Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:42

"Hududgazta’minot" issiqxonalar nima uchun gazdan uzilganiga izoh berdi


Issiqxona.
Issiqxona.

Ozodlikda 3-noyabr kuni “Issiqxonalar: Umurzoqov gazni qaytardi, biroq "Hududgaz" istagan payt uzishi mumkin” maqolasi chop etilganidan so‘ng "Hududgazta’minot" AJ tahririyatning yozma savollariga javob qaytardi.

Ozodlik maqolasida tadbirkorlar noroziligidan so‘ng, Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovning farmoyishi bilan uzilgan gaz qayta tiklangani, biroq “Hududgazta’minot” tadbirkor bilan shartnoma qilish uchun kurakda turmas shartlarni qo‘yayotganligi haqida so‘z borgan edi.

Ozodlikka yuborilgan javobida “Hududgazta’minot” “Iste’molchilarga tabiiy gaz qonunchilikda belgilangan tartibda yetkazib berilishi ta’minlanishi"ni aytgan.

Ozodlikning nima sababdan issiqxonalarni gazdan uzish boshlangan edi, degan savoliga javoban “Hududgazta’minot”:

“O‘zgidromet” xabarlariga ko‘ra, kelayotgan kuz-qishda xavo haroratining keskin pasayishi kutilayotgani sababli “O‘zGazTreyd” AJdan tomonidan aholi va ijtimoiy ahamiyatga ega iste’molchilarni birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash, boshqalarga muqobil yoqilg‘i yetkazib berish taklifiga asosan, issiqxona majmualariga muqobil yoqilg‘idan foydalanish tavsiya etilgan. Hozirgi vaqtda issiqxona majmualarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun “O‘zGazTreyd” AJ tomonidan “Hududgazta’minot” AJga “zangori” yoqilg‘i yetkazib berish hajmi oshirilgani"ni aytgan.

Ammo, Ozodik suhbatlashgan tadbirkorlar bir necha o‘n ming dollar turadigan qozonxonalar gazga moslashgani, uni ko‘mirga o‘tqazish uchun vaqt va katta xarajat talab qilinishini aytishadi.

“Hududgazta’minot” ning javoblari bilan tanishgan tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, gaz ta’minoti bilan bog‘liq eng muhim savollar javobsiz qolmoqda.

Ozodlik maqolasida tadbirkorlar shartnoma qilish jarayonidagi byurokratiyadan aziyat chekayotgani, bir oy davomida o‘nlab hujjat tayyorlash shart ekanligidan shikoyat qilgan edi. Ozodlik ham tadbirkor mushkulini yengil qilish uchun shartnomani soddalashtirsa bo‘lmaydimi, deb so‘ragan.

Rasmiy javobda “amaldagi shartnoma joriy yilning mart oyida qabul qilingani, oldingi shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan talablar soddalashtirilgan”i aytiladi.

Ammo ismi sir qolishini so‘ragan samarqandlik tadbirkorning aytishicha, shartnoma tuzish yengillashtirilmagan, aksincha og‘irlashtirilgan:

“Yo‘q, hech narsa sodalashtirilmagan. Shartnoma qilish uchun bir dasta dokument yig‘ish kerak. Soddalashtirilgan deganda, masalan, menga shuncha gaz kerak, mana puling, shartnomani qilib ber. Nima kerak mingta hujjat so‘rashni. Kontexnazoratdan o‘nta hujjat, boshqasidan o‘nta hujjat. Qog‘oz to‘playmiz deb tilimiz osilib qoladi. Yana hammasiga to‘lov qilishi kerak. Koshki qozonning texnik holatini birortasi kelib tekshirsa yoki o‘rganib chiqsa. Hammasi ko‘zbo‘yamachilik. Masalan, menda zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqarilgan qozon bor, hammasi elektronlashtirilgan. Gaz bosimi pasaysa, o‘zi o‘chib qoladi va gazning katta-kichik kelishini o‘zi nazorat qiladi”.

Ozodlikning “tadbirkorlar shartnoma tuzishdan oldin ulardan “uch oylik muqobil(solyarka, ko‘mir) yoqilg‘i zaxira qilganligi haqida dalil va rasm-videolar talab qilinyapti va tilxat olinyapti ekan, nega, degan savoliga “Hududgazta’minot” AJda shartnoma tuzish jarayonida bunday holatlar kuzatilmagani, agar “Ozodlik” radiosi muxbirlarida shu kabi murojaatlar bo‘lsa, ko‘rib chiqilishi uchun taqdim etilishini so‘raymiz, deya javob berdi.

Ammo Ozodlikda chop qilingan hujjatning 9-bandida “Kamida 3 oylik zaxira yoqilg‘isi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot va fotosuratlar” taqdim qilinishi shart deb yozilgan.

"Hududgazta’minot" bilan shartnoma tuzish uchun talab qilinadigan hujjatlar.
"Hududgazta’minot" bilan shartnoma tuzish uchun talab qilinadigan hujjatlar.

Hujjatning ilovasida esa, “yuqoridagi talablar to‘liq bajarilganda, “Hududgazta’minot” AJga barcha hujjatlar to‘plamlari elektron variantda taqdim qilinib, ruxsatnoma berilganidan so‘ng, shartnoma tuziladi”, deya qayd etilgan.

“Hududgazta’minot” esa o‘z javobida shartnoma tuzish jarayonida bunday holatlar kuzatilmaganini aytmoqda.

O‘zbekistonda qish faslida tabiiy gazning taqchilligi har yili kuzatiladi.

Ammo ichki iste’molchilar yuz tutayotgan taqchillik manzarasida mahalliy nashrlar joriy yilda O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berishni qariyb 60 foizga oshirgani haqida yozdi.

Xabarlarga ko‘ra, joriy yilning 9 oyida O‘zbekiston Xitoyga 768 million dollarlik gaz sotgan. O‘tgan yili kuz-qish mavsumida kuzatilgan energetika inqirozi fonida prezident Mirziyoyev hukumatga xorijga gaz eksportini cheklab, ichki iste’molga yo‘naltirish haqida topshiriq bergan edi.

O‘zbek gazining asosiy xaridori bo‘lgan Xitoy bilan gaz eksportiga doir kelishuvlarining tafsilotlari, jumladan gazning qanchadan sotilayotgani hech qachon ochiqlanmagan.

Gazga boy O‘zbekiston aholisi har yili qishda gaz taqchilligidan aziyat chekadi. Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar aholining norozilik chiqishlariga sabab bo‘lib keladi.

XS
SM
MD
LG