Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:49

Kabayeva Toshkentda: Saida Mirziyoyeva "Putin ma’shuqasi"ga mezbonlik qildi


Alina Kabayeva (markazda) va Saida Mirziyoyeva gimnastika musobaqasida Toshkentda.
Alina Kabayeva (markazda) va Saida Mirziyoyeva gimnastika musobaqasida Toshkentda.

Toshkentda 14−16-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan gimnastika bo‘yicha jahon kubogining navbatdagi bosqichiga sobiq gimnastikachi, "Putinning ma’shuqasi" sifatida tanilgan asli o‘zbekistonlik sobiq Duma deputati, hozirda esa G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Alina Kabayeva tashrif buyurdi.

U tadbirda O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi ma’muri Saida Mirziyoyeva hamrohligida paydo bo‘ldi.

14−16 aprel kunlari Toshkentda gimnastika bo‘yicha jahon kubogining 3-bosqichi o‘tkazildi. Musobaqaning oxirgi kunida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ammo bu tadbir jamoatchilik nazaridan chetda qolgan yana bir hodisa bilan e’tiborlidir.

Musobaqaning so‘nggi kunidagi final bosqichida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva va Putinga yaqinligi tufayli g‘arb sanksiyalariga tushgan Alina Kabayeva ishtirok etdi.

Kabayeva o‘tmishda gimnastika bo‘yicha jahon chempioni, Olimpiya chempioni Rossiya davlat dumasining sobiq deputati bo‘lgan.

“Gazeta uz” e’lon qilgan yagona fotosuratda Saida Mirziyoyeva va G‘arb sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Alina Kabayeva bilan birga o‘tirgani aks etgan.

Prezident otasining administratsiyasida kommunikatsiyalar va axborot siyosati sho‘’basi boshlig‘i bo‘lgan Saida Mirziyoyevaga oid bu xabarni boshqa nashrlar chetlab o‘tdi.

2022-yilning 7-martidan kuchga kirgan Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG) Qaroriga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga harbiy tajovuzi tufayli rossiyalik gimnastikachilar xalqaro turnirlardan chetlashtirilgan. Bu haqda Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG) saytida xabar berilgan.

“FIG ushbu favqulodda va shoshilinch choralar bo‘yicha qaror yuqorida aytib o‘tilgan favqulodda vaziyatlarni hisobga olgan holda qabul qilinganligini ta’kidlamoqchi. Ular gimnastikaning yaxlitligini, a’zolari va barcha sportchilar va ishtirokchilarning dahlsizligi va xavfsizligini saqlashga, zo‘ravonlik va sport adolatsizligining barcha shakllariga qarshi kurashishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlardir,”- deyiladi rasmiy xabarda.

Sportchilarga Xalqaro gimnastika federatsiyasi shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalarda qatnashish taqiqlandi. Shuningdek, Rossiyadan hakamlar va amaldorlar qabul qilinmaydi.

28-fevral kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi xalqaro sport federatsiyalariga Rossiya va Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli rossiyalik va belaruslik sportchilarni xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishni tavsiya qilgan edi. Tashkilot bayonotiga ko‘ra, mamlakatlar Olimpiya sulhini buzgan.

Bundan chiqdi, Haaga sudi tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan Vladimir Putinga yaqinligi uchun G‘arb sanksiyalari ostida qolayotgan Alina Kabayeva O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi, prezident administratsiyasi amaldori Saida Mirziyoyevaning xos mehmoni bo‘lgan.

O‘zbekiston sport jamoatchiligi vakillaridan biri Kabayevaning musobaqada paydo bo‘lganini bunday izohladi:

- G‘arbga kirolmayotgan Kabayeva Toshkentga mehmonga kelgan bo‘lishi va musobaqani tomosha qilgisi kelgan bo‘lishi mumkin. Shu bois Saida Mirziyoyeva unga hamrohlik qilgan. Ammo bir narsa aniqki, Kabayeva tashkilotchilar tomonidan musobaqaga taklif qilinmagan, u shunchaki bir tomoshabin sifatida Jahon Kubogi musobaqalari finalini tomosha qilgan.

Kabayeva 2017-yilda va undan keyin ham O‘zbekistonga kelib ketib yurgan.

Alina Kabayeva 2022-yilning yozida Yevropa Ittifoqi, Britaniya va AQSHning sanksiyalar joriy etilgan shaxslarning “qora ro‘yxati”ga kiritilgan edi. YI, Britaniya va AQSH hukumatlari rasman Alina Kabayeva Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “yaqin munosabatda” ekani ortidan sanksiyaga tushganini bildirgan. Jahon OAVlari Putin va Kabayevaning umumiy farzandlari borligi haqida yozgan edi.

Jumladan, Shveysariyaning SonntagsZeitung gazetasi 2022-yilning 1-mayda nashr etilgan sonida Vladimir Putinning 2015 va 2019-yillarda tug‘ilgan ikki o‘g‘li borligi va ulardan biri Shveysariyada istiqomat qilishi haqida yozgan edi.

Advokat va muxolifatchi Navalniy jamoasi a’zosi Lyubov Sobol Putinning atrofidagi barcha shaxslarga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etishni davom ettirishi kerak, degan fikrda:

- Kabayevaning Putin bilan oilaviy aloqalari va nikohi rasman tasdiqlanmagan. Ammo boshqa fikrlar tasdiqlandi: Kabayeva uzoq vaqt davomida Milliy media guruhini boshqargan. U asosiy propaganda resursi va tuzilmasi hisoblanadi. Kabayeva Davlat Dumasi deputati va Jamoat palatasi a’zosi edi. Siz uning xizmatlarini uzoq vaqt sanab o‘tishingiz mumkin. Shuning uchun, targ‘ibotchi sifatida u ushbu sanksiyalar ostida bo‘lishi kerak. Axir Alina, uning singlisi, onasi va momosi nafaqat uning oila a’zolari, balki “hamyonlari” hamdir.

Qator nashrlar olib borgan jurnalistik surishtiruvlar natijalariga ko‘ra, bolalarni tagi toshkentlik sobiq gimnastikachi Alina Kabayeva dunyoga keltirgan. Kabayeva Putinning yaqinlaridan biri sifatida so‘nggi paytlarda G‘arb OAVlarida ko‘p tilga olinmoqda.

Bir hafta oldin Sochida Alina Kabayeva xayriya fondi tomonidan tashkil etilgan “Alina-2023” badiiy gimnastika festivali yakunlangandi. Bu yil o‘n ikkinchi bor o‘tkazilayotgan festivalda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Kuba va O‘zbekistondan 350 dan ortiq gimnastikachi ishtirok etdi.

Festival mehmonlari va jurnalistlar sportchining o‘ng qo‘lining halqa barmog‘idagi nikoh uzugiga e’tibor berishdi.

Mashhur gimnastikachi G‘arb sanksiyalari ostida qolib, nihoyat yashirin hayot tarzidan voz kechgan ko‘rinadi. "Mojem ob’yasnitь" kanali olib borgan surishtiruvga ko‘ra, "Milliy media guruhi"ning barcha imkoniyatlari endi Alina Kabayevaning loyihalari "piar"iga qaratilgan. Sobiq gimnastikachi bilan doimiy ravishda tayinlangan hatto shaxsiy jurnalist yurgani jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Ilgari mutlaqo panada yurgan Alina xonim haqida oxirgi paytlarda qator nashrlarda uni maqtovchi maqola va reportajlar paydo bo‘ldi.

Putin mashuqasining moddiy qo‘llovi bilan Rossiyaning eng yirik davlat neft-gaz kompaniyasi - "Gazprom" shirkati faol yordam berayotgani aniqlandi. "Mojem ob’yasnit" jurnalistlari "Gazprom" tuzilmalari Alina Kabayevaga Krasnodar o‘lkasidagi narxi 2,2 milliard rubldan ortiq bo‘lgan bepul bino sovg‘a qilganini aniqladi. /

Shuningdek, asli toshkentlik Kabayeva bu binodan uzoq masofada bo‘lmagan joyda maydoni Rossiyada eng katta bo‘lgan kvartira - narxi 120 million dollarga baholangan xususiy pentxausga ham egalik qiladi.

Surishtiruvchilarga ko‘ra, Alina Kabayevaga sovg‘a qilingan bunday binolar va mulk Rossiya va uning tashqarisida juda ko‘p bo‘lishi mumkin.

Paxtakor komandasining sobiq kapitani Marat Kabayevning qizi Alina Kabayeva Alisher Usmonovning rafiqasi Irina Viner ko‘magida Rossiya sport olamida katta yutuqlarga erishgan: Alina Kabayeva Vinerning eng mashhur shogirdlari va hamkorlaridan biridir.

Asli o‘zbekistonlik rus oligarxi Alisher Usmonovning rafiqasi, ayni damda Putinning asosiy tayanchi sanalgan “Yedinaya Rossiya” partiyasi oliy kengashi a’zosi, asli samarqandlik Irina Viner ham shu yil martida Xalqaro gimnastika federatsiyasi sanksiyalariga kiritilgan, Latviya esa uni o‘z hududiga noma’lum muddatga kiritmaslik to‘g‘risida qaror chiqargan. Urush boshlanganidan keyin, 2022-yilning 4-may kuni 30 yil birga yashagan Alisher Usmonov birdan Viner bilan ajrashayotganini ma’lum qilgan va iyul oyida ular rasman ajrashgan. Ajrashish sabablari hozirgacha noma’lum qolmoqda.

Sobiq sportchi Kabayeva esa hozirda Rossiyaning ”Milliy Media Grup” xoldingi direktorlar kengashi raisi, 2016-yildan esa ZAO Sport-Express direktorlar kengashini ham boshqarib keladi.

Kuzatuvchilar muammo Alina Kabayevaning o‘zida ham emasligi, balki chuqurroq munosabatlarda ekanini aytishadi. Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari, huquq faoli Nadejda Atayeva fikricha, Alina Kabayevaning O‘zbekistonda Saida Mirziyoyeva oldida paydo bo‘lib qolishi ko‘plab sabablar bilan e’tiborni tortadi.

-O‘zining tarixiy Vatanini yodga olganiga O‘zbekiston u uchun xatarsiz bo‘lib qolayotgan sanoqli mamlakatlardan biri bo‘lib qolayotgani, u Kremlning “yumshoq kuch” vakilasi sifatida bu yerda paydo bo‘lgani bo‘lishi mumkin. Eng avvalo, harbiy jinoyatchi Vladimir Putinning ishongan odami hamdir. “Ye9va” Kabayeva va “bunkerdagi boboy” nomi bilan tanilgan bu ikkovlon Rossiya imidji va ta’sir doirasini saqlab qolish uchun Putinga xayrixohlik bildirayotgan barcha hududlardagi aloqalarni ishga solmoqda. Ikkinchidan, Kabayeva rossiyalik siyosatchi va uning Toshkentga tashrifi ushbu tadbir bilan bog‘liq emas. Uchinchidan esa Alina Kabayeva rusiyzabon mamlakatlarda Rossiyaning manfaatlarini olg‘a suruvchi “Vatandosh” dasturi ishtirokchisiga aylangan, ko‘rinadi, dedi Nadejda Atayeva.

O‘zbekiston rasmiylari va sport mulozimlari Alina Kabayevaning Toshkentda paydo bo‘lishini sharhlamadi. Saida Mirziyoyeva ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu borada biron post qo‘ygani yo‘q.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG