Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:42

Diniy ramzlardan qo‘rquv. Toshkentda yana soqolga qarshi reydlar


"Malika" bozori
"Malika" bozori

Toshkentning xalq orasida "Malika" nomi bilan tanilgan bozorida yana "antisoqol" reydlari o‘tkazilgani haqida xabarlar olinmoqda.

Asosan elektr jihozlari bilan savdo qiluvchi va rasmiy nomi “Texno-Olam” savdo majmuasi deya ataluvchi bu bozor so‘nggi yillarda bir necha bor “antisoqol reydlari”ga sahna bo‘lgan.

Bir biridan mustaqil ikki savdogarning Ozodlikka aytishicha, oxirgi reydlar bu maskanda 2-fevral kuni bo‘lgan, soqolli kamida 10 kishi ushlanib, Shayxontoxur tumani IIB huquqiy profilaktika bo‘limiga olib ketilgan.

“Juma namozidan keyin melisa o‘ndan ziyod namozxon bolalarni olib ketdi. Shayxontoxur GOMiga olib borib, soqolini olishga majburlashgan, yo olasan yo 15 sutkaga qamaymiz deb, qo‘rqitishgan”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan savdogarlardan biri.

“Deyarli har juma kuni bo‘ladi. Ozgina o‘ssa, ol deydi. Soqoli sal uzunroq bo‘lsa olib ketib, qisqartirishga majburlaydi”, deydi boshqa bir savdogar.

IIBga olib ketilganlar dindor bo‘lganliklari uchun soqollari olinganligini da’vo qilishmoqda.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan izoh ololmadi.

Malika bozori joylashgan hududga mas’ul uchastka noziri soqolga qarshi reydlar bo‘lganini rad etdi.

“To‘g‘ri, juma kunlari masjidda namoz payti fuqarolar tinchligini saqlash uchun chiqib qo‘riqlab turamiz, masjidda biron kor-hol bo‘lmasin deb. Odamlar ham minnatdor bo‘lib rahmat aytib ketishadi, duolar qilib. Endi o‘sha kuni soqol qo‘ygan o‘g‘rilarni ushlab ketgan bo‘lsa, shunga yo‘yishgandir. Lekin, unaqa bo‘lgani yo‘q. Shayxontoxurda namozxonlar ko‘p, bemalol namozini o‘qiydi, hech kim to‘sqinlik qilayotgani yo‘q”, deydi uchastka noziri.

“Malika” savdo majmuasida bundan oldin ham o‘nlab soqolli erkaklar tutib olib ketilib, soqolini olishga majburlagani noroziliklarga sabab bo‘lgan va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilingan edi.

O‘tgan yilning sentabr oyida ham “Malika” majmuasidagi savdogarlar soqoli majburlab olingani haqda Ozodlikka aytishgandi.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi rasmiylari soqolga taqiq yo‘qligi va soqolga qarshi reydlar IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilmasligini aytib keladi.

Ikki yil avvalgi antisoqol reydlari haqida so‘ralganida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov “soqol qo‘yish yoki qo‘ymaslik har fuqaroning o‘ziga, e’tiqodiga bog‘liq, bunga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q”, deya bayonot bergandi.

“Agar fuqarolarda konstitutsion huquqi buzilayotgani to‘g‘risida e’tiroz bo‘lsa, albatta, shikoyat qilish huquqi bor. Siz aytgan holatlar biror marta bo‘lgani yo‘q. Hech qanday taqiq yo‘q”, degandi Shoxruh G‘iyosov.

Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi vakili o‘sha paytda Ozodlikka “Malika” bozorida savdogarlar soqoli majburlab olinganini rad etarkan, "hech kim soqolini olishga majburlanmasligini" ta’kidlagan, ayni paytda "tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportlaridagi suratlarga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan bo‘lishi mumkin"ligini inkor qilmagandi.

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov soqol diniy radikalizm belgisi sifatida ko‘rilishi bois xavfsizlik xizmatlari diqqat markazida bo‘lib kelishini aytadi.

"Soqol qo‘yish har kimning shaxsiy ishi va buning uchun ta’qib qilish yoki olishga majburlash noto‘g‘ri. Lekin bizda soqol radikal islom belgisi sifatida ko‘riladi va bunga muhofazakorlik bilan qaraladi".

O‘zbekistonlik huquq faoli Abdusalom Ergashev fikricha, soqolga qarshi kampaniya butun mamlakat miqyosida bo‘lyapti deb bo‘lmaydi.

"Malika" bozorida doim soqolga qarshi reydlar bo‘lganini eshitamiz. Menimcha o‘sha yerni militsiya boshliqlarini o‘zboshimchaligi bo‘lsa kerak. Bizni Farg‘onada soqolga va ro‘molga e’tiroz yo‘q", - deydi Ergashev.

Shotlandiyadagi Sent-Endryu universiteti Terrorizm va siyosiy zo‘ravonlik masalalarini o‘rganuvi Xanda markazi tadqiqotchisi, professor Noax Taker fikricha, O‘zbekistonda Mirziyoyev prezidentligi davrida diniy erkinlik bobida ilgarilash kuzatilgan esa-da mamlakat Karimov davridagi eski rejim sarqitlaridan to‘liq qutilgani yo‘q.

"Men so‘nggi marta O‘zbekistonda bo‘lganimda Toshkent ko‘chalarida, Andijon yoki Buxoroda soqol qo‘ygan yoki ro‘mol o‘ragan odamlar ko‘proq ko‘zga tashlandi, Toshkentning Eski shaharida masalan. Qizlar hijobda maktabga boryapti, garchi bunga qonunda cheklov bo‘lsa-da. Chunki, qonunni o‘zi tushunarsiz. Nima demoqchiman, odamlarning O‘zbekistonda ilgariga qaraganda ozmi-ko‘pmi erkinroq yurishi yaxshi va buni olg‘a siljish degan bo‘lardim. Lekin, ayni paytda soqol qo‘yganlarni soqolini olishga majburlanayotgani haqidagi alohida holatlarga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi", - deydi Taker.

O‘zbekiston rasmiylari va huquq-tartibot idoralarining diniy ramz deb ko‘riladigan soqol va hijobga qarshi kampaniyalari xalqaro jamoatchilik, jumladan, AQSH Davlat departamenti tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Vashingtondagi muhokama

O‘tgan yil iyunidagi hisobotida Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti mamlakatda hamon diniy erkinlikni cheklash amaliyoti kuzatilayotgani, jumladan, erkaklarning soqolini majburan qirdirish , ayollarning hijobini yechtirish, ro‘molli o‘quvchi va talabalarning ta’lim dargohlariga kiritmaslik hollari kuzatilganini qayd etgandi.

Toshkentda soqolga qarshi navbatdagi reydlar Vashingtonda O‘zbekistondagi diniy erkinlik masalasi muhokama qilinayotgan pallada yuz bermoqda.

Unda qatnashgan O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov o‘z mamlakati hukumati “inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash tarafdori” ekanini ta’kidladi.

"Bu biz uchun ustuvor masala. Bu bo‘yicha AQSH bilan keng qamrovli, ochiq, konstruktiv muloqot olib bormoqdamiz. Muhokama qilib bo‘lmaydigan hech qanday masala yo‘q", - deya o‘zbek elchisining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “Amerika ovozi” radiosi.

Sidiqovning ta’kidlashicha, Toshkent diniy erkinlik borasida boshqa davlatlarga yaxshi ko‘rinish uchun emas, balki millat manfaati uchun qadamlar tashlamoqda.

“Albatta, muammolar bor. Bu tabiiy, lekin hozir yondashuvimiz boshqacha”, - deb qo‘shimcha qilgan O‘zbekistonning Vashingtondagi yuqori martabali diplomati.

Muhokamalarda qatnashgan Xalqaro Diniy Erkinlik Kotibiyati prezidenti va USCIRF sobiq raisi Nadin Maenzaning aytishicha, fuqarolar o‘z e’tiqodlariga qonuniy yo‘l bilan qanday amal qilishlari haqida davlat tomonidan aniqlik yo‘q.

Boshqa ekspertlar singari, u ko‘pchilik musulmonlar ustidan nazoratni kuchaytirish vaqti-vaqti bilan ta’qiblarga olib kelishidan xavotir bildiradi. Hukumat “diniy ekstremizmga aniq huquqiy ta’rif berish, bu ta’rifning shaffof va ommaga ochiq bo‘lishini ta’minlashi kerak”, deydi u.

Maenza O‘zbekiston hukumatini tinch yo‘l bilan diniy e’tiqodni ifoda etish va xavfsizlikka tahdid soladigan harakatlar o‘rtasidagi farqni aniqlash uchun mahalliy va xalqaro huquq ekspertlari bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakat diniy erkinliklar sohasida ilgarilab borayotganini da’vo qilishadi. Rasmiylar BMT Maxsus ma’ruzachisi tavsiyasi bilan qiynoqlar bilan nom chiqargan "Jasliq" qamoqxonasi yopilgani, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun so‘nggi xalqaro talablar darajasida tahrir qilinganini ta’kidlaydilar.

Adliya vazirligi diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va hisobot talablari soddalashtirilganini aytgan.

Jumladan, ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lovlar eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 20 tagacha, ya’ni 18,4 milliondan 3,6 million so‘mgacha kamaytirilgan.

Faoliyat yuzasidan hisobot davriyligi yiliga 4 dan 1 martagacha tushirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yildagi chiqishlaridan birida qariyb 18 ming nafar shaxs “qora ro‘yxat”lardan chiqarilganini aytgan edi.

Shunga qaramay, xalqaro tashkilotlarning so‘nggi monitoring xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston diniy erkinliklar uchun xavfli mamlakatlar sirasiga kiritilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilning 1-avgust holatiga mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2 285 ta diniy tashkilotlar mavjud.

Shularning 2098 tasi islomiy, 188 tasi boshqa diniy oqimlarga mansub tashkilotlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgan. Diniy tashkilotlar va konfessiyalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

XS
SM
MD
LG