Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:29

"G‘azna bo‘shab qolgan". Tarmoqlar avtoto‘lov 68 baravarga oshirilgani haqida


1-apreldan O‘zbekistonda avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi 68 baravarga qimmatladi. Blogerlardan biri jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan bu o‘zgarishni Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlari” romanida tasvirlangan hodisaga muqoyasa etgan bo‘lsa, boshqa biri unda Jorj Oruellning “1984” asarida qalamga olingan noxush alomatni ko‘rdi.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 31- martdagi buyrug‘i bilan avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini (yarim tirkamalarini) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirildi.

Bunga qadar ushbu stavka bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizini (34 ming so‘m) tashkil etgan.

Yangi buyruqqa muvofiq elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori 510 ming so‘mgacha, qolgan barcha avtomobillar uchun stavka esa 2,32 million so‘mga oshirildi.

IIVning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan va narx oshishidan bir kungina avval e’lon qilingan buyrug‘ida tarif o‘zgarishi sababiga oydinlik kiritilmagan.

UzAuto машиналари учун навбат интернетга кўчди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:33 0:00

Ammo vazirlikning Jamoat xavfsizligi boshqarmasi 30-mart kuni chop etgan xabarda bu o‘zgarish “mamlakatda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yashil energetikani qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning mantiqiy davomi” ekani aytilgan.

Tarmoq faollari bu holatni “mamlakat iqtisodiyoti o‘ta nochor ahvolda ekani”, “g‘azna bo‘shab qolgani”ga ishora o‘laroq qabul qildi.

“Bu O‘zbekiston iqtisodiyoti juda yomon ahvolda ekanini ko‘rsatadi. Tashqi qarzlar shular hisobidan yopiladi”, deb yozdi Behzodjon Shodiyev.

“Soliqlar ko‘payadi, davlat xizmatlari uchun narxlar yuz karra oshiriladi. Olomon, belbog‘ni mahkamla, “aka”larning 3-4 yilda hashamatga ishlatib yuborgan pullarini to‘laysan endi!” deya achchiq kinoya qildi Hayot Sattorov.

Taniqli bloger Dima Qayum IIV buyrug‘i kirakashlik ortidan qora qozonini qaynatayotganlarga zarba bo‘lishidan xavotirda.

“Qishloq buyum, temir, taxta, mol bozorlarida “Moskvich”, “Volga”, “Jiguli” mashinasining orqasiga pritsep qo‘yib tirikchilik qilmoqda. Bitta tumanda 100 ta bo‘lganda ham viloyat, respublika bo‘yicha qancha! Bular yangi yevro mashina olgani kuchi yetmaydi. Nima ham deymiz. Amri vojib! Faqat kambag‘allik va ish izlab chetga chiqishlar ko‘payadi, xolos” deb yozdi u.

Bi-Bi-Si jurnalisti Ibrat Safo bu borada Buyuk Britaniya va AQSHdagi vaziyatga e’tibor qaratdi: “2 320 000 so‘m 184 dollar degani. Qiyoslash uchun: Britaniyada faqat yangi avtomobil olsangiz, ro‘yxatdan o‘tkazasiz. Minilgani o‘tkazilmaydi. Yangisi uchun to‘lov 55 funt. Ya’ni 70 dollar atrofida. AQSHda esa bu 30-50 dollar atrofida ekan”.

Bir guruh faollar ijroiya tuzilmasining “o‘zbilarmonlik bilan” buyruq chiqarishiga “tomoshabin bo‘lib turgan” parlamentni tanqid qilgan.
“Xalq uchun majburiy bo‘lgan to‘lovlar Oliy Majlis deputatlari muhokamasidan so‘ng oshirilmaydimi? Indamas deputatlarimiz biror narsa deydimi? Hech bo‘lmasa kallasi bilan ishora qilib qo‘yishi kerak”, deydi Kozimjon Akbarov.

Azimjon Komilovning alam bilan yozishicha, “Shu mashina o‘lgur o‘zbekning boshiga balo bo‘ldi. Bir to‘da kalamushlar o‘zbekning mashina minish orzusi ortidan o‘n yillar davomida milliardlab soqqa qilib, to‘yib-bo‘kib-qusib o‘lmadi – o‘zbek bulardan qutulmadi”.

Tarmoq faoli Fayziddin Mo‘minga ko‘ra, bu buyruq “O‘tkan kunlar”dagi Toshkent hokimi Azizbekning soliqni oshirish qarorini esga solmoqda.
“1984”da shokolad normasi 30 grammdan 20 grammga tushirilganda, norma 20 grammga ko‘tarilgani haqida axborot berilar, buning uchun hamma katta og‘ani ulug‘lar edi”, deya Oruellning romaniga ishora qildi Sirotulloxon Muhammadsoliyev.

Inkuzart'нинг "UzAuto" монополиясига қарши сурати ўчириб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

Bloger Sanjar Xo‘ja so‘nggi qimmatlashuvga munosabat tarzida vatandoshlardan birining duoibadini keltirdi:

“Chetda it ham olmaydigan iflos benzinini xalqiga pullab, yana ko‘tingdan sassiq tutuning chiqyapti deydigan, xalqqa jahonning zo‘r-zo‘r mashinalarini minishga imkon bermasdan, chetda it ham olmaydigan, avariya bo‘lsa odam sog‘ chiqmaydigan mashinani olishga majbur qiladigan, o‘zidagi gazni chetga suvtekinga berib, o‘zi IES va qozonxona, issiqxonalarni ko‘mir va mazut bilan yoqib hamma tomonni zaharli gazga to‘ldirib, yana buni bechora xalqqa to‘nkab va buni ro‘kach qilib xalqdan ob-havoga zarracha foydasi tegmasdan kimlarningdir o‘pqondek jig‘ildoniga yem bo‘luvchi to‘lov undiradigan, xalqni o‘zi qashshoq qilib, yana qashshoqlardan nafratlanib chetga itarayotgan zolimlarga Alloh kifoya qilsin!”

Tarmoqlarda 1-apreldan “zapravka”larda metangaz narxi 3800 so‘mga ko‘tarilgani haqida shikoyatlar ham paydo bo‘ldi.


Bir kun avval Energetika vazirligi metanning eng baland chakana narxi 3350 so‘mdan oshmasligiga ishontirgandi.

“Bu yilgi 1-aprel “shok” yangiliklarga boy bo‘ldi: avtomobillarni rasmiylashtirish narxining 68 baravarga oshirilishi va metan gaz narxlari oshmasligi bo‘yicha “lag‘mon”lar kuni. Bu kun esdan chiqmaydi”, deb xulosa yasadi sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev.

XS
SM
MD
LG