Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:51

Hisobot: Markaziy Osiyoning hukmron elitalari Londonda pul yuvmoqda


London. Illyustrativ surat.
London. Illyustrativ surat.

Buyuk Britaniya parlamentining tashqi ishlar qo‘mitasi 14-noyabr kuni “Chorrahadagi mamlakatlar: Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyodagi ishtiroki” nomli hisobotini e’lon qildi.

Hisobotda hukumat Buyuk Britaniya moliyaviy xizmatlari Markaziy Osiyodan mablag‘larni noqonuniy olib chiqishda kanal o‘laroq qo‘llanmasligiga kafolat bergan holda mintaqa mamlakatlari bilan yuqori darajada izchil diplomatik hamkorlik qilishga chaqirilgan.

Hisobotda, shuningdek, Buyuk Britaniya vazirlarining Markaziy Osiyo mamlakatlari – Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston hukumatlari bilan yuqori darajadagi aloqalari samarasizligi haqida so‘z boradi.

“Ushbu hamkorlikni ham ikki tomonlama asosda, ham mintaqaviy guruh doirasida chuqurlashtirish geosiyosiy imperativ bo‘lib, qo‘mita bosh vazirni va davlat kotiblarini keyingi uch yil mobaynida besh mamlakatning barchasi bilan birgalikda ishlashga chaqiradi”, deyiladi hisobotda.

Hujjatda aytilishicha, Buyuk Britaniya moliya tizimi korrupsiyalashgan Markaziy Osiyo elitalarining mintaqadan mablag‘larni noqonuniy olib chiqib ketishida muhim vositaga aylanib qolgan. Qo‘mita fikricha, Buyuk Britaniyada moliyaviy jinoyatlarni ta’qib qilishning yetarlicha kuchli bo‘lmagan tizimini saqlab qolish kleptokratik avtokratiyalarga bilvosita ko‘makchi bo‘lish, deganidir.

Resurslari cheklangan Britaniya agentliklari o‘zlari tekshirayotgan badavlat odamlar oldida qo‘li kaltalik qilmoqda, shu bois hisobotda qo‘mita Britaniya hukumatini Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi va Jiddiy firibgarlikka qarshi kurash boshqarmasi doxil huquqni muhofaza qilish idoralarini qo‘shimcha resurslar bilan ta’minlashga chaqirgan.

Hujjatda Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi kelib chiqishi mavhum boyliklarga doir ko‘rsatmalar hamda o‘g‘irlangan davlat aktivlarini Buyuk Britaniyadan qaytarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalarida Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari bilan aloqa qilishlari uchun mintaqaga o‘z agentlarini yo‘llashga chaqirilgan.

Hisobotda urg‘ulanishicha, Markaziy Osiyoda giyohvand moddalar savdosi, hukmron elita va uyushgan jinoyatchilik chambarchas bog‘liq bo‘lib, narkotik tijoratidan olingan daromad London orqali jo‘natiladi. Qo‘mita Buyuk Britaniya javobgarlikni o‘zidan soqit qila olmasligini ta’kidlaydi: u nafaqat giyohvand moddalarga talab manbai, balki ushbu tijoratdan kelgan noqonuniy daromadlarni yuvish ishtirokchisi hamdir.

Bundan tashqari, hisobotda Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari orqali sanksiyalarni chetlab o‘tayotgani ham tilga olingan. Shu munosabat bilan hukumat Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda Rossiyaga qaramligini kamaytirish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga, shuningdek sanksiyalarga chap berishda Rossiyaga ko‘maklashayotgan subyektlarning London Sitisi va Buyuk Britaniya xizmatlaridan bahramand bo‘lishiga chek qo‘yishga chaqiriladi.

Озодлик Суриштируви: Гулноранинг пулини олишга борган чопар Ҳонг Конгда қамоққа олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:53 0:00

Qo‘mita Markaziy Osiyoda Rossiyaning dezinformatsiyasi xavfiga to‘xtalar ekan, Rossiya davlati tomonidan tarqatilayotgan makkorona mujdalar Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetiga qattiq ta’sir etayotganini ta’kidlaydi.

Hisobotda Xitoy Markaziy Osiyoda Rossiya ta’siri susayganidan foydalanib qolayotgani ham qayd etilgan.

Tashqi ishlar qo‘mitasi Britaniya vazirlarini Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni Markaziy Osiyo jamiyati va biznesini boyituvchi loyiha sifatida qo‘llab-quvvatlashga chorlagan.

Qo‘mita ekspertlari kleptokratik avtokratiyalarning moliyaviy jinoyatlariga qarshi kurash chora-tadbirlari sustligini Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo bilan hamkorligidagi asosiy muammolardan biri, deb ataganlar. Parlament qo‘mitasi hukumatning harakatsizligi Britaniyani ushbu jinoyatlar ishtirokchisiga aylantiradi, deb hisoblaydi.

“Markaziy Osiyo elitalari giyohvand moddalar savdosidan topgan pullarini London Sitisi ofislarida yuvishmoqda. Nihoyatda badavlat elita qo‘l ostidagi boyliklar qo‘shimcha resurslarga muhtoj Britaniya huquqni muhofaza qilish idoralarining imkoniyatlaridan ustunlik qilmoqda”, deyiladi hisobotda.

Qo‘mita, shuningdek, “mintaqadagi jiddiy to‘siqlarni, xususan hukumatlar tarafidan inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq to‘siqlarni aniq-ravshan ko‘rish”ga chorlamoqda. Hisobot mualliflariga ko‘ra, asosiy e’tibor – mintaqa aholisining turmushini yaxshilash va demokratiyani himoya qilishga qaratilmog‘i lozim.

XS
SM
MD
LG