Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:12

Chexiya bosh vaziri O‘zbekistonda - Toshkentga tramvay qaytadimi?


Chexiya bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi Chexiya hukumati delegatsiyasi Osiyo davlatlari bo‘ylab turnesi doirasida O‘zbekistonga safar qilmoqda.

Chexiya tashqi ishlar vazirligining Ozodlikka bildirishicha, delegatsiya tarkibiga Chexiya Respublikasining o‘ttizdan ortiq kuchli ishbilarmonlari hamrohlik qilmoqda.

Toshkentga tashrifi davomida janob Fiala 25-aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi.

“O‘zbekiston Chexiya Respublikasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi ikkinchi yirik savdo hamkoridir. Biz turli sohalarda, jumladan, energetika va transport sohasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishni istaymiz. Chexiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari azaliy an’anaga ega. O‘tgan yili biz savdo ayirboshlash hajmi bo‘yicha 118 million AQSH dollarlik tarixiy rekordga erishdik. Biz O‘zbekistondagi chex kompaniyalarining muhim biznes manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqchimiz”, - deb bildirdi Chexiya tashqi ishlar vazirligi Ozodlik so‘roviga javoban.

Petr Fiala Toshkentda.
Petr Fiala Toshkentda.

Fiala O‘zbekistonga tashrif buyurgan Chexiya Respublikasining ikkinchi bosh vaziri bo‘ladi.

Undan oldin Milon Zeman Chexiya bosh vaziri bo‘lgan payt 1999-yilda Toshkentga borgan.

59 yoshli Petr Fiala 2021-yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarida g‘olib chiqqandi.

U hukumatni 2017 yildan beri boshqarib kelgan Onjey Babish o‘rniga bosh vazir kursisini egallagandi.

Chex tramvaylari Toshkentga qaytadimi?

Chexiya matbuotiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston temir yo‘l va jamoat transporti uchun chex poyezd va tramvaylarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolashi kutilyapti.

Chexiya respublikasi O‘zbekistonning Sharqiy Yevropadagi an’anaviy hamkori hisoblanadi.

O‘tgan asrning 60-yillaridan beri chex tramvaylari Toshkent manzarasining ajralmas qismi bo‘lib kelgan.

2016-yilda Toshkentda tramvay liniyalari hech qanday konsepsiya va muqobil yechimsiz bekor qilingach, Chexiya tramvaylari poytaxtdan Samarqandga olib ketildi.

Millionlab dollar sarflab yangi tramvaylar sotib olingan tramvay qatnovidan voz kechishga qaror qilingani tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Toshkentda tramvay qatnovi to‘xtatilgunga qadar Chexiyadan olib kelingan zamonaviy Vario LF tramvaylari harakatlanardi.

O‘zbekiston Chexiyadan har biri 1 million AQSH dollaridan ziyod turadigan 20ta tramvayni 2009-yilda sotib olgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Samarqandda chex tramvaylarini ko‘zdan kechirgach, ularning yana Toshkentga qaytishini istashini bildirdi.

Shaharda yangi transport tarmog‘i uchun 11 ta asosiy yo‘nalish, 15 ta aylanma yo‘nalish, 92 ta tutashtiruvchi va 42 ta ta’minot yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Toshkent mahalliy iqlimga mos keladigan yangi chex tramvaylarini sotib olmoqchi.

Shuningdek, chex mutaxassislari yangi tramvay liniyalari tortilishida ham qatnashishi kutilayotir.

O‘zbekistonga tramvay sotish masalasi siyosiy ob-havo bois o‘zgargani tarixdan ma’lum.

2001-yilda Pragada hibsga olingan O‘zbekiston muxolifati yetakchisi Muhammad Solihni Toshkentga ekstraditsiya qilishdan Chexiya hukumatining bosh tortishi ikki mamlakat o‘rtasiga sovuqchilik solgan edi.

Chexiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Vatslav Havel O‘zbekiston bilan munosabatlardagi iqtisodiy manfaatlarni chetga surib, Muhammad Solihni Praga qasrida qabul qilgan.

O‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solih va Chexiya prezidenti Vatslav Havel. Praga qasri. 2001-yil.
O‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solih va Chexiya prezidenti Vatslav Havel. Praga qasri. 2001-yil.

Muhammad Solih Chexiyada qo‘lga olinib O‘zbekistonga berilmagani uchun rasmiy Toshkent chex tramvaylarini sotib olish bo‘yicha 50 million dollarlik shartnomadan voz kechgan edi.

Vatslav Havelning "bir dissidentni 50 million dollarga alishtirmayman" degan gapi siyosatning iqtisoddan ustunligini ko‘rsatgan gap sifatida tarixga kirdi.

Karimovning barbod bo‘lgan tashrifi

Chexiya tomoniga ko‘ra, O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi, xususan, o‘simlikchilik va sanoat ishlab chiqarishida qo‘shma sarmoyaviy loyiha va dasturlarni amalga oshirish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbkistonliklar uchun magistratura va doktorantura dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlari ham Toshkentdagi muhokamalar markazida bo‘lishi kutilyapti.

Shuningdek, O‘zbekistonda tuzlangan sabzavot mahsulotlarini qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mevalarni qayta ishlashni tashkil etish, organik yong‘oq va bodom yetishtirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, fermer xo‘jaliklari, olim va mutaxassislar o‘rtasida qulupnay o‘simliklarini yaratish, birgalikda yetishtirish va ushbu mahsulot savdosini yanada kengaytirish borasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyouevning bu yil Chexiyaga rasmiy tashrifi kutilayotgani haqida gap-so‘zlar bor, lekin hozircha Toshkent rahbarining Pragaga safar qilish istiqbollarini chex diplomatlari tasdiqlamayotir.

O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov 2014-yilda Chexiyaga taklif qilingan.

O‘shanda xalqaro va Chexiya huquq faollarining jiddiy bosimi tufayli Chexiya bosh vaziri va qator vazirlar¸ shuningdek Praga meri Islom Karimov bilan uchrashuvlarga “vaqt topa olmasligini” bildirganidan so‘ng¸ O‘zbekiston prezidenti Praga safarini bekor qilgan edi.

Muqobil bozor

Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala so‘zlariga ko‘ra, Osiyoga tashrifining maqsadlaridan biri Xitoyning savdo bozorlaridagi hukmronligiga qarshi turish uchun mintaqadagi shu olti davlat bilan aloqalarni kuchaytirishdan iborat.

“Chexiya bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan davlatlarga tashrif buyuramiz. Bular ma’lum darajada Xitoyning bozorlardagi hukmronligini muvozanatlashda yordam berishi mumkin bo‘lgan davlatlardir, bu aniq va biz nafaqat Chexiya, balki butun Yevropa qutulishimiz kerak. Biz o‘zimiz uchun muqobil bozorlarni yaratishimiz kerak”, - deya ta’kidlagan Fiala Osiyo davlatlari bo‘ylab safari oldidan jurnalistlarga.

Chexiya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda chex kompaniyalari uchun salmoqli salohiyat mavjud va bu davlatlardagi hamkorlar Chexiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdan juda manfaatdor.

XS
SM
MD
LG