Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:40

Ikkinchi muddat va Uchinchi Renessans. Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga yangi vazifa yukladi


"Yangi O‘zbekistonni birga quramiz!" degan ulkan shior Sovet davrida qurilgan eski uylarni to‘sib turibdi. Chinoz shahri, 2021, 19 - iyul
"Yangi O‘zbekistonni birga quramiz!" degan ulkan shior Sovet davrida qurilgan eski uylarni to‘sib turibdi. Chinoz shahri, 2021, 19 - iyul

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 - iyulda imzolagan qarori bilan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga "Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston" g‘oyasini keng targ‘ib qilish vazifasini yukladi.

Ayni qaror bilan amalda markaz Uchinchi Renessans markaziga aylanmoqda. Dastlab Islom madaniyati markaziy nomi bilan tashkil etilgan markazni prezident Mirziyoyev 2017 - yil 1 - sentabrida Islom sivilizatsiyasi markazi deb atashni taklif qilgan edi.

So‘nggi o‘zgarish amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga saylanishi kutilayotgan prezident saylovlari arafasida yuz bermoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi vakilining Ozodlikka bildirishicha, Markaz o‘z oldiga qo‘yilgan birinchi bosqich vazifalarini bajarib bo‘ldi, Prezidentning 16 - iyuldagi qarori bilan esa, muassasa oldiga navbatdagi vazifalar qo‘yildi.

Prezidentning bundan uch yil oldingi qarori bilan tuzilib, shu paytgacha mamlakatning “kechagi kuni” bilan shug‘ullanib kelgan Markaz bundan buyon O‘zbekistonning “bugun”i va “ertangi kuni” bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Prezident Mirziyoyev "Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston" haqida ilk bor bundan bir yil muqaddam O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida gapirgan edi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi oldiga qo‘yilgan vazilar u yoqda tursin, bunday muassasaning Hukumat tarkibida bo‘lishining o‘ziyoq mamlakat Konstitutsiyasiga ziddir.

O‘tgan yilgi nutq

Prezident O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlab, 2020 - yilning 31 - avgustida o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda qilgan nutqida “jahon «Yangi O‘zbekiston» iborasini tilga olayotgani”ni aytib, “O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotganini” iddao qilgan.

O‘tgan bir yil ichida “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil qilindi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i qurilishi boshlandi.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi ham bor. Faqat u Prezidentning Uchinchi Renessans haqidagi gapidan oldinroq – 2020 - yilning boshida ta’sis etilgan edi.

Nutq qarorga aylandi

Mustaqillikning 30 yilligi arafasida Prezident yana bir qarori bilan Islom sivilizatsiyasi markaziga "Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston" g‘oyasini keng targ‘ib qilish; mamlakatning yangi davrdagi yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish; moddiy-madaniy meros va islom dini bilan bog‘liq an’analarni targ‘ib qilish vazifalarini yukladi.

Markazning bir qator boshqa vazifalari ham borki, ular bilan mana bu joyda batafsil tanishishingiz mumkin.

"Birinchi va Ikkinchi Renessans"lar

Prezidentning 16 - iyuldagi qarori bilan Markaz faoliyatida nimalar o‘zgradi? Ozodlikning bu savoliga Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Saidkomil Xolxo‘jayev bunday javob berdi:

“Prezidentning bu qarori Markazimiz faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Qaror yo‘nalishimizni boshqa yo‘nalishga burib yuborishga qaratilmagan. Markazimizning shu paytgacha bo‘lgan faoliyatiga oid Prezidentimizning oldingi qarorida oldimizga 11 ta vazifa qo‘yilgan edi. Bu vazifalarning asosiysi mamlakatimiz jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi va beshigi sifatida va Islom madaniyatining markazi bo‘lib kelganini ilmiy asosda o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish yuklatilgan edi. Bu ish bugunga kelib bajarildi”.

Markaz vakili Saidkomil Xolxo‘jayev aytayotgan vazifalar bilan mana bu joyda batafsil tanishi mumkin:

Islom sivilizatsiyasi markazi vakilining Ozodlikka aytishicha, Markaz binosi shu kunda bitish arafasida turibdi.

40 kishi ishlaydigan Markaz, Saidkomil Xolxo‘jaevning aytishicha, shu kunda o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarning ikkinchi bosqichini boshlash arafasida turibdi, bu bosqichda vazifalar yana 11 taga kengaydi, Markazga yana qo‘shimcha ilmiy xodimlar ishga olinishi kutilmoqda.

“O‘tgan vaqt ichida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ekanligini tasdiqlaydigan hujjatga ega bo‘ldik va uni bir yildan keyin ochiladigan muzeyimizda namoyish qilamiz”, dedi Saidkomil Xolxo‘jayev.

“O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ekanligini tasdiqlaydigan hujjat” qanday hujjat ekanligini Markaz vakili hozircha ochiqlamadi.

Saidkomil Xolho‘jayevning aytishicha, “Birinchi Renessans Islomning oltin davri IX – XIII asrlar bo‘lsa, Ikkinchi Renessans Temuriylar davridir”.

(Ozodlik “Renessans” tushunchasi masalasida Markaz vakili bilan bahsga kirishib o‘tirmadi. “Renessans” so‘zi ostida odatda Yevropa madaniyati tarixining XIV – XVI asrlar orasidagi davri tushuniladi. Markaz vakili ham “Men bu yerda faqat O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq renessans haqida gapiryapman”, dedi)

Saidkomil Xolxo‘jayevning aytishicha, Markaz tuzilganidan buyon o‘tgan uch yil ichida uning mutaxassislari Birinchi va Ikkinchi Renessans tufayli rivojlanishda xalqning o‘rni qanday, davlatning o‘rni qanday degan savollarni ilmiy asosda o‘rganib chiqdilar.

“Ikkinchi bosqichda biz bu bilimlarni odamlarga yetkazishni boshlaymiz va shu merosimizga tayanib, “kelinglar, Uchinchi Renessansga qadam qo‘yaylik”, degan g‘oyani targ‘ib qilamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi ma’rifatli islomga tayanadigan “motivator” muassasadir”, dedi Saidkomil Xolxo‘jayev.

Islom sivilizatsiyasi markazi shu paytgacha mamlakatning “kechagi kuni” bilan shug‘ullanib keldi. Prezidentning 16 - iyuldagi qaroriga binoan Markaz bundan buyon O‘zbekistonning “bugun”i va “ertangi kuni” bilan shug‘ullanashi lozim. Shundan kelib chiqib, Siz ishlayotgan Markazni O‘zbekistonning “Propaganda markazi” deyish mumkinmi?

Bu savolga Islom tsivilizatsiyasi markazi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Saidkomil Xolxo‘jayev bunday javob berdi:

“Markazimizga aniq bir g‘oya berilgan. Aniq bir g‘oyani propaganda qilish, targ‘ib qilish vazifasi berilgan. Bu Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston g‘oyasi. Bu biz Uchinchi Renessans davriga kirib bo‘ldik, rivojlanib bo‘ldik, degani emas, balki yuksalishimiz uchun qadam qo‘yaylik, rivojlanish poydevorini yarataylik, buning uchun birgalikda harakat qilaylik, degan g‘oyadir. Bu O‘zbekistonni targ‘ib qilish g‘oyasi emas, balki yuksalishga bo‘lgan qiziqishni parvarishlash g‘oyasidir”.

"Davlat mafkurasi"

Prezidentning 16 - iyuldagi qarori mamlakat asosiy qonuni - kosntitutsiyaga zidligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda. Bloger Xurshid Yo‘ldoshev avvalo Islom sivilizatsiyasi markazi mavjudligining o‘ziyoq "Vijdon erkinligi to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga zid, deb hisoblaydi.

5-moddada "Hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar yo‘l qo‘yilmaydi" deyilgan. Hukumat tarkibida bunday markaz borligining o‘zi qonunga zid emasmi?" deb yozdi bloger.

Xurshid Yo‘ldoshevning fikricha, Markaz oldida "Uchinchi Renessans - Yangi O‘zbekiston" g‘oyasini targ‘ib qilish vazifasi esa, mamlakat Konstitutsiyasining 12-moddasiga zid.

12- moddada "O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas", deyilgan.

Konstitutsiyada shunday me’yor bo‘lishiga qaramay, joriy yil yanvarida prezident Mirziyoyev ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida prezident yangi mafkurani davlat byudjetidan moliyalash haqida ham topshiriq bergan edi.

Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra¸ “Yangi O‘zbekiston mafkurasini ishlab chiqish uchun tuzilajak yangi tashkilotga mablag‘ ajratilgan”.

“Milliy g‘oya targ‘iboti uchun «Ijod» jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etiladi. Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi”, deyilgan rasmiy xabarda.

Karimovning 5 tamoyili o‘rniga Mirziyoyevning 5 tashabbusi

Toshkent viloyat, Chinoz tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan 38 yashar o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, shu paytgacha Prezidentning 5 tashabbusi o‘quvchilar orasida targ‘ibot o‘tkazishning asosiy vositasi bo‘lib kelayotgan edi:

“Maktabimizning peshtoqidan tortib, deyarli har bir sinf xonasida o‘sha 5 tashabbus aks etgan. Adabiyot xonasida adabiyotga doir tashabbus, kompyuter xonasida informatsion texnologiyalarga oid tashabbus...”, dedi ismi aytilmasiligini so‘ragan o‘qituvchi.

Prezident Mirziyoyevning 5 tashabbusi
Prezident Mirziyoyevning 5 tashabbusi

Aftidan, yangi o‘quv yilidan boshlab barcha o‘quv yurtlari, shu jumladan maktablar o‘quvchilarni bino peshtoqidagi “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” degan shior bilan kutib oladi.

2019 - yilning 19 - martida O‘zbekiston prezidenti yoshlarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga oid besh tashabbus haqida gapirgan edi.

O‘shandan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab besh tashabbusni “Yangi O‘zbekiston-yangicha dunyoqarash” tadbirlarida targ‘ib qilish boshlangan edi.

Bunday tadbirlar Islom Karimov davri uchun ham xos bo‘lgan, u davrda hozirgiday “5 tashabbus” emas, “5 tamoyil” udumda edi.

Birinchi prezident 1993 - yilda e’lon qilingan «O‘zbekiston - bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li» asarida tub iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning 5 tamoyiliga asoslangan “O‘zbek modeli” haqida yozgan edi. Islom Karimov vafotidan keyin bu tamoyillar unutildi.

2019 - yilning 25 - avgustida sobiq tashqi ishlar vaziri va joriy Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev "O‘zbek modeli" "noto‘g‘ri siyosat bo‘lganini" aytgan edi.

"Ko‘p yillar biz asta-sekin, o‘zbek modeli... deb yurdik. Bu - noto‘g‘ri bo‘lgan siyosat. Mana bugun bu to‘g‘rilanmoqda", - deya Safoyevning Senatdagi chiqishidan iqtibos keltirgan Kun.uz nashri.

XS
SM
MD
LG