Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:50

Farroshlikdan uyma-uy yurishgacha. O‘zbekistonda o‘qituvchilarning majburiy mehnati davom etyapti


O‘zbek o‘qituvchisi farroshliklan tortib uyma-uy yurib ma’lumot to‘plashgacha, hamma ishni qiladi, lekin, dars o‘qitmaydi, deydi bloger Nikita Makarenko.
O‘zbek o‘qituvchisi farroshliklan tortib uyma-uy yurib ma’lumot to‘plashgacha, hamma ishni qiladi, lekin, dars o‘qitmaydi, deydi bloger Nikita Makarenko.

O‘zbekiston maktablarida turli idoralardan komissiyalarning tinimsiz tashriflari va o‘qituvchilarning o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etilishi ta’lim tizimini falajlab qo‘ygan.

Bloger va jurnalist Nikita Makarenko Ozodlik bilan suhbatda o‘nlab o‘qituvchilarning shikoyatlaridan shunday xulosaga kelganini aytdi.

“O‘zbek o‘qituvchisi farroshliklan tortib uyma-uy yurib ma’lumot to‘plashgacha, hamma ishni qiladi, lekin, dars o‘qitmaydi, chunki vaqti qolmaydi”, - deydi Makarenko.

Ikki hafta oldin bloger Toshkent maktablarida o‘qituvchilar uyma-uy yurib, bolalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ro‘yxatga olishga jalb etilayotgani muammosini ko‘tarib chiqqandi.

“O‘qituvchilar meni uyimni taqillatishdi, hech kimga keraksiz ma’lumotni to‘plash uchun uyma-uy yurishga jalb qilishayotganini aytishdi. Bunga chek qo‘yish kerak, degan o‘yda kampaniya boshladim. Bu bema’nilik haqida tarmoqlarda yozib chiqdim. Ularni hech kimga keraksiz ma’lumotni to‘plash uchun uyma-uy yurishga direktorlar, direktorlardan RayONO, RayONOdan esa vazirlik shuni talaba qilar ekan”, - deydi Makarenko.

Mirziyoyeva muammoga e’tibor qaratdi, lekin...

Ta’lim tizimidagi bu muammoni Nikita Makarenko ko‘tarib chiqqach, masalaga O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva va Prezident administratsiyasi rahbari muovini Komil Allamjonov aralashdi.

Dastlab Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarning uyma-uy yurishga majburlanishi qabul qilib bo‘lmas xol ekanini aytib, mutasaddilarni bu kabi tajribaga chek qo‘yishga chaqirdi.

“Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart”, – deb yozdi Mirziyoyeva Facebook sahifasida.

Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov ham o‘qituvchilarni ular zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalardan ozod qilish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi.

Nikita Makarenkoning aytishicha, Mirziyoyeva va Allamjonovning aralashuvi ortidan maktablarda o‘qituvchilarni uyma-uy yurishga majburlash to‘xtagan.

Ammo, boshqa muammolar o‘rtaga chiqqan.

“Meni Saida Mirziyoyeva, Komil Allamjonov qo‘llab-quvvatladi. Bu muammodan qutuldik. Lekin, o‘qituvchilar endi o‘quv jarayoniga halaqit qilayotgan boshqa muammolarni aytishmoqda. Bular navbatchiliklar va komissiyalarning tashriflari. Ayniqsa, ayol o‘qituvchilar uchun navbatchiliklar asabbuzarliklarni keltirib chiqaradi, ishdan uyiga qorong‘ida qaytadi, topshiriq vaqtida bajarilmagani uchun rahbaridan dakki eshitadi, dars berishga esa ulgurmaydi. O‘z-o‘zidan bu keraksiz majburlashlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi”, - deydi Makarenko.

“Bema’ni navbatchiliklar va komissiyalar”

Blogerning aytishicha, navbatchiliklar ham oylik to‘lanmaydigan majburiy mehnatning bir turi.

“O‘zbekistonda deyarli barcha maktablarda o‘qituvchilarni kechasi 9 gacha navbatma-navbat maktabda ushlab o‘tirish, qo‘pol aytganda qorovullik qilishga majburlashlar odatiy xol ekanini o‘qituvchilar ham aytishadi. "Usileniya" payti tungi navbatchilik ham qilishadi. Buning uchun oylik to‘lanmaydi. Bu Mehnat kodeksiga zid. Lekin direktorlar ularni ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitib shunga majburlaydi”, - deydi Makarenko.

Blogerning Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha, yana bir muammo, o‘quv jarayoni har-xil komissiyalarning tinimsiz tashriflari.

“Komissiyalarning bema’ni tashriflari bilan ta’lim jarayoni falaj qilinmoqda.Har kuni maktabga har-xil komissiyalar kelishi sabab darslar muntazam bo‘linmoqda.

Biri fanlar o‘zlashtirilishini, yana biri o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishini, sovuq qurollar bor-yo‘qligini, boshqasi maktabda elektr tejalayotganini tekshirish uchun keladi. Har bir komissiya kelishidan oldin maktablarni o‘qituvchilar supur-sidir qiladi, pollarni yuvadi. O‘quv jarayoni bo‘linadi. Muallimlar ishidan chalg‘iydi. Komissiyalar esa shunaqa ko‘pki, prokuraturadan tortib ichki ishlar bo‘limlarigacha, tuman, shahar ta’lim boshqarmalaridan kelaveradi. O‘qish payti istagan paytda sinfga bostirib kirishi mumkin”, - deydi Makarenko.

“Nega faqat Mirziyoyeva gapirsa masalaga e’tibor berilishi kerak?!

Maktablarda o‘qituvchilarning kasbiga tegishli bo‘lmagan ishlarga jalb etilishini xorazmlik nafaqadagi faxriy o‘qituvchi Norjon Sa’dullayeva ham tasdiqlaydi.

“Mening ikki kelinim o‘qituvchi. O‘zim ham o‘ttiz besh yil o‘qituvchilik qilganman. Oldin ham shunday edi hozir ham. Saylov bo‘lsa byulleten tarqatadigan ham bular, saylovchilarni ro‘yxatga oladiganlar ham o‘qituvchilar. Oldinlari paxtaga, dala ishlariga chiqarar edi. Hozir chiqarmaydi. Hozir subbotnik deb, ko‘cha tozalatadi. Soliq idorasi yoki ichki ishlar bo‘limlari, hokimliklar qiladigan ishni o‘qituvchilarga qildiradi. Prezidentni qizi chiqib gapiradi, muammoga e’tibor qaratiladi. Hamma, voy shunaqa ekan, bunga chek qo‘yishim kerak ekan deydi. Keyin davom etaveradi yana. Nega faqat prezidentni qizi gapirsa bu masalaga e’tibor berilishi kerak? Xalq ta’limi vazirligidagilar o‘qituvchilar majburiy mehnati naqadar chuqur ildiz otib ketganini yaxshi bilishadiku, nega amaliy choralarni ko‘rmaydi” , - deydi Sa’dullayeva.

O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni 45-moddasiga ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning lavozim majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday boshqa ishga jalb qilish taqiqlangan. Bunday qoida 2018-yilda qabul qilingan prezident qarorida ham bor.

Lekin, shunga qaramay nega hanuz o‘qituvchilar o‘z kasbiga aloqasi bo‘lmagan ishlarga majburlanmoqda? Ozodlikning bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligidan izoh olishga urinishlari hozircha natija bermadi.

Bir yil avval Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida maktablarga “komissiyalar” tashrifi kamaytirilganini aytgandi.

“Maktablarga “komissiyalar” tashrifini kamaytirishga erishdik. Avvallari xalq ta’limi vazirligi tomonidan yuborilgan tekshiruv komissiyalardan tashqari yana boshqa tashkilotlar ham maktablarga tekshiruvga borgan. Hozirda bu tekshiruvlar 26 foizga qisqartirilgan”, degan edi Dilshod Kenjayev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchining har bir darsga tayyorlanib kirishi bo‘yicha reja daftari tutish tartibi asosan O‘zbekistonda saqlanib qolgan bo‘lib, bu qog‘ozbozlik boshqa davlatlarda ixtiyoriydir.

O‘zbekistonda esa reja daftarlarini tutish vazirlik tomonidan majburiy hujjat sifatida saqlab qolingan.

Hokimliklarning dastyorlari

Ikki yil avval hukumat majlisida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov xalq ta’limi tizimi xodimlari yillar davomida mahalliy hokimliklarning dastyorlariga aylanib qolganini aytar ekan, mahalliy hokimlar va rahbarlar o‘qituvchilarni majburlab ishga chiqaradigan bo‘lsa, ular nafaqat ishdan olinadi, balki tegishli chora ko‘riladi, degandi.

“Qayerda nima ish bo‘lsa, maktabni chiqarishdi, poliklinikani chiqarishdi. Natijada bularning hammasi ta’lim sifatiga, sog‘liqni saqlash sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi”, -degan Aripov.

Bosh vazirning ogohlantirishiga qaramay joylarda o‘qituvchilar saylov bilan bog‘liq ishlardan tortib bandlik bo‘yicha ma’lumot to‘plash singari majburiy mehnatning yangi va yangi turlariga jalb etilgani kuzatildi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan o‘qituvchilar buyruqni hokimlikdan olganliklarini aytishdi.

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘rta va oliy ta’lim tizimiga yuklatilishi tajribasi ko‘pdan beri mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yildagi chiqishida o‘qituvchilar asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz otganini tan olgan edi.O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ham 2020-yil sentabr oyida xalq ta’limi tizimi xodimlari yillar davomida mahalliy hokimliklarning dastyorlariga aylanib qolganini aytar ekan, mahalliy hokimlar va rahbarlar o‘qituvchilarni majburlab ishga chiqaradigan bo‘lsa, ular nafaqat ishdan olinishi, balki tegishli chora ko‘rilishini aytgan edi.

Prezident va Bosh vazirning ogohlantirishiga qaramay, joylarda o‘qituvchilar saylov bilan bog‘liq ishlardan tortib bandlik bo‘yicha ma’lumot to‘plash singari majburiy mehnatning yangi va yangi turlariga jalb etilgani haqida Ozodlik avval xabar bergan.

XS
SM
MD
LG