmadik. O‘zbekistondagi fermerlar va meva eksportchilariga yetkazib berish uchun pullarni ham o‘tkazib qo‘ygandik. Qaytarib olib ketdik, chunki har bittasiga tan narxidan ikki baravar ko‘p soliq minadi . Hozir O‘zbekistonga mashina olib borish umuman o‘zini oqlamaydi”.

Mirzoyir Qo‘ziboyev esa bojxona postida sakkiz oydan beri turgan yuk mashinasini nima qilishini bilmaydi.

"Uyimni sotsam ham bu pulni to‘lolmayman. 16 ta jonmiz uyda. Qaytarib Belarusga olib boray desam juda past narx so‘rashadi. 10 ming yevroga ham olishmaydi. Borgunimcha yana shuncha harajat. Shunga prezidentimiz qabulxonasiga ham murojaat qildim, shu soliqdan ozod qilishni so‘rab, javob bo‘lmadi. Tyagach bojxona postida sakkiz oydan buyon yotibdi. Agar cheklov bo‘lmasa shu vaqt ichida yuk mashina qancha foyda keltirgan bo‘lardi. Prezidentimizdan meni ishimga amaliy yordam berishini iltimos qilaman, - dedi Qo‘ziboyev.

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi Vazirlar Mahkamasining 347-qarori hammaga birday taalluqli ekanini aytdi.

"Chet el diplomatik vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik maqomga ega shaxslarga tegishli transport vositalaridan tashqari hamma shu soliqni to‘lashi kerak. 1 - avgustdan 347-qaror kuchga kirishi haqda oldindan aytilgan edi. O‘sha qarorga ilova qilingan hujjatda qanday mashinaga qancha soliq to‘lanishi batafsil aytilgan", - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan Soliq qo‘mitasi rasmiysi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra¸ 2019 - yilning o‘zida O‘zbekistonga xorijdan umumiy qiymati 200 million dollardan oshiq avtomobil olib kiritilgan.

Bu ko‘rsatkich undan oldingi yilga nisbatan qariyb 4 baravar ko‘pdir.

Jarayondan xabardor mulozimga ko‘ra¸ imtiyozlar "O‘zbekistonga 95 foiz Yevropada metallolomga aylangan yaroqsiz texnika kiryapti¸ hamma dollar shunga chiqib ketyapti"¸ degan vaj bilan to‘xtatilgan.

Ikki yil avval Ozodlik Polshaga fura olish uchun borgan o‘zbekistonlik avtohalokatga uchrab halok bo‘lgani haqda xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG