23-noyabr kuni o‘tgan hukumat majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi, general-leytenant Abdusalom Azizovni lavozimdan bo‘shatgan.
Azizovning o‘rniga Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlangan.
Ozodlikning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, prezident qarori hukumatning oldindan e’lon qilinmagan, favqulodda majlisida e’lon qilingan.
Hukumat majlisining favquloddaligiga ikki kun oldin tayinlangan hukumat tarkibi ham dalolat qilmoqda.
Shu hafta Oliy Majlis Bahodir Qurbonovni Mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqlagandi.
Rasman bu haqda hozircha ma’lumot berilgani yo‘q.
DXX raisi iste’fosining rasmiy sababi ma’lum emas.
Ozodlik manbalari xavfsizlik xizmati rahbarining ishdan olinishini shu yilning 26-oktyabr kuni Qibray tumanida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘lamoqda.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bir kun avval hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari tergovga to‘sqinlik qilgani uchun lavozimidan chetlatilgan.
Tafsilotlarni Ozodlik YouTube kanalida kuzating.