Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:42

"Bunyodkor"ga homiylik "O‘zbekneftgaz"ga yuklatildi, stadionni Ortiqxo‘jayev moliyalashtiradi


Klub bazasi hisoblangan “Bunyodkor” stadionini Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev otaliqqa olgan
Klub bazasi hisoblangan “Bunyodkor” stadionini Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev otaliqqa olgan

Bankrotlik yoqasida qolgan “Bunyodkor” klubiga homiylik qilish “O‘zbekneftgaz” shirkati zimmasiga yuklatildi.

Ayni shirkat raisi Mehriddin Abdullayev klubning prezidenti etib tayinlandi.

Klub bazasi hisoblangan “Bunyodkor” stadionini esa, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev otaliqqa olmoqda.

Yaqin-yaqinlargacha O‘zbekistonning eng boy va kuchli futbol jamoasi sifatida ko‘rilgan “Bunyodkor” klubi asosiy homiysi bo‘lgan “O‘ztransgaz”dan pul kelishi to‘xtab qolgani ortidan moliyaviy ahvoli og‘irlashgan.

Moliyaviy muammolar bois klub murabbiy¸ futbolchilar va texnik xodimlarga oylik maoshlarini to‘lolmay qolgani aytilgandi.

“Bunyodkor” klubining yangi homiysi “O‘zbekneftgaz” shirkati raisi va ayni paytda klub prezidenti Mehriddin Abdullayev 3 - mart kuni futbol jamoasi bilan uchrashdi.

Shu kuni jamoaga Shuhrat Maqsudov bosh murabbiy etib tayinlangan.

"Bunyodkor"ning yangi prezidenti Mehriddin Abdullayev klub a’zolari bilan uchrashdi.
"Bunyodkor"ning yangi prezidenti Mehriddin Abdullayev klub a’zolari bilan uchrashdi.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimovning Ozodlikka aytishicha, “Bunyodkor” klubini oyoqqa turg‘izish uchun shirkat 2021 - yilda 25 milliard so‘m ajratishni rejalamoqda.

“Birinchi navbatda, futbolchilarning oyligini o‘z vaqtida berish va bolalar sportiga e’tibor qaratiladi. Futbolchilarni rag‘batlantirish g‘alabaga qarab belgilab boriladi”, - dedi Hoshimov.

O‘n yil oldin dunyoning eng qimmat murabbiysi¸ braziliyalik Luiz Felipe Skolari va uning vatandoshi bo‘lgan mohir hujumchi Rivaldolarni o‘nlab million dollarlik kontraktlar evaziga yollagan “Bunyodkor” klubi ikki yil avval futbolchilarga oyliklarini ham to‘lolmay qolgan.

Bunga klubning asosiy homiysi bo‘lgan “O‘ztransgaz”dan pul kelishi to‘xtab qolgani sabab qilib ko‘rsatiladi.

“Pullarning turli maqsadlarda ishlatilmasligi uchun harakat boshlandi. Legionerlarga kelsak, hozircha mavjudlari bilan ishlab turiladi, lekin nomdor va qimmatbaho ligeonerlarni olib kelish hozircha rejada yo‘q. Oldingiday katta pullar sarf qilinmaydi”, - deydi “Bunyodkor”ning yangi homiysi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati boshlig‘i Siyovush Hoshimov.

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda “Bunyodkor” klubi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev homiyligiga o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ozodlik bu xabarlar yuzasidan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatidan izoh ololmadi.

"Bunyodkor" stadioni oldidagi chayqovchilar bozori.
"Bunyodkor" stadioni oldidagi chayqovchilar bozori.

"Stadionning chimigacha “O‘zbekneftgaz” hisobidan qoplanadi"

Siyovush Hakimovga ko‘ra, "Bunyodkor" klubini “O‘zbekneftgaz” to‘laligicha o‘z homiyligiga olgan.

“Toshkent hokimligi stadionda ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish orqali pul kelishini ta’minlaydi. Lekin stadionni ushlab turish homiy zimmasida bo‘ladi. Stadionning chimi, uni tozalovchi farrosh va boshqa kasb egalarining oyligi barchasi “O‘zbekneftgaz” hisobidan qoplanadi”, - dedi Hoshimov.

O‘zbekistonning neft va gaz sohasi monopolisti bo‘lgan "O‘zbekneftgaz" iste’molchilar tomonidan narxlarni asossiz ravishda ko‘tarishda ayblanib keladi. O‘tgan yil martida shirkatning AI-92 markali benzin narxini 6200 so‘mdan 6000 so‘mga tushirib, aksar aholiga sotiladigan AI-80 benzini narxini tushirmagani e’tirozlarga sabab bo‘lgan. "O‘zbekneftgaz" jahonda neft narxi keskin tushib ketgan pandemiya davrida narxlarni tushirmagani uchun tanqid qilingan.

Ozodlik "O‘zbekneftgaz" vakillaridan "Bunyodkor"ga homiylik, alaloqibat aholi zimmasiga tushmaydimi, degan savolga javob ololmadi.

Shirkat matbuot kotibi Siyovush Hoshimovning aytishicha, homiylik pullari kompaniyaning zahira fondidan ajratiladi. Lekin, homiylikdan "O‘zbekneftgaz" qanday foyda ko‘radi?

Bu savolga Hakimov “Bunyodkor” klubi foyda berishi qiyin masala, lekin ommaviy sportni rivojlantirish yo‘lida homiylik kerak”, - deb javob berdi.

Futbol ishqibozlari. Bunyodkor stadioni.
Futbol ishqibozlari. Bunyodkor stadioni.

Klublar xususiylashtirilmasa futbol rivojlanmaydi

O‘zbekistonlik futbol jurnalisti Sarvar Abdullayev futbol klublari qachonki xususiy bo‘lsa rivojlanadi, degan fikrda.

“Kecha homiy “O‘ztransgaz” edi, bugun “O‘zbekneftgaz”. Bu kompaniya “Bunyodkor”ni qancha vaqtgacha tortar ekan ko‘ramiz. Lekin, futbol klublari hususiylashtirilmasa, rivojlanmaydi", -deydi sharhlovchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu klubni sen homiylikka olasan, stadionini sen otaliqqa olasan, deb futbolni rivojlantirib bo‘lmaydi.

"Homiy bugun pul berishi, ertaga bermay qo‘yishi mumkin, chunki bizda chet davlatlaridagi kabi homiylikdan foyda ko‘rilmaydi. Futbol klublarining o‘zi foyda ko‘rishi va shu foydadan o‘zini o‘zi ta’minlashi kerak. Chet davlatlarda reklama evaziga yoki translyatsiya evaziga futbol katta foyda keltiradi, afsuski bizda unday emas, - deydi jurnalist.

“Bunyodkor” ning "oltin davri" sanalgan 2000-yillarda uning ortida mamlakatdagi aksar daromadli biznesni o‘z qo‘liga olgan qudratli Zeromax kompaniyasi va O‘zbekistonning o‘sha paytdagi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova turgani aytiladi.

2010 - yilda Zeromax kasodga uchragani e’lon qilindi va unga tegishli barcha mol-mulk hibs qilindi.

Shundan so‘ng“Bunyodkor” klubini moliyalash “O‘ztransgaz” zimmasiga yuklatilgandi.

O‘zbekiston superligasida to‘p surayotgan "Bunyodkor" 2020 - yilgi mavsumni 43 ochko to‘plab, 14 jamoa orasida 4-o‘rin bilan yakunladi.

Ozodlik "Bunyodkor" klubi homiylarinin o‘zgarishi borasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan izoh ololmadi.

O‘zbekistonda sport, ayniqsa, futbol kuch tizimlari nazoratida bo‘lib kelgan. Kuchishlatar tizimlarning sohaga rahbarlik va kuratorlik qilishi mustaqillik yillarida shakllangan an’ana.

O‘z vaqtida O‘FAga (bunga qadar O‘FF - O‘zbekiston futbol federatsiyasi) sobiq ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov uzoq yillar rahbarlik qilgan.

2019 - yil iyulidan buyon esa O‘FAni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov boshqarib keladi.

XS
SM
MD
LG