Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:21

Chortoqlik nogiron yigit is gazidan nobud bo‘ldi. Fojiaga elektrdagi uzilish sabab bo‘lgani aytilmoqda


O‘zbekistonda transformator va elektr liniyalarining aksariyati o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani aytiladi
O‘zbekistonda transformator va elektr liniyalarining aksariyati o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani aytiladi

Namangan viloyati Chortoq shahar, Mustaqillik ko‘chasida yashagan 25 yashar nogiron yigit Hikmatilla Yusupov 18 - noyabr kuni is gazidan vafot etdi.

Guvohlarning aytishicha, hodisaga elektr pechkaga tegib qolgan ko‘rpaning yonib ketishi sabab bo‘lgan.

Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni kechqurun elektr toki bo‘lmagani sabab Hikmatilla pechkani o‘chirib qo‘yishni unutgan. Kechasi berilgan elektr tokidan pechka ishlab ketgan va unga tegib qolgan ko‘rpa kuyib, is gazi chiqargan.

Chortoq elektr tarmoqlari idorasining telefonlari kuni bilan band bo‘lgani uchun hodisa yuzasidan mas’ullarning munosabatini olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistonda havo soviy boshlangandan beri bu is gazi sabab bo‘lgan birinchi o‘lim hodisasi emas. Tabiiy gazning yo‘qligi, odamlarning o‘tin-ko‘mirga puli yetmagani bois ko‘pchilik Xitoy va Eronda ishlab chiqarilgan pechkalardan foydalanadi.

Marhumning ismi sir qolishini so‘ragan do‘stlaridan biri so‘nggi kunlarda elektr tokining tez-tez o‘chayotgani fojiaga sabab bo‘lganini iddao qildi.

“Hikmatillaning ikki oyog‘i ishlamagani bilan o‘zi juda aqlli yigi edi. Mana shu yerda do‘kon ochib, paynet qilardi, telefon, elektr uskunalarini remont qilardi. O‘tgan kuni ishdan sovqotib kelganu, ko‘rpaning tagiga kirib uxlagan. Svet o‘chgan bo‘lgan. Ertalab soat beshlarda singlisi qarasa, uyning eshigidan tutun chiqyapti. Voy dod, deb hammani yordamga chaqirgan. Kirib ko‘rishsa, ko‘rpa beligacha cho‘g‘ bo‘lib yongan ekan. Kechasi tok kelganida pechka ishlab ketgan va ko‘rpasi o‘shanga tegib qolib, yonib ketgan, deyishyapti. U avval is gazidan o‘lib qolgan, shuning uchun bo‘lsa kerak, beligacha kuyib ketganini sezmagan”.

Suhbatdoshning aytishicha, oxirgi o‘n kunda Chortoqda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar ko‘paygan.

“O‘tgan yili yaxshiroq edi, bu yil esa ko‘p o‘chyapti. Bir kunda 2-3 marta o‘chib, yonadi. Ayniqsa, kechki payt, odamlar ovqat qilayotgan paytda ko‘p o‘chyapti".

Chortoq tumani elektr tarmoqlari korxonasining aholiga berilgan ikki telefoni ham kun davomida band bo‘ldi. Chortoqliklarning aytishlaricha, aholidan shikoyat ko‘p bo‘lgani uchun ular "telefon go‘shagini olib qo‘yishgan".

Tuman hokimining ish yurituvchi kotibi Doniyor Mahmudov, matbuot xizmati rahbarining mobil telefoni raqamini berish mumkin emasligi, hokim bilan gaplashish esa, imkonsiz ekanini aytdi.

Chortoq tumanida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining aytishicha, tabiiy gazning yo‘qligi va aholining qishga tayyorgarlik qilish uchun qo‘li kaltaligi, buning ustiga, elektr tokining tez-tez o‘chirilishi vaziyatni og‘irlashtirgan:

"Har kuni aholiga eng kerakli bo‘lgan kechki payt, soat oltilarda svet o‘chadi. Ikki-uch soatdan keyin yonadi. Tabiiy gaz yo‘q, ballonli gaz ham kelmay, rosa kuydirdi. Qishloqda, gazsiz, svetsiz yashash juda og‘ir. Hammaning ham pechkaga o‘tin sotib olgani qurbi yetmaydi. Prezident yaxshi bo‘ladi, degan edi. Lekin mana to‘rtinchi yil ketyaptiki, Karimov davridagidan yaxshi bo‘lmayapti”.

Islom Karimov boshqaruvi davrida mahalliy OAV va internet saytlari is gazidan zaharlanish hodisalarini yoritmas edi. So‘nggi uch yilda mahalliy nashrlar va saytlar bu kabi fojiali holatlarga e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, bu yil sovuq tushishi ortidan jurnalist va blogerlar O‘zbekistonda o‘nga yaqin odam is gazidan zaharlanib, halok bo‘lgani haqida xabar qildi.

Joriy yilning 13 - oktabr kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yosh er-xotin is gazidan vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Oktabr oyi oxirida O‘zbekistonning Navoiy viloyati Navbahor tumanida ikki nafar voyaga yetmagan aka-uka zaharlanib o‘ldi.

6 - noyabr kuni Sirdaryoning Boyovut tumanida turmush qurganiga hali bir oy ham bo‘lmagan kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi.

O‘zbekistonda 18 - noyabr kuni qor yog‘ib, havo harorati birdan pasayib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bundan avvalroq ham elektr energiyasining ko‘p o‘chirilayotgani haqida ko‘plab xabarlar tarqalayotgandi.

O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar ijtimoiy tarmoqlarda “Xalqqa elektr va gaz bering!” xeshtegini boshlab yubordilar.

Jurnalist va blogerlarning “Xalqqa elektr va gaz bering!” xeshtegi
Jurnalist va blogerlarning “Xalqqa elektr va gaz bering!” xeshtegi

Ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Feysbuk oddiy o‘zbekistonliklarning chiroq o‘chib qolgani va gaz yo‘qligidan shikoyat qilingan postlariga to‘la.

Inomjon Iqboljonov: “Daaaaa, qishni ko‘mir-o‘tin yoqmasdan, elektrni o‘zida chiqaraman bu yil deb, rejalashtirayotgan edim. Hozirdan bu svet o‘chishidan chuchvarani xom sanabman shekilli. Banklarda valyuta oldi-sotdisida muammolar, svet o‘chishlar Karimov davri qaytib keldimikan degan o‘ylarga olib boradi”.

Shuhrat Ahmedov: “Kislorodga ulanganlar bo‘lmasin-da, ishqilib, Odatda 1-4 minut ichida yonardi. Yoki elektroset balansini tekislayapti”.

Abduvohid Suvonov: “Renessans degani, chiroqsiz kunlardan boshlanarkan!.. Men bo‘lsa renessans so‘zini tushunmay yuribman...”

Mavlono Zavqiy: “Yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat samarasi o‘laroq, gapdon amaldorlarimiz sharofati bilan tunda har kuni qishloq xonadonlarida diskoteka kechalari va shamchiroq atrofida o‘tirishga imkoniyatlar yaratilmoqda. DJ pultida elektrosetda ishlaydigan Mamarayim Eshonbobo xizmatdalar. Biz bilgandik, biz kutgandik, shunaqa baxtli kunlar kelishini. Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, Eshonbobo))))”

O‘zbekiston energetika vazirligi rasmiy saytida 10 - noyabr kuni “Elektr energiyasi uzilishlarining sabablari nimada va bu yo‘nalishda qanday ishlar qilinmoqda?” degan savolga javobda uzilishlar hanuz ro‘y berayotganini tan olgan va vaziyatni bunday tushuntirgan edi:

“Hozirgi kunda foydalanilayotgan energoqurilmalarning 50 foizigacha 30-40 yil davomida faoliyat ko‘rsatadi. Ularning jismonan va ma’nan eskirishi ushbu energobloklarning ishdan chiqishiga olib keladi, bu esa elektr stansiyalarining ayrim energobloklarida uzilishlar yuz berishiga olib keladi. Odatda ularni ta’mirlash uchun 3-5 soat vaqt ketadi. Ushbu holatlar qisqa muddatli elektr uzilishlarining sabablari hisoblanadi”.

XS
SM
MD
LG