Rekord darajadagi inflyatsiya va milliy valyuta qadri tushib ketganiga qaramay Turkiya hamon markaziy osiyolik migrantlar, ayniqsa ayollar uchun ommabop yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Moliyaviy bo‘hronlar migrantlarga jiddiy zarba bo‘ldi, biroq baribir ko‘pchilik uyiga qaytib ketishni istamasligini aytmoqda.
Tojikistonlik Musharraf Qosimova kurort shahar Antalyadagi bir xonadonda farrosh va enaga bo‘lib ishlaydi. U qariyb yetti yil burun tuzukroq ish izlab Turkiyaga kelgan.
Ilgari Dushanbe kasalxonalaridan birida kotiba bo‘lib ishlagan Musharraf Tojikistonda oyliklar kamligini, yaxshi ish topish qiyinligini aytadi.
“Turkiyaga amakivachcha ukam bilan kelganman. U O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, Turkiyadagi o‘zbek oilalarini taniydi. O‘sha do‘stlari ko‘magida biz ish va boshpana topdik. Narx-navo oshib ketib, kun kechirish anchagina og‘irlashgan bo‘lsa-da, hayotimizdan mamnunmiz”, deydi ayol.
Ommabop yo‘nalish
Markaziy Osiyodan yuz minglab kishi Turkiyada ishlamoqda, ular orasida ko‘plab ayollar bor. Turkiya Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Qozog‘istondan keyin eng ommabop migratsiya yo‘nalishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Turkiyada qariyb 145 ming o‘zbekistonlik migrant ishlagan va chet elda ishlayotgan barcha O‘zbekiston fuqarolarining (taxminan 2,4 million nafar) 6 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.
Shuningdek, Turkiyada salkam 30 ming chog‘li qirg‘izistonlik migrantlar ishlamoqda, Markaziy Osiyo mamlakatlariga mansub eng yirik mahalliy jamoat esa turkmanlarga tegishli – taqriban 230 ming kishi.
Turk hukumati qaydlarida mamlakatda istiqomat qilayotgan Turkmaniston fuqarolaridan qariyb 120 ming nafari yashash ruxsatnomasi, yana 95 ming nafari esa qisqa muddatli viza olgani aytilgan.
Turkiyadagi markaziy osiyolik migrantlarning haqiqiy soni rasmiy qaydlardagidan ancha ko‘p, deb hisoblanadi, chunki aksar migrantlar vizasi muddatini uzaytirmaydi va u yerda noqonuniy ishlaydi.
Turkiyadagi ayrim turkmanlarning pasportlari muddati ham o‘tib ketgan, chunki repressiv qonun-qoidalari bilan tanilgan Ashxobod elchixonalarga o‘z fuqarolarining muddati o‘tgan yoki yo‘qotilgan hujjatlarini tiklash va yangilashni taqiqlab qo‘ygan.
“Lira jadal qadrsizlanmoqda”
Turkiyada 2018-yilda boshlangan moliyaviy inqiroz hanuz davom etmoqda. Inflyatsiya migrantlarga katta zarar yetkazdi. Inflyatsiya to‘rt yilda 80 foizdan oshib ketdi. Bu so‘nggi yigirma yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Iste’mol mollari misli ko‘rilmagan darajada qimmatlashdi. Kreml Ukrainada urush boshlagach va harbiy safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng o‘ziga to‘q rossiyaliklar mamlakatni tark etishdi, ularning aksari Turkiyaga ko‘chib keldi. Bu esa Antalya va boshqa turk shaharlarida shusiz ham qimmat bo‘lgan uy-joy narxlarini osmonga chiqarib qo‘ydi.
Milliy valyuta – liraning qadrsizlanishi migrantlar oilasiga jo‘natadigan pul miqdori kamayishini bildiradi.
“Men oyligimni lirada olaman va uyga jo‘natish uchun uni dollarga ayirboshlayman. Lira qadri juda tez tushib ketyapti”, deydi Musharraf Qosimova.
Shuncha moliyaviy chayqalishlarga qaramay, markaziy osiyolik ko‘plab migrantlar Turkiyadan ketishni istamaydilar. Ayovsiz voqelik shuki, ularda bundan yaxshiroq tanlov yo‘q.
Rossiya hamon sobiq sovet respublikalaridan ishchi kuchi qabul qiluvchi asosiy mamlakat bo‘lib turibdi, biroq Ukrainaga bosqindan so‘ng u migratsiya yo‘nalishi sifatida jozibadorligini yo‘qotmoqda. Ko‘p migrantlar Rossiyadagi iqtisodiy beqarorlikdan cho‘chishadi, zero xalqaro sanksiyalar ta’siri borgan sari ortyapti, qolaversa erkaklarning majburan urushga safarbar qilinishi xavfi ham bor.
So‘nggi yillarda ayrim markaziy osiyoliklar Buyuk Britaniyadan mavsumiy ish topishyapti, yana ba’zilar Yevropa ittifoqi va Qo‘shma Shtatlarga o‘tib ketishga muvaffaq bo‘lmoqda, ammo bu hammaga ham nasib etavermaydi.
Shusiz ham migratsiya muammosidan bezib qolgan G‘arb mamlakatlari esa Markaziy Osiyodan ishchi kuchi qabul qilishga havasmand kabi ko‘rinmaydi.
Vatandagi qashshoqlik
Markaziy Osiyodagi surunkali ishsizlik va oylik maosh juda kamligi sababli migrantlar vatanlariga qaytishni xohlamasligi tabiiy. Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda juda ko‘p oilalar ularning pul o‘tkazmalari hisobiga kun kechiradi.
Qirg‘izistonlik sobiq muallima Saodat Omurbekova Turkiyaga to‘rt yil muqaddam ish izlab kelgan edi. U Antalyada qahvaxonadan ish topguncha uch yil qariyalar va yotoq kasallarga hamshiralik qilgan.
“Qirg‘izistonda o‘z kasbim bo‘yicha ishlardim, lekin oyligim juda kam edi. Bolalarimning o‘qishiga pul topib bermasam bo‘lmasdi, shu bois ishdan bo‘shab, ko‘proq pul ishlagani Turkiyaga keldim”, dedi u Ozodlik bilan suhbatda.
Turkiyadagi markaziy osiyolik migrantlarning ko‘pchiligi ayollar bo‘lib, ular xususiy uylarda hamshira, oqsoch va enaga bo‘lib ishlashadi. Omadi chopganlar mehmonxona va xizmatlar biznesiga joylashishga muvaffaq bo‘lishgan, katta shaharlarda go‘zallik saloni yoki kiyim-kechak do‘koni ochib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yganlar ham bor.
Turkiyada ishlashning past-balandlari
Ozodlik bilan suhbatda ayrim migrant ayollar muammolarga asosan turk tilini, Turkiya qonunlarini va o‘z haq-huquqlarini bilmaslik tufayli yo‘liqqanlarini aytishdi.
Qirg‘izistonlik Meerim Asharbek qizi to‘rt yil oldin, Istanbulga ilkdaf’a kelganida sobiq ish beruvchisi – turk oilasi tarafidan ekspluatatsiya qilinganini so‘zlab berdi.
“Meni kechasi allamahalgacha ishlatishardi. Nimaniki buyurishmasin, bajarardim. Turk tilini bilmaganim uchun e’tirozimni ayta olmasdim. Masalan, falon soatdan keyin ishlashga majbur emasman, deyolmasdim”, deydi u.
Axiyri Meerim ishdan bo‘shab, Qirg‘izistonga qaytib ketadi. Biroq, vatanida ish topa olmagach, Turkiyada yana bir karra omadini sinab ko‘rishga qaror qiladi.
Hozirda u Istanbulda, bir xonadonda oqsoch bo‘lib ishlamoqda. Xo‘jayinlardan ham yolchigan, “yangi joyimda meni o‘z qizlaridek ko‘rishadi”, deydi ayol.
Markaziy osiyolik bir ishchi Turkiyaga ishlagani kelayotgan vatandoshlarini, ayniqsa ayollarni bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi shubhali e’lonlarga aldanmaslikka chaqirdi. Uning fikricha, ish bo‘yicha ishonchli taklif yoki Turkiyada tanish-bilishlar bo‘lgan taqdirdagina yo‘lga chiqish kerak.