Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:24

"Kunlarim shunday o‘tyapti". Ozodlik jurnalisti Alsu Kurmasheva Rossiya qamog‘idagi hayoti haqida


Qozon sudi Alsu Kurmashevani 5-dekabrgacha hibsda qoldirgan. 20-oktabr, 2023.
Qozon sudi Alsu Kurmashevani 5-dekabrgacha hibsda qoldirgan. 20-oktabr, 2023.

Ozodlik radiosi jurnalisti Alsu Kurmasheva o‘zi bir oydan beri saqlanayotgan Qozon tergov izolyatoridan “Bugun bizni taxminan 4x6 metrli hovliga sayr qilish uchun olib chiqishdi”, deb yozdi.

“Biz hovli tevaragi bo‘ylab 40 marta yugurdik, bu menimcha, 1000 metrga yaqin. Keyin o‘tirib-turish, mushaklarni taranglashtirish mashqlarini qildik. Qo‘riqchi juda hayron bo‘ldi. Ko‘rinishidan, bu kamdan-kam hollarda bo‘ladi."

Kurmasheva qamoqxonaning tor hovlisida jismoniy mashq qilgani haqidagi hikoyasi uning turmush o‘rtog‘i, “Nastoyashcheye Vremya” tarmog‘i rahbari va Ozodlik radiosining Pragadagi bosh ofisida ishlovchi jurnalist Pavel Butorinning , 17-noyabr kuni X’ (sobiq Tvitter-tahr.) da qo‘ygan postidagi xabardan farq qiladi.

Butorinning yozishicha, Kurmasheva Demokratiya va ozodlik uchun kurash kunini nishonlash maqsadida odatda «oilasi va do‘stlariga qo‘shilib, an’anaviy “ozodlik yurishi”da ishtirok etardi. Bu yurish 1989-yili Chexoslovakiyada kommunistik rejimni qulatgan Baxmal inqilobiga turtki bergan talabalar yurishiga taqlidan amalga oshiriladi.

Rossiya va AQSH fuqarosi bo‘lgan, «Ozodlik» radiosining Tatar-boshqird xizmatida taxminan 25 yil ishlagan Kurmasheva o‘zi tug‘ilgan Tataristonga shoshilinch oilaviy yumush bilan may oyi o‘rtalarida Pragadan jo‘nab ketgan.

U 18-oktabr kuni hibsga olingan va “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganlikda ayblangan. Bu huquqiy tasnif Rossiyada 2012-yildan beri hukumat siyosatini tanqid qiluvchilarni belgilash va jazolash uchun joriy qilingan. Bundan tashqari, Kreml Ukrainaga keng miqyosli bosqinni boshlaganidan beri Rossiyada fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini yopish uchun “xorijiy agent” tamg‘asidan ko‘proq foydalanilmoqda.

Sud uni kamida 5-dekabrga qadar Qozondagi 2-tergov izolyatorida hibsda saqlashga qaror qildi. Rossiyada bunday hibs muddatlarini qayta-qayta uzaytirish odat tusiga kirgan.

Garchi barcha xabarlashuvlar senzura qilinsa ham, u oilasi, do‘stlari va tarafdorlariga xat yozishga muvaffaq bo‘ldi.

“Har kuni ertalab soat 6 da turamiz, – deb yozadi u. – Kamerada tun bo‘yi xira chiroq yoqig‘liq turadi. Nonushta – bo‘tqa va shirin qora choy. Shundan so‘ng kamerani tozalaymiz – pollar, devorlar. Tushlik paytida bir soat ochiq havoga chiqishga ruxsat beriladi."

"Kutubxona bor, lekin u yopiq, – deb yozadi Kurmasheva. – Kamerada 10 ga yaqin kitoblar bor edi, asosan detektiv hikoyalar va nasroniylik kitoblari, shuningdek, psixologiya va o‘z-o‘zini qabul qilish bo‘yicha bir nechta kitoblar."

"Men xatlaringizni kuniga bir necha marta qayta o‘qiyman, – deydi u o‘zi xabarlashayotgan odamlardan biriga. – Kameradagi ikkita kitobni allaqachon o‘qib chiqdim. Yana so‘radim, lekin qancha vaqt ketishini bilmayman”.

Hibsga olinganlarga haftasiga ikki marta dushga tushishga ruxsat beriladi. Kurmashevaning aytishicha, hibsga olinganidan 10 kun o‘tgach, unga dush olishga ruxsat berilgan.

Uning to‘rtta mahbus joylashgan kamerasi sovuqligini yozgan u.

Kurmashevaning qo‘shimcha qilishicha, vaqt o‘tkazish uchun u arman va Shimoliy Kavkazdagi Dargva tillarini o‘rganmoqda. Bundan tashqari, uning aytishicha, u kameradoshlaridan biriga tatar tilida gapirishni o‘rgatmoqda.

"Kunlarim shunday o‘tyapti", deb yozgan u.

Kurmasheva Ozodlik radiosining hozirda o‘z faoliyati bilan bog‘liq ayblovlar bilan qamoqda bo‘lgan to‘rt nafar jurnalistidan biridir (qolgan uchtasi Andrey Kuznechik, Igor Losik va Vladislav Yesipenko). Inson huquqlari tashkilotlari va Ozodlik radiosi to‘rt kishining ham xato hibsga olinganini aytib, ularni ozod qilishga chaqirgan.

Losik bloger va Ozodlik radiosining Belarus xizmati muxbiri bo‘lib, 2021-yil dekabrida bir qancha ayblovlar, jumladan, “jamoat tartibini qo‘pol buzuvchi harakatlarga sabab bo‘lish va tayyorlash” bo‘yicha ayblanib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ozodlik radiosining Belarus xizmati veb-muharriri Kuznechik 2022-yil iyunida bir necha soatdan ko‘p bo‘lmagan sud jarayonidan so‘ng olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U "ekstremistik tashkilot tuzish yoki unda qatnashish"da aybdor deb topilgan.

Ozodlik radiosi Ukraina xizmatining mintaqaviy axborot agentligi bo‘lmish Crimea.Realii rivojiga hissa qo‘shgan, ukrain va Rossiya fuqarosi bo‘lgan Yesipenko 2022-yil fevralida yopiq suddan so‘ng bosib olingan Qrimdagi rossiyalik sudya tomonidan olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U "portlovchi moddalarni saqlash va tashishda" aybdor deb topilgan. Uning o‘zi bu ayblovni qat’iy rad etadi.

XS
SM
MD
LG