Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:49

Fransiyadan deportatsiya qilingan o‘zbek Farg‘ona IIBsida tergov qilinmoqda


39 yashar Muhsinjon Ahmedov (o‘ngdan birinchi)Qo‘qon shahar IIB binosiga olib kirilmoqda. (15-noyabr, 2023, AHRCA)
39 yashar Muhsinjon Ahmedov (o‘ngdan birinchi)Qo‘qon shahar IIB binosiga olib kirilmoqda. (15-noyabr, 2023, AHRCA)

O‘tgan hafta Fransiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Muhsinjon Ahmedov Farg‘ona shahar IIB sida tergov qilinmoqda.

O‘zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan 39 yashar Ahmedov 2020 yil aprelida Fransiyada yuz bergan yong‘inda bir keksa fransuzning hayotini qutqarib qolishi ortidan fransuz matbuotida qahramonga aylangandi.

Fransiyaning Montero shahri faxriy medali bilan taqdirlangan o‘zbekistonlikning boshpana so‘rovini minglab fransuzlar qo‘llab-quvvatlashgan, ammo oxirgi daqiqagacha davom etgan petitsiya fransuz migratsiya rasmiylarining Ahmedovni deportatsiya qilish qarorini o‘zgartira olmadi.

Inson huquqlari faollari vatanida diniy-siyosiy motivlar bilan ayblangan Ahmedovning 14-noyabr kuni Fransiyadan qiynoq qo‘llanadigan O‘zbekistonga qaytarilishini xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi, deya qoralashmoqda.

14-noyabr kuni Fransiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan 39 yashar Muhsinjon Ahmedovning onasi Hakimaxon Yunusaliyeva haligacha o‘g‘li bilan ko‘risha olmaganini aytmoqda.

Unga ko‘ra, 15-noyabr kuni Toshkent aeroportiga tushishi bilan o‘g‘lining qo‘liga kishan solib, Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahar IIBga olib borishgan:

"15-noyabr kuni ertalab qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Olsam o‘g‘lim ekan: "Men aeroportdaman ayajon. Mendan xavotir olmang, yaxshiman" dedi. Keyin bir notanish telefondan bittasi qo‘ng‘iroq qilib: "O‘g‘lingiz Qo‘qonga ketyapti xola, Toshkentga kelib ovora bo‘lmang ekan", deb telefonni qo‘yib qo‘ydi. Qo‘qondagi IIBga borib kutdim, qo‘liga kishan solib olib kelishdi. Men uzoqdan ko‘rib, oldiga bordim, lekin gaplashtirishmadi. "Xolajon, mumkinmas" deyishdi, o‘g‘limni ichkariga olib kirib ketishdi".

Diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq qator og‘ir jinoyatlarda ayblangan Muhsinjon Ahmedov - O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon Fransiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Ozolikka ma’lum ilk qochqin.

Muhsinjon Ahmedov 2019-yildan buyon Fransiyada yashayotgan va bu davlatdan boshpana so‘ragan edi. Ozodlikka muqaddam bergan intervyusida u O‘zbekistonni nega tark etganini so‘zlab bergan:

“Yoz edi. Ro‘za. Soat ertalabki 5 da 3 ta melisa keldi. Tintuvga hujjat yo‘q. Tintuvda hech narsa chiqmadi. Olib ketishdi, qiynashdi. 3 kundan keyin qo‘yvorganda, hamma yog‘i toza deb ekspertiza berishdi”.

Iddao qilishicha, hibsdan chiqqach Muhsinjon qiynoqqa solinganidan shikoyat qilib IIV, Ombudsman, DXX va boshqa tashkilotlarga murojaat qilgan.

Asli uy jihozlari yasovchi hunarmand usta ekanini aytgan Ahmedov, qisqa muddatli hibs ortidan 2016-yilda O‘zbekistonda noqonuniy ayblovlar bilan qidiruvga berilganini da’vo qilgandi:

“Shuning uchun o‘ch olish niyatida mahalliy huquq-tartibot idoralari, undan o‘ch olish uchun yanada katta jinoyatlarni bo‘ynimga ilishdi. Men ayblovni bo‘ynimga olmayman, men hech narsa qilmaganman. Hunarmand, ishda bo‘lsam. Men ustidan yozganimga terrorchi qilib qo‘yishdi”.

Muhsinjon Ahmedovga 2016-yilda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-modda 3-qismi, 244-1-moddasi 1-qismi, 244-2-moddasi, 246-modda 1-qismi va 246-modda 2-qismi bilan terrorizm, taqiqlangan diniy tashkilotlarga a’zolik va kontrabanda bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan, qidiruvga berilgan.

Ozodlikda Ahmedovga nisbatan ilgari surilgan bu ayblovlarni mustaqil ravishda tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi ma’lumotlar yo‘q.

Muhsinjon Ahmedov Fransiyada ham ustachilik qilgan, oilasi uning ish vaqtida olingan videolarini Ozodlikka taqdim qildi. Bundan tashqari, u Fransiyada qahramon sifatida ham matbuot tiliga tushdi.

2020-yil aprelida Fransiyaning Il-de Frans mintaqasidagi Montero shahrida sodir bo‘lgan kuchli yong‘inda, yana 3 qochqin bilan birga u, bir keksaning hayotini saqlab qoldi.

Bu voqea o‘sha paytda Fransiya matbuotida katta shov-shuv bo‘di. 4 qahramonga Montero meri Jeyms Sheron “Montero faxriy medali”ni ham taqdim qildi.
Bu 4 qochqinga siyosiy boshpana berish so‘rovi bilan e’lon qilingan petitsiyani qariyb 30 mingga yaqin odam imzoladi.

Oradan bir yil o‘tib, Ahmedovning kutilmaganda O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi, uning himoyasi bilan shug‘ullangan Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra, xalqaro huquq normalarining qo‘pol ravishda buzilishidir.

Atayevaning aytishicha, Ahmedovni vataniga qaytarmaslik haqida Yevropa sudining 2 ta qarori bor. Ushbu qarorlarga O‘zbekistonda hanuz mahbuslarga qiynoq qo‘llanilishi asos sifatida keltirilgan.

Nadejda Atayeva hozirda Fransiyada boshpana so‘rovi rad etilgan va taqdiri mavhum qolayotgan Muhsinjon Ahmedov kabi boshqa dindor qochqinlar borligini aytadi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Fransiya hukumati postsovet davlatlari, Osiyo va Afrika qit’asidan borib, boshpana so‘rayotgan muhojirlarga nisbatan o‘ta keskin munosabatda bo‘lmoqda.

Bular orasida boshpana so‘rovi qondirilganlar yildan-yilga ozaymoqda, aksincha imi-jimida yurtiga deportatsiya qilinganlar soni ko‘paymoqda.

Xorijdagi o‘zbekistonlik muhojir va siyosiy qochqinlar taqdirini kuzatayotgan huquq himoyachilariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda himoya izlagan o‘zbeklarni yurtiga qaytarish amaliyoti Yevropaning boshqa davlatlarida ham ko‘paygan.

Yurtiga qaytarilgan dindorlarning aksari, aeroportdanoq hibsga olinishi kuzatiladi.

O‘zbekistonni qariyb 30 yil boshqargan Islom Karimov davrida diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ko‘p bo‘ldi va ularning aksari hanuz xorijda, ko‘proq Yevropa davlatlarida.

Bunday fuqarolar odatan, Jinoyat kodeksining terrorizm, davlat tuzumini ag‘darish, taqiqlangan diniy tashkilotlarga a’zolik, kontrabanda, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinadi.

Ularga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari hanuz mahalliy huquq-tartibot idoralarining stollarida turibdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilga hokimiyatga kelganidan keyin diniy-siyosiy motivda ayblangan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligini "qora ro‘yxat"lardan chiqardi.

Prezident o‘z chiqishlaridan birida “qora ro‘yxat”ga tushgan 16 ming kishi ro‘yxatdan chiqarilganini aytgandi.

Muhsinjon Ahmedovni deportatsiya qilish qarori Fransiya prezidenti Makronning O‘zbekistonga tashrifidan ikki hafta o‘tib yuz berdi. Makron Samarqanddagi biznes-forumda Fransiya "Mirziyoyevning strategiyasiga ishonishi"ni aytgan.

Faollarga ko‘ra, Parij va Toshkent o‘rtasidagi strategik muloqot fonida, inson huquqlari, so‘z erkinligi, sudlov tizimi, hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlaridagi korrupsiya kabi qator muammolarga G‘arb hukumatlari asta-sekin ko‘z yumayotgani kuzatilmoqda.

Стив Свердлов: “Ўзбекистонда диний эркинликлар доираси торайиб бормоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:42 0:00

2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga urush ochgach, bu ahvol yanada og‘irlashdi. Urush butun dunyo, xususan Markaziy Osiyoda ham geosiyosiy muhitni tamomila o‘zgartirib yubordi.

Oliy doiradagi siyosiy muloqotlar va mintaqadagi asl vaziyatni ko‘rib turgan jamoatchilik, xususan, muhojir o‘zbeklar hamda huquq faollari buning oqibatlaridan xavotirda.

Yevropadagi fuqarolik jamiyati vakillari va inson huquqlari himoyachilari, O‘zbekistonning inson huquqlari borasida katta islohotlarni va’da qilgan prezidenti Shavkat Mirziyoyev, vataniga qaytolmayotgan minglab o‘zbekistonlik taqdirini zudlik bilan hal qilishi lozim, demoqda.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumati bilan muloqotlarda qamoqdan ozod qilingan faollar va jurnalistlarni reabilitatsiya qilish va ularga kompensatsiya to‘lash masalasini ko‘targan, ammo O‘zbekiston Oliy sudi kamida ikki nafar faolning reabilitatsiya so‘rovini rad etgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG