Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:34

"Kelajakda Isroil ko‘proq izolyatsiyaga uchraydi". Netanyaxu va XJS orderi


Binyamin Netanyahu.
Binyamin Netanyahu.

Tahlilchilar va rasmiylarga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ichki va tashqi huquqiy xavflarga duch kelmoqda. Bu Isroil rahbari uchun notinch kelajak demakdir, G‘azo hamda Livandagi urushlarga ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin.

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) payshanba kuni Isroil uchun kutilmagan qaror chiqardi. Sud Netanyaxu va uning sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni G‘azodagi 13 oylik mojaroda harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, qamoqqa olish orderini chiqardi.

Bu shov-shuv Netanyaxuni yillar davomida ta’qib qilib kelgan va agar aybdor topilsa, uning siyosiy faoliyatiga chek qo‘yadigan korrupsiya bo‘yicha sudda guvohlik berishidan ikki hafta oldin sodir bo‘ldi. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni inkor etgan.

ҲАМАС “тўлақонли келишув”га рози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:41 0:00

Mamlakatdagi poraxo‘rlik ishi jamoatchilik fikrini bo‘lib yuborgan bo‘lsa-da, XJS qaroridan so‘ng bosh vazir butun siyosiy doiralaridan keng qo‘llab-quvvatlash oldi. Bu unga notinch davrdagi dalda bo‘ldi.

Netanyaxu sud qarorini antisemitizm deb qoraladi hamda u va Gallant G‘azo tinch aholisini nishonga olganini va ularni atay och qoldirganini rad etdi.

Quddusdagi Ibroniy universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassisi Yonatan Friman shunday deydi: "Isroilliklar butun dunyo ularga qarshi ekanini o‘ylasa, ko‘p tanqidlarga uchragan bo‘lsa ham, o‘z rahbari atrofida jipslashadi."

U yana qo‘shimcha qildi: "Shuning uchun XJS qarori bu hukumatni va ular nazarida noto‘g‘ri (urush) siyosatini tugatadi deb o‘ylaganlar buning aksini ko‘radi."

Yuqori martabali diplomat aytishicha, dastlabki oqibatlardan biri shuki, Isroil Livandagi Hizbulloh bilan tez orada o‘t ochishni to‘xtatishi yoki G‘azoda HAMAS qo‘lida garovda qolgan odamlarni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishishi ehtimoli kamroq.

Isroilning Nyu-Yorkdagi bosh konsuli Ofir Akunis shunday dedi: "Bu dahshatli qaror Livanda kelishuvga erishish va garovga olinganlar masalasi bo‘yicha kelgusi muzokaralar imkoniyatlariga jiddiy zarar yetkazdi."

U Reuters agentligiga quyidagilarni aytdi: "Juda katta zarar yetkazildi, chunki Hizbulloh va HAMAS kabi tashkilotlar XJS tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu sababli ular narxni yanada oshirishlari mumkin, chunki XJS ularni qo‘llab-quvvatlamoqda."

HAMAS XJS qarorini olqishlagan bo‘lsa-da, na u, na Hizbulloh buni Isroilga bosim o‘tkazish imkoniyati sifatida ko‘rayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Isroil o‘tgan yil davomida ikkala guruhga ham, tinch aholiga ham katta talafot yetkazdi.

SUD JARAYONI

XJS orderlari urushga mamlakatda qanday qarash va uni chet elda ko‘pchilik qanday ko‘rishi o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatadi. Isroilliklar o‘z yo‘qotishlariga e’tibor qaratmoqda va milliy armiya tinch aholi qurbonlarini kamaytirishga harakat qilganiga ishonishadi.

Isroilning AQSHdagi sobiq elchisi Maykl Orenning aytishicha, XJSning bu harakati, ehtimol, qat’iyatni kuchaytiradi va harbiylarga G‘azo va Livanga yanada qattiqroq zarba berish uchun ruxsat beradi.

U Reuters agentligiga shunday dedi: "Isroilda chuqur ildiz otgan kuchli his-tuyg‘u bor: “Agar bizni qilayotgan ishimiz uchun hukm qilsalar, bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz mumkin."

Уруш хроникаси: Украина | Яқин Шарқ - Сурияга Ливандан қочқинлар оқими
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Netanyaxu XJS da’vosi bo‘yicha mamlakatda keng qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa-da, poraxo‘rlik, ishonchni suiiste’mol qilish va firibgarlikda ayblangan boshqa bir jinoyat ishi bo‘yicha bunday emas.

Sud jarayoni 2020-yilda boshlangan va Netanyaxu kelgusi oyda sudda ko‘rsatma berishi rejalashtirilgan. Sud uning so‘nggi ko‘rsatma berishni kechiktirish to‘g‘risidagi iltimosini rad etdi. U urush bilan bo‘lgani bois, himoya ishini tayyorlay olmaganini aytgan edi.

U o‘tgan yili guvohlik berishi kerak edi, ammo urush tufayli sana ortga surildi. Tanqidchilar uni hukm kunini kechiktirish va hokimiyatda qolish uchun G‘azodagi mojaroni cho‘zishda ayblashdi. Netanyaxu bu ayblovlarni rad etdi.

Isroilda doimo ziddiyatli shaxs bo‘lib kelgan Netanyaxuga nisbatan jamoatchilik ishonchi 2023-yil 7-oktyabrda HAMASning Isroil janubiga uyushtirgan va hukumatni g‘aflatda qoldirgan hamda 1200 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan hujumidan so‘ng keskin pasaydi.

G‘azo rasmiylari ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning keyingi harbiy harakatlari 44 000 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘ldi va G‘azo aholisining deyarli barchasini kamida bir marta ko‘chirishga majbur qildi, bu esa gumanitar falokatni keltirib chiqardi.

Bosh vazir davlat bosh prokurorining nima xato ketgani va Isroilning urushni olib borishi bo‘yicha mustaqil komissiya tuzish haqidagi maslahatini rad etdi.

Buning o‘rniga u faqat siyosatchilardan iborat tergov o‘tkazmoqchi, tanqidchilarning fikricha, bu Xalqaro Jinoyat Sudi (XJS) talab qilayotgan hisobdorlikni ta’minlamaydi.

Mashhur isroil gazetasi "Yedioth Ahronoth"ning yozishicha, mustaqil tergovga buyruq berilmagani XJSni harakatga keltirdi. "Netanyaxu bunday komissiya tuzmaslik uchun qamoqqa olish orderi xavfini afzal ko‘rdi," deb yozdi gazeta juma kuni.

Яқин Шарқ ва Украинадаги уруш: Ғазода 1 ярим миллион аҳоли уйларини тарк этган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:06 0:00

QAMOQQA OLINISH TAHDIDI

Bosh vazir XJS orderi soyasida yashashdan iborat qiyin kelajakka duch kelmoqda, u Muammar Qaddofiy va Slobodan Miloshevich kabi shunday tahqirlanishlarni boshdan kechirgan bir nechta rahbarlar qatoriga qo‘shildi.

Bu, shuningdek, agar u sudning a’zo 124 ta davlatidan biriga, jumladan Yevropaning aksariyat qismiga safar qilsa, hibsga olinishi mumkinligini anglatadi.

U xavfsiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan joylardan biri XJSga a’zo bo‘lmagan Amerika Qo‘shma Shtatlaridir va Isroil rahbarlari AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp XJS rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy etish orqali bosim o‘tkazishiga umid qilmoqda.

Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga nomzod Mayk Uolts allaqachon qat’iy choralar ko‘rishga va’da berdi: "Yanvar oyida XJS va BMTning antisemitik noxolisligiga kuchli javob bo‘lishini kuting," deb yozdi u juma kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.

Shu bilan birga, Isroil rasmiylari G‘arb davlatlari poytaxtlaridagi hamkasblari bilan muloqot qilib, qamoqqa olish orderlarini e’tiborsiz qoldirishga undamoqda. Vengriya allaqachon bunga rozi bo‘ldi.

Biroq, ayblovlar yaqin kelajakda yo‘qolmaydi, bu esa boshqa davlat rahbarlarini Netanyaxu bilan munosabat o‘rnatishdan tobora ko‘proq tiyilishga majbur qiladi, deydi Isroil Demokratiya instituti katta ilmiy xodimi Yuval Shani.

"Gapning indallosini aytganda, kelajakda Isroil davlati ko‘proq izolyatsiyaga uchraydi," dedi u Reuters agentligiga.

XS
SM
MD
LG