Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:49

Energetika inqirozi: Elektrdan uzilgan shlagbaum bir insonning umriga zomin bo‘ldi


O‘zbekistonda elektr bilan ishlaydigan shlagbaumlar nosozligi ortidan tez-tez avariya sodir bo‘lishi kuzatiladi
O‘zbekistonda elektr bilan ishlaydigan shlagbaumlar nosozligi ortidan tez-tez avariya sodir bo‘lishi kuzatiladi

Joriy yilning 4 - yanvar kuni Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida 8 soatga yaqin elektr uzilishi oqibatida ishlamay qolgan shlagbaum bir odamning o‘limiga sabab bo‘ldi. Elektr ta’minotidagi uzilish issiqxonalardagi sabzavot va qashqadaryolik tadbirkorning 5 tonna yelim mahsuloti nobud bo‘lishiga ham olib keldi.

Elektr bilan boshqariladigan shlagbaum ochiq qilgani va ogohlantiruvchi chiroqlar o‘chiq bo‘lgani bois temir yo‘lni kesib o‘tayotgan “Jiguli” avtomobili va poezd o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan. Oqibatda "Jiguli"ni boshqarayotgan 19 yashar yigit halok bo‘lgan.

Temiryo‘lning Qiziriq yo‘nalishiga yaqin joyda tadbirkorlik qiladigan Firdavs Ro‘ziyevning Ozodlikkka bildirishicha¸ voqea ma’muriy huquqbuzarlik sifatida rasmiylashtirilgan.

Ro‘ziyev ushbu xolat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, aybdorlar jazolanishi zarurligini aytdi.

Surxondaryo viloyat prokuraturasi vakili esa, o‘lim holati yuzasidan tergovgacha surishtiruv boshlanganini aytish bilan cheklandi.

Elektrni kim va nega o‘chirdi?

Surxondaryo viloyat Elektr tarmoqlari idorasi vakiliga ko‘ra¸ 4 - yanvar kuni uzatish tarmoqlaridagi zo‘riqishga barham berish maqsadida Jarqo‘rg‘on tumanida bir muddat elektr o‘chirib qo‘yilgan.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakili esa 4 - yanvar kuni Jarqo‘rg‘on tumanida elektr energiyasi tarmoqdan rejasiz uzib qo‘yilganini bildirdi.

Federatsiya mulozimiga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumanini kun davomida 8 soat 50 minut rejasiz elektrdan uzib qo‘ygan Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ustidan sudga da’vo arizasi kiritilgan. Ismi ochiqlanishini istamagan mulozimning Ozodlikka bildirishicha, Surxondaryo viloyatida kuniga 10 soatga yaqin rejasiz elektrdan uzish hollari oqibatida viloyatning 8 tumanidagi iste’molchilar zarar ko‘rgan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Termiz shahar sudi kotibi Ozodlik bilan 7 - yanvardagi suhbatda Jarqo‘rg‘on¸ Qumqo‘rg‘on¸ Sariosiyo¸ Uzun¸ Angor¸ Denov va Sherobod tumanlarida rejasiz o‘n soatlab elektrni uzgan Surxondaryo viloyat hududiy elektr tarmoqlari ustidan shikoyat arizasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilayotganini tasdiqladi.

Rejali elektrdan uzish va rejasiz uzish

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi respublika idorasi xodimi Sharofiddin Qahhorov Ozodlik bilan suhbatda rejadan tashqari uzilishlar oqibatida iste’molchilar zarar ko‘rayotganligini aytdi. Qahhorovga ko‘ra¸ Jarqo‘rg‘onda elektr uzilishi oqibatida shlagbaum ishlamay qolgani bilan bog‘liq o‘lim holatini prokuratura tekshirmoqda.

“Biz foyda olish maqsadi bo‘lmagan va elektrni o‘z ehtiyoji yo‘lida ishlatadigan jismoniy shaxslar huquqlarini himoya qilamiz. Masalan, elektr uzilishi oqibatida uy jihozlari ishdan chiqsa yoki boshqa zarar ko‘rilsa, bu shaxs huquqlarini himoya qilamiz. Hozirgacha elektr bilan bog‘liq uzilishlarda iste’molchi huquqini himoya qilish uchun qator ishlar qildik. Barcha huqudiy boshqarmalarimiz grafikdan tashqari elektrdan uzish holatiga oid ish qo‘zg‘atib, ko‘rsatma bergan. Bilasiz, elektr tarmoqlaridagi zo‘riqishning oldini olish uchun elektrdan uzish grafigi bor. Bu grafikka zid tarzda elektrni o‘chirsa, biz elektr idorasiga qarshi ko‘rsatma rasmiylashtiramiz.”

Yelimi nobud bo‘lgan tadbirkor hasrati

Rasmiylarga ko‘ra, elektr uzilishi oqibatida jabr ko‘rgan tadbirkorlarni himoya qilish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi vakolatiga kirmaydi. Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida qurilish elimi ishlab chiqaradigan tadbirkor Jahongir Annayev ham yanvar oyidagi elektr uzilishidan jabr ko‘rganligini aytadi:

“ 4 - yanvar kuni 10 soatdan ko‘p svetsiz qoldik. Elektr energiyasi o‘chishi oqibatida 5 tonna yelim mahsuloti mutlaqo yaroqsiz holga keldi. Undan yelim sifatida foydalanish imkoniyati endi yo‘q. Shuningdek, qayta ishlab, yaroqli holga ham keltirib bo‘lmaydi. Kimga aytaylik dardimizni?. Hamma soliqni, shu jumladan, 20% stavkali QQSni to‘lasam. Elektrdan yoki boshqa idoralardan qarzim bo‘lmasa. Shuncha zararni kim to‘lab beradi?..”

Telefon chirog‘i yorug‘ida kasal ko‘rildi

Annaevning aytishicha¸ 4 - yanvar kuni Shahrisabz tumani «Chorshanbe» qo‘rg‘onida joylashgan markaziy shifoxonada elektr energiyasi o‘chgan. Natijada reanimatsiya bo‘limida chiroq yo‘qligi bois doktorlar telefon chirog‘ini yoqib, kasal ko‘rishga majbur bo‘lgan.

Rasmiy munosabat

Ozodlik bog‘langan va o‘zini Kapital qurilish bo‘limi xodimi deb tanishtirgan mulozim 4 - yanvar kuni butun tuman qatorida kasalxona ham chiroqsiz qolganini tasdiqladi.

“Endi bannisada svet o‘chgan bo‘lsa, generator bor-ku. Ikki minutda elektr generator ulanadi. O‘zimiz oberganmiz shu generatorni. Uzluksiz ishlashi uchun yoqilg‘i bilan ta’minlash ham hokimlik zimmasida. Ta’minlab turibmiz. Endi svet nega o‘chdi, deb svet idorasidan so‘rang...”

Mulozim Shahrisabz tuman hokimligi axborot xizmati elektr uzilishlari bo‘yicha chiqargan rasmiy izohni Ozodlikka yo‘lladi.

Izohda “elektr energiyasi bilan bog‘liq kamchilik va muammolar aniqlangan taqdirda, Shahrisabz tuman kesimi doirasida tegishli mutaxassislar tomonidan ushbu holat batafsil o‘rganilib, mummolar to‘liq bartaf etilishi choralari o‘z vaqtida ko‘rib borilishi” va’da qilingan.

Energetika vazirligi tasdiqlaydi

Joriy yilning 4 - yanvar kuni Respublika Energetika vazirligi matbuot xizmati Qashqadaryodagi elektr uzilishlari borasida izoh berdi:

“Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga qarashli neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiyasi bilan ta’minlab turgan “Neftchi” podstansiyasidan chiquvchi L-Zevarda -1,2 elektr uzatish tarmoqlari rele himoyasidan o‘chgan.

Natijada, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz soatiga 140-175 ming metr kubga qisqargan. Buning oqibatida elektr energiyasi ta’minotida respublika hududlari bo‘ylab 600-800 MVtgacha cheklovlar bo‘lganligi aniqlangan.

Ayni kunlarda yuqorida yuzaga kelgan muammolar bartaraf etilishi yuzasidan tegishli mutaxassislar ish olib borishmoqda.”

Elektr hamma yerda birday o‘chadi

Ozodlikka kelayotgan shikoyatlar respublikaning barcha hududlaridan aholi va tadbirkorlar elektr ta’minotidagi uzilishlardan aziyat chekayotgani va moddiy zararga yuz tutayotganini ko‘rsatmoqda.

Bundan avval mahalliy nashrlar elektrsiz qolgan Kattaqo‘rg‘ondagi issiqxonalarda sabzavotlar nobud bo‘lib, tadbirkor kamida 35 ming dollar zarar ko‘rgani haqida yozgan edi.

O‘tgan yil noyabrida Telegramdagi Troll-uz kanali Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida chiroq o‘chishi ortidan issiqxonalardan biridagi sabzavotlar nobud bo‘lgani haqida yozgan. Fermer ko‘rgan zararning taxminiy miqdori 35 ming dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, kuz-qish mavsumi boshida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida elektr ta’minotidagi uch kunlik uzilish oqibatida mahalliy tadbirkorning 6000 tovug‘i nobud bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarda rezonansga sabab bo‘lgan edi.

Energetika vazirligi havo haroratining keskin pasayib ketishi va energetika manbalaridan noqonuniy foydalanish holatlarini uzilishlarning asosiy sababi sifatida ko‘rsatib keladi.

XS
SM
MD
LG