Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:14

"Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkin". Lukashenko yana O‘zbekiston haqida gapirdi


Aleksandr Lukashenko va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarining Belarusga tashrifi chog‘ida - Minsk, 31 - iyul, 2019
Aleksandr Lukashenko va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarining Belarusga tashrifi chog‘ida - Minsk, 31 - iyul, 2019

Belarusning avtoritar rahbari Aleksandr Lukashenko yaqin kelajakda ayrim sobiq sovet davlatlari, jumladan, O‘zbekiston Rossiya va Belarus o‘rtasida tuzilgan Ittifoq davlatiga a’zo bo‘lishi mumkinligini bashorat qildi.

Rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovga bergan intervyusida Lukashenko yanvar voqealari Qozog‘istonga "yaxshi saboq bo‘lgani"ni aytdi. Mazkur intervyudan parchalar 6 - fevral kuni Rossiya media platformalarida e’lon qilindi.

Boshlovchining “Ittifoq davlati kelajagini qanday tasavvur qilasiz?” degan savoliga Aleksandr Lukashenko quyidagicha javob bergan: “Bilasizmi, Belarus allaqachon unga kirgan. O‘ylaymanki, Qozog‘iston ham yaxshigina saboq oldi (yanvar voqealari nazarda tutilmoqda - tahr.) Agar siz kelayotgan 15 yilni nazarda tutsangiz, aminmanki, Ukraina Ittifoqda bo‘ladi, agar xato qilib qo‘ymasak. Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston ham, o‘ylaymanki, o‘zlarining iqtisodiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qo‘shiladi", deb aytgan Lukashenko.

Лукашенко: Ўзбекистон Қозоғистондаги воқеалардан сабоқ чиқариши керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:30 0:00

Bu Qozog‘istondagi yanvar voqealaridan buyon Lukashenkoning O‘zbekistonni birinchi marta tilga olishi emas.

10 - yanvar kuni KXShTga a’zo davlatlar rahbarlarining onlayn sammiti chog‘ida Lukashenko, o‘zining ta’biricha, Qozog‘istondagi tartibsizliklarni keltirib chiqargan kuchlarning "nigohi hozirda O‘zbekistonga qaratilgani"ni iddao qilgan va rasmiy Toshkentni voqealardan saboq chiqarish haqida ogohlantirgandi.

Prezident Mirziyoyev Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi bayonotini “asossiz” deya tanqid qilgan.

"Mustaqillik - nisbiy tushuncha"

Lukashenko Rossiya “gazi, nefti va bozori”ga urg‘u berib, “mustaqillik” tushunchasining “nisbiyligi”dan bahs etgan.

O‘tgan oyda Lukashenko Qozog‘istondagi yanvar voqealarini Belarus uchun “yana bir ibrat” deb atagandi.

Rossiya va Belarus ittifoq davlati – davlat usti tuzilma bo‘lib, uni tashkil qilish to‘g‘risidagi shartnoma 1999 - yil 8 - dekabrda Aleksandr Lukashenko hamda Boris Yelsin tomonidan imzolangan. Hujjatda, jumladan, yagona parlament va umumiy valyuta, qonunchilikni va davlat ramzlarini birxillashtirish nazarda tutilgan.

2020 - yilgi prezident saylovidan so‘ng Belarusda keng yoyilgan ommaviy norozilik ortidan Moskva Ittifoq davlatini shakllantirish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtira boshladi. Lukashenko namoyishlarni kuch bilan bostirganidan keyin Rossiya-Belarus integratsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichga kirdi.

G‘arb Lukashenkoni saylov natijalarini soxtalashtirganlikda ayblaydi va uni legitim prezident deb hisoblamaydi.

Belarus muxolifatining qator vakillari Lukashenko Moskvadan dastak olish uchun hatto Belarus suverenitetidan voz kechishi mumkinligidan xavfsiraydilar.

TASS axborot agentligi yozishicha, intervyuda Lukashenko “umumiy mudofaa makonining ahamiyati” haqida gapirar ekan, “ham Qozog‘iston, ham KXShT buni isbotlagan”ini aytgan.

Yanvar oyining ilk kunlarida mamlakat g‘arbida boshlangan tinch namoyishlar ko‘plab hududlarga yoyilgan edi. Xususan, Olmaotada norozilik qonli voqealarga ulanib ketdi. Namoyishlar chog‘ida hukumat internetni o‘chirib qo‘ydi va mobil aloqani chekladi.

Toqayev chet elda yetishtirilgan “20 ming terrorchi” Olmaotaga hujum qilganini aytdi, biroq o‘z iddaosiga biron bir dalil keltirmadi. Qozog‘iston rahbari Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan yordam so‘radi.

Shuningdek, kuch ishlatar xodimlarga namoyishchilarga qarata “ogohlantirmasdan o‘q otish”ga buyruq berganini e’lon qildi.

Qozog‘iston rasmiylari yanvar voqealarida 227 kishi, jumladan 19 nafar huquq-tartibot xodimi nobud bo‘lganini ma’lum qilishdi.

Biroq inson huquqlari tashkilotlari qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ular tinch namoyishchilar hamda norozilik aksiyalariga mutlaqo daxli bo‘lmagan kishilar orasida qurbonlar borligini tasdiqlovchi dalillarni keltirishmoqda.

Ko‘plab guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yanvar voqealaridan so‘ng mamlakatda qatag‘onlarning yangi to‘lqini boshlangan. Inson huquqlari himoyachilari va faollar qo‘lga olingan tinch namoyishchilarni do‘pposlash va qiynoqqa solish “tizimli” yo‘lga qo‘yilganini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG