Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:47

Dehqon-o‘rtakash-eksportchi. O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlari an’anaviy bozorlarni boy bermoqda


O‘zbekistonlik dehqonlar bu yil piyozga xaridor yo‘qligi sababli bankrot bo‘lmoqda
O‘zbekistonlik dehqonlar bu yil piyozga xaridor yo‘qligi sababli bankrot bo‘lmoqda

Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazda meva-sabzavot bozorini o‘rganuvchi EastFruit xalqaro axborot-tahliliy portali O‘zbekistondan sabzavot va mevalarni eksport qilish shartlari yomonlashganini qayd etdi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2024-yil 14-maydan boshlab ushbu havola orqali tanishish mumkin bo‘lgan sabzavot va mevalarning tavsiya etilgan narxlarini minimal narxlarga o‘zgartiradi.

Nashrning yozishicha, endilikda O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini mutaxassislarning bozor kon’yunkturasi haqidagi tasavvuridan kelib chiqib belgilagan narxlardan pastroq narxlarda olib chiqish taqiqlanadi.

Eng qizig‘i shundaki, narx har bir mahsulot uchun sifat toifalari, navlari va boshqalar bo‘yicha gradatsiyalarsiz belgilanadi, nashr qaydicha, bu meva va sabzavotlar uchun mutlaqo bema’nilikdir.

O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi rahbari Yorqinjon Malikov ham mahalliy nashrlarga bergan intervyusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasida qator muammolar borligini tan olgan.

O‘zbekistonda bir yilda 4 milliard dollar atrofida meva-sabzavot yetishtiriladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda 700-800 million dollar atrofida mahsulot eksport qilinadi, xolos.

Mutaxassislar O‘zbekiston agrar mamlakat ekanligini hisobga olgan holda bu juda kam ko‘rsatkich ekanligini aytadilar.

Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan so‘ng, eksport hajmini keskin oshirish kerakligi haqida bir necha bor chiqish qildi. Eksportchilarga bir qancha imtiyozlar ham berildi.

Ammo, Mirziyoyev prezidentligining 8 yilida ham bu sohada inqilobiy o‘zgarish kuzatilmadi.

Hanuz, O‘zbekistondan chiqadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Turkiya, Turkmanistondan Rossiya, Qozog‘iston bozorlariga kiritiladigan raqobatga dosh berolmayapti.

Birgina issiqxona mahsulotlari eksporti bo‘yicha O‘zbekiston qo‘shni Turkmaniston bilan raqobatda yutqazmoqda.

Turkmaniston ichki bozorida gaz narxining O‘zbekistonga nisbatan bir necha baravar past ekanligi ham mahsulot tannarxiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

EastFruit tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda issiqxona mahsulotlarining ulgurji narxi to‘rtinchi yil surunkasiga o‘sib bordi va o‘z tarixidagi rekord ko‘rsatkichga yetdi.

Eksportchilarga ko‘ra, Rossiya bozori ham o‘zbek mahsulotlariga "injiqlik" qilmoqda. Eksportga jo‘natilgan mahsulotlarning sifatsiz ekanligi, xaridorlarni aldashga bo‘lgan harakatlar O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga bo‘lgan munosabatda ehtiyotkorlikni talab qila boshladi.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik eksportchilardan birining Ozodlikka aytishicha, o‘zbekistonlik eksportyorlar orasida nosog‘lom raqobat vujudga kelgan. Bu raqobat ko‘p hollarda “o‘qlash” degan usul atrofida aylanadi:

“Bizdagi meva-sabzavot eksporti bir zanjirdagi to‘rtta bo‘g‘indan iborat. Dehqon – O‘rtakash( mahsulot yig‘uvchilar) – Eksportyor – Xaridor. Ko‘p iflos ishlarni o‘rtakashlar qiladi, masalan yashchikda ikki qatorli xurmo yoki olma bo‘lsa, tepasiga sifatli, ostiga sifatsizini urib yuboradi. Rossiyadagilar ham bilib qolgan, O‘zbekistonniki desa “o‘qlangan”ini biladi, ikki qatorli mahsulot bo‘lsa olmay qo‘ygan. Bu O‘zbekistondan borgan mahsulotlarning imijini tushirib yuboryapti”.

Mutaxassisning aytishicha, ikkinchi muammo bu soliqdan qochish maqsadida eksportyor bilan qabul qiluvchining o‘zaro kelishuvi:

“Masalan, o‘rtakash 20 ta dehqondan 20 tonna mahsulot yig‘adi va eksportyorga berib, Rossiyaga jo‘natib yuboradi. Agar gilosning kilosi 1 dollardan bo‘lsa, shartnomaga 50 sentdan yozadi. Qolgan 50 sentini naqd yuboradi. Bu bir moshina yuk uchun 10 ming dollar naqd keladi. 10 mingi firmaning hisob raqamiga tushadi va uni yechayotganda 4 foiz soliq to‘laydi”.

Mutaxassisning aytishicha, O‘zbekistonda bir yilda 3-4 milliard dollarlik meva sabzavot yetishtiriladi, ammo 700 million dollar atrofida eksport qilinadi.

O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston xorijga 298,5 million dollarlik 514,8 ming tonna meva-sabzavot eksport qilgan.

Mahsulotlar asosan Rossiya (26,3%), Pokiston (24,2%), Qozog‘iston (13%) va Xitoyga (9,3%) jo‘natilgan.

Ammo, mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonda eksport tizimi ishlab chiqarish – sanoat qamroviga o‘tishi kerak. Vositachilar bilan hozir qilinayotgan biznes yordam bermaydi:

“O‘tgan yillar davomida bog‘bon va dehqonlardan mahsulotini nasiyaga olib, ularga bir so‘m ham bermagan o‘rtakashlar ishlari sudga oshirilganini ko‘p ko‘rganmiz. Bog‘bonga gilosingga bunchadan pul beraman deb olib ketadi, lekin keyin mahsuloting o‘tmadi, brak ekan, kasal ekan degan bahonalar bilan ularni qaqshatadigan insofsizlar ko‘p. Ho‘l mahsulot bilan ishlash qiyin, qisqa fursatda bozorga yetkazish kerak. Yoki uni saqlay oladigan katta xolodilniklar kerak. Shuning uchun mahsulotni poliz boshida dehqon bilan narxini kelishib, hamma fors-majorlar hisobga olingan qonuniy shartnoma tuzib ishlaydigan halol tadbirkorlar kerak”.

O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi rahbari Yorqinjon Malikov ham Kun.uzga bergan intervyusida “o‘qlovchi”lar haqida bunday degan edi:

“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizning taxminan 80 foiz eksporti Rossiyaga qilinadi. Lekin bugungi kunda Rossiyada talab kamaymoqda. O‘zim borib o‘rganib ham keldim Rossiya bozorlarini. Videolarni ham ko‘ryapmiz, xurmo qutilarning tagiga sholg‘om qo‘shib yuborishgan, giloslarni yuziga kattalarini terib, tagiga kichkina gilos qo‘shib yuborishgan. Bizdagi katta muammolardan biri ham shu tadbirkor bir marta mahsulot sotishni o‘ylaydi, keyingi faoliyatini emas. Eksport sohasida ilmsizlik bor. Davlatimiz rahbari ham yig‘ilishda mana shunday vijdonsiz eksportchilarimiz bor ekan, deb aytib o‘tdilar. Muammoga ko‘z yumsak, gazak ola boshlaydi bu”.

Yorqin Malikov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar va eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni bir-biri bilan bog‘lovchi aniq mexanizm yo‘qligi haqida ham gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, eksportchilarga qaysi hududda qanaqa mahsulot yetishtirilayotgani haqidagi aniq ma’lumotlar yetishmaydi.

Сурхондарё ҳокими фермерларнинг юзлаб гектар сабзи, карам, пиёзини ҳайдаб ташлашни буюрди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:58 0:00

Namanganlik fermer Adhamjon Madumarovning aytishicha, O‘zbekistonda 2016-yilgacha kichik va o‘rta tadbirkorlar bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Keyin esa yirik bog‘dorchilik va uzumchilik xo‘jaliklari paydo bo‘ldi.

Paxta va g‘alla uchun unumdor bo‘lmagan yerlar bog‘dorchilik uchun ajratilgan bo‘lsa-da aslida unumdor yerlar bog‘dorchilik uchun ajratildi va yirik eksportchilar paydo bo‘ldi. Bu esa kichik va o‘rta yer egalarini sinishiga olib kelmoqda:

“Xorijdan mevali ko‘chatlar olib kelish ommalashdi. Ammo tuproq, yer va iqlim sharoiti xisobga olinmadi. Yerlarimiz mineral o‘g‘itlarga o‘ch bo‘lib qolgan. Qaysi tumanda qancha gektar bog‘ bor va uni qaysi mevalari eksportbop va qancha hosil olinadi, qachon pishadi degan prognozlar yo‘q. Xorijiy investitsiyalar kirib kelishiga korrupsiya to‘sqinlik qiladi. Menimcha xorijiy savdogarlarga imkoniyat berish va dunyo bozorini o‘rganish orqali meva sabzavot eksportini amalga oshirish mumkin. Umuman ulkan imkoniyatlar bo‘lsada mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish uchun to‘siqlar ko‘p. Birinchisi qishloq va bog‘dorchilik xo‘jaligi mutaxassislar bilan qamrab olinmagan. Dehqonlar birlashmasdan tarqoq harakat qiladi.Bizni yetishtirgan mevalarda zaxarli petitsidlar ko‘p va azotli o‘g‘itlar me’yoridan yuqori. Zararkunanda hasharotlar bor. Shu sabab hukumat shunday qaror chiqarishga majbur bo‘lgan”.

Buxorolik tadbirkor Xurshid Tursunov fikricha, sabzavot va mevalarning tavsiya etilgan narxlarini minimal narxlarga tushirish eksport miqdorini tushirib yuboradi:

“Yana eksport hajmlari tushib ketadi, soliqlar juda yuqoriligi uchun eksportyorlar valyuta tushumining hammasini ham korxona hisob raqami orqali aylantirmaydi, boshqa muammolar ham tiqilib yotibdi. Meva eksportchilari bilan xukumat rahbari uchrashishi kerak, aks holda meva eksporti yana asta - sekin o‘ladi. Mirziyoyev bosh vazir bo‘lgan va endigina prezident bo‘lgan davrlarda ham shunaqa tartib bor edi, o‘zini oqlamagandi bu tartib, endi yana qayta - qayta bu xatolarni takrorlashning nima keragi bor?”

Xorazmlik fermer Ne’mat Ishchanov fikricha, agar eksportchi tadbirkorlarga teng sharoit yaratilmas ekan bu sohada o‘zgarish bo‘lmaydi:

“Endigina rivojlanayotgan agrar mamlakatlarda iqtisodiyotni yuksaltirish va xalq farovonligini oshirish uchun, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan barcha maxsulotlarni faqat eksport qilishni mo‘ljallab yetishtirish kerak. Bunda, barcha eksport bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga teng sharoitlar yaratilishi kerak. Ayrim "ochko‘z"-"katta"lar uchun aloxida preferensiyalar yaratmaslik juda katta axamiyatga ega».

Ayni kunlarda O‘zbekistonda piyoz yetishtiruvchi dehqonlar og‘ir ahvolga tushib qolgan. Mamlakat ichki bozorlarida piyoz to‘lib-toshgani sabab uning narxi haddan tashqari pastlab ketdi.

Surxondaryolik dehqon Salohiddinning aytishicha, bu yil piyoz narxi tushib ketgani bois, u hatto qilgan xarajatini qoplay olmayapti:

“Uch gektar piyoz ekkan edim. O‘tgan yili 2000 so‘mdan sotgan edim. Bu yil ming so‘mga ham chiqmayapti, 500 so‘m so‘rashyapti. Ijara puli, urug‘ puli, ishchiga berasiz, moshinga orttirasiz, hech balo qolmaydi. Bundan ko‘ra haydab tashlasangiz balki yerga o‘g‘it bo‘lar. Birgina tirikchiligimiz dehqonchilikdan, bilmadim qanday yashaymiz endi”.

Telegramdagi piyozchilar guruhida yuzlab odam piyozini taklif qilayotganini, xaridorlar esa 500-600 so‘mdan narx taklif qilayotganini ko‘rish mumkin.

Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ichki bozor talabi qancha ekani o‘rganilmagani, tahlil va prognoz yo‘qligi, eksportchilarning bu mahsulotga xorijiy davlatlardagi xaridorlar bilan shartnoma qilmagani oqibatida ro‘y bermoqda.

EastFruit xalqaro axborot-tahliliy portalining yozishicha, bunday qarorlar hech qachon ijobiy natijalarga olib kelmasligini jahon tajribasi ko‘rsatmoqda.

Eksportchilar uchun minimal narxlar tartibini majburiy joriy qilish birinchi navbatda, mahsulot sotish imkoniyatlari toraygan ishlab chiqaruvchilar va kichik eksportchilarga ta’sir qiladi.

Shu bilan birga, soliq tushumlarini oshirish va valyuta nazoratini yaxshilash nuqtayi nazaridan bunday chora mutlaqo samarasizdir. Yirik kompaniyalar uchun zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalangan holda minimal narxlarni chetlab o‘tish qiyin emas, ammo buning natijasida soliq bazasi kamayishi mumkin.

Portalga ko‘ra, O‘zbekiston meva-sabzavot eksportidagi yuqori ijobiy dinamika bilan maqtana olmaydi. 2023-yilda O‘zbekistonning eksportdan tushgan daromadi 10 foizga kamayib, 777 million dollarni tashkil qildi.

Rasmiylar o‘z hisobotlarida sabzavot va mevalar eksportida quruq dukkakli ekinlarni o‘z ichiga olgan yuqori ko‘rsatkichni ko‘rsatmoqdalar, sifat tahlili uchun bu donli dukkaklilar eksportiga kiritilishi kerak, chunki ular sabzavot va mevalarga qaraganda butunlay boshqacha o‘ziga xoslik va savdo tuzilmasiga ega.

22-may kuni O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tomonidan tovar va transport vositalari harakati yuqori bo‘lgan yirik chegara bojxona postlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ustuvor tartibda tezkorlik bilan amalga oshirish uchun maxsus belgilar bilan jihozlangan alohida yo‘laklar tashkil etilishi haqida xabar berdi.

Bunda tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari (piyoz, karam, gilos, o‘rik va boshqalar) ortilgan transport vositalarini ushbu yo‘laklarga yo‘naltirishda ustuvorlik ta’minlanadi.

XS
SM
MD
LG