Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:36

Facebook Qirg‘izistondagi saylovlarda tashviqot olib borgan yuzlab troll akkauntlarni o‘chirib tashladi


Facebook  Qirg‘iziston segmentida haqiqatan ham ko‘plab siyosiy trollar ishlashini tasdiqlagan
Facebook  Qirg‘iziston segmentida haqiqatan ham ko‘plab siyosiy trollar ishlashini tasdiqlagan

Facebook Qirg‘izistondagi so‘nggi saylovlar tufayli yuzlab akkauntlarni o‘chirib tashladi. Akkauntlarning bir qismi hukumatga yaqin mansabdor shaxslar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Kloop nashrining jurnalisti Aida Irgebayevani feyk xabarlarni fosh etuvchi asosiy mutaxassis, deyish mumkin. Taxminan ikki yil ichida u yolg‘on xabarlar va trollarning butun ma’lumotlar bazasini to‘pladi. Ularning barchasi Qirg‘izistondagi turli siyosatchilar uchun ishlagan.

“ Menga " Mekenim Kirgizstan " partiyasi uchun targ‘ibot qilgan soxta akkauntlar juda qiziqqarli tuyuldi. Ular Facebookda o‘ziga xos bir olam yaratdilar, deyarli barchasida suratlar bor edi. Ularning ortida turganlar, kompyuter o‘yinlari, real hayot simulyatori va shu kabi mashg‘ulotlarga mukkasidan ketgan", - deydi jurnalist.

Jurnalistlar trollarni ovlashni boshlaganlaridan beri ularning yaratuvchilari yanada hiyla-nayrangga boy, zukkoga aylanishdi.

“Soxta evolyutsiya mavjud. Agar biz fotosuratlarni o‘g‘irlaydigan soxta akkauntlarni taqiqlasak, ular fotosuratlarni o‘g‘irlamaydi. Agar yaqinda yaratilgan akkauntlarni taqiqlasak, ular kimningdir eski akkauntini sotib olishadi", - deydi Irgebayeva.

Jurnalistga ko‘ra, Facebookdagi tayyor sahifani 10 qirg‘iz so‘miga sotib olishingiz (bu atigi 12 sent) yoki o‘z nomidan biron partiya, siyosatchi va hatto, Qirg‘iziston prezidenti uchun ishlaydigan tirik odamga 3 ming dollar to‘lashingiz mumkin. Bu ma’lumotlar Kloop.kg tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvdada keltirildi.

"Eng muhimi, bu karantinda namoyon bo‘ldi, chunki biz karantinda edik va prezidentning harakatsizligiga nisbatan turli munosabatlar bildirilar edi. Kimdir prezidentga jahl bilan izoh yozadi, ortidan "u majbur emas, u davlat muammolarini hal qilmoqda", degan yozuv paydo bo‘ladi”, - deydi nashrning yana bir jurnalisti Aleksandra Titova.

O‘sha paytda Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bo‘lgan. Tergovchilarning manbalariga ko‘ra, uning ijobiy imijini yaratishga uringan trollar, prezidentning ukasi, deputat Asilbek Jeenbekov tomonidan nazorat qilingan. Facebook Qirg‘iziston segmentida haqiqatan ham ko‘plab siyosiy trollar ishlashini tasdiqlagan.

"Tergov davomida Qirg‘izistondagi ommaviy axborot vositalari va hukumatda tajribaga ega odamlar, shuningdek Media Center deb nomlangan media-kompaniya bilan aloqalarni aniqladik. Ularning faoliyati 2020 - yilgi parlament saylovlari va 2021 - yilgi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari atrofida bo‘lib o‘tgan", deyiladi bayonotda.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati jurnalistlari Facebook hisobotida tilga olingan Media Center haqiqatan ham Jeenbekovning sobiq matbuot kotibi Nurkan Kerimboyevga tegishli ekanligini aniqladilar.

“Facebook hisoboti menga sir bo‘lib qoldi. Biz to‘rtta partiya bilan ishladik va veb-saytimiz orqali materiallarini berib bordik. Bu partiyalarning o‘z piar-shirkatlari bor. Ularning SMM (Ijtimoiy Media Marketing) jamoasi esa ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot materiallarini tarqatishdi. Balki shuning uchun bizning ro‘yxatga kirishgan. Ha, Asilbek Jeenbekov bilan muloqot qilaman, ammo troll- firmalari bilan shug‘ullanmayman", - deydi Kerimbayev.

Qirg‘izistonlik taniqli piar mutaxassis Azim Azimovning aytishicha, deyarli barcha yirik siyosatchilar troll shirkatlaridan foydalanadi. Chunki ular "samarali, qulay va arzon".

“Trollar armiyasi yoki soxta sahifaga ega bo‘lish- bu kotib, haydovchi yoki matbuot kotibiga ega bo‘lish bilan bir hil xarajat talab qiladi”, - deydi Azimov.

Uning o‘zi saylov kampaniyalarida turli siyosiy taxalluslar ostida mashhur siyosiy forumlarda sharhlar yozganini eslaydi. Bu Qirg‘izistonda ijtimoiy tarmoqlar ommalashib ketishidan ancha oldin bo‘lgan. Hozir siyosiy trolling uyushgan va ancha tajovuzkor tus olgan.

"Avvallari ishlatiladigan odatiy usul - maqola buyurtma qilish edi. Ammo maqola bir marta chop etiladi va katta axborot oqimida ko‘zga tashlanmaydi, vaholanki trollar har kuni ish berishi mumkin", - deydi Azimov.

Jurnalistlarning tinimsiz harakatiga qaramay, Qirg‘izistonda trollarga doimiy talab mavjud. Mutaxassislarning fikricha, hammasi media savodxonligining yetishmasligi bilan bog‘liq. Chunki qirg‘izistonliklarning aksariyati soxta akkauntlarni haqiqiysidan, soxta yangiliklarni esa haqiqatdan qanday ajratishni bilishmaydi",- deydi Azimov.

XS
SM
MD
LG