Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:27

"Ko‘chada qoldik". Farg‘onada uyi yonib ketgan oila hodisada gazchilarni ayblamoqda


Farg‘onada yonib ketgan Saibdoyevlar uyi
Farg‘onada yonib ketgan Saibdoyevlar uyi

Farg‘ona shahrida “Sadvinsovxoz” mavzesidagi yonib kul bo‘lgan 8 sotixli uy egalari yong‘in kelib chiqishida “Farg‘onashahargaz” idorasi tomonidan yuborilgan payvandchilarni aybladi.

Payvandchilar brigada rahbari esa, ekspertiza natijalarini kutishni taklif etdi.

Jabrlanuvchi Saidboyevlar oilasi hozirda qo‘shnisining hovlisida yashayotgani, mahalliy hokimiyatdan biron mutasaddi kelib, ulardan xabar olmaganini aytmoqda.

"Uyimni yoqvorgan svarkachilar javobgarlikka tortilsin!"

Shu yilning 30 - iyul kuni ertalab soat 9 larda Farg‘ona shahrining “Sadvinsovxoz” deb nomlanadigan “O‘rmonchilar” mahallasidagi 10 sotixli Saidboyevlar xonadonida gaz trubasini kesish paytida yong‘in kelib chiqdi.

Ta’mirlash ishlari endi tugatilgan 10 xonali bu uy ikki ayvoni, ikkita oshxonasi, ikkita hammom, ikkita hojatxonasi va qo‘shimcha omborlar bilan birga 2 soat ichida yonib bitdi.

Uni o‘chirishga o‘t o‘chiruvchilar va Milliy gvardiya bo‘linmalari jalb qilinib, mahalliy aholi ko‘magida yong‘in bartaraf etilgani ma’lum bo‘ldi.

Hovli egasi Zamira Saidboyeva Ozodlik bilan suhbatda hodisa tafsilotlarini tasvirlab berdi:

- Katta pul sarflab, qarzga endi remontlarni tugatib, ustalarni uyga jo‘natgandik. Yangi darvoza zakaz qilgandik. Xo‘jayinim Farg‘ona shahar gaz idorasiga borib, yordam so‘ragan. Tashqarida qo‘yilgan qimmat gaz schyotchikni ichkariga olib kirish uchun “Shahargaz”dan bosh injener 5-6ta payvandchi jo‘natdi. Juma kuni ertalab ular kelib, avtogeni bilan trubalarni qirqishdan oldin, mahalladagi ko‘chaning bir tomonidagi beshtagina xonadon gazini o‘chirgan. Shabodada ular svarkasini qilavergan. Shunda gaz portlashi bo‘lgan, qayerdadir gaz utechka bo‘lib, - dedi Zamira Saidboyeva.

Farg‘onalik ayolning aytishicha, yong‘in chiqishidan oldin qo‘shnilar portlash ovozini eshitgan. Yangi bitgan tom yarim soatga yetmay, yonib ketgani aytiladi.

Yong‘in guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, alanga shu qadar tez ko‘tarilganki, ikkita o‘t o‘chiruvchi tutundan dimiqib, hushini yo‘qotgan, tibbiy yordam ko‘rsatilganidan keyin o‘zlariga kelgan.

Gaz hisoblagichi o‘rnatilishi kerak bo‘lgan joy
Gaz hisoblagichi o‘rnatilishi kerak bo‘lgan joy

Butkul yonib ketgan uy egalari hozircha qo‘shnisining hovlisida yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Zamira Saidboyeva ularning ahvolidan na “Farg‘onashahargaz”, na Farg‘ona shahar hokimiyati va na boshqa mutasaddilar hol-ahvol so‘raganini aytadi:

- 10 xonali hovli – ikki xo‘jalik yashardik. Ko‘chada qoldik. Bitta-ikkita narsamdan tashqari hamma mebellarimiz, kelinimning uyi to‘liq yonib, kul bo‘ldi. Qo‘shnimning tomi, uzumlari ham yonib ketdi. Tergovchilar, shahar gazchilari keldi, indamay turishdi. Uyimiz sug‘urtalanmagan. FVV tergovchisi aytdiki, “Xulosa qilaman, mutaxassis kelib, uyni baholab beradi. Prokuraturaga ariza tashlang”. Bu uyimni yoqvorgan oltitasichi - ketaveradimi?! Firmani boshlig‘i kelib, 2 million so‘m olib kelibdi! Olmadik. 2 yil qurgandik bu uyni. Bu qaynonamning uyida bolali kelini, o‘g‘li, qizi ham yashaydi. Mahallamiz raisi 100 ming so‘m pul chiqaribdi, rahmat. Lekin na biror idoradan, na hokimiyatdan kelib ahvol so‘rashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 31 - iyul kuni yong‘in bulgan xonadonga Favqulodda vaziyatlar vazirligi va prokuratura xodimlari, ekspertlari kelgan va dalolatnoma tuzishgan. Xonadon egalarining aytishicha, bu turar joy shaxsiy mablag‘lari va bankdan olingan kredit hisobiga to‘liq qayta ta’mirlangan.

"Zararni kim qoplashini biz bilmaymiz!"

Farg‘onaning “O‘rmonchilar” ko‘chasi, 18-uy manzili bo‘yicha yonib ketgan xonadon egalari Saida va Dilmurod Saidboyevlar ularning zararlarini kim qoplashi masalasi ochiqligicha qolayotganini bildirishdi.

Bu masalada Ozodlik na “Hududgaz Farg‘ona” MChJ, na uning “Farg‘onashahargaz” filialidan va na payvandchilar brigadasini yuborgan Abror ismli bosh injenerdan javob ololdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Saidboyevlar uyida 30 - iyul kuni ta’mirlash ishlarini “Globalgarantservis” xususiy korxona payvandchilar brigadasi olib borgan.

Korxona rahbari Isoqjon Zaripov Ozodlik bilan suhbatda gaz trubasini kesishga “Farg‘onashahargaz” tomonidan yollanganini tasdiqlab, yong‘inni “baxtsiz hodisa” deb atadi.

- Ular svarkachilarni so‘ragan, og‘zaki aytgan bizga, hech qanday shartnoma bo‘lmagan – biz jo‘natdik schyotchigini o‘rnini o‘zgartirish uchun. Ular ishlayotganda yong‘in chiqqan. Biz borib, Saidboyevlarga yordam qilamiz desak, rozi bo‘lmadi. Men otpuskadagi ishchilarni “3-4 so‘m pul ishlab kelasan”, deb yollagan edim. Ular qoplashga imkoni yo‘q zararni...

Payvandchilar shahar gaz idorasidan emas. Ular odamlarni ogohlantirib, gazni to‘liq o‘chirishi kerak edi. Shunchaki, aholini ogohlantirmasdan, gazni o‘chirib bo‘lmaydi-ku! Ular gazni o‘chirib, ish qilayotganda yong‘in chiqqan. Svarkachilar olov tom ichidan chiqqanini ko‘rgan ekan. Ekspertlar yong‘in masalasida xulosa bergani yo‘q, seshanba beradi, - dedi tovon to‘lash masalasi ekspertiza xulosasi chiqqanidan keyin hal etilishini gapirgan Isoqjon Zaripov.

“Globalgarantservis” rahbari uning shirkati gaz jihozlari bilan ishlashga litsenziyasi borligi, o‘sha kuni chaqirtirilgan payvandchilar oldin ham bu kabi ishlarni bajarib kelganini qo‘shimcha qildi. Suhbatdosh ilgari o‘zi shahar gaz ta’minoti tizimida uzoq yillar ishlab kelganini ham eslatdi.

Birinchi hodisa emas...

Gaz schyotchiklarini o‘rnatish paytida gaz ta’minoti idoralari tomonidan aholiga zarar yetkazish holatlari oldin ham uchragan.

Xususan, Kun.uz shu yil iyul oyida Samarqand shahrida “Samarqand Hududgaz” MChJchi tomonidan Kulollar mahallasi G‘ayrat ko‘chasida yangi gaz hisoblagich o‘rnatish chog‘ida chiqqan yong‘in oqibatida uch xonadonga o‘t ketgani haqida xabar qilgandi.

Hodisa guvohlari yong‘in ichida gazi bor quvurni bolgarka yordamida kesayotganida kelib chiqqanini aytishgan.

2020- yilning 24 - sentabr kuni Andijon shahridagi xonadonlardan birida o‘rnatilgan “aqlli gaz hisoblagich” ikki soat o‘tib-o‘tmay, portlab ketgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi. Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayevga qarashli Texnopark MChJ ishlab chiqargan bu hisoblagichlar hatto mutaxassislar e’tiroziga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 - sentabr kuni "Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish" loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Prezident qarori bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni 2021 - yil 1 - avgustga qadar yakuniga yetkazish topshirildi.

XS
SM
MD
LG