Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:43

Issiqxonalarni sovuq urdi - tadbirkorlar zararni hisoblamoqda, ammo foydasi yo‘q


Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazda meva-sabzavot bozorini o‘rganuvchi EastFruit xalqaro axborot-tahliliy portalining yozishicha, O‘zbekiston hukumatining issiqxonalarni gazdan uzib qo‘yish qarori mamlakatda butun-boshli issiqxona sanoatini xavf ostida qoldirgan. Nashrga ko‘ra, millionlab dollar kredit olgan o‘zbek tadbirkorlari qiyin ahvolda qolgan va gaz arzon bo‘lgan Turkmaniston hamda Rossiyadagi raqobatchilarga bozorni boy bermoqda. Nashr ekspertlari aholining gaz va elektrga ehtiyojini qoplay olmayotgan o‘zbek hukumatining issiqxonalarni "toza ko‘mir"ga o‘tkazish qarorini "yomon yechim" deb baholashgan.

Bu yil qish mavsumida elektr va gaz ta’minoti muammo bo‘lmasligini va’da qilgan hukumat mavsum boshidayoq ko‘plab bizneslarni energiyadan uzib qo‘ydi.

12-20-dekabr kunlari havoning sovib ketishi ortidan gaz bosimining pasayishi va elektrning ogohlantirmasdan o‘chirilishi oqibatida ko‘plab issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor, bodring, qalampir kabi ekinlarni sovuq urdi. Tadbirkorlar ko‘rgan zararning miqdori borasida hozircha rasmiy hisob-kitoblar yo‘q.

Buxoro viloyat, Buxoro tumanidagi “Dilbek Davlat” MCHJ rahbari Dadaxon Ahmatov ham 1 gektar issiqxonasida yetilib qolgan 80 tonna pomidorlaridan bir kechaning o‘zida ajralib qolishini xayoliga ham keltirmagan edi.

Dadaxon Ahmatov o‘tgan qish va bahorda issiqxonasidagi pomidorlarga kasallik tushgani tufayli mahsulotini sotolmagan va gazdan qarzdor bo‘lib qolgan. Fors-major holat bo‘lganini Savdo-sanoat palatasi tasdiqlagan bo‘lsa ham, unga gaz berilmagan.

Tadbirkor issiqxona qozonlarini solyarka bilan ishlatib kelgan. Ammo 12- dekabr kuni elektr energiyasining birdaniga uzilib qolishi oqibatida qozonxona ishdan to‘xtagan uning bor hosili nobud bo‘lgan:

“Gazga ulanishga ruxsat berishmadi. Tuman hokimiga ham kirib chiqdim. Viloyat gaz idorasiga ham bordim. Aytdim, mana hosilim pishishni boshladi. 2 tonna sotdim, mana hozir 50 million so‘m pulim bor, to‘layman. Yana 100 million qarzim qoladi, uni ham tez kunda to‘layman, iltimos imkon beringlar, o‘n kun gazni ulab beringlar, desam ham hech kim quloq solmadi. O‘sha kecha 30 million so‘mga uch tonna solyarka yoqdim. Yaxshi ishlayotgan edim, soat 12larda svet o‘chib qoldi, svet bo‘lmasa kotyol ham o‘chadi. Havo 25 daraja sovuq edi. Dvijokni qo‘shaman desam, uni suvi muzlab qolgan. To uni suvini isitib ishlatib qayta kotyolni yoqqunimcha bir soat vaqt o‘tdi. Bu vaqtda issiqxona ichidagi temperatura minus 20ga tushdi, olov qildik, dud qildik, lekin hosilni saqlab bo‘lmadi”.

Tadbirkor bu yilgi hosilni sotib, gazdan qarzini uzmoqchi va oldindan ham to‘lov qilmoqchi edi, ammo hozir unda hech narsa qolmadi. Qaytadan ko‘chat ekib ishga kirishsa ham bo‘ladi, lekin issiqxona qozonlarini solyarka bilan isitish uch baravar qimmatga tushadi.

Bu tomondan esa bank kreditlarni qaytar deb bosim qilyapti.

Dadaxon Ahmatov bunday boshi berk ko‘chaga kirib qolgan birgina tadbirkor emas.

Buxoro viloyat, Romitan tumanidagi “Dirilling elektroservis” MCHJ rahbari Gulshan Safarovaning issiqxonasidagi pomidor endi tuga boshlagan va yanvar oyining oxiriga yetilishi kerak edi. Ammo 12-dekabr kuni kechasi gaz bosimining birdan pasayib ketishi va elektr tokining o‘chib qolishi natijasida sakkiz mingdan ortiq ko‘chatni sovuq urdi:

“12-dekabr kuni gaz ham, svet ham o‘chdi. Ikki tashkilotga ham oldindan to‘lov qilib qo‘yganman. Agar to‘lov qilmasak kelib kesadi. O‘sha kecha minus 20 sovuq bo‘layotganini ko‘rib turibdi, nega bir og‘iz ogohlantirmasdan svetni o‘chiradi. Xohlagan payt svetni o‘chiradi. Gazning 100 foiz oldindan to‘lov qilib qo‘yilishi ham bizni qiynab yubordi. Hozir odamlardan protsentga qarz olib, yanvar oyiga to‘lab keldim. O‘sha kecha svet ham o‘chdi, gaz ham, hech narsa qilolmay qoldik. 50 so‘tixcha joydagi pomidor ko‘chatlarim nobud bo‘ldi”.

Buxorolik tadbirkor Xurshid Tursunovning aytishicha, issiqxonachi tadbirkorga berilayotgan kreditlar foizining juda balandligi ularni mushkul ahvolga solib qo‘ygan:

“Birinchidan, gap AQSH dollarida berilayotgan kreditlar foizlarining haddan tashqari balandligi, yaьni 5- 10 foizligida va buning ustiga kreditlar qisqa muddatga 7 yilga ajratilganida. Aslida bu kreditlar xalqaro moliya institutlari tomonidan 25-30 yilga 1-2 yillik foiz bilan berilgan, eng katta xatoga hukumat tomonidan shu yerda yo‘l qo‘yilgan, ya’ni avval-boshdan kreditlar 25-30 yilga va yillik 1-2 foiz bilan berilganda va xuddi shu foizlarda aylanma mablag‘ ajratilganda edi, o‘shanda issiqxonalar stabil ishlashi mumkin edi”.

Gulshan Safarovaning aytishicha, garchi prezident qarori bilan issiqxonasi bor tadbirkorlarga aylanma mablag‘ kreditlari berish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, ammo bu mablag‘lar ulargacha yetib kelmayapti:

“Bizlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi, lekin yetib kelmaydi. Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun bizlarga hech bo‘lmasa bir yilda bir marta aylanma mablag‘ berishsin. Jahon banki issiqxonalar uchun O‘zbekistonga past protsent bilan kredit beradi, lekin bizga 6-7 foizli kredit berishadi. Biz bor-budimizni sotib shunga tikdik, hatto yashaydigan uylarimizni garovga qo‘ydik. Barcha issiqxonasi bor tadbirkorlardan so‘rang, hammada shu muammo”.

Tadbirkorlarning aytishicha, ularning himoyalanmagan eng zaif tomonlaridan biri, sug‘urta tizimining ishlamasligi.

Dekabr oyidagi sovuqda hosili nobud bo‘lgan tadbirkorlar sug‘urta kompaniyalaridan hech narsa undirib ololmayapti.

Buxoro tumanidan tadbirkor Jo‘rabek Davronovning ham qariyb 2 gektar maydondagi hosilini sovuq urgan. Bir milliard so‘mdan ortiq zarar ko‘rgan tadbirkor bunga elektrning uzib qo‘yilishi sabab bo‘lgan demoqda.

O‘tgan yil ham tadbirkor elektr tokining besh soat davomida ogohlantirishsiz o‘chirib qo‘yilishi oqibatida katta zarar ko‘rgan va elektr tarmoqlari idorasi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgan.

Tadbirkorning aytishicha, uning arizasi Oliy Sudda ko‘rilmay yotibdi.

Tadbirkor sug‘urta kompaniyasiga zararni qoplab berish haqida ariza kiritgani, lekin kompaniya uning talabini rad etganini aytadi.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, 99 foiz tavakkal bilan ishlayotgan issiqxonachilarga hech qanday himoya chizig‘i yo‘q. Ular juda ham katta mas’uliyatni bo‘yinlariga olib tavakkal qilishadi.

Elektr toki yoki gazning o‘chib qolgani uchun zararni bu korxonalardan undirib olgan tadbirkorni topish qiyin. Yoki o‘simliklarga biror xil kasallik tushib hosili nobud bo‘lsa ham, fors-major holatlari hisobga olinmaydi.

ZIMISTON-UZ. 25-qism: Аномал совуқдан қанча зарар кўрилди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:10 0:00

Boz ustiga gaz va elektr energiyasi narxining deyarli karrasiga oshirilgani ham, xarajatlarning keskin oshishiga va ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi juda qimmatga tushishiga, pirovardida esa bozordagi narx-navoning ko‘tarilishiga ham sabab bo‘layotgani aytiladi.

Shavkat Mirziyoyevning prezidentligi davrida issiqxonachilikni rivojlantirish haqida bir qancha hukumat qarorlari chiqarildi. Ammo tadbirkorlarning aytishicha, bu qarorlar ijrosi ta’minlanmagani uchun ham, ular katta muammolarga duch kelmoqdalar:

“Mana prezidentimiz chiroyli qarorlarni chiqaradi, lekin ijrosi bizgacha yetib kelmaydi. Issiqxonalar uchun 453-sonli qaror chiqdi, zalogsiz kredit berilsin, dedi. Lekin u narsa bizlargacha yetib kelmadi. Prezidentimiz shu yil 387-sonli qaror chiqardilar, yana shularga garovsiz kredit berilsin dedilar. Ishonasizmi, men may oyidan dekabr oyigacha yugurdim, kredit ololmadim. Hujjatni Toshkentga yuboraman, hali bu bahonani topib qaytaradi, hali u bahonani qiladi qaytaradi. Nuqtani vergul qil, vergulni nuqta qil, deydi. Axiyri, voz kechdim o‘sha kreditdan, ishonasizmi?”, deydi tadbirkor Gulshan Safarova.

Buxorolik tadbirkor Xurshid Tursunovning aytishicha, issiqxonachilikni rivojlantirishga qo‘yilayotgan sun’iy to‘siqlar oqibatida O‘zbekiston mahsulotlari eksportda raqobatbardoshsiz bo‘lib qolmoqda.

East Fruit nashri tahlilchilari O‘zbekistonda issiqxona biznesi qiyinchiliklarga yuz tutishi haqida uch yil avval ogohlantirgan edi.

Nashr tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda pomidorning ulgurji narxlari to‘rtinchi yildirki rekord darajada yuqori qolmoqda.

O‘zbekistondan pomidor eksporti 22 foizga kamaygan.

Bunga asosiy sabab qo‘shni Turkmanistonda arzon tabiiy gaz hisobiga yetishtirilayotgan issiqxona mahsulotlari bo‘lmoqda.

Buning asosiy sabablaridan biri O‘zbekistondagi issiqxonalarga tabiiy gazdan foydalanishni taqiqlash, ko‘mirga o‘tishga majburlash bo‘lyapti. Iqtisodiy muammolar, valyutadagi qarzlar va iqtisodiy raqobat ham mamlakatga bosim o‘tkazadi.

O‘zbekiston Rossiyadagi o‘z bozor ulushini Ozarbayjon, Eron, Turkiya va Turkmanistonga boy bermoqda. Gaz ta’minotini tiklash bo‘yicha va’dalarga qaramay, ko‘plab issiqxonalar allaqachon uzilishlarga duch kelgan yoki ko‘mirga o‘tgan.

Issiqxona biznesining kelajagi haqidagi savol ochiq qolmoqda.

East Fruit ga ko‘ra, O‘zbekistonda tajriba va savdo aloqalari bor, lekin gaz narxining yuqoriligi va raqobat, muammolarni keltirib chiqaradi.

Jahon banki energetika sohasida chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 46,2 million AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.

JB matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur grant O‘zbekiston hukumatiga atmosferaga issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga, energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga yordam beradi hamda xalqaro uglerod bozorlariga kirish uchun imkon yaratadi.

Ammo berilayotgan grantlarga qaramasdan o‘zbek hukumati hanuz issiqxonachilarni ko‘mirga o‘tkazish talabidan voz kechgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG