Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:39

"Haqiqat"lar sotiladi: Hukumat majburiy obuna qilib kelingan gazetalarini xususiylashtirmoqda


Yoshi 102 ga kirgan “O‘zbekiston ovozi” gazetasi adadi 2 ming nusxaga ham yetmayotgan, “Toshkent oqshomi” gazetasi nashri to‘xtab qolgan, boshqa gazetalar ham zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan bir paytda hukumat bir qator gazetalarni xususiy qo‘llarga o‘tkazish jarayonini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 27 - oktabrda imzolagan farmonga binoan davlatga qarashli 109 ta gazeta, jurnal va nashriyotlar xususiy sektorga sotilishi lozim.

Farmon imzolanganidan buyon qariyb bir oy o‘tgan bo‘lsa ham, sotuvga qo‘yiladigan gazetalar ro‘yxati rasman e’lon qilinganiga doir ma’lumot yo‘q.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, mamlakat bo‘ylab 60 ta gazeta xususiylashtiriladigan bo‘lib, ular orasida bir qator viloyat va shahar hokimliklarining sovet davridan qolgan "haqiqat"lari - rasmiy nashrlari bor.

Prezidentning 27 - oktabrdagi farmoniga binoan 274 ta yirik korxona va xo‘jalik birlashmalarining davlatga qarashli aksiya paketlari xususiylashtiriladi. Farmonga bu korxonalar ro‘yxati ilova qilingan.

Bitmayotgan ro‘yxat

Prezident farmoniga xususiylashtiriladigan gazeta, jurnal va nashriyotlar ro‘yxati ilova qilinmagan.

Farmonda sotuvga qo‘yiladigan gazeta, jurnal va nashriyotlar ro‘yxati Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanishi aytiladi.

Farmon imzolanganidan buyon qariyb bir oy o‘tgan bo‘lsa ham davlat komissiyasi ro‘yxatni tasdiqlagani to‘g‘risida ma’lumot paydo bo‘lmadi. Davlat komissiyasining o‘zidan so‘rash - imkonsiz.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) matbuot xizmatining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi ham, shu idora Xorijiy OA vositalari bilan hamkorlik qilish bo‘limi mudiri Munira Mamatkazina ham gazetalar xususiylashtrilayotganidan bexabar ekanliklarini bildirishdan nariga o‘ta olmadi. Bu ikki xodim bilan muloqotdan ularning prezident farmonidan ham xabarsiz ekanligi anglashildi.

Gazetalar xususiylashtirilishi mavzui mahalliy matbuotda ham tilga olinmayapti.

Jarayon boshlandi

“Davlat aktivlari agentligidan kelib kadastrimizni olishdi, buxgalteriyamizdan balansimizni, hamma hujjatlarimizni olishdi. Shu kunda gazeta mulkini qayta baholashayapti. Eski stol stulu, eski mashinalargacha baholashayapti. Hokimimiz (viloyat hokimi - tahr.) shu kunda gazetani hokimiyat tasarrufida olib qolishga urinyapti”.

Bu gapni Ozodlikka 25 - noyabr kuni viloyat gazetalaridan biri bosh muharriri ismi ham, gazetasi nomi ham aytilmaslik sharti bilan aytdi. Bosh muharrir o‘ziga o‘xshab xususiylashtirish tashvishini boshidan kechirayotgan boshqa viloyatlardagi hamkasblari bilan muloqotda bo‘lib turganini bildirdi. Uning aytishicha, ba’zi viloyatlar hokimlari gazetani saqlab qolish yo‘llarini qidirmoqda.

“Masalan, farmon chiqqanidan buyon ba’zi gazetalar MChJga aylantirildi va jamoaga sotib olish taklif qilindi. Lekin kambag‘al jurnalistlar bitiga sotib oladimi?!”, - dedi bosh muharrir.

"109" qayerdan paydo bo‘ldi?

Prezident farmonida 109 ta gazeta, nashriyot va jurnal xususiylashtirilishi aytilgan. Biroq ro‘yxat hanuzgacha yo‘q. Bas, ro‘yxat hali tuzilmagan ekan, “109” degan raqam qayerdan paydo bo‘ldi?

Bu savol javobi bosh muharrirning mana bu gapidan sizib chiqadi:

“Avvalo, nima uchun bu qadar keng qamrovli xususiylashtirish boshlandi, degan savolga o‘zim hukumat mulozimlaridan eshitgan izohni aytay: birinchi maqsad, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan byudjetni to‘ldirish, ikkinchidan, xalqaro moliya tashkilotlari shuni talab qilayotgani aytildi. 2017 - yili AOKAning o‘sha paytdagi rahbari taklifi bilan ko‘plab gazetalar, shu jumladan, bizning gazeta ham DUK (Davlat unitar korxonasi - tahr.) maqomiga o‘tkazilgan. Ya’ni biz “davlat aktivimiz”. Demak, xususiylashtirilishimiz kerak”.

Bosh muharrirning aytishicha, DUK maqomida bo‘lgan gazetalar hammasi bo‘lib 60 ta.

Ozodlikka o‘sha 60 ta gazetadan kamida 6 tasi nomi ma’lum. Biroq ba’zilari bilan bog‘lana olmaganimiz, bog‘langanlarimiz esa, hokimidan gap tegib qolishidan qo‘rqib, nomini atashga ruxsat bermagani uchun gazetalar nomi ochiqlanmayapti.

Zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan gazetalar

“XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalilovning aytishicha, shu kunda o‘zbek bosma matbuoti og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda.

“Adadi 100 talik gazetalar bor. Hatto 21 nusxagina bosiladigan gazeta bor bitta tumanda. Viloyat miqyosida 500 donadan oshmaydigan gazetalar bor”.

“XXI asr” gazetasi, bosh muharriri Norqobil Jalilovning aytishicha, haftada bir marta, qariyb 3000 nusxada bosilmoqda.

O‘zMTRK jurnalisti, matbuot sharhlovchisi (ismi aytilmasligini so‘radi) ba’zi “katta gazeta”larning tirajiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

"Yangi O‘zbekiston" - 42 ming 35ta; "Xalq so‘zi" 30 ming 509ta; (Bu ikki gazeta haftada 5 kun chiqadi)

Haftada uch marta chiqadigan "Ishonch" gazetasining bir soni adadi 27 ming774ta.

Haftada bitta soni dunyo yuzini ko‘radigan "Hurriyat" gazetasining tiraji 4 ming 4ta, "Milliy tiklanish"niki 2 ming 844ta, "O‘zbekiston ovozi" 1 ming 748tagina.

Ayni paytda to‘xtab qolgan gazetalar ham bor: “Toshkent oqshomi” gazetasining so‘nggi soni chiqqaniga 7 oydan oshdi.Gazeta saytida qog‘oz variantning to‘xtatilishi COVID-19 karantini bilan izohlangan.

Ayni paytda Ozodlikka hozircha davlat tasarrufida qolayotgan rasmiy, idoraviy nashrlarga majburiy obuna davom etayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Jumladan, farg‘onalik o‘qituvchi Xalq ta’limi vazirining majburiy obunani taqiqlovchi qat’iy buyrug‘iga qaramasdan, maktab direktori o‘qituvchilarni majburiy obunaga undayotganini yozgan.

Shu yilning 30 - sentabr kuni Toshkentda O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tgan yig‘ilishda prezident Mirziyoyev «majburiy obuna» bahonasida "ixtiyoriy obuna ham yo‘q qilingani"ni aytgan edi.

"Afsuski, biz keyingi yillarda «majburiy obuna» bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchi va domlalari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta o‘qimasligi bilan maqtanadigan bo‘ldilar", deb aytgan Mirziyoyev.

Ayni chiqishida prezident bosma matbuot nashrlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan edi.

XS
SM
MD
LG