Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:40

Farg‘onadagi tug‘ruqxonada korrupsiya "fosh" qilingan video ortidan hokim shifokorlar iste’fosini talab qilib bordi


Furqat tumani hokimi Dilmurodjon Soliyev tuman tug‘ruqxonasidagi korrupsiyadan darg‘azab.
Furqat tumani hokimi Dilmurodjon Soliyev tuman tug‘ruqxonasidagi korrupsiyadan darg‘azab.

Farg‘ona viloyatining Furqat tumani Tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxonasida xodimlar suyunchi puli ustida talashayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketishi ortidan tuman hokimi Dilmurodjon Soliyev shifokorlar iste’fosini talab qilib borgan.

29 - oktabr kuni olingan va Ozodlikka sizdirilgan videoda hokim Soliyev tug‘ruqxona xodimlaridan keskin ohangda bino tashqarisiga chiqishni so‘raydi.

"Suyunchi pulini talashadigan noinsof. Chaqiring hammasini, javob bersin. Olib chiqing, jonga tegdi bular", - deydi hokim videoda.

Hokim tug‘ruqxona rahbariyatidan korrupsiyaga chek qo‘yishni talab qiladi.

"Oddiy yigit, 1 million oylik oladi, xotinim tug‘adi, tug‘ruqxonaga borolmayapman, deydi. Bu yog‘iga mana bu yerga yozib qo‘yasizlar, qutilarni ham qo‘yasizlar. "Hurmatli Furqat tumani xalqi. Farzandlik, nabiralik, qizlik, o‘g‘illik bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Ko‘ngildan chiqarib, suyunchi qilmoqchi bo‘lsangiz vrachga tibbiyot xodimiga, sanitarkaga pul bermang. Ko‘nglingizdan chiqdimi mana shu qutilarimizga tashlang." Ikkita masjidimiz bor. Nogironlarga beriladi", deydi hokim.

Фурқат тумани ҳокими туғруқхонадаги коррупциядан дарғазаб
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:10 0:00

Furqat tumani hokimi, shuningdek videoda, o‘tgan yili o‘z rafiqasi ko‘zi yoriganda tug‘ruqxona xodimlari onasidan pul so‘raganini iddao qiladi.

"Onam kelib berib qo‘yibdi, men yo‘q edim. Mana isbot, xotinimni chaqiraman. Hokimligimni bilmasdan olgansizlar", - deydi Dilmurodjon Soliyev.

Bir kun oldin Furqat tumani Tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxonasida xodimlar suyunchi puli ustida talashayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqda tarqalgan edi.

Videoda shifokorlardan biri: "Menga 20 ming pul berdi xolos. Hammaga 100 ming, 150 mingdan pul berdi", deya hamkasblaridan noliydi.

Furqat tumani hokimi Dilmurodjon Soliyev videoni ko‘rib, larzaga kelgani, tug‘ruqxonada korrupsiya avj olganida o‘zini ham aybli hisoblashini aytadi.

"Furqatni hokimi bo‘lib mana shu yerimdan o‘tib ketdi. Farg‘ona viloyati Furqat tumanida suyunchi pulini talashyapti. Men prezidentni vakiliman bu yerda, meni aybim sizlarni pul olishing. Men nazorat qilmaganim uchun bo‘lyapti. Kechadan beri uxlaganim yo‘q. O‘zimni bir sutkada sovitib kelganim shu. Kecha kelganimda yonib ketardi. Shuning uchun "kadr" (birlashma kadrlar bo‘lmi boshlig‘i nazarda tutilyapti- tahr.) keldimi, kelgan bo‘lsa hammasi ariza yozadi. Boshqa bo‘limlarga rotatsiya qilasiz. Ikki oy sinov muddati bilan ishlasa ishlaydi, bo‘lmasa men xalqni to‘xtatib qololmayman", - deydi Furqat tumani hokimi Dilmurodjon Soliyev 29 - oktabr kuni olingan videoda.

Ozodlik suhbatlashgan Furqat tumani aholisi vakillari ham tug‘ruqxonada korrupsiya avjiga chiqqanini aytishadi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan furqatliklardan biri Ozodlikka bunday dedi:

"Ayolingizni olib kelsangiz 2 million bilan kirib ketolmaysiz. Shuning uchun Qo‘qonga borib tug‘ishyapti, u yerda olmaydi. Furqatda doyalar cho‘ntagingizga yopishishadi. Pul yo‘q desa qabul qilmaydi. O‘tgan yil bir ayol o‘lib qolgan.

Bemor tug‘adigan bo‘lgan, tug‘ruqdan oldin dolyasini berishi kerak bo‘lgan, bermagan, tug‘ruqqa tayyor emassiz deb o‘ziga tashlab qo‘ygan keyin o‘lib qolgan.

Hayron qolarli tomoni hech kim bularni ishdan ololmaydi".

Korrupsiya haqidagi bu iddaolar hamda shifokorlar suyunchi puli ustida talashayotgani aks etgan video yuzasidan Furqat tumani tibbiyot birlashmasidan ham, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan ham dam olish kuni bo‘lganligi sabab izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbekiston tug‘ruqxonalarida suyunchi puli olish an’ana tusini olgan. Uy yil avval O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "eng katta poraxo‘rlik tug‘ruqxonalarda", degan edi.

"Buni yig‘ishtirish kerak. Tug‘ruqxonalarda hammasi eskicha davom etmoqda. Bu poraxo‘rlikni tugatish shart. Tug‘ruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Albatta tug‘dirganga pul berish kerak... Qayerda bu yozilgan? Hech qayerda yozilmagan. Hamma norozi”, - degan edi Shavkat Mirziyoyev 2017 - yil fevral oyidagi hukumat majlisida.

XS
SM
MD
LG