Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:38

English Index: Inglizchasi "juda past" O‘zbekistonda ota-onalar pulini repetitorga sarflayapti


Dunyo mamlakatlari aholisining ingliz tilini bilish darajasini o‘rganib, bu sohada har yili reyting tuzuvchi EF English Proficiency Index tadqiqot markazi bu yil ham O‘zbekistonni tilni “juda past” biluvchi mamlakatlar qatoriga qo‘ydi.

Ayni paytda o‘zbekistonliklar o‘z bolalarining chet tillarni o‘rganishiga katta e’tibor qaratmoqda, imkoni borlar o‘g‘il-qizlarini til o‘rganish kurslariga, repetitorlarga bermoqda.

O‘zbekiston hukumati keyingi yillarda chet tillarni ommalashtirishga doir bir necha qaror chiqargan, bunday qarorlardan so‘nggisi joriy yil bahorida qabul qilingan edi.

Mutaxassislar fikricha, ingliz tilini bilish darajasini ko‘tarish yo‘lida to‘siqlardan biri darsliklar sifatsizligi bo‘lsa, ikkinchisi ingliz tili o‘qituvchilari bilimi pastligidir.

"Qoloq"lar orasida ilg‘orroq

Aholi o‘rtasida ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha EF English Proficiency Index reytingida O‘zbekiston joriy yilda 122 mamlakat orasida 88-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan bir yil ichida ingliz tilini bilish bo‘yicha mamlakat pozitsiyasi o‘zgarmaganini ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qozog‘iston reytingda 96-o‘ringa, Qirg‘iziston 101-o‘ringa, Tojikiston esa 103-o‘ringa qo‘yilgan. Turkmaniston reytingga kiritilgan emas.

Reytingda mamlakatlar aholisining ingliz tilini bilish darajasiga qarab 5 toifaga (“juda yuqori”, “yuqori”, “o‘rtacha”, “past”, “juda past”) bo‘lingan.

To‘rttala farzandimizni ham ingliz tili o‘rgansin deb qo‘shimcha kurslarga berganmiz.

Bu yilgi ro‘yxat boshida aholisi inglizchani “juda yuqori” darajada o‘zlashtirgan Hollandiya, Avstriya, Daniya, Singapur va Norvegiya kabi davlatlar turibdi. Ro‘yxat oxiridan esa Liviya, Ruanda, Kongo, Janubiy Sudan va Yaman kabi mamlakatlar o‘rin olgan.

O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi qo‘shnilaridan oldinda, biroq mintaqadagi bu postsovet davlatlari yoppasiga “juda past” darajada qolayotganini mutaxassislar bu davlatlarning o‘n yilliklar davomida asosiy e’tiborni rus tiliga qaratgani bilan tushuntiradi. Rus tili asosiy til bo‘lgan Rossiya reytingning 51- pog‘onasini egallagan.

O‘zbekistonliklar butun yer yuzi bo‘ylab “millatlararo so‘zlashuv tili”ga aylanib qolgan ingliz tilini bolalariga o‘rgatishga katta qiziqish bildirayotgani Ozodlik o‘tkazgan suhbatlardan ma’lum bo‘ldi.

Ingliz tili uchun oyiga 2 mln so‘m

Toshkentlik Shoira G‘ulomova, to‘rt farzandning onasi. Uning Ozodlikka aytishicha, katta o‘g‘li Milliy universitetning ikkinchi kursida, kichigi Diplomatiya universiteti litseyida o‘qiydi. Uchinchisi - qiz, u o‘rta maktabning 3- sinfida o‘qiydi, to‘rtinchisi -o‘g‘il, u hozircha bog‘chada.

“To‘rttala farzandimizni ham ingliz tili o‘rgansin deb qo‘shimcha kurslarga berganmiz. Xo‘jayinim har biri uchun oyiga 500 ming so‘mdan, jami 2 million so‘m to‘laydi. Maqsadimiz - farzandlarimizni chet elda o‘qitish. Buning uchun esa, ular ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro testdan o‘ta olishlari kerak. Maktab dasturi doirasida oladigan bilimlari bunday testdan o‘tishga imkon bermaydi”.

Qizim bu yil maktabga bordi. 1- sinfda o‘qiydi. Maktabdan keyin ingliz tiliga boradi.

Shoira G‘ulomovaning aytishicha, shu kunda Toshkentda til o‘rgatadigan yuzlab kurslar, ular orasida bir oylik o‘qish bir million so‘m turadiganlari ham bor.

Yana bir suhbatdoshimiz Qarshi shahridan. Ismi aytilishini istamagan bu ayolning so‘zlariga ko‘ra, u bir qizi bilan yolg‘iz yashaydi – eridan ajrashgan:

“Qizim bu yil maktabga bordi. 1- sinfda o‘qiydi. Maktabdan keyin ingliz tiliga boradi. Haftada 3 kun 2 soatdan dars oladi. Oyiga 200 ming so‘m to‘lab o‘qityapman. Tilni o‘zlashtirvosin, keyin chet eldagi maktabga qo‘yaman”.

O‘qituvchilar saviyasi juda past

Qashqadaryoning Koson tumanidagi maktablardan birining ingliz tili o‘qituvchisi D.Sh. ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekiston juda past baho olganini qishloq maktablarida til o‘qitish sifati pastligi bilan izohladi. O‘qituvchining fikricha, sifat pastligi birinchi navbatda o‘qituvchilar saviyasi pastligidan:

U yoki bu hamkasbimning attestatsiyadan o‘tolmaganini eshitamiz. Keyin qarasak, yana ishlayotgan bo‘ladi.

“U yoki bu hamkasbimning attestatsiyadan o‘tolmaganini eshitamiz. Keyin qarasak, yana ishlayotgan bo‘ladi. Bas, shunday ekan, unda nima uchun attestatsiya o‘tkazib, o‘zlarini ham, o‘qituvchini ham ovora qilishadi?!”

Kosonlik o‘qituvchi u yashaydigan tumanda ham bolalariga ingliz tilini o‘rgatishga qiziquvchilar ko‘pligini, tumandagi 10 dan ziyod o‘quv markazlarida o‘g‘il-qizlarga ingliz tili o‘rgatilayotganini e’tirof etdi.

Ingliz tilini o‘rgatish bilan bog‘liq vaziyatga baho berar ekanlar, qashqadaryolik maktab o‘qituvchisi bilan farg‘onalik o‘qituvchi Bahodir Eliboyevning gapi bir joydan chiqdi.

9 yildan beri ingliz tilidan dars berib kelayotgan muallim Eliboyev O‘zbekistonning xalqaro reytingda payt o‘rinni egallaganidan hayron bo‘lmaganini aytadi:

“Xalqaro reytingda O‘zbekiston aholisi ingliz tilini juda past o‘zlashtirgan mamlakatlar safidan joy olgani meni hayron qoldirgani yo‘q. Chunki ahvol chindan ham shunday. Biroq til o‘rganishga qiziqish juda katta. Buni birgina bizning Rishton tumani markazida ochilgan 15 ga yaqin o‘quv markazlarida ingliz tili kurslari borligidan ham bilsa bo‘ladi. O‘quv markazlarida har bir o‘quvchi 1 oyga bitta fan uchun o‘rtacha 100 ming so‘m to‘laydi. Bundan tashqari o‘quvchi kursga qatnash uchun sarflaydigan yo‘l kirani qo‘shsangiz, harajat o‘rtacha 200 ming so‘mga aylanadi. Farg‘ona shahrida bunday kurslar oyiga 200 ming so‘mdan boshlanadi”.

"Biz bir narsani o‘qitamiz, DTM boshqa narsani so‘raydi"

Darsliklar o‘quvchida reading va speaking ko‘nikmalarini paydo qilish va ularni rivojlantirishga qaratilgan. Davlat test markazi imtihonlari esa, asosan, grammatikaga asoslanadi.

Bahodir Eliboyev ingliz tilini o‘qitish va bu sohadagi bilimni sinash masalasi bir-biriga bog‘lanmaganiga e’tibor qaratadi:

“Darsliklar o‘quvchida reading va speaking ko‘nikmalarini paydo qilish va ularni rivojlantirishga qaratilgan. Davlat test markazi imtihonlari esa, asosan, grammatikaga asoslanadi. Ingliz tili o‘qituvchilari shuning uchun grammatikani o‘rgatishga zo‘r beradi. Natijada, bola ingliz tili grammatikasidan anchayin bilimli bo‘lib qolar, lekin u gapira olmaydi”.

Ingliz tili va... energiya taqchilligi

Ingliz tili o‘qituvchisining fikricha, o‘qitish sifatini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan yana bir omil maktablar moddiy-texnik bazasi zaifligi hamda energiya taqchilligidir:

“Hozir chekka joylardagi ta’lim usuli eski sovet davridan qolib kelayotgan usuldir. Keyingi yillarda paydo bo‘la boshlagan ancha-muncha yangi darsliklarda esa, ilova qilinishi lozim bo‘lgan listening uchun CD bo‘lmaydi. CD bo‘lgan taqdirdayam, elektr taqchilligi uchun ularni eshitish imkonsiz. Reading va speaking masalasida proyektorlar hamma maktablarga ham berilmagan. Berilganlari ham yo ishlamaydi yoki elektr quvvati uzilishlari sababli ishlata olmaysiz”.

Bahodir Eliboyevning fikricha, muammolarning kattasi - o‘qituvchilar bilimsizligidir:

Repetitorlik kurslari yagona ta’lim tayanchi bo‘lib qolmoqda.

“Aksari ingliz tili o‘qituvchilari o‘qishni kontrakt asosida bitirgan. Ularni mustaqil testdan o‘tkazsangiz, diplomlarini bekor qilishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, ta’limdagi korrupsiya va tanish-bilish ilik tufayli sifatsiz kadrlar ham maktablarda dars berishda davom etmoqda. Oqibatda ,repetitorlik kurslari yagona ta’lim tayanchi bo‘lib qolmoqda”.

Hukumat tan olgan achchiq haqiqat

Ingliz tili o‘qituvchilarining bilimi o‘ta pastligini hukumatning o‘zi ham tan olgan.

1400 ta maktabda chet tilini o‘qitish ahvoli talabga javob bermasligi, 2000 ta chet tili o‘qituvchilari lavozimi vakant qolayotgani, maktablarda ishlayotgan jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to‘g‘risidagi sertifikatlarga egaligi joriy yilning 6 - mayida prezident Mirziyoyev raisligida chet tillarni o‘qitishni takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektorda e’tirof etilgan edi.

O‘sha yig‘ilishda 11 ming nafar ingliz tili o‘qituvchisi test topshirgani, ularning 49 foizi testdan o‘tolmagani ham aytilgan.

6 - may kungi videoselektor yig‘ilishi ortidan 19 - mayda Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori, hamda Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

XS
SM
MD
LG