Shu kungacha O‘zbekistonda taqriban 500 ming kishi, Qozog‘istonda 800 mingdan sal ortiq, Qirg‘izistonda qariyb 15 ming kishi koronavirusga qarshi emlandi. Bu uch qo‘shni davlatda COVID-19 ga chalinish holatlari har kuni qayd etilmoqda.
O‘zbekistonning boshqa ikki qo‘shnisidan biri - Tojikiston rasmiylari joriy yil boshidan buyon hech kimga koronavirus yuqmaganini aytsa, yana bir qo‘shnisi - Turkmaniston hukumatiga ko‘ra, mamlakatda hech kim, hech qachon COVID-19 ga chalinmagan.
O‘zbekiston
Mintaqaning eng ko‘p aholisi yashaydigan (34 million 700 ming) O‘zbekistonga, Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, 23 - aprel kuni Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi keltirilgan. SSV ilk partiyada Toshkentga qancha doza vaksina olib kelinganini ochiqlamadi.
Vazirlik Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi ishlab chiqqan “Sputnik V” vaksinasi O‘zbekistonda ommaviy foydalanish uchun o‘zbek rasmiylari tomonidan shu yil fevral oyida sertifikatlagani va tasdiqlaganini qayd etgan.
Shu kunda O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash uchun Britaniyaning AstraZeneca hamda Xitoyning O‘zbekiston bilan hammualliflikda ishlab chiqargan ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi vaksinalaridan foydalanilmoqda.
SSV qaydicha, shu kunda O‘zbekistonga ZF-UZ-VAS2001 va AstraZeneca vaksinalarining qo‘shimcha dozalarini olib kelish bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti.
21 - aprel kuni O‘zbekistonda jami 28405 nafar kishi COVID-19 ga qarshi emlandi va emlanganlarning umumiy soni 486 960 nafarga yetdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil ikkinchi choragida O‘zbekistonda 4 millionga yaqin fuqaroni COVID-19 ga qarshi emlash rejalangan. 2021 - yil oxiriga borib bu ko‘rsatkich 7 millionga o‘sishi mumkinligi aytilmoqda.
Qozog‘iston
Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, 23 - aprel tongigacha bu mamlakatda koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi komponentini 823 498 kishi yoki aholining 4,3 foizi oldi.
Coronavirus2020.kz sayti ma’lumotlariga qaraganda, aholi soni 19 million kishini tashkil etadigan Qozog‘istonda koronavirusga qarshi emlash ishlari 2021 - yilning 1 - fevralidan boshlangan. Emlashda Rossiyada ishlab chiqarilgan Gam-KOVID-Vak («Sputnik V») vaksinasi qo‘llanmoqda.
15 - fevraldan esa, Qarag‘anda fermatsevtika markazi bazasida ishlab chiqarilgan Gam-KOVID-Vak vaksinasidan ham foydalanilishi aytilgan. Coronavirus2020.kz sayti 2021 yilning 2- choragidan boshlab emlash jarayoniga Qozog‘istonning o‘zida ishlab chiqarilgan QazCovid-In preparatidan ham foydalanish rejalashtirilganini xabar qilgan edi.
Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, 22 - aprelda bu mamlakatda 2894 kishining PTsR testi ijobiy chiqqan, ya’ni koronavirusga chalingan. Bir kun oldin bu raqam bittaga kam edi.
2020 - yilning martidan buyon virus yuqtirib olgani laboratoriyada tasdiqlanganlarning rasmiy soni 300 ming kishidan ortgan bo‘lib, 22 - aprelda 300 733 nafarni tashkil qildi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 3512 kishi bu kasallikdan vafot etdi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonda 23 - aprel kuni Rossiyada ishlab chiqarilgan "Sputnik V" vaksinasi bilan emlash boshlandi. Bu haqda xabar qilgan Qirg‘iz respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot vazirligiga ko‘ra, bu vaksina bilan yoshi 65 dan o‘tganlar emlanadi.
"Sputnik V" vaksinasining birinchi partiyasi 20 ming dozadan iborat bo‘lib, u Rossiyadan Qirg‘izistonga 22 - aprelda kelgan. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy taraqqiyot vaziri Alimkadir Beyshenaliyev jurnalistlarga vaksinaning bir dozasi 10 dollar ekanini aytgan.
6,5 million aholiga ega Qirg‘iziston Rossiyaga bir million doza vaktsinaga buyurtma bergan.
Mamlakat bosh vaziri Ulukbek Maripovga ko‘ra, joriy yil mayida Qirg‘izistonga Avstriyadan Oksford universiteti bilan "AstraZeneca" kompaniyasi ishlab chiqargan vaksina ham keladi.
Qirg‘izistonda koronavirusga qarshi emlash jarayoni shu yilning 29 - martida Xitoyning "SinoPharm" preparati bilan boshlangan. Hukumat raisi emlanishni xohlovchilar oilaviy shifokorlar markazlari vaksina olishi mumkinligini aytgan. 23 - aprelgacha Qirg‘izistonda 14861 kishi koronavirusga qarshi emlandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2020 - yilning martidan buyon koronavirus 93 278 kishiga yuqqan, virusdan 1573 vafot etgan.
Tojikiston
Tojikistonda COVID-19ga qarshi emlash ishlari martning so‘nggi kunlarida boshlangan. Ozodlik radiosi tojik xizmatining rasmiy ma’lumotlarga tayanib, xabar qilishicha, 18 - aprel holatiga Dushanbe shahridagi 15 690 o‘qituvchining 60 foizdan ziyodi vaktsina olib bo‘lgan. Birinchi navbatda sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari, aeroport va mehmonxona xodimlari emlanmoqda.
Tojikiston koronavirusga qarshi emlashni uch bosqichda o‘tkazishi, bu jarayon 5,8 million kishi (Aholisi 9,5 million kishi), ya’ni yoshi 18 dan katta aholining barchasini qamrab olishi e’lon qilingan. O‘tgan hafta oxiridagi ma’lumotga qaraganda, mamlakatga 192 000 dozada AstraZeneca vaksinasi olib kelingan.
Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon mamlakatda hech kimga koronavirus yuqmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, Tojikistonda COVID-19 13 mingdan ziyod kishiga yuqqan, 90 kishi shu kasallikdan vafot etgan. Biroq tojikistonlik mustaqil tahlilchilar bu ma’lumot va raqamlarga ishonmasligini aytib keladi. Ular fikricha, kasalga chalinganlar ham, vafot etganlar ham rasman tan olinayotganidan ancha ko‘pdir.
Turkmaniston
6 millionlik Turkmaniston hanuzgacha biror kishiga ham koronavirus yuqqani rasman qayd etilmagan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri bo‘lib qolayotgan Turkmanistonda, garchi rasman hech kimga koronavirus yuqmagan bo‘lsada, aholini emlash boshlangan. Ozodlik radiosi turkman xizmati 7 - aprelda Ashxoboddagi maktablar o‘qituvchilari ommaviy tarzda Xitoy vaksinasi bilan bepul emlanayotganini xabar qilgan edi.
Ayni paytda mamlakatda Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasi bilan ham emlanish mumkin. Faqat bu vaksina pulli: bir dozasi 1000 manat, Turkmaniston Markaziy banki kursi bo‘yicha 285 AQSh dollari turadi.