Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:22

Coca-Cola mojarosi: Karimov kuyovidan tortib olingan millionlar Mirziyoyev kuyoviga tegishi mumkin


Yaqin kunlarda O‘zbekistondagi Coca-Cola qo‘shma korxonasidagi davlat ulushini o‘ta maxfiy o‘tayotgan "ochiq tender"da kim sotib olgani e’lon qilinadi.

Salqin ichimliklar global bozoridagi yetakchilardan bo‘lgan Coca-Colaning O‘zbekistondagi sho‘’basi sotuvga qo‘ygan aksiyalar narxi bir necha yuz million dollargacha baholanmoqda.

«Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» aholisi qariyb 35 million kishilik O‘zbekistonda alkogolsiz ichimliklar bozorining deyarli yarmini nazorat qiladi. Bu kompaniyaning 57.1 foiz ulushi kimga o‘tsa¸ bozorning asosiy xo‘jayini ham shu bo‘ladi.

Davlat ulushining xususiy investorlarga sotilishi nafaqat g‘aznaga naqd pul olib kelishi, balki dunyodagi korrupsiya eng kuchli davlatlardan sanalgan O‘zbekistonning xalqaro investitsion imijini ham yaxshilashi mumkin.

Ammo savdoning huquqiy maqomi¸uning halol va shaffofligi hali xaridor aniqlanmay turiboq ¸ allaqachon shubha ostiga olindi.

Xususan¸ tender boshlanishidan ko‘p o‘tmay Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi misli ko‘rilmagan bayonot bilan chiqdi.

Jarayonning "qator korrupsion omillarni keltirib chiqarishga sharoit yaratishi"ni bildirgan agentlik¸ tenderni to‘xtatishga chaqirdi. Ammo ertasigayoq¸ jamoatchilikka sir qolayotgan sababga ko‘ra¸ o‘z e’tirozini yana o‘zi qaytib oldi.

Coca-Cola nazorat paket aksiyalariga da’vogarlarning so‘nggi ro‘yxatida prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyoviga aloqador shirkatning borligi¸ kuzatuvchilarda bu "ochiq tender"ning g‘olibi u boshlanmay turiboq aniq bo‘lganiga oid xavotir uyg‘otmay qolmadi.

Ammo bundan ham kattaroq muammo hozircha ko‘zdan panada qolayotgan 20 yillik huquqiy mojarodir.

Bu huquqiy nizo ishtirokchilari - Islom Karimovning qamoqda qolayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova, Toshkent hukumatining Vashingtonda joylashgan qudratli lobbichi firmasi¸ hamda 300 million dollardan ko‘proqqa teng aksiyasini O‘zbekiston hukumati tortib olganini aytib kelayotgan AQShdagi Maqsudiylar oilasidir.

Qolaversa, Dow Jones Industrial Average indeksiga kiritilgan dunyoga mashhur The Coca-Cola Company ham sud jarayoniga tortilgan.

Ozodlik ixtiyorida Coca-Cola kompaniyasining AQShdagi shtab-kvartirasi va Turkiyadagi mintaqaviy bo‘linmasi yuqori lavozimli rahbarlari o‘rtasidagi ichki yozishmalar mavjud. Bu yozishmalar Maqsudiylar oilasi aksiyalarini O‘zbekiston hukumatiga o‘tkazib bergan bitimlarning yuridik jihatdan muammoli ekanidan Coca-Cola rahbarlarining xabari bo‘lganini ko‘rsatadi.

Xususan¸ Toshkent hukumati Maqsudiylardan tortib olingan aksiyalarni hech kim tanimaydigan qo‘shma korxonaga arzongarovga sotganida¸ Coca-Colaning Amerika va Turkiyadagi rahbarlari buni ko‘rib¸ ko‘rmaslikka solgan.

Shirkat rahbarlarining shuni tasdiqlovchi elektron yozishmalari Ozodlik surishtiruvida birinchi bor jamoatchilikka e’lon qilinmoqda.

O‘zbekistonda ilk Coca-Cola qo‘shma korxonasini ochgan Maqsudiylar oilasi o‘zlaridan reyderlik yo‘li bilan tortib olingan aksiyalarning yangi egasi e’lon qilinishi bilan¸ uni darhol sudga berajagini ta’kidlamoqda.

«Pepsi kirishiga yo‘l qo‘ymaslik»

Coca-Colaning O‘zbekistondagi tarixi SSSR qulashidan ikki yil o‘tib boshlangan.

1993 - yilda The Coca-Cola Export Corporation korxonasi davlatga qarashli «O‘zoziqovqatsanoat» uyushmasi hamda Kayman orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Roz Trading shirkati bilan alkogolsiz ichimliklarni qadoqlash va sotishga oid uch tomonlama kelishuv tuzadi.

Roz Trading egasi esa qizil inqilobdan so‘ng Afg‘oniston¸ undan esa¸ AQShga ko‘chib ketgan Maqsudiylar oilasidir.

Coca-Cola bilan qo‘shma korxona Maqsudiylarning kenja o‘g‘li Mansur mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnoraga uylanganidan ikki yil o‘tib tuziladi.

Mansur(chapdan ikkinchi) va Farid (o‘ngdan birinchi) Maqsudiy Toshkentda Coca-Cola zavodining ochilish marosimida. 1994 - yil.
Mansur(chapdan ikkinchi) va Farid (o‘ngdan birinchi) Maqsudiy Toshkentda Coca-Cola zavodining ochilish marosimida. 1994 - yil.

Korxona aksiyalari dastlab uchta sherik o‘rtasida teng taqsimlanadi. Ko‘p o‘tmay¸ Maqsudiylar ulushi 55 foizga, Coca-Colaniki esa 43 foizga ko‘tariladi.

Coca-Cola Bottlers Uzbekistan (CCBU) deb nomlangan bu qo‘shma korxona 2000 - yilga kelib, Markaziy Osiyodagi eng yirik ichimlik qadoqlash zavodiga aylanadi. Uning yillik savdo aylanmasi 100 million dollardan oshadi.

1996 va 1997 - yillarda Mansur Maqsudiy va uning akasi Farid «Yilning eng yaxshi qadoqlovchilari» deb topiladi va aka-ukalar 1998 - yilda Coca-Cola kompaniyasining AQShdagi qarorgohida o‘z sharafiga uyushtirilgan mukofotlash marosimida qatnashadi.

Farid (chapda) va Mansur Maqsudiylar Coca-Cola prezidenti Doug Ivestor bilan.
Farid (chapda) va Mansur Maqsudiylar Coca-Cola prezidenti Doug Ivestor bilan.

2001 - yilga kelib¸ Mansur Maqsudiy va Karimova o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashadi. Er-xotin o‘rtasidagi janjallar ortidan 29 - iyulda Karimova ikki farzandini olib¸AQShdan Toshkentga qaytadi.

Bu voqeadan bir necha kun o‘tib, Maqsudiy Karimovani o‘z farzandlarini o‘g‘irlashda ayblab¸ oila yashagan Nyu-Jersi sudiga murojaat qiladi.

Bunga javoban¸ O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari Maqsudiyning Toshkentdagi qarindoshlari, Coca-Cola shirkati boshqaruvchilari va ishchi-xodimlarini ta’qibga oladi. Maqsudiylarning uch yaqin qarindoshi, jumladan, amakisi qo‘lga olinadi va qamaladi. CCBUning bir necha xodimi hibsga olinadi¸ uch nafar boshqaruvchisi O‘zbekistondan qochib ketadi. CCBUning to‘rt zavodidagi ishlab chiqarish to‘xtab qoladi.

Bu jarayonlardan Coca-Colaning AQShdagi menejerlari xavotirga tushadi. O‘sha paytdagi vitse-prezident Janet Hovard va boshqa rahbarlar vaziyatga yechim topish maqsadida 2001 - yil 17 - avgustida Vashingtonda O‘zbekiston elchisi bilan uchrashadi.

Hovard o‘sha kungi elektron maktubida elchining «tijorat mojarosi ning“oilaviy masalalardan” ajratilishi kerakligini» aytganini yozadi. «Elchining so‘zlariga ko‘ra, “Farid [Maqsudiy] O‘zbekiston hukumatiga qarshi urush e’lon qilgan”, deb yozadi jumladan o‘z xatida Hovard.

Oradan to‘rt oy o‘tib, 2001 - yilning 24 - dekabr kuni O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari Maqsudiyning Toshkent va uning atrofida yashayotgan yigirmadan ziyod qarindoshini hibsga oladi. Ular orasida ayollar, bolalar va Maqsudiylarning keksa buvisi ham bor edi. O‘zbek mxxchilari Maqsudiy qarindoshlari 15 soat yo‘l bosganidan so‘ng ularni Afg‘oniston chegarasiga olib borib qo‘yadi va boshqa qaytib kelmaslikni buyuradi.

O‘sha kuni Coca-Cola kompaniyasining Yevrosiyo va Yaqin Sharq bo‘yicha prezidenti Ahmet Bozer Cosa-Cola kompaniyasining yuqori ijrochi rahbarlariga elektron pochta orqali «O‘zbekistondagi aksiyadorlarning muammolari» haqida maktub yozadi.

«Yakuniy yechim Maqsudiylarsiz tuziladigan yangi sheriklik bo‘ladi», deb yozadi Bozer.

"Biz hukumat bilan aloqalarni «boshidan boshlaymiz» (bu allaqachon boshlangan). Bu biz uchun [Coca-Cola korporatsiyasi] va O‘zbekiston hukumati bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatish yo‘lidagi imkoniyatdir"¸deb izohlaydi yangi taktikani Bozer.

Bozer, shuningdek, Coca-Cola kompaniyasining eng muhim xavotirlaridan biriga to‘xtalib o‘tadi:

«Biz uchun ustuvor vazifa Pepsining O‘zbekistonga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikdir».

Yillar o‘tib, Bozer Coca-Cola kompaniyasining global vitse-prezidenti lavozimiga ko‘tariladi va ushu lavozimda 2016 - yilda nafaqaga chiqqunicha ishlaydi. Coca-Colaning O‘zbekistondagi faoliyatiga boshchilik qilgan Bozer Ozodlikning izoh olish niyatida qilgan telefon qo‘ng‘iroqlari va yuborgan elektron xatlariga javob bermadi.

Ozodlik ixtiyoridagi yozishmalardan Coca-Cola rahbarlari uchun O‘zbekistondagi korxonani kim nazorat qilishi emas, balki uning faoliyati davom etishini ta’minlash asosiy masala bo‘lgani ko‘riladi.

CCBU maslahat kengashining sobiq a’zosi Tim Leyn Ozodlik bilan suhbatda "Maqsudiylarning muvaffaqiyatli biznes yuritgani haqida shubha bo‘lishi mumkin emas"¸ deya ta’kidladi.

Ayni paytda bu suhbatdosh:

- Coke kim nazorat qilgan bo‘lsa, o‘shanga quloq soldi. Ular, shubhasiz, brend himoyasi uchun hamma ishni qilishlari kerak edi va qildi ham, - deya qo‘shimcha qildi.

«Amaldagi qonunchilikka muvofiq»

Karimova O‘zbekistonga qochib ketganidan olti hafta o‘tgach – 2001 - yilning 11 - sentabrida amalga oshirilgan terror xurujlari AQShning Markaziy Osiyo siyosatini o‘zgartirib yubordi.

Bush ma’muriyati Karimovni Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarni dastaklash uchun AQSh qo‘shinlariga harbiy baza va mamlakat havo hududidan foydalanish haqqini berishga ko‘ndirdi.

11 - sentabr voqealaridan keyingi to‘qqiz oy ichida O‘zbekiston rasmiylari Coca-Cola korxonasiga o‘g‘rilik va firibgarlik iddaolari bilan bosim o‘tkazishda davom etdi.

O‘zbekiston sudlari Roz Trading aksiyalarini musodara qilish haqida ketma-ket qarorlar chiqardi. O‘zbekiston hukumati shuningdek, CCBU uchun hayot-mamot bo‘lgan valyuta konvertatsiyasini taqiqlab qo‘ydi.

2002 - yil iyun oyida Coca-Cola kompaniyasi Toshkent bilan nizoni hal qilish uchun Vashingtonda joylashgan Stonebridge International firmasini yolladi. Mixail Gorbachyovning ilm-fan masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Roald Sagdeyev va uning o‘sha paytdagi rafiqasi Syuzen Eyzenhauer (AQSh sobiq prezidentining qizi) Toshkent bilan muzokarachi etib belgilandi. Bu xizmat uchun Coca-Cola Stonebridge muzokarachilariga 200 ming AQSh dollar haq to‘lash hamda kompaniyaning O‘zbekistondan tashqariga olib chiqiladigan har bir dollardan 2 foizlik to‘lov berishga rozi bo‘ldi.

«Tabiiyki, Stonebridge va kompaniyaning barcha sa’y-harakatlari to‘laligicha amaldagi qonunchilikka muvofiq holda amalga oshiriladi», deyiladi Coca-Colaning mazkur lobbichi firma namoyandalari bilan yozishmalarida.

Syuzen Eyzenhauer Toshkentda o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng¸ 2002 - yil 6 - avgustida 6 sahifali ichki yozishmalarni qayta yo‘llaydi. Maktub mazmunidan bu muzokaralarda Gulnora Karimovaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashgani anglashiladi.

«Xalqaro e’tibor hamda uning Nyu-Jersidagi oila bilan o‘tmishdagi munosabatlarini hisobga olgan holda, bu yuqori darajadagi siyosiy masalaga aylandi. Bu mojaro otasiga ta’sir qilishi mumkinligini u biladi», deyiladi yozishmalarda.

«Eng muhimi, oila (Karimovlar) Coca-Cola yoki CCBU uchun ko‘rsatiladigan har qanday yordam «M» (Maqsudiylar) oilasiga qo‘l kelishidan xavotirda».

Stonebridge shirkati vorisi Albright Stonebridge Group firmasi Ozodlik radiosining mazkur yozishmalarga oid yuborgan savollarini javobsiz qoldirdi.

Stonebridge vositachilari Vashington va Toshkent o‘rtasida qatnab turgan bir paytda, Coca-Cola kompaniyasining AQShdagi rahbarlari O‘zbekiston elchisi bilan uchrashadi. 31 - iyul kuni vitse-prezident Hovard AQSh va Turkiyada faoliyat yurituvchi bir necha shirkat yetakchisiga maktub yozib, «xususiy kanal orqali oilaga chiqish yo‘lida katta siljish bo‘lgani» haqida yozadi. Bu bilan u Karimovlar oilasini nazarda tutgan.

Hovard shuningdek, Karimovlar oilasiga Coca-Cola kompaniyasi o‘zbek tomoniga "M"ning do‘stona uchinchi tomon bilan almashtirilishiga rozi ekani to‘g‘risida» xat yozishni taklif qiladi.

Coca-Colaning bu mojarodagi strategiyasini Bozer avvalroq Yevropa va AQShdagi rahbarlariga yuborgan elektron yozishmalardan yanada chuqurroq anglash mumkin.

Ichki yozishmalar nusxasi.
Ichki yozishmalar nusxasi.

2002 - yilning 22 - iyulida yozilgan ichki yozishmalarda Bozer ziddiyatni hal qilishning turli variantlarini bayon qiladi.

Toshkent hukumatining Roz Trading aksiyalarini tortib olishiga to‘xtalgan Bozer:

-O‘zbekiston qonunlariga zid ravishda Vazirlar Mahkamasi ushbu 24 foizni davlatning 33 foiz ulushiga egalik qilgan davlat idorasi – Pishchepromga topshirdi¸ deb yozadi.

Bozer tomonidan yuborilgan ilovada O‘zbekiston sudlarining Maqsudiy ulushlariga qarshi ishga solingani ochiq-oydin aytib o‘tiladi.

"2001 - yil may oyida 55 foiz bo‘lgan Roz Group ulushini 2002 - yil iyulida 0 foizgacha kamaytirish uchun o‘zbek sudlaridan muntazam ravishda foydalanilmoqda (ko‘pincha o‘zbek qonunchiligiga zid choralar ko‘rilmoqda)».

«Karimova xonimning ko‘nglini olish uchun»

2001-2002 va undan keyingi yillarda voqealar rivojini kuzatganlar Gulnora Karimova Coca-Cola korxonasining yopilishi va keyinchalik aksiyalarining tortib olinishida bevosita ishtirok etganini taxmin qildi.

Voqealar xronologiyasi
Voqealar xronologiyasi

Bu aralashuv ko‘lami yillar o‘tib, Maqsudiylar oilasining AQSh federal sudlariga taqdim etilgan hujjatlar orqali to‘lig‘icha oydinlashdi.

2003 - yil aprelida O‘zbekiston hukumati CCBUning davlatga tegishli ulushi xususiylashtirilishi va Muzimpex deb nomlanuvchi boshqa qo‘shma korxonaga o‘tkazilishi haqida Coca-Cola kompaniyasiga ma’lum qiladi.

Muzimpex o‘shanda 90-yillar oxirida AQShning Delaver shtatida tashkil etilgan Zeromax konglomerati tarkibidagi kompaniya edi.

Keyinchalik Zeromax qisman Maqsudiylar arzlari tufayli yuridik muammolarga duch kelmaslik uchun Shveysariyada qayta tashkil etildi va ayni nom bilan ro‘yxatdan o‘tdi.

Sud hujjatlari orasida Karimova Birlashgan Arab Amirliklarida CCBUga xomashyo yetkazib berish uchun Revi Holdings kompaniyasini tuzgani, kompaniya 2002 va 2003 - yillarda qiymati 1,75 million AQSh dollarini tashkil qilgan bitimlarni qo‘lga kiritganini ko‘rsatuvchi shartnomalar va ta’sis hujjatlari nusxalari ham bor.

Revi Holdings kompaniyasini tashkil etishda ishtirok etgan asosiy shaxs – Farhod Inog‘omboev. 2007 - yilning avgust oyida Maqsudiy AQSh sudiga Zeromax ustidan yuborgan da’vo doirasida bergan yozma ko‘rsatmasida Inog‘omboev uni Karimova uchun ishlashga majbur qilishganini aytgan. Inog‘omboyevning so‘zlariga ko‘ra, Karimova uning qarindoshlariga tahdid qilgan.

Inog‘omboyev Maqsudiylarga qarshi soliq firibgarligi va korrupsiya to‘g‘risida yolg‘on hisobotlarni yozishga majburlanganini aytgan.

U (Gulnora Karimova) shirkatni «tortib olish Mansur Maqsudiy, oilasi va biznesini yo‘q qilishga yordam berishini bilardi. Ikkinchidan, u CCBU biznesi va uning zavodlari juda katta moliyaviy qiymatga egaligini ham yaxshi bilar edi», deb yozgan Inogambaev o‘z ko‘rsatmasida.

«Karimova xonim Roz shirkatining yo‘q qilinishini O‘zbekiston hukumatidagi yuqori lavozimli amaldorlar bilan shaxsan muvofiqlashtirdi», deya davom etgan u.

Hozirda AQShda yashayotgan Inog‘omboyev bu jarayonga oid qo‘shimcha sharh berishni istamadi.

Inog‘omboyevning sud ishiga tirkalgan ko‘rsatmasida yozilishicha, u 2002 - yilning sentabr oyida Karimova nomidan Toshkentdagi Intercontinental mehmonxonasida Bozer bilan uchrashgan.

«Janob Bozer Karimova xonimning CCBU boshqaruvini o‘z kompaniyalaridan biri orqali tortib olish urinishini qo‘llab-quvvatladi. Uchrashuv davomida janob Bozer bir necha bor “biz ushbu bahsda bir tarafmiz”, dedi», deyiladi yozma ko‘rsatmada.

«Coca-Cola mutasaddilari Karimova xonimning ko‘nglini olishni istashdi, chunki ular Pepsi kompaniyasi O‘zbekistonda biznes yuritishiga yo‘l qo‘yishi mumkinligidan xavotirda edi», deb yozgan yana Inog‘omboyev.

Bozer Coca-Cola kompaniyasining boshqa rahbarlariga yuborgan elektron maktubida Karimova bilan muzokaralar o‘tkazilganini rad etgan. Ammo ichki yozishmalar, jumladan, Uzdunrobita o‘zbek telekom kompaniyasiga rahbarlik qilgan amerikaliklardan birining ko‘rsatmasi buning aksini ko‘rsatmoqda.

Coca-Cola kompaniyasining Yevrosiyo va Yaqin Sharq guruhi bo‘yicha moliyaviy direktori Rodni Staylz 2004 - yil may oyida mintaqaviy rahbarlarga yuborgan elektron xatida¸ agar kompaniya CCBU ustidan nazoratni Zeromax va uning sho‘’basi bo‘lgan Muzimpex shirkatiga beradigan taklifni qo‘llasa, Coca-Cola kelajakda muammolarga duch kelishi mumkinligini aytadi.

«O‘zbekistonda faoliyat yuritishning badali davomli noaniqlik va katta riskdan iborat bo‘lishini qabul qilishimiz kerak».

Maktubni olganlar orasida Coca-Cola kompaniyasining AQShdagi bosh qarorgohida ishlagan yetakchi advokat ham bo‘lgan.

O‘sha yilning oxirida Muzimpex rasman aktsiyalarning Roz Trading shirkatiga tegishli nazorat paketini hukumatdan 14,1 million dollarga sotib oladi.

2005 - yilda O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarida CCBUdagi o‘g‘rilik va firibgarliklar O‘zbekiston hukumatiga qariyb 6 million dollar zarar yetkazgani ta’kidlanadi. Auditorlik tekshiruvi va tergovdan bevosita xabardor bo‘lgan shaxslardan birining so‘zlariga ko‘ra, «butun jarayon» O‘zbekiston hukumati Roz shirkati aksiyalarini hibsga olishini asoslab berishni ko‘zlagan.

Audit natijalarini muhokama qilish vakolati yo‘qligi bois ismini oshkor qilishni istamagan manba Ozodlik bilan suhbatda:

«CCBUda qonunbuzarliklar bo‘lgan, ammo aktivlarni hibsga olishga asos yo‘q edi», - dedi.

Telekom mojarosi

2007 - yilga kelib, Maqsudiylar hamda Karimova va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi ziddiyat haqiqiy urushga aylanib ketdi. Mansur Maqsudiyning Karimovadan ajrashish arizasini qondirgan Nyu-Jersi sudi to‘rt yil oldin bolalarga vasiylik huquqini otasiga bergan edi.

Ikki bolani otasidan o‘g‘irlab ketganlikda ayblangan Karimovani hibsga olish bo‘yicha xalqaro order chiqariladi. Bu uning chet elga chiqish imkoniyatini keskin cheklab qo‘yadi.

Ayni paytda O‘zbekiston Interpol orqali aka-uka Maqsudiylarni hibsga olish haqida order beradi.

Oradan bir yil o‘tib – 2008 - yilning may oyida Karimova va Maqsudiylar kelishuvga erishadi va AQShdagi sud jarayoni bekor qilinishi evaziga Maqsudiyning bir necha qarindoshi O‘zbekiston hibsxonalaridan ozod qilinadi.

O‘sha yili Venadagi artitraj sudi Roz Trading shirkatining Zeromax shirkatiga qarshi qonuniy da’volarini rad etadi.

2010 - yilga kelib, O‘zbekiston hukumati Zeromax shirkatini yopishga kirishadi. Kompaniya bankrotlik e’lon qilishga majbur qilinadi.

Bu orada 2012 - yilda Shvetsiya televideniyesi Karimovaning o‘zbek bozoriga kirishni istagan TeliaSonera kompaniyasidan qariyb 320 million AQSh dollari miqdorida pora olgani haqidagi ko‘rsatuvni namoyish qiladi. CCBU ning Toshkentdan kelgan ikki boshqaruvchisi Jenevada Karimovaga aloqador bank hisobidan pul chiqarmoqchi bo‘lgan paytda hibsga olinadi.

Ko‘p o‘tmay Rossiyaning «MTS» shirkati ham AQSh rasmiylari tomonidan Karimovaga pora berganlikda ayblanadi; pirovardida kompaniya murosaviy ajrim doirasida 850 million dollar jarima to‘lashga rozi bo‘ladi.

Karimova Shvetsiya telekommunikatsiya shirkatidan pora olgani haqidagi hujjatlar fosh qilinganidan bir yil o‘tib, O‘zbekiston rasmiylari Muzimpex shirkatining Coca-Cola korxonasidagi ulushlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atadi va aksiyalarni hibsga oladi.

Telekommunikatsiya korxonasi va Coca-Cola ulushlariga qarshi harakatlar 2014 - yilda avjiga chiqadi va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimovani o‘g‘rilik, poraxo‘rlik va «uyushgan jinoiy guruhga a’zolikda» ayblab, hibsga oladi.

2017 - yilda O‘zbekiston rasmiylari Karimovaga qarshi qo‘shimcha ayblovlar, shu jumladan, davlat mulkini o‘g‘irlash ayblovini e’lon qildi. O‘g‘irlangani gumon qilingan mulklar orasida 2004 - yilda xususiylashtirilgan CCBU ustav fondining 57,1 foizga teng ulushi ham bor .

Shveysariya federal politsiyasining 2016 - yilgi hisobotida Zeromax kompaniyasining asl egalari aniq ko‘rsatiladi: «Shveysariya yuridik protseduralariga ko‘ra, Zeromax Karimova egalik qilgan konglomerat tarkibiga kiradi».

Coca-Cola kompaniyasining Atlantadagi shtab-kvartirasi rasmiylari surishtiruv doirasida Ozodlik elektron pochta orqali yuborgan savollarga javob bermadi. Toshkentdagi CCBU esa¸ savollar javobsiz qoldirilgan bayonot yubordi.

«Coca-Cola 30 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘zbekistonlik iste’molchilar chanqog‘ini qondirib keladi.

Biz barcha manfaatdor tomonlardan so‘zda ham, amalda ham eng yuqori axloqiy me’yorlar, shaffoflik va barcha qonun-qoidalarga rioya qilishni talab qilamiz. O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi qadoqlash biznesini xususiylashtirish qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz va tajribali qadoqlash hamkori mamlakatdagi iste’molchilar, xaridorlar va jamoalar uchun foyda keltirishiga aminmiz», deb yozdi kompaniya matbuot kotibi Nozi Aripjanova elektron pochta orqali yo‘llagan rasmiy javobida.

Salqin ichimliklar bozori bo‘yicha ekspert Leynning aytishicha, Coca-Cola shtab-kvartirasidagi rasmiylar joriy tender va firibgarlik o‘tmishidan yaxshi xabardorligini aytadi.

- Agar tarixdan saboq chiqarilgan bo‘lsa, kimdir mamlakatda tartib va qonun o‘rnatishga harakat qilayotgan bo‘lsa va qonuniy investorlarga yo‘l berilsa¸ Coca-Cola ham bu qoidalarga amal qilgan bo‘lardi, - dedi Leyn Ozodlik bilan suhbatda.

«Ko‘plab islohot va’dalari bajarilmay qolmoqda»

2018 - yili Mirziyoyev hukumati CCBUdagi davlat ulushini sotishini e’lon qildi va qarorgohi Londonga joylashgan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankidan savdoni amalga oshirishda yordam berishini so‘radi.

Postkommunistik davlatlarda bozor iqtisodiyoti qaror topishiga yordam berishni o‘z vazifasi qilib belgilagan YeTTB hukumat o‘z qarori ijrosini to‘xtatgani ortidan amalga oshmay qoldi. Bu haqda bank matbuot kotibi Anton Usov ma’lum qildi.

«YeTTB to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga yo‘l ochadigan va mezonlarimizga javob beradigan bank loyihalarini ko‘rib chiqish va qo‘llab-quvvatlashga tayyor», deb yozdi Usov Ozodlikka yo‘llagan elektron maktubida.

2019 - yilga kelib Mirziyoyev o‘nlab davlat korxonasi va ko‘chmas mulk ulushlarini kimoshdi savdosiga qo‘yish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘tgan yilning iyunida hukumatning CCBUdagi 57,1 foiz ulushi sotilishi e’lon qilindi.

Hukumat bayonotiga ko‘ra, korxona 2020 - yilda taxminan 160 million dollar daromad ko‘rgan. Bu esa oldingi yilga nisbatan 46 foizga ko‘pdir.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 - yil 16 - dekabr kuni e’lon qilgan taqdimnomada 31 - dekabrga qadar ehtimoliy xaridorlardan hujjat qabul qilinishi va 14 - yanvarga qadar sotish jarayonining birinchi bosqichi ishtirokchilari tanlab olinishi bildirildi. Shuningdek, e’londa jarayonga Yevropaning yirik banki Rothschild & Co. eksklyuziv maslahatchi bo‘lishi aytildi.

Ikki hafta o‘tgach, Coca-Colaning Turkiya bo‘limi o‘z taklifini yuborishini e’lon qildi. Bu tenderda Coca Cola İçecek g‘olib bo‘lgudek bo‘lsa¸ bu O‘zbekistondagi biznesning Coca-Cola korporativ tuzilmasiga to‘liq qaytishini anglatadi.

Bunday ehtimol O‘zbekiston ichidagi xaridorlarni xavotirga solib qo‘ydi. Buning ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi misli ko‘rilmagan baënot bilan chiqib¸ tender jarayonini to‘xtatishni so‘radi.

Ammo bunday bayonot ertasigayoq qaytib olindi. Agentlik bir kundan keyin o‘z e’tirozlaridan voz kechib¸ kimoshdi savdosi «shaffof tamoyillar asosida" tashkil etilayotgani haqida "tushuntirish" berdi.

Fevral oyida mahalliy bloger Zafar Solijonov¸ o‘z anonim manbasiga tayanib¸ Coca-Cola ulushlari uchun raqobatlashayotgan so‘nggi xaridorlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida Coca Cola İçecek, shuningdek, Daniyaning yirik pivo ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Carlsberg ham bor.

Ayni vaqtda tender ishtirokchilari ro‘yxatida «O‘zbek-Ummon investitsiya fondi» (Uzbek-Oman Investment Company) ham bor.

Bu jamg‘arma asosiy aksiyadorlari orasida Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarovga aloqador kompaniyalar ham bor.

30 - mart kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tenderning birinchi bosqichi yakunlanganini e’lon qildi. Biroq ishtirokchilarning ismlari yoki soni to‘g‘risida hech qanday ma’lumot berilmadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot kotibi Mo‘min Ibodov Ozodlikka savdo jarayoniga oid savollarni tenderga maslahatchilik qilayotgan xorij kompaniyalari, jumladan, Rothschild bankiga yo‘llashni maslahat berdi.

Rothschild elektron pochta orqali yuborilgan savollarni javobsiz qoldirdi.

«O‘zbekiston hukumati Coca-Cola Bottlers Uzbekistan Ltd. aksiyalarini necha marta «xususiylashtiradi» ?» deyiladi Maqsudiylar oilasining Ozodlikka yuborilgan bayonotida.

«Bu bizning CCBUdagi 55 foiz aksiyalarimiz noqonuniy ravishda musodara qilinib, keyinchalik O‘zbekiston hukumati tomonidan CCBU aksiyalari qayta-qayta «xususiylashtirilishi» bilan boshlangan va qariyb 20 yildan beri davom etayotgan korrupsion jarayondir».

«Biz CCBUning 55 foiz ulushining haqqoniy egalarimiz», deyiladi bayonotda.

Ozodlik bilan suhbatda Farid Maqsudiy¸ bu aksiyalarning yangi egalari kim bo‘lishidan qat’iy nazar¸ ular bilan sudda uchrashajagini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG