Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:18

"Konstitutsiya sharpasi". Faollar o‘zlariga nisbatan bosim kuchayganidan shikoyat qilmoqda


O‘tgan yil oktabrida ikkinchi va Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga saylangan Mirziyoyev o‘zgartirishlarni saylovchilarning taklif va talabi bilan tushuntirgan.
O‘tgan yil oktabrida ikkinchi va Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga saylangan Mirziyoyev o‘zgartirishlarni saylovchilarning taklif va talabi bilan tushuntirgan.

O‘zbekistonda mamlakat asosiy qonuni Konstitutsiyani o‘zgartirishga start berildi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlarning asosiy tashabbuskori prezident Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yil oktabrida ikkinchi va Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga saylangan Mirziyoyev o‘zgartirishlarni saylovchilarning taklif va talabi bilan tushuntirgandi. Ammo hozirgi muhokamalar tashabbuskori parlamentdagi ikki hukumatparast partiya – O‘zLiDEP hamda Milliy Tiklanish partiyalaridir.

Konstitutsiyaning qaysi bandlari o‘zgarishi noma’lum. Partiyalar rahbarlarining bu haqdagi bayonotlari ham ayni masalaga oydinlik kiritgani yo‘q. Ammo aksariyat tahlilchi va tarmoq faollari o‘zgarishlar amaldagi prezidentning muddatiga taalluqli bo‘ladi, degan fikrda. Bu farazni o‘zgartirishlar tashabbuskorlari tasdiqlamagan, ammo inkor ham etishmayotir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi esa, masalan, Qozog‘iston prezidenti Toqayevdan farqli, ikki muddat bilan cheklanishi haqida rasman va’da bermagan.

24-may kuni Toshkentdagi anjumanda gapirgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov "butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yurgani”ni iddao qildi. Kun.uz nashrining iqtibos keltirishicha, Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha komissiya rahbari etib tayinlangan Saidov o‘z chiqishida “oxirgi 25 yilda yuzdan ortiq davlatda konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazilgani”ni aytgan.

Konstitutsiyani o‘zgartirishga tayyorgarliklar bilan bir vaqtda mamlakat ichkarisidagi siyosiy faollar va hukumat tanqidchilariga bosimlarning kuchaygani ham kuzatilmoqda.

O‘tgan yilgi prezident saylovlari arafasida tashkil etilgan va rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan "Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik" demokratik partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulov 21-may kuni e’lon qilgan videomurojaatida ichki ishlar xodimlari bosimi kuchayganini bildirdi.

Siyosiy faol Muxtor Ubaydullayev oxirgi bir oyda o‘zi va boshqa faollarga nisbatan ma’muriy ishlar ochilgani, ular 15 sutkali qamoq jazosini o‘tab chiqqani yoki o‘tayotganini ma’lum qildi.

- Bunaqa voqealar so‘nggi paytlarda tez-tez bo‘lib turibdi. Abdumannof degan ukamiz 15 sutkaga tiqildi, chiqqanidan keyin yana qamoqda ushlab o‘tirishibdi, sud qilishmoqchi; bundan ikki yil oldin telefonida diniy ma’ruzalar topilgan ekan. Vazira onaning sudlari ham shu asosda bo‘ldi - uylarida muxolif partiya yig‘ilishini noqonuniy o‘tkazgansiz, deyishyapti.

Xuddi shunaqa ayblov menga oldinroq qo‘yilgandi, ish haqining 50 barobari miqdorida jarima solishdi. Ular "muxolifat partiyasi tuzish erta - yaqin 2 yilda unga ovora bo‘lmanglar", deyishdi. Bizlarga hech qanday himoya yo‘q - istagan vaqtda uyimizdan olib ketib tiqib qo‘yishlari oson, - deydi Muxtor Ubaydullayev.

Shu kunlarda “Ozod Vatan” siyosiy birlashmasini tuzish tashabbuskori va prezidentning maxfiy Shovvozsoy qarorgohi haqida jamoatchilikka ma’lumot bergan o‘zbekistonlik bloger va siyosiy faol Aleksey Garshin ustidan ham ma’muriy sud jarayoni boshlandi.

Toshkentning Yunusobod tuman sudi Garshinning bir ayolni internetda haqorat qilgani haqidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda u o‘ziga qo‘yilgan ayblov ortida siyosiy sabablar turibdi, deb ishonishini bildirdi

- Ular meni ortiqcha ish bilan ko‘mib tashlashdi. Men tilxat asosida shaharda qolyapman, tintuv paytida noutbuk, fotoapparat, telefonlarimni olib chiqib ketishdi. Men bir necha yil davomida yiqqan blogerlik surishtiruvlarim ma’lumotlarini o‘chirib tashlashga majbur bo‘ldim – menga qarshi ishlatishmasliklari uchun. Xodimlardan biri menga O‘zbekistonni tark etish haqida ogohlantirib, siyosiy faoliyatimni to‘xtatsam, bosim ham to‘xtashini ochiqchasiga aytdi.

So‘nggi kunlarda ikki faol - jizzaxlik O‘ktam Pardayev hamda toshkentlik sobiq siyosiy mahkum A’zam Turg‘unovlar oila-a’zolariga bosimlardan shikoyat qilishgan. Faollar har ikki holatda huquq- tartibot idoralari holatga huquqiy baho berishdan bosh tortganini aytishadi.

N. Atayeva
N. Atayeva

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva avtoritar tuzumlarda hukumat har qanday ijtimoiy va siyosiy faollikni o‘z boshqaruviga tahdid o‘laroq qabul qilishi odatiy hol ekaniga e’tibor qaratadi.

- Har bir prezident yagona maqsad – o‘z hokimiyatini mustahkamlashni ko‘zlabgina mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritmoqda. Bu maqsadga yagona usul yordamida – O‘zbekiston vatandoshlari huquq va erkinliklarini cheklash hisobiga erishiladi. Bu jarayon ko‘plab huquqiy tushunchalarni almashtirish bilan bog‘liq. Shu bois oxirgi ikki yilda jamoatchilikka o‘z fikrini bildirish bilan bog‘liq yuzlab qonunbuzarliklar to‘g‘risida ma’lum bo‘ldi. Va bu bosim kuchayib bormoqda.

A.Ilhomov
A.Ilhomov

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari, siyosatshunos Alisher Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda hokimiyatni har qanday yo‘l bilan saqlab qolishga urinish muxolifat va tanqidiy fikrda bo‘lgan jamoatchilik faollari, jurnalistlar va siyosatchilarga bo‘lgan bosimning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini gapiradi.

- Konstitutsiyaviy islohot g‘oyasi hali qaysi yo‘l bilan amalga oshirilishini bilmay turib, ular o‘z harakatlariga legitim ko‘rinish bermoqchi. Bunday xohish mamlakatda bosimning kuchayishiga olib kelish xavfini tug‘diradi. Yillar o‘tib islohotchi sifatida kelgan Mirziyoyev va Karimov o‘rtasida farq yo‘qolib boradi. Va bunday rejalarga qarshi chiqqan fuqaroviy jamiyat huquqlari ham shunga yarasha cheklab boriladi. Men bu ketishda Karimov bilan yo‘qolgan “Jasliq”, qiynoqlar, repressiv idoralar va siyosiy politsiya qayta tiklanishidan xavotirdaman.

O‘tgan yili ikkinchi muddat prezidentlikka kirishgan Shavkat Mirziyoyev, iqtidorga kelganidan beri ikki marta Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

2017-yilda Konstitutsiyaga sud tizimini modernizatsiya qilish, 2019-yilda esa “hukumat va uning hisobdorligini demokratiyalashtirish”ga qaratilgan tuzatishlar kiritildi.

Rasmiylar konstitutsiyaviy o‘zgartirishlarni islohotlarni jadallashtirish ehtiyoji bilan izohlamoqda.

Ammo marhum prezident Islom Karimov shu kabi vajlar bilan to‘rt marta prezidentlikka saylangani, bir martasida esa umumxalq referendumi orqali prezidentlik muddatini uzaytirgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG