Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:59

"Boradigan joyimiz yo‘q". Tojikiston afg‘on qochqinlarini badarg‘a qilmoqda


Tojikistonning Vahdat tumanidagi afg‘onistonlik qochqinlar. 2010-yil. Illyusrativ surat.
Tojikistonning Vahdat tumanidagi afg‘onistonlik qochqinlar. 2010-yil. Illyusrativ surat.

Tojikiston hukumati mamlakatda boshpana izlagan 10 mingga yaqin afg‘onistonlik qochqinlarni majburan vataniga qaytarishi mumkinligi haqidagi xabarlar xalqaro tashkilotlarning xavotirlariga sabab bo‘ldi.

Afg‘onistonga majburan o‘tkazib yuborilganini da’vo qilgan afg‘on ayol yuborgan audioxabarda "bizni Dushanbega yuborishlarini aytishdi, lekin buning o‘rniga to‘g‘ri chegaraga olib borishdi", - deyiladi.

Ushbu anonim xabar 22-avgust kuni Tojikistonda yashayotgan Afg‘onistonliklarning WhatsAppdagi guruhida ulashildi. Ozodlik radiosi tojik xizmati manbalari hamda qochqinlarning yaqinlari o‘tgan hafta ichida kamida to‘qqiz nafar afg‘onistonlik vataniga majburan qaytarib yuborilganini aytishdi.

Afg‘oniston fuqarolari nima uchun badarg‘a qilingani noma’lum. BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi (UNHCR) bunday holatlarni qoralab keladi.

UNHCR rasmiy Dushanbeni Afg‘oniston fuqarolarini Tojikistondan chiqarib yuborishni to‘xtatishga, ularni himoya qilishga hamda adolatli boshpana topish jarayoni bilan ta’minlashga chorlab keladi.

WhatsApp xabarini yuborgan ayol yana ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi bilan birga badarg‘a qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulardan birida qochqin maqomini tasdiqlovchi BMTdan olingan rasmiy hujjatlar bo‘lgan. Ozodlik radiosining tojik xizmatiga bunday deportatsiyalar haqida so‘zlab bergan boshqa shaxslar ham ayni iddaoni aytishdi.

"Erimning hujjatlari joyida edi. Unda BMT qochqin kartasi bor edi, lekin uni Tojikistondan chiqarib yuborishdi", - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ayol.

"Erim hozir chegaraning narigi tomonida, men esa uch farzandim bilan Tojikistondaman. Qayerga borishni bilmaymiz".

Tojikistondagi afg‘on qochqinlarga huquqiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan manbaning aytishicha, mamlakat xavfsizlik xizmati xodimlari qochqinlarni majburan chegaraga olib ketgan.

"Hali-hanuz nima uchun bunday bo‘lganini bilmaymiz", - dedi manba ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlar ekan.

"Afg‘on muhojirlarning bir qismi hujjatlarini tekshirish uchun chaqirilgan, mashinada chegaraga olib ketilgan va narigi tomonga o‘tkazib yuborilgan. Ba’zilari esa uylaridan olib ketilgan", - dedi u.

UNHCR 25-avgust kuni e’lon qilgan bayonotda tashkilot Tojikistonda afg‘onistonlik qochqinlarni hibsga olish va deportatsiya qilish davom etayotganidan jiddiy xavotirda ekani aytiladi. Tashkilot ta’qibdan qochgan odamlarni ixtiyoriga qarshi o‘z vataniga qaytarish noqonuniy ekanligi hamda ularning hayotini xavf ostiga qo‘yishi haqida yana bir bor ogohlantirdi.

UNHCRning ma’lum qilishicha, 23-avgust kuni Tojikiston shimoli-sharqidagi chegaradan Afg‘onistonga besh nafar Afg‘oniston fuqarosi, jumladan, bir ona uch farzandi bilan o‘tkazib yuborilgan.

"Tojikiston qochqinlarni hibsga olish va deportatsiya qilishni bas qilishi kerak. Bu harakat odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi aniq", - dedi UNHCRning xalqaro himoya bo‘yicha direktori Elizabet Tan.

"Qochqinlarni majburiy qaytarish qonunga hamda qochqinlar bo‘yicha xalqaro huquqning asosi bo‘lgan qaytarmaslik tamoyiliga ziddir".

Bayonotda 19-avgustdan buyon deportatsiya qilingani taxmin qilinayotgan qolgan to‘rt qochqin haqida hech nima deyilmagan.

UNHCRga ko‘ra, tashkilot "2021-yildan beri Tojikistonda bir necha marta qochqinlarni hibsga olish, majburan qaytarish va xalqaro yordamga muhtoj shaxslarni o‘z hududiga kiritmaslik holatlarini qayd etgan".

UNHCR badarg‘a qilinganlarning ayrimlarida BMT bergan qochqin hujjatlari borligi haqidagi da’volarga oydinlik kiritish uchun berilgan savollarga javob bermadi.

Tojikistonning Afg‘oniston bilan 1360 kilometrga cho‘ziluvchi umumiy chegarasi bor. Afg‘onistondagi iqtisodiy qiyinchilik va notinchlikdan qochgan afg‘onlar uchun Tojikiston vaqtinchalik boshpana bo‘lib keladi. So‘nggi yigirma yil ichida Tojikistondagi afg‘onistonlik qochqinlari soni o‘zgarib keladi. 2001-yilda AQSh boshchiligidagi kuchlar Tolibon tuzumini ag‘darganidan keyin ularning soni 15 300 dan oshgan. Joriy yilning boshida esa ularning soni 8000 dan oshib ketgan.

2021-yil avgustida Tolibon hokimiyatga qaytganidan keyingi to‘rt oy ichida 1 300 ga yaqin afg‘onistonlik Tojikistondan qochqin maqomini so‘ragan. Minglab afg‘onistonlik Tojikiston orqali uchinchi davlatga yuborilgan.

Tolibon Kobulni egallab olganidan bir hafta o‘tmay, UNHCR afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilgan mamlakatlarga qaytarmaslik siyosatiga amal qilishni maslahat qildi. Tashkilot barcha mamlakatlarni "majburiy qaytarish boshpana izlayotganlarni qaytib borganidan keyin ta’qibga uchrash xavfiga duchor qilishi va shu sababdan xalqaro huquqning jiddiy buzilishi hisoblanishini" aytib, Afg‘oniston fuqarolarini majburan qaytarib yuborishni taqiqlashga chorladi.

ЭКСКЛЮЗИВ: Толибон билан гаплашаётган Мирзиёев Афғонистон ўзбеклари дардини ҳам эшитадими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:37 0:00

Afg‘onistonda yuzaga kelgan gumanitar inqiroz hamda iqtisodiy qiyinchiliklar, shuningdek, Tolibonning shafqatsiz boshqaruvi so‘nggi bir yili ichida 1 milliondan ortiq afg‘onistonlikni o‘z vatanini tark etishga majburladi.

UNHCR 25-avgust kuni tarqatgan bayonotda "Biz Tojikiston hukumatini doimiy ravishda Afg‘onistondagi mojaro va ta’qiblardan qochganlarga mamlakat hududiga kirishga ruxsat berishga hamda bundan nari har qanday deportatsiyani to‘xtatishga chaqirib kelganmiz", deyiladi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ozodlik radiosi tojik xizmatining deportatsiyalar haqidagi iddaolar bo‘yicha savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining Ozodlikka ma’lum qilishicha, 32 nafar Afg‘oniston fuqarosi Tojikistonda noma’lum qoidabuzarliklarga qo‘l urgani uchun jarimaga tortilgan, biroq mamlakatdan "chiqarib yuborilmagan".

XS
SM
MD
LG