Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:29

Islom qizlar ta’limini taqiqlamaydi. Tolibon nega taqiqladi?


Ayollar ta’limi ahamiyati 200 dan ortiq davlat va hududlarda, jumladan, 50 ga yaqin musulmon davlatlarida tan olinadi

Ammo Afg‘onistondagi murosasiz islomiy Tolibon ikki yil avval hokimiyatga qaytganidan beri o‘smir qizlarni oltinchi sinfdan keyin maktabda o‘qishini taqiqlab qo‘ydi. Dekabr oyida taqiq talaba qizlarni ham qamrab oldi.

Mamlakatdagi afg‘onlarning sanoqsiz noroziliklari, xalqaro hamjamiyat bosimi va musulmon ulamolarining chaqiriqlariga qaramay, fundamentalist Tolibon yetakchilari maktablarni qayta ochmadi.

Bu taqiq Tolibonning islomiy talqini konservativ pashtun qabilaviy urf-odatlari asosida shakllangani sabablimi qo‘yildimi yoki yuqori martabali Tolibon mafkurachilari islomni shunday tushunadimi – bu masalada ekspertlar fikri har xil.

“Отасининг қизи”. Қизлар таълим олиши керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:33 0:00

Tolibon yetakchilarining aksariyati etnik pashtunlar, sunniy musulmon klerikallardir. Ko‘pchilik qo‘shni Pokistondagi Deobandi madrasasida tahsil olgan. Deobandizm 19-asr Britaniya mustamlakasi Hindistonda islom uyg‘onish harakati sifatida paydo bo‘lgan. U sunniy hanafiy mazhabiga asoslangan bo‘lib, Afg‘oniston va Pokistondagi islomchilar orasida keng ta’sirga ega.

Qabilaviy ta’sirlar

Tajribali afg‘on jurnalisti va sharhlovchisi Sami Yusufzayning ta’kidlashicha, Tolibonning ayollarga nisbatan cheklovlari Afg‘onistonning sharqi va janubidagi ijtimoiy urf-odatlar va madaniy amaliyotlardan kelib chiqqan.

Tolibon yetakchilarining aksariyati Pokiston bilan chegaradosh bu hududlardagi turli pashtun qabilalaridan chiqqan.

"Ular ayolning o‘rni yo uyda yoki qabrda deb hisoblaydi",- deydi Yusufzay.

"Hozirgi Tolibon siyosatchilari oilalaridagi ayollar hech qachon ta’lim olmagan va uylarini tark etmagan",- deydi Yusufzay.

U 1994-yil oxirida Afg‘oniston janubidagi Qandahor viloyatida jangari islomiy guruhga aylangan Tolibonni kuzatib keladi.

«Bu ayollar hech qachon hukumat yoki nohukumat ishlar bilan shug‘ullanmagan», -deydi u.

Yusufzayning aytishicha, Tolibon ana shu dunyoqarash asosida shakllangan siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi islomiy ta’limotlarga tayanadi.

"Ularning asosiy e’tiqodiga ko‘ra, balog‘at yoshiga yetgan qizlar hech qanday holatda uydan chiqmasligi kerak, – deydi u. – Shuning uchun ular o‘qish yoki ishlash uchun uyidan chiqayotgan ayollarni axloqan buzuq deb hisoblashadi".

Taxminan 40 millionlik musulmon mamlakati Afg‘onistonda huquq faollari Tolibonni ayollarning ta’lim olishi, ishlashi va harakatlanish erkinligini cheklab "gender aparteidni" amalga oshirayotganlikda ayblamoqda.

Aksariyat musulmonlar Islom ayollar ta’limiga ruxsat beradi, degan fikrga qo‘shiladi. Biroq Tolibon kerakli shartlar asosida sharoit yaratilgandan keyingina ta’lim olishiga ruxsat berilishini e’lon qildi.

Afg‘onistondagi deyarli barcha o‘rta maktablar jins bo‘yicha ajratilgan va Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng universitetlarda erkaklar va ayollar o‘rtasida qat’iy segregatsiyani joriy qilgan edi.

Yusufzayning aytishicha, dunyodagi konservativ va an’anaviy musulmon jamiyatlarida ba’zi ulamolar ham ayollar ta’limi, mehnati va jamiyat hayotidagi rolini cheklash tarafdori. Ammo bu mamlakatlar hukumatlari odatda bunday g‘oyalarga amal qilmaydi.

So‘nggi yillarda eng konservativ sunniy musulmon davlatlaridan biri – Saudiya Arabistoni ayollarga mashina haydashga va erkak vasiysiz ko‘chada yurishga ruxsat berdi. Bu o‘zgarishlar valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshchiligidagi islohotlarning bir qismi sifatida amalga oshirildi.

Tolibonning ta’limni taqiqlashi butun dunyo musulmonlari tomonidan keng ko‘lamda qoralangan.

“Tolibonning ayollar ta’limini taqiqlashi shariatga asoslanmagan, aksincha, Islom ta’limotiga zid bo‘lgan madaniy tarafkashlikni aks ettiradi”,- deydi AQShdagi Musulmonlar Jamoatchilik bilan aloqalar kengashi prezidenti Salam al-Marayati.

Uning aytishicha, “Islom ilmga chaqiradi, jinsidan qat’i nazar, barcha insonlarni bilim olishga undaydi”.

Ёқуб Аҳмедов "Хилватдаги қизлар"ни тақиқлай олмади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:48 0:00

Tarixiy ziddiyat

Ammo islom ulamolari va Tolibonni qizlar maktablarini qayta ochishga undaganlar boshqacha izoh berishadi.

Islomiy ulamo va Bi-bi-sining sobiq teleboshlovchisi Jon Muhammad Batt Hindistonning Darul Ulum Deobandi maktabini tamomlagan yagona g‘arblik. U Tolibonning qizlar ta’limi bo‘yicha siyosati qabilaviy emas, balki zamonaviy ta’lim borasidagi bir asrlik ziddiyat tufayli shakllanganini ta’kidlaydi.

"Muammo shundaki, Afg‘onistonda qizlar ta’limi va umuman zamonaviy ta’lim dunyoviylik kun tartibiga muvofiq joriy qilingan", deydi u.

1920-yillarda konservativ klerikallar, qabila va jamoa yetakchilaridan iborat koalitsiya islohotchi qirol Omonullaxonni ag‘dardi. U Afg‘onistonni turk yetakchisi Kamol Otaturk kabi dunyoviy ruhida modernizatsiya qilishni xohlagan va zamonaviy ta’lim va ayollar huquqlarini himoya qilgan edi.

Zamonaviylik va dunyoviylikka bu taxlit qarshilik davom etdi va konservativ klerikallar ayollarning ta’lim va mehnatiga qarshi edilar. Ayollar ta’limiga qarshilik 1978-yil apreldagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng, sovetlarga xayrixoh Afg‘oniston kommunistik hukumatiga qarshi islomiy muxolifatning asosiy ramziga aylandi. Mujohidlar kommunistlarni ayollar ta’limi va ishlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali axloqsizlikni tarqatishda aybladilar.

"Bu Afg‘onistondagi konservativ doiralarda qizlarning ta’lim olishiga nisbatan alohida xavotirlarga sabab bo‘ldi", deydi Batt.

«Chuqur mafkuraviy e’tiqod»

Afg‘onistondagi Amerika universitetining siyosatshunoslik professori Ubaydulla Bahir o‘tgan yili Tolibon bilan gaplashib, taqiqni bekor qilish harakatlarida ishtirok etgan.

Ammo uning aytishicha, urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan, chunki bu taqiq Tolibonning amaldagi oliy rahbari Mulla Haybatulloh Oxundzodaning "chuqur mafkuraviy e’tiqodi»dan kelib chiqqan.

Bahirning aytishicha, eng ko‘zga ko‘ringan Tolibon yetakchilari Pokiston madrasalarida tahsil olgan va shuning uchun qishloq va qabila hayotidan uzilgan.

"Ular Deobandi maktabidan ta’sirlangan, shuning uchun endi ular afg‘onlarga islomning eng qattiq versiyasini majburan tiqishtirmoqda", deydi u.

Uning ta’kidlashicha, qizlar maktablarini taqiqlash Oxundzoda tomonidan qo‘llab-quvvatlangan siyosatdir va u Tolibon bosh qozisi Abdul Hakim Haqqoniyning "Islom amirligi va uning tizimi" kitobini ham ma’qullagan. Ushbu kitobda Haqqoniy Muhammad payg‘ambarning ayollaridan biri Savdo bint Zam’a vafotiga qadar uydan chiqmaganini asos qilib olgan.

Bahirning aytishicha, Haqqoniy payg‘ambarning ko‘plab sohalarida ijtimoiy faol rol o‘ynagan boshqa ayollarini shunchaki e’tibordan chetda qoldirgan.

“Bu fikrni barcha Tolibon yetakchilari ham qo‘llab-quvvatlamaydi, ammo hozirgi hokimi mutlaq Tolibon amiri bunga ishonganga o‘xshaydi”,- dedi u.

Battning aytishicha, hatto Haqqoniy ham qaysi ishniki qilish ayollar zimmasida bo‘lsa, uni o‘rganish ham ayollar zimmasida ekanini tan oladi.

“Umid qilamanki, yaqin kelajakda Tolibon hukumati ayollar ta’limi afg‘on ayollarini yaxshiroq muslimaga aylantirishini tushunadi, – deydi u. – Bu ularga o‘z mamlakati farovonligiga ko‘proq hissa qo‘shish imkonini beradi.»

AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tom Uest yaqinda Twitter'da afg‘on ayollari ta’lim olishi va o‘z mamlakatlari iqtisodiyotga hissa qo‘shishi kerakligini aytdi.

"Agar siyosatda o‘zgarishlar amalga oshirilsa, bu chet el talabi bilan emas, balki afg‘onlar talabi bilan bo‘ladi", deb yozdi u.

XS
SM
MD
LG