Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:42

Jizzaxda yangi qurilayotgan ko‘pqavatli uyning qulab tushishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Jizzaxda qulab tushgan ko‘pqavatli uy - 10 - yanvar, 2021
Jizzaxda qulab tushgan ko‘pqavatli uy - 10 - yanvar, 2021

Jizzaxda qurilishi tugallanmagan olti qavatli uyning qulab tushishi hodisasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma’lumot tarqatdi.

Mulozim mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan.

Shu yil 10 - yanvarida Jizzax shahridagi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli uyning bir qismi qulab tushgani haqida Ozodlik avval xabar qilgan.

Qulagan bino hali foydalanishga topshirilmagan edi. Jizzax viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farrux Abdurahmonovga ko‘ra, bino xususiy tadbirkor tomonidan qurilgan. Binoning dastlabki 2 qavati do‘konlar va qolgan 4 qavati yashash uchun mo‘ljallangan.

Rasmiylar bino qulashi oqibatida hech kim jabrlanmagani va nobud bo‘lmaganini bildirganlar.

Hodisa ortidan uning sabablarini o‘rganish uchun bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan.

Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatining bildirishicha, komissiya 10 - yanvardanoq o‘z ishini boshlagan. Komissiya prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va boshqa vazirliklar, idoralar, ekspertlar hamda pudrat tashkilotlari mutaxassislaridan iborat.

Avvalroq binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgani ochiqlangan edi.

Hukumat komissiyalari

Jizzaxdagi qurilishi tugallanmagan ko‘pqavatli uyning qulashi so‘nggi bir yilda yuz bergan texnogen ofatlardan faqat bittasi.

Bunga qadar sodir bo‘lgan yirik halokatlar - 2019 - yil dekabridagi Yunusobod metro qurilishidagi yer o‘pirilishi hamda o‘tgan yil 1 - mayida yuz bergan Sardoba to‘g‘onining yorilishi hodisalari yuzasidan ham maxsus hukumat komissiyalari tuzilgandi.

Har ikki holatda hukumat komissiyalari faoliyati Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atish bilan yakun topgan.

Ammo yuqori darajadagi komissiyalar hodisalarga siyosiy baho bermagan, halokat sabablari borasida na dastlabki va na yakuniy xulosalarni hech qayerda e’lon qilmagan.

Ayrim vaqtlarda hukumat komissiyasi tarkibiga kirgan va ko‘pincha unga yetakchilik qilgan mulozimlarning shaxsi va mas’uliyati jamoatchilikning keskin noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Jizzaxdagi so‘nggi hodisani tekshirayotgan hukumat komissiyasi rahbari etib tayinlangan Bosh vazir o‘rinbosari Ramatov nomi Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 6 odam o‘limiga sabab bo‘lgan yer o‘pirilishi hamda Sardoba to‘g‘oni yorilishi munosabati bilan tilga olingandi.

Ozodlikka shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gapirgan Transport vazirligiga yaqin mulozim 2019 - yil dekabrida qisman o‘pirilib tushgan metroning Yunusobod liniyasi qurilishi tepasida “Temir yo‘llari”ning egasi Ramatov turgani, M800 superbeton o‘rniga¸ M400¸ hatto M300 ishlatilganini iddao qilgan edi.

Ramatov rahbari bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidagi "O‘ztemiryulkurilishmontaj" korxonasi esa o‘tgan yil 1 - mayida texnogen ofat yuz bergan Sardoba suv ombori qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG