Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:19

"Bu-repressiya". Qayta saylangan Mirziyoyev hukumati faollarga qarshi ta'qibni to‘xtatmayapti


O‘zbekistonlik faollar prezident saylovi arafasida kuchaytirilgan kuzatuv va bosimlar saylov o‘tishi bilan yumshagani, ammo siyosiy faol va hukumatning tanqidchilariga nisbatan taqib va tazyiqlar davom etayotganini aytmoqda.

Tarmoqlarda shu kunlarda yoyinlangan videoda siyosiy faol va bloger Aleksey Garshin o‘z ortidan ochiq-oshkora kuzatuv borayotganini aytadi. Avvalroq Garshin O‘zbekistonda mustaqil siyosiy partiya tuzish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Prezident saylovi arafasida tashqi dunyodan butkul uzib qo‘yilganini aytgan Mahmud Davronov esa, yangi-eski prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatining o‘z tanqidchilariga nisbatan munosabatini "siyosiy terror" deb ataydi.

59 yashar faol - mustaqil siyosatshunos va iqtisodchi Mahmud Davronov, prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatini keskin tanqid qilib kelayotgan va oktabr oyidagi prezident saylovini boykot qilishga chaqirgandi.

Saylov arafasida u bilan muloqot qilishga uringan Ozodlik, Davronov va yana bir necha faolning qattiq kuzatuvga olingani hamda tashqi dunyodan butkul uzib qo‘yilganiga guvoh bo‘lgan edi.

24 - oktabr kungi prezident saylovi arafasida o‘zbek tilli axborot makonida sanoqli mustaqil axborot manbasi bo‘lib qolayotgan Ozodlikka qarshi ham virtual xurujlar kuchaygani kuzatildi.

Muvofiqlashtirilgan hujumlar davomida Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekistondagi hukumat tanqidchilarining telefonini muntazam eshitayotgani ham tarmoqlarga sizdirilgan audiolar asnosida bilvosita tasdiqlandi.

Mahmud Davronovning aytishicha, saylovga bir necha kun qolganda uning telefoni uyali aloqa va Internet tarmog‘idan, xonadoni esa elektr tokidan uzib qo‘yilgan.

U xorijga chiqishi ham kommunal to‘lovlardan qarz, degan vaj bilan taqiqlab qo‘yilgan. Davronov elektr toki va ichimlik suvi uchun to‘lovlardan yig‘ilgan deya bo‘yniga ilingan qarz, keyinchalik "xatolik tufayli" yuzaga kelgan degan sabab bilan bekor qilinganini aytadi.

Qariyb bir haftalik qamal, faolning so‘zlariga ko‘ra, prezident saylovi o‘tganidan so‘ng to‘xtagan, aloqa vositalari ham asta-sekin tiklangan.

Davronovga ko‘ra, bu hodisa - nafaqat o‘zi, balki oilasi va yaqin qarindoshlarining telefon hamda Internet aloqalari ham maxsus xizmatlar tomonidan muntazam kuzatilishi, tinglanishini yana bir karra tasdiqlaydi.

- Saylovdan 2-3 kun o‘tib, ko‘chadagi kuzatuvchilar ko‘rinmay qoldi. Telefon aloqasi ham tiklandi. Lekin, men bilan bo‘lgan bu butun voqea - siyosiy terror, deyiladi. Siyosiy terror hech qanday o‘zgargani yo‘q. "Mana bizda demokratiya bo‘lyapti, o‘zgarishlar bo‘lyapti", deb gapiradi qayta saylangan prezidentimiz. Aslida bu konfetday, usti yaltiroq qog‘oz, ichidagi konfeti chirib ketgan. Bu faqat o‘sha chet eldan kelgan missiyalarga, komissiyalarga, muxbirlarga qaratilgan, o‘shalarni aldash uchun aytilgan gap, aslida bizdagi ahvol tamoman boshqacha, - deydi Davronov.

Yana tarmoqlarga qaytgach Ozodlikka intervyu bergan faol, qayta saylangan prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatidan umidi katta emasligini ta’kidladi.

Quyida siyosatshunos bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:09 0:00
Бевосита линк

Yana bir siyosiy faol bloger Aleksey Garshin esa, 25 - noyabr kuni o‘z ortidan ochiq-oshkora kuzatuv borayotganini aytib, video yoyinladi.

YouTube tarmog‘iga qo‘yilgan videoda Garshin, davlat raqami bilan harakatlanayotgan avtomobildagi noma’lum shaxslar uni o‘z uyi atrofi va borayotgan manzillarida taqib qilayotganini aytmoqda:

- Mening shaxsiy va mulkiy daxlsizligimni ta’minlashi kerak bo‘lgan bu davlatda, bizning soliqlarimiz hisobiga davlat idorasiga olingan mashina repressiya bilan shug‘ullanmoqda. Xaloyiq, bu - repressiya. Bu kuzatuv uchun sarf-xarajat qilinadi.

Toshkentlik bloger Aleksey Garshin O‘zbekistonda "Ozod Vatan" nomi bilan mustaqil siyosiy partiya tuzish tashabbusi bilan chiqqan.

Ayni paytda, Garshin va Davronov bu partiyaning tashkiliy qo‘mitasiga birlashgan 20 ziyolining biridir.

24 - noyabr kuni AQSh Davlat departamenti “demokratiya sammiti”ga taklif qilingan 110 ta davlat ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritmagani ma’lum bo‘ldi.

AQSh prezidenti tomonidan uyushtirilayotgan va onlayn formatda o‘tkazilajak tadbir shu yilning 9-10 - dekabr kunlari bo‘lib o‘tishi kerak. “Interfaks” agentligi qaydicha, sammit ro‘yxatiga sobiq sovet o‘lkalaridan Ukraina, Armaniston, Gruziya, Moldaviya, Litva, Latviya va Estoniya kiritilgan.

Ammo, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa tushirib qoldirilgan. Ro‘yxatga kiritilmaganlar orasida Xitoy hamda AQShning NATOdagi ittifoqchisi Turkiya ham bor. Anjumanda mamlakat rahbarlaridan tashqari, fuqarolik jamiyati faollari va xususiy sektor vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Shu hafta boshida Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Yevropa ittifoqini Markaziy Osiyo hukumatlari inson huquqlarini buzishni bas qilib, konstruktiv islohotlarga o‘tishi uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan inson haqlari tashkiloti 22 - noyabr kuni Dushanbeda o‘tkazilgan YeI va Markaziy Osiyo yuqori martabali mulozimlari uchrashuvi arafasida shunday chaqiriq bilan chiqdi.

Yevroittifoq tashqi siyosat mahkamasi rahbari Jozep Borrel kelgusi haftada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG